Catira
17 aprel 2017

«Mushtum»dan «Eltuz»ga maktub

Hurmatli taxririyat, Mushtumning izdoshi bo‘lgan Eltuz, men sizga o‘zim ishlagan «Mushtum» haqida o‘ylarim “Mushtum” kecha va bugun degan ma'nodagi mulohazalarmni yubormaqdaman. O‘zingiz ham o‘qing va mushtariylarga ham yetkazing.

Qodiriy tabarruk qilgan nashr

Bu yil 95 yoshni qarshilagan “Mushtum” jurnali O‘zbekistonning yagona hajv (satira) jurnali hisoblanadi. Unga taraqqiyparvar, xalqparvar ziyolilarimiz – Abdulla Qodiriy va G‘ozi Yunuslar asos solganlar.

Aynan “Mushtum”, deb nomlashni Abdulla Qodiriy taklif etganlar. Uning ta'biricha, bu shunchaki mushtum emas, balki xalqning adolat mushtumidir, ya'ni mazlumlarning zo‘rovonlarga, nopoklarga, zulmkorlarga, ekspluatatorlarga qarshi mushtumidir. Nazarimda bu jurnalning vujudga kelishi tarixiy zarurat bo‘lgan.

Ma'lumki, bir vaqtlar jahon tamadduni(tsivilizatsiyasi) beshiklaridan biri bo‘lgan Turkiston xalqlari uzoq yillar xonliklarga bo‘linib, o‘zaro urushlar, tarqoqlik oqibatida madaniy va iqtisodiy qoloqlikka, tanazulga yuz tutdilar. Natijada XIX asrning 60-yillarda Rusiya yurtimizni o‘z mustamlakasiga aylantirdi.

Shunga qaramasdan ruslarning tashrifi yurtimizda ayrim ijtimoiy jabhalarda bir muncha progressiv ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zgarishlarni amalga oshirdilar.

«Mushtum»ni chop qilgan nashriyot binosi

Avvalambor, jaholat mahsuli, razil illatlar – quldorlik, bachchabozlikka qonuniy tomondan barham berildi. Zamonaviy rus-tuzem maktablari ochildi, shaharsozlik, sanoat ishlab chiqarish, zavod va fabrikalar tarkib topa boshladi.

Xalqimiz texnika yangiliklaridan bahramand bo‘la boshladi. Telegraf, bank, apteka, pochta, gazeta ishlari yo‘lga qo‘yildi. Mahalliy ziyolilarning Rusiya, Volgabo‘yidagi qardosh xalqlar bilan madaniy aloqalari kengaydi.

Rus va tatar taraqqiyparvarlari, shoir va yozuvchilarning asarlari bilan tanishish imkoni paydo bo‘ldi. Ayniqsa, 20 asr boshida tatar, boshqird xalqining ilg‘or ziyolilari, allomalari ta'sirida Turkistonda jadidchilik (yangilik, ma'rifat, taraqqiyot tarafdorlari) harakati yuzaga keldi.

Jadidlarning maqsadi mahalliy musulmon xalqlarini jaholatdan hurriyatga, saodatga olib chiqish, yevropa xalqlari singari ma'rifatli qilish edi.

Zamonga ko‘zgu tutgan jarida

Ko‘plab gazeta va jurnallar chop etildi. “Yer yuzi” jkrnali, “Sadoi Turkiston” gazetalari va boshqalar shular jumlasidandir. Buning uchun zamonaviy maktablarni qurish, bilimlarni egallash, chet tillarni tillarini o‘rganish lozim edi.

Biroq 1918 yil Toshkentda bolsheviklar tomonidan o‘tkazilgan adolatsiz saylovdan so‘ng Qo‘qonda muxtoriyat e'lon qilindi. Biroq bu muxtoriyat tez orada bolsheviklar va arman millatchilarining “Dashnoq” terorristik partiyasining kallakesarlari yordamida qonga botirildi.

Ayrim tarixiy manbalarda bir necha kunda Qo‘qonda 30 mingdan ortiq odam qatiliom qilingani, ular hatto homilador ayollar va bolalarni ham ayamaganlari keltiriladi.

Xalqimizda “Bo‘linganni bo‘ri yer” iborasi bor. Buni yaxshi anglagan ziyolilarimiz xalq ma'rifatli bo‘lmasa, birlashmasa, o‘z kamchiliklarini bartaraf etmasa, jahonda o‘z o‘rnini topa olmasa, yo‘qlikka griftor bo‘lishini tushundilar.

Xalqni jaholatdan qutqarishda, ma'rifatli qilishda esa gazeta va jurnallarning ahamiyati katta ekanligini tushunib angladilar. Nihoyat 1923 yilda yuqorida nomlari keltirilgan ziyolilarimiz tomonidan “Mushtum” jurnali ta'sis etildi va qisqa vaqt mobaynida xalqning eng sevimli jurnaliga, do‘stiga aylandi.

Julqunboy istexzosi

Abdulla Qodiriy yashagan davrdagi Toshkent

Jurnaldagi o‘tkir maqola, feleton, hajviya va karikaturalar juda ommabop bo‘lib ketdi. Abdulla Qodiriyning o‘zlari ham 10 dan ortiq taxallus bilan ko‘plab maqola, hajviya va feletonlar yozganlar. Jurnalda xalqimiz taraqqiyoti,madaniyati, rivoji uchun to‘siq bo‘lgan har bir davrga xos kamchilik va nuqsonlar tanqid qilindi.

Dastlabki vaqtlar ekspluatator boylar, soxta dindorlar, xotinbozlar, o‘g‘rilik, tanqid qilingan. Keyinchalik sotsialistik jamiyat qurilish yo‘lidagi g‘ovlar – kolxozlar tuzilishi, xotin-qizlarning parnji tashlashi muammolari, savodsizlikni tugatish va boshqalar tanqid qilindi.

Urush yillari xalqimizning ruhini ko‘taradigan siyosiy plakatlar, rasmlarga e'tibor qaratildi. Ayniqsa, 50-60-70-80 yillar “Mushtum” ning eng rivojlangan davrlari bo‘lgan. Undagi materiallar asosan qishloq xo‘jaligi, sanoat, savdo, fan-texnika ijtimoiy va maishiy mavzudagi maqolalar, rasmlar juda mashhur bo‘lgan.

O‘sha davrlarda bu jurnal mamlakatning birnchi raqamli nashri va O‘zbekiston Kompartiyasi MKning organi va davlatning mafkurasi ifodasi hisoblanar edi. Bu o‘ziga hos oddiy mehnatkash xalq uchun minbar vazifasini ham o‘tagan. Shikoyatlar ob'ektiv o‘rganilgan, qonunbuzarlik, nohaqliklarning oldi olingan, aybdorlarga choralar ko‘rilgan, xalq bu jurnalga ishongan.

Jurnalda, o‘tgan yillar mobaynida juda ko‘plab halol rahbarlar, xodimlar, iste'dodli shoir, yozuvchi va rassomlar, texnik xodimlar mehnat qilganlar. “Mushtum” yosh ijodkorlar uchun ham tajriba va tarbiya maskani bo‘lgan.

Nafaqat yosh ijodkorlar uchun, balki xalqimizning ko‘plab avlodiga ma'naviy ozuqa bergan, badiiy va estetik didini shakllantirgan, jonkuyar ustoz, tarbiyachi vazifasini o‘tagan. O‘sha davrlarda “Mushtum” bir oyda ikki marta chop etilgan, bir oylik umumiy tiraji 1500000 dan oshiqni tashkil etggan. Yurtimizda deyarli bu jurnal kirib bormagan shahar, qishloq, tumanni, tashkilot va xonadonni topish mushkul edi.

Mushtumning g‘arib buguni yoki bor yo‘g‘i 1000 dona jurnal

Albatta, bugungi kundagi jurnalning ahvolini qoniqarli, deb bo‘lmaydi. Hozirgi kunda jurnal “Sharq” Nashriyot Matbaa Aktsiyadorlik Kompaniyasi 1000-2000 atrofida chop etiladi.

Bu tiraj 32 millionli xalq uchun hech narsa emas. Ba'zilar, – hali ham “Mushtum” chiqayaptimi? – deb, hayron bo‘ladi.

Mamlakatimizda ulkan iqtisodiy, ijtimoiy o‘zgarishlar yuz berayotgan bir vaqtda mazkur nashrning ahamiyati yanada salmoqli bo‘lar edi. Unda o‘z asarlari, materiallari bilan ishtirok etadigan mualliflar soni ham juda ozayib ketgan.

Sanoqli ijodiy xodimlar yordamida imkon qadar jurnal faoliyat olib bormoqda.

Vaholanki, mamlakatimiz taraqqiyoti, ma'naviyati uchun bu nashrning foydali imkoniyatlari, potentsiali juda katta. Jamiyatimiz rivoji yo‘lidagi turli to‘siqlarni ko‘rsatishda, tanqid qilish va bartaraf etishda jurnalning imkoniyatlari cheksiz.

Nazarimda, bugun jurnalga davlat darajasida jiddiy e'tibor beradigan vaqt keldi. “Mushtum” ning moddiy-texnika bazasini, kadrlar soni-salmog‘ini zamonaviy talablar darajasida qayta shakllantirib, ko‘paytirilsa ayni muddao bo‘lar edi. Uning yaqin kelajakdagi rivojlantirish, faoliyat yuritish, ustivor yo‘nalishlari strategiyasi-kontseptsiyasini ishlab chiqish va uni tasdiqlaydigan jiddiy-yirik bir qaror zarurati allaqachon kun tartibida turibdi.

Nasib etsa, 2021 yilda Abdulla Qodiriy tavalludining 120 yilligi, 2023 yilda “Mushtum” bobo o‘zining 100 yilligini qarshilaydi. Zamonaviy dunyo matbuot organlaridan kamdan-kam nashrlargina bunday salmoqli yosh bilan faxrlana oladi.

«Mushtum» mamlakatdagi katta kichik muammolarni hajv qilgan

Shundan kelib chiqib, poytaxt Toshkentda shu sanaga bag‘ishlangan katta anjuman tashkil qilinsa juda savobli ish bo‘lib, adibning ruhlari ham shod bo‘lar edi.

Jurnalga xalqning yana ishonchi paydo bo‘lishida, tiraji yanada oshishida va muammolarni hal etishda katta ahamiyat kasb etgan bo‘lar edi. “Mushtum” jurnali yana avvalgidek davlat mafkurasining, milliy qadriyatlarining ifodasiga aylanar edi.

Har bir soni televidenie orqali anons shaklida targ‘ibot qilinsa, yanada ko‘proq odamlar qiziqib, tanishib, unda o‘z muammolari aks etganini yoki adolat tiklanib, muammolar ijobiy hal bo‘lganini ko‘rsalar, haqiqiy tarbiya vositasiga aylanishi shubhasiz.

O‘zimga ham mazkur “Mushtum” jurnali rassomi sifatida faoliyat yuritish, AQSh elchixonasining bu jurnalga e'tibori va taklifi bilan “Mushtum” tarixida ilk bor bir qator hamkasblar bilan mazkur mamlakatda ijodiy safarda bo‘lish nasib etdi.

Amerika hajvchi rassomlari konferentsiyasida ishtirok etish, Jorj Vashington, Ogayo Universitetlari va AQSh Kongressi kutubxonasiga tashriflar, bu “Mushtum”ga bo‘lgan iltifot, deb bildim. O‘zbekistonning eng xalqchil, demokratik jurnali sifatida e'tirof etilgan “Mushtum” tufayli biz ijodkorlarga katta hurmat ko‘rsatildi.

Bo‘sh qop tik turmaydi

O‘z yurtini, xalqini sevadigan ijodkorlar hech qanday moddiy manfaatsiz ham “Mushtum”ni o‘z ijodi bilan boyitaveradi. Biroq, moddiy manfaatdorlik, ya'ni qalam haqini bugungi narx-navo darajasida qayta ishlab chiqilmasa, bor mualliflardan ham yaqin kelajakda ayrilib qolish mumkin.

O‘zim biladigan rassomlarning ko‘pchiligi aynan shu sabab tufayli ham jurnalga qatnashmay qo‘ygan, yoki allaqachon olamdan o‘tgan. Yangi bozor iqtisodiyoti sharoitida esa yosh rassomlar yetishib chiqmayapti, yoki borlari ham jurnalga rasm chizmay qo‘yganlar.

Ko‘p narsa – hatto qog‘oz, qalam, bo‘yoqlar ham mablag‘ga borib taqaladi. Yoki mavjud qalam haqi to‘lash mexanizmining murakkabligi ba'zilarni bezdirib qo‘ygan. Misol, iste'dodli rassomlar – salkam 80 yoshni qarshilayotgan ustoz N.Sviderenko (Toshkent) va S.Mamatqulov (Andijon) aynan ramziy gonorar uchun soliq idorasi jarimalari, ovoragarchiliklari tufayli jurnaldan bezib qatnashmay qo‘yganlar.

Balki, bu toifa ijodkorlar uchun qalam haqi fondini arzigulik darajada shakllantirish, davlat darajasida qandaydir soliq bo‘yicha imtiyozlar ishlab chiqish, to‘lov, qalam haqi tizimini soddalashtirish lozimdir?

Xulosa o‘rnida eng asosiysi va quvonchlisi to‘rtinchi hokimiyat vakili bo‘lmish “Mushtum” jurnali yopilib ketmadi va u yana avvalgi mavqega ega bo‘ladi, uning oldida hali xalqimiz taraqqiyoti uchun amalga oshiradigan ko‘plab hayrli ishlar turibdi deb umid qilamiz.

Sog‘lom, holis, ob'ektiv tanqid jamiyat tarqqiyoti uchun mezondir. Zero sog‘lom tanqid, jamiyat rivoji yo‘lidagi g‘ovlar, to‘siqlar, kamchiliklarga e'tibor qaratish, ularni bartaraf etish yo‘lidagi birinchi qadamdir – bu o‘sha xalq taqdiriga befarq bo‘lmaslik va shu xalqqa bo‘lgan muhabbatdir.

Salom bilan
bobongiz «Mushtum» jurnali
rassomi

Tag‘in o‘qing
3 aprel 2017
Rossiya millionlab o‘zbek muhojirlarining ikkinchi uyiga aylandi. Ular yillar davomida shu mamlakatda ishlashmoqda va yashashmoqda. Ijtimoiy tarmoqdagi bahslarga ko‘z ...
12 noyabr 2019
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) tarkibiga kirish borasidagi pozitsiyasi qat'iy emasligini bildirib ...
23 may 2022
Bugun Turkiston xalqining milliy ozodligi uchun kurashgan Munavvarqori Abdurashidxonning NKVD jallodlari tomonidan o‘ldirilgan kundir. Munavvarqori 1878 yili Toshkentda tug‘ildi. ...
11 oktyabr 2016
Majburiy mehnat monitoringi bilan shug‘ullanayotgan «Qo‘rqmaslar» guruhi faoli Maloxat Eshoqulovaning eltuz.com muxbiriga bergan intervyusiga ko‘ra, ularni cho‘l zonasidagi «Qirlishon» ...
Bloglar
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...
17 iyun 2022
Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida «ayollar huquqi» deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?Buning sabablarini bilish ...
7 iyun 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 54-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) AMAL ...