Catira
21 sentyabr 2017

Eskirgan tayanch tirgaklar mo‘rt bo‘lsa…

Bo‘lmadi. Ko‘pchilik ziyolilarning kutgani bo‘lmadi. O‘zini 26 yildan buyon mustaqil deb biladigan, ko‘ksiga urib bu bilan g‘ururlanadigan davlatning rahbari BMT minbaridan turib yana o‘zga tilda nutq irod qildi.

Arman prezidenti chiqdi, armanchalab chuldiradi. Tojik prezidenti chiqdi, tojikchalab nutqini qoyillatdi.

O‘zbekning yurtboshisi chiqdi, ko‘pchilikning yuragidagi armonni yanada alangalatdi. Tojiklarning peshvoi millati o‘z tilini boshqa tillardan ustun ko‘rdi.

Armanlarning har kuni tanqidga uchrayotgan prezidenti tilga kelganda mard ketdi. Armanilarning ko‘ksini sarbaland qildi.

Islohotchiligi, xalqparvarligi, «xalq bilan muloqoti» uchun madhiyalarga ko‘mib tashlangan o‘zbek prezidenti tilga kelganda qovun tushirdi.

Balki uni maslahatchilari chuv tushirgandir? Balki buning biror siyosiy sabablari bordir? Hoynahoy marhum prezidentning ruhi kimlarnidir cho‘chitgandir?

Nima bo‘lganda ham «maqtalganning qilgan ishini ko‘r», qabilida bo‘ldi bu yog‘i.

BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev o‘zbek tilida ma'ruza qilishi kutilyapti, deb yozgan «kun.o‘z» tilini tishlab qoldi.

Prezidentimiz olamshumul muammolar haqida so‘z yuritdi, deya o‘zining bashorati amalga oshmaganini yopishga urindi.

Nima desin? E-e, qovun tushirdi-ku, desinmi? Unday desa ertaga ishlay oladimi? Bu sayt-ku, hech bo‘lmaganda «o‘zbekcha gapiradi», deya shunga undashga uringandi.

Mahalliy «boshqalar» esa Yulduz Usmonovaning avvalgi podshohi zamonida bo‘lganidek shunga ishora qilishga ham jur'at etmadi.

O‘zbekning yana bir umidi o‘ldi. O‘lganda ham g‘ururni chilparchin qilib o‘ldi. O‘lganning ortidan gapirmaydi, deydilar. Lekin bu gaplar o‘lgan umid haqida bo‘lmasa kerak…

Ayrimlar bu holatni sharmandalikka yo‘ydi. Aslida sharmandligimiz faqat shumikin? BMT minbaridan turib, majburiy mehnatni yo‘q qildik, dedik. To‘liq erkin konvertatsiyaga o‘tdik, dedik.

Yoshlar huquqlari to‘g‘risida xalqaro konventsiya qabul qilishni taklif etdik. Yoshlarimiz, talabalarimiz shu kunlarda ommaviy ravishda paxtaga jo‘natilgan bir paytda bunday ko‘zbo‘yamachilik qilishimiz sharmandalik emasmi?

O‘zbekiston prezidenti BMT minbaridan turib mamlakat hukumatining asosiy faoliyati bugungi kunda «mamlakatning yangi qiyofasini shakllantirishga» qaratilganini aytdi.

Mamlakatimizning «yangi qiyofasi» davlat tiliga, yumshoqroq aytganda, bepisandlik, yolg‘onni haqiqat sifatida gapirish asosida shakllanadigan bo‘lsa, bunday «yangi qiyofa»ning mohiyatida, botinida eski tuzumning tayanch tirgaklari saqlanib qolsa, xalqning amalga oshayotgan o‘zgarishlar samarasiga bo‘lgan ishonchiga putur yetadi!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
13 dekabr 2021
Nihoyat, ma'naviy ruhiy bo‘shliqda ekanmiz, ratsional fikr egalari tomonidan e'tirof etila boshlangach, ko‘pchilik o‘z holatini tushinib olsa kerak. Adabiyot ...
16 yanvar 2024
Qotil atr sotuvchilar haqidagi ovozli va tekstli xabarlar tarmoqni titratmoqda. Atirgulim atringni soch, go‘ringda go‘rkoving bo‘lay… Qotil odekolon! Kobra ...
11 aprel 2020
O‘zbekiston xalq shoiri, satirik va yumoristik janrdagi kitoblar muallifi Anvar Obidjon 73 yoshida 11 aprel kuni olamdan o‘tdi. Bu ...
5 yanvar 2016
Yangi hamkorimiz bizga jo‘natgan ilk hajviy surat «Karimovning amal kursisi» deb nomlanadi. Elsevar taxallusi bilan ijod qilishni ma'qul ko‘rgan ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...