Asosiy mavzular
20 iyul 2017

«Tepkingiz uchun qulluq, janob prezident, zarbangiz ayni muddao bo‘ldi»

O‘zbekistondagi siyosiy partiyalar vakillari bilan uchrashuvda rosa ularning po‘stagini qoqqan prezident Shavkat Mirziyoev partiyalar nashrlari faoliyatini ham chetlab o‘tmadi.

Garchi davlat rahbarining bu chiqishi yuzasidan juda ko‘p fikr-mulohazalar bildirilgan bo‘lsa-da, aynan partiya gazetalarining tanqid qilinishi mavzusi negadir yana chetda qolmoqda.

Holbuki, aynan shu gazetalar kechagina o‘z muassislarining «xalq manfaati yo‘lidagi fidokorona mehnatlari» haqida og‘iz ko‘pirtirib yozib kelayotgandi.

Prezident partiyalarni qaysi yo‘nalishlarda faoliyatsizlikda ayblagan bo‘lsa, ularning gazetalari o‘z muassislarini ayni shu masalalar bo‘yicha juda faol ishlayotganini tinimsiz yoritishdan charchamayotgan edi.

Unda kim haq – prezidentmi yoki gazetalarmi? Agar gazetalar faqat yolg‘onni yozgan bo‘lsa, unda partiyalar nima ish qildi? Agar prezident noo‘rin tanqid qilgan bo‘lsa, unda gazetalar nega yana uning tanbehlari uchun minnatdorlik bildirib yotibdi?

Xullas, Afandi aytganidek, agar bu mushuk bo‘lsa, go‘sht qani? Agar bu go‘sht bo‘lsa, mushuk qani?

Masalan, davlat rahbari XDPni biror marta qonun tashabbusi bilan maydonga chiqmagani, o‘z elektorati bo‘lmish kam ta'minlangan aholi qatlamlari, avvalo, pensionerlarning muammolarini hal etishga hissa qo‘shmaganini tanqid qildi.

Endi siz bu partiyaning «O‘zbekiston ovozi» nashrini varaqlab ko‘ring. Uning har bir sonida partiya aynan shu yo‘nalishda olamshumul ishlar qilgani to‘g‘risida son-sanoqsiz maqolalarga ko‘zingiz tushadi.

Yoki Shavkat Mirziyoev «Milliy tiklanish»ni milliy meros, qadriyatlarni tiklash, turizmni rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilgani holda bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish, mavjud qonunlar ijrosini ta'minlashda sustkashlik qilishda aybladi.

«Adolat»ning esa qonun ustuvorligini ta'minlash shiori ostida faoliyat yuritayotganiga qaramay, bu borada birorta tashabbus ko‘rsatmagani tilga olindi.

O‘zLiDeP ham tadbirkorlar va ishbilarmonlar, fermerlar, xususiy mulk egalari huquq va manfaatlarini himoya qilmayotgani uchun prezidentdan «tepki» yedi.

Bu partiyalarning «Milliy tiklanish», «Adolat», «XXI asr» nashrlarini bir ko‘zdan kechirsangiz, prezidentning tanqidlariga ishongingiz kelmaydi. Chunki ularda bu partiyalar o‘z faoliyatini «prezident rahnamoligi»da binoyidek amalga oshirayotgani bitilgan.

Xalq kimga ishonsin, prezidentgami yoki partiya gazetalariga? Albatta, bu o‘rinda xalq davlat rahbariga ishonishiga shubha yo‘q. Chunki odamlar gazetalarga ishonmay qo‘yganiga, ularning yolg‘onlariga ko‘nikkaniga ancha bo‘lgan.

Lekin shu o‘rinda bir mulohaza tug‘iladi. Xo‘sh, gazetalarning bunday sharmandagarchiligi uchun kimdir javob berishi kerakmi?

Afsuski, bu savolga javob yo‘q. Gazetalar esa go‘yoki hech narsa bo‘lmagandek endi prezidentning tanqidi yo‘nalishidan kelib chiqib ko‘zbo‘yamachilik, maddohlik, yolg‘onchiligini davom ettirmoqda.

«Tepkingiz uchun qulluq, janob prezident, zarbangiz ayni muddao bo‘ldi» qabilidagi ishlar avvalgidan-da shiddat bilan avj olmoqda.

Yana bir gap. Prezident partiyalar nashrlarining saviyasi haqida gapirganda ular, «O‘zbekiston ovozi» gazetasini istisno qilganda, talabga javob bermasligini aytdi.

Prezidentni kim yoki nima chalg‘itdi ekan? Axir «O‘zbekiston ovozi» u tanqid qilgan partiya nashrlarning eng tipigi-ku!? Bu nashrning bosh muharriri mamlakatdagi erkin matbuotning asosiy jallodlaridan biri ekanini inkor etadigan fikri tiyran jurnalist bormikin?!

Bundan buyog‘iga partiya nashrlari o‘z faoliyatida «O‘zbekiston ovozi»ga tenglashishga urinsa, urdi xudo…

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 avgust 2019
So‘nggi kunlarda so‘mning keskin tarzda qadrsizlantirilishi sabablaridan biri oydinlashdi – hukumat naqd valyutani aholiga sotish amaliyotiga o‘tdi.  Shu vaqtgacha ...
7 may 2019
Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan rasman qabul qilingan qonun loyihasi Senat tomonidan imi-jimida o‘zgartirilgan holda ma'qullandi. Deputatlar boshqacha qabul qilib, ...
7 aprel 2020
«Eltuz» rassom Kirpining koronavirus karantini turkumidan yangi karikaturasini taqdim etadi.
6 iyul 2017
O‘zbekistonlik adib va ruhshunos olim, bir qancha hikoyalar va she'rlar muallifi Mahmud Yo‘ldoshev 2-iyul kuni o‘zining audiokitobini chop etdi. ...
Bloglar
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...
17 iyun 2022
Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida «ayollar huquqi» deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?Buning sabablarini bilish ...
7 iyun 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 54-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) AMAL ...