Asosiy mavzular
4 oktyabr 2017

Ochiqlik bizning qurolimiz

Hamkasbim Bobomurod Abdullaevni O‘zbekiston konstitutsiyasini fitna (zagovor) vositasida ag‘darishga urinishda ayblab chiqishdi.

Bobomurod Abdullaevning 2003 yildan beri Usmon Haqnazarov tahallusi ostida “rejim ko‘rpasi tagidagi illatlarni” fosh qiluvchi maqolalarni yozib turishini o‘ta tor doira bilar edi. Balki uch yoki to‘rt kishi. Shulardan biri men edim. Yana biri Muhammad Solih.

Maqolalarning informativ sifatliligi, tili, uslubi, faktlar bilan ta'minlangani va ba'zi salbiy unsurlari masalasida mening boshqacha fikrim bor. Ammo gap bu haqda emas.

Gap bir odamning shu jasoratli ishga qo‘l urib 14 yil davomida rejim asabini arralay olganida.

Ko‘plar “Bunday maqolani men ham yozgan bo‘lar edim” deyishdi, ammo yozishmadi.

Chunki yozishsa Bobomurod Abdullaev kabi MXX zindoniga tushishiga ularni aqli yetadi. Ular oddiy qo‘rqoqlikni aqllilik bilan o‘rtmoqchi bo‘lgan hashaki bozingarlardir.

O‘tgan seshanba har ikki soatda “men borman” deya ishorat berib turadigan Bobomurotdan signal kelmay qoldi.

27 sentyabr kuni soat 17 da u xotiniga SMS yuborib hozir boraman dedi. Keyin aloqa uzildi.

Bobomurod MXXning N. To‘raqulov ismli podpolkovnigi boshchiligidagi tezkor guruh tarafidan o‘g‘irlab ketilgani esa keyin ma'lum bo‘ldi.

Faqat ikki kundan keyin tintuv qilishga kelganlar Bobomurodning MXX yerto‘lasida ekanini aytishdi.

Buning ortidan Bobomurodga O‘zbekiston JK sidagi eng og‘ir ayblov yuklangani ma'lum bo‘ldi.

Muhammad Solih Bobomurodni qutqarish uchun uning kimligini ochiqlashga qaror qilganini aytdi.

Uning nazarida, hammasi ochiq bo‘lsagina Bobomurodni o‘limdan qutqarish mumkin edi.

Oddiy sport sharxlovchisi, taksichilik qilib kun ko‘radigan Bobomurod Abdullaevning –Usmon Haqnazarov ekani Istanbuldagi matbuot anjumanida Muhammad Solih tarafidan aytildi.

Buniyu ortidan bir to‘da avom “Voy nega aytdi, endi falon bo‘ladi, pismadon bo‘ladi” deya qahva quyqasiga qarab fol ocha boshladi.

Bobomurodning taxallus ostida maqola yozishi jinoyat emas. O‘zbekiston qonunchiligida “tahallus ostida tanqidiy maqola yozgan odam qamalsin” degan modda yo‘q.

Mana Bobmurod – u siz haqda tanqidiy maqola yozgan Usmon Haqnazarovning o‘zidir.

Sizga endi uning cho‘ntagiga o‘q-nasha solish va boshqa nayranglar qilishga hojat yo‘q. Siz uni mavjud qonunga zid tarzda surbetlarcha so‘z erkinligi qurboni sifatida jazolashga mahkumsiz.
U bir blogger edi. Taxallus ostida maqola yozardi. Yozganlari sizga yoqmagan bo‘lsa, bu sizning estetik didingiz bilan bog‘liq.

Lekin, jurnalistning so‘zi yoqmadi deya uni qamash mumkin emas.

Bobomurod jinoyatchi emas. U o‘g‘irlik qilmadi, masalan iqtidordagi Bosh vazir Aripovga o‘xshab mamlakatning 7 foiz byudjetini o‘g‘irlash janjalida figurant emas. Ëki MXX raisi Rustam Inoyatovning xotini va o‘g‘illari kabi korruptsion sxemalar bilan pul o‘margani ham iddao qilinmaydi.

Uning ismi o‘zbek o‘g‘ri mulozimlarining Panama ro‘yxatida ham yo‘q. U odam o‘ldirmadi.

U faqat maqola yozdi.

Buni so‘z va ifoda erkinligi deyishadi janoblar!

Bobomurod qamalganidan so‘ng “uning atrofida shov-shuv ko‘tarish” unga foyda bermaydi deya g‘ingshigan “aqlli”lar uning xotiniga bosim o‘tkaza boshlashdi.

“Jim o‘tirsang o‘zingga foyda” deganlar rasman MXXda ishlamaydigan kimsalar edi. Ular huddi mikroblar quyosh nuridan qo‘rqqani kabi oshkoralikdan qo‘rqishadi.

Ammo biz ochiqlik, shaffoflik tarafdorimiz. Bizning kuchimiz ochiqligimizda.

«Kuchsizlarning kuchi haqiqatni qo‘rqmasdan aytishdadir» degan edi, Chexiyani Kommunizmdan holos qilgan davlat arbobi Vaslav Havel.

Otabek Usmonov
Blogger, Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 fevral 2021
Islomda ko‘p cheklovlar mavjud bo‘lsa-da, jinsiy mavzu doim e'tiborda. Xotin-qizlarga seksual ob'ekt sifatida qaralishi islom dinining ustunlaridan biri, desak ...
10 aprel 2018
Kanadada yashovchi Ulug‘bek Ashur shu bugungi kunda turli qora ishlarga majburlanayotgan o‘qituvchilarga atab yangi qo‘shiq kuyladi. «Eltuz» nashri studiyasi ...
8 iyun 2021
Rassom Elsevar
7 oktyabr 2023
Avgust oyida Qashqadaryo  viloyati  Koson  tumanidan  o‘tgan  katta  kanalning Guvalay  qismi tuproq bilan  yopib  quyilgan. Buning oqibatida 20 mingga ...
Bloglar
23 yanvar 2025
O‘zbekiston mudofaa vaziri Xolmuxammedov bosqinchi gazanda Rossiya bilan 2026-2030 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi ...
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...
12 yanvar 2025
Turli mavzularga o‘z qarashi bilan farqlanadigan bloger Kirpi Prezidentning 380-sonli qarori asosida 1000ta kitobning o‘zbek ...