Asosiy mavzular
12 iyun 2017

Mirziyoev yo‘liga gullardan poyondoz… O‘qituvchilar hisobidan

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev, aftidan, tozalikni juda yaxshi ko‘radi. Uning qaerga borishi ma'lum bo‘lsa, o‘sha joy ulkan obodonlashtirish maskaniga aylanishi, yo‘llariga anvoyi gullar ekilishi kerak. (Foto: «Xalq so‘zi» gazetasi saytidan)

Odatda bu an'ana avtoritar davlatlarga xos. Turkmaniston deysizmi, Shimoliy Koreyami, davlat rahbari keladigan joylar yog‘ tushsa yalaguday qilib qo‘yiladi.

Prezidentning borishi oldidan hamma-hamma uning safariga tayyorgarlik ko‘radi. O‘qituvchisidan tortib o‘quvchigacha, byudjet tashkilotlari xodimlaridan tadbirkorlargacha obodonlashtirishga safarbar etiladi.

Bu bejiz emas. Zero, tozalikka rioya qilmaganlarni qattiq jazo kutishiga misollar bor. Yaqinda Toshkentda Mirziyoev bir kollejga kelganida o‘quv maskanining hovlisida o‘tlar o‘sib yotgani uchun uning direktori ishdan olingandi.

Bir necha kun oldin davlat rahbari Andijon viloyatida bo‘ldi. Ammo uning safariga tayyorgarlik ko‘pchilikning jonidan o‘tib ketgani aytilmoqda. Chunki viloyat ancha vaqtdan buyon bunday safarbarlikni ko‘rmagandi.

Barcha-barcha kunlar, haftalar davomida obodonlashtirishdan bo‘shamadi. Buni Andijon kollejlaridan birida ishlaydigan o‘qituvchining dardu hasratlaridan ham bilib olish mumkin.

Uning quyida keltirilayotgan hikoyasini o‘qisangiz, nafaqat kollej o‘qituvchisining bugungi hayoti, balki butun jamiyat uchun xos bo‘lgan jihatlar to‘g‘risida ham to‘liqroq tasavvurga ega bo‘lasiz.

Kollej O‘qituvchisi: Gullarni o‘z hisobimizdan sotib olamiz

Andijonlik muallima, Mirziyoev kelishi oldidan begona o‘tlarni o‘tamoqda. Foto: eltuz.com
  • Men 24 yildan beri pedagogman, shu bilan birga kolxozchi hamman. Ish faoliyatimni boshlaganimdan beri  shu ahvol. Dars beraman, yana kurs rahbariman. Kuz kelishi bilan 20 kunlab yotoqqa paxta tergani boraman. Bahordan esa obodonlashirish, yagana, chopiq…

Bu yoqda kollej talabalari nazoratning yo‘qligi uchun darsga kelmay qo‘ygan, ularning uyiga borish kerak. Xudo ko‘rsatmasin, kollejda biror salbiy voqea sodir bo‘lsin-chi, siz dalada bo‘lganmisiz, obodonchilikdami, kimning buyrug‘i bilan borgansiz, bularga qarab o‘tirishmaydi, jazoingizni berishadi. Bir nima desangiz, «nega uyiga borib, ota-onasi bilan gaplashmading», deb turib olishadi. O‘smirlar orasida esa, bilasiz, bunaqa voqealar uchrab turadi.

Bu yil dalada ham, obodonlashtirishda ham har yilgidan ko‘p ishladik. Ayniqsa, prezidentning vodiyga kelishi  munosabati bilan tinmadik. Deyarli bir oyga yaqin tayyorgarlik ko‘rdik. Mirziyoevning boradigan joylar yo‘nalishi bo‘ylab yo‘llar, yo‘l chetlari, chorrahalar, ayniqsa, Bog‘ishamol hududi minglab o‘qituvchilar, shifokorlar tomonidan oynadek tozalanib, anvoyi gullar ekildi. Bu gullar ham eng qimmat, bozorning oldi gullari. Hokimlik yoki boshqarmamiz tomonidan “manovi guldan” yoki “qizil yo sariq ochiladigan guldan ekasan”, degan buyruq bo‘ladi. Bu gul o‘lgurning har bir tupi kamida 6 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha. Ularni bozordan o‘z pulimizga sotib olamiz. Masalan, kollejimiz aytilgan guldan 100, 150 tupdan 3 marta sotib oldi, har bir o‘qituvchidan jami 50 ming so‘mdan pul yig‘ildi. Bu pulga yo‘lkiramiz, tushligimiz va boshqa mayda-chuyda xarajatlar kirmaydi.

O‘qituvchi ayol, Mirziyoev tashrifi oldidan, begona uy derazasini artmoqda. Foto: eltuz.com

Men yashaydigan joydan Bog‘ishamolgacha 3 ming so‘m borish, 3 ming so‘m qaytish, kuniga 6 ming so‘m faqat yo‘lkiraga ketadi. Sahar 7 da Bog‘ishamolda bo‘lmasak, oylikdan 30 foiz qirqadi, men bunga yo‘l qo‘ya olmayman, chunki o‘g‘limning kontraktini to‘lashim kerak. Shuning uchun indamay buyurilgan ishni qilaveraman. Umuman, indamay ish qilish uchun har birimizning o‘zimizga yarasha sababimiz bor. Hech kim e'tiroz bildirmaydi, lekin Bog‘ishamol tuproqlari, gullarida biz o‘qituvchilarning peshona teri va ko‘z yoshi qoldi.

Mirziyoevni qarg‘amagan odam qolmadi shekilli. Karimov davridayam bunchalik qilishmasdi. 2-3 kun chiqardik, xolos. Bunisi nima karomat ko‘rsatyaptiki, bizni qul qilishdi. Nima, oyligimizni cho‘ntagidan beryaptimi?

O‘tgan payshanba keladi, deyishgandi, yo‘q, endi ertaga kelarmish. Mana, ko‘rib turganingizdek bugun ham har kungidek kechki soat 7 da uyga itdek charchab yetib boramiz. Tushlikni Bog‘ishamoldagi dam olish maskanidagi so‘rida (agar joy bo‘lsa), bo‘lmasa, yo‘l chetida qilamiz. Oshxona va kafelar bor, lekin u yerda ovqatlanishga pul kerak. Biz uydan olib kelamiz ovqatni.

Olsak ham suv, non olishimiz mumkin. Bir kunda yo‘lkirayu non, suvga jami 10 ming so‘m atrofida pul ishlatamiz. Dam olish kuni yo‘q, har kuni boramiz. Dars bo‘lmayapti. Bizning kollejdan hamma jalb qilingan, 10 kishi kollej atrofini tozalab, gul ekishga mas'ul, qolgan 70 kishi hamma obodonchilikda.  Butun viloyat bo‘yicha barcha maktab va kollejlarning har biriga “Mirziyoev aynan sening muassasangga kelarkan”, deb direktorlarni qaqshatyapti.

Atrofni tozalab, gul ekib, devorlarni ohaklab, binolarni bo‘yab, derazalarni artib, tomorqadagi ekinlarni parvarishlab o‘tiribmiz. Lekin asosiy ishimiz bilan shug‘ullanganimiz yo‘q. Talabalar darsga kelyaptimi, ularni kim nazorat qilyapti, ular kollejga kelib nima bilan band – xabarimiz yo‘q, darslar bo‘lmayapti.

Uyimizda parabolik antenna bor. Har zamon  Rossiya kanallarida ularning axborotini ko‘rib qolaman. Rossiya prezidenti borgan joylarni ko‘rsatishganda, televizor orqali  sinchiklab uning atrofini kuzataman, tozami, gullar ekilganmikin deb. Yo‘q, birovning ishi yo‘q, Putinga paxta qo‘yib, u yuradigan yo‘llarni birov supurib-sidirmas ham ekan.

Bizda-chi?! Nima, u podshomi? Qudam shifokor. Kelinim nevaram bilan hozir ularnikida turibdi. Chunki nevaramga ham qaray olmayman. Qudam tomon esa ko‘pchilik, kichik qizi nevaramga qarayapti, kelinim institutga, darsiga borib kelyapti.

Shu qudamning aytishicha, bu yil u ishlaydigan kasalxona xodimlari bahordan beri har biri 120 ming so‘mdan pul yig‘ib, uning 80 ming so‘miga yo‘l chetlariga ekiladigan gul olishibdi, 40 ming so‘mdan pulni esa bahorgi yagana, chopiqqa chiqayotgan xodimlarning tushlik ovqati, suvi, noni uchun sarflashibdi.

Kelinim institutning oxirgi kursida o‘qiydi. Ularni ham har kuni shanbalikka sudraydigan bo‘lishibdi. Kelinimning kursdoshlari bir bo‘lishib, dekanga: “Biz shanbalikka chiqmaymiz. Agar prezident farmoni bilan shanbalik deb e'lon qilingan bo‘lsa, chiqishimiz mumkin. Biz darsga ishlagani kelganimiz yo‘q, ayting, bizni o‘qitishsin”, deyishibdi. Shundan beri faqat shu kursga tegishmayapti ekan. Qolganlar har kuni yo‘l tozalab, daraxtlarni, devorlarni ohaklaydi. Ha, albatta, formada, oq ko‘ylak, qora shim yoki yubkada…

Mana, yaqinda, shu oyning o‘rtalarida ta'tilga chiqamiz. Lekin bunday bo‘lmasligini bilaman. O‘tgan yili ham naq avgustgacha dalada chekanka qilib, g‘o‘za qurti terib, yilda bir marta beriladigan ta'tilni o‘tkazganmiz. Bu yil ham shunday bo‘ladi shekilli. Hozirdan bezillayapman. Nevaramni ko‘rmaganimga bir oydan oshdi. Biror kun dam olganimiz yo‘q. Uyga kelib xo‘jayin va 2 ta o‘g‘limga ovqat qilishim, kir yuvishim, uylarni tozalashim kerak. Ertasi yana saharlab obodonlashtirishga chiqib ketaman.

Kollejda talabalarga esa dars o‘tilmayapti. Kelganlar keladi, sinfxonada tushgacha valaqlashib o‘tirib, yana uylariga ketadi. Shu. Go‘yo “bilim olishyapti”. Bunaqa ko‘zbo‘yamachilik kimga kerak? Hali bir oylik o‘tilmagan darslarni o‘tdik deb jurnal to‘ldirishimiz kerak. Direktor qilasan, deydi. U ham o‘z o‘rnidan qo‘rqadi. Mana shular haqida yozing, men haqimda emas…

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 oktyabr 2019
Taniqli o‘zbek yozuvchisi Odil Yoqubovning bu fikrlari 2008 yilning iyunida mashhur qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov vafoti munosabati bilan «Ozodlik» ...
17 yanvar 2020
Xitoy hukumati inson huquqlarida o‘zi uchun ekzistentsial tahdidni ko‘radi. Uning shu munosabat bilan qilayotgan sa'y-harakatlari esa global ko‘lamda inson ...
28 mart 2023
«Yuzuk-Art» tashkiloti faollari tashabbusi bilan 23 mart kuni Amerikadan topilgan va O‘zbekistonga keltirilgan «Buxoroning bombardimon qilinishi» triptixi xotirasini yo‘qotishga ...
17 yanvar 2019
DXX rahbari Ixtiyor Abdullaev, sobiq KGB mulozimlari bilan prezident Mirziyoev o‘rtasida tobora avj olgan ko‘rpaosti urushiga oid ushbu videodagi ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...