Asosiy mavzular
9 oktyabr 2017

Majburiy mehnatni tugatish haqidagi yolg‘onlar…

Majburiy mehnatni taqiqlash mavzusida gap ketganda, hukumatning bu boradagi ikkiyuzlamachiligini ko‘pchilik o‘zini o‘zi aldashga o‘xshatyapti. O‘zini o‘zi aldash deganda bu yerda hukumat xalqni aldayotgani anglashiladi.

Aslida hukumatning niyati xalqini aldash emas, balki bu harakatlari bilan jahon hamjamiyatining majburiy mehnatga qarshi kurashishga mas'ul qismini chalg‘itish maqsadini ko‘zlagan.

Bu maqsad o‘zini oqlarmikin? Ko‘zlagan pirovard maqsadimizga yetishishga birorta ijobiy ta'sir ko‘rsatarmikin?

Bu yo‘l bilan kimni chalg‘ityapmiz? Nahotki xalqaro hamjamiyat bunday «siyosatimiz»ni tushunmaydi, deb o‘ylasak?

To‘g‘ri, bu harakatlarimiz ertaga ular bilan muzokaralar stoliga o‘tirganimizda asqatishi mumkin. Tilimizni uzunroq qilishi mumkin.

Lekin majburiy mehnat, avvalo, o‘zimizga ziyon keltirishini qachon tushunib yetamiz? Majburiy mehnat sabab o‘quvchilar yetarli darajada ta'lim ololmayapti. Majburiy mehnat sabab aholiga yetarli darajada tibbiy xizmat ko‘rsatilmayapti.

Oxir-oqibat majburiy mehnat tufayli milliy ta'lim tizimimiz xarob ahvolga kelib qoldi. Sog‘liqni saqlash tizimimiz butunlay izdan chiqdi.
Paxta mavsumidagi majburiy mehnat oqibatida xalqimiz genofondi tobora yemirilib bormoqda. Bu esa butun bir xalqning salomatligiga tiklanmas zarar yetyapti degani-ku.

O‘sha xalqaro hamjamiyating ko‘zini shamg‘alat qilamiz deb shuncha narsalarni boy beryapmiz. Bir amallab ahvolimizni o‘nglaguncha Karimov davridagi usullarni qo‘llab turaylik, deyapmiz.

Ertaga islohotlarimiz ish bersa, bugungi kunlarimizni ko‘rmagandek bo‘lib ketamiz, deb eski amallarni qo‘llashga davom etyapmiz.

Uzoq yillar yuritib kelganimiz, endi esa to‘g‘ri yo‘lga solishga urinayotgamiz, go‘yoki inertsiya qonuniga bo‘ysungan holda davom etayotgan siyosatimiz ham kishini hayron qoldiradi.

So‘z erkinligi sari qadam tashlab, shu paytgacha so‘z erkinligiga biror hissa qo‘shmagan, aksincha uni bo‘g‘ishga hissa qilib kelgan kishini Jurnalistlar uyushmasiga rahbar etib tayinlaymiz.

Qonunchilikka rioya etilishini nazorat qiladigan Bosh prokuraturaga 15 yil davomida eng qonunbuzar shaxsning rahbarlik qilishiga indamay chidab kelamiz.

Mamlakatimizda inson huquqlarini buzilishini tanqid qiladigan xalqaro tashkilotlarga do‘q urishgacha borgan, uzoq yillar aslida yurtimizdagi bu holatni dunyodan yashirishga hissa qo‘shgan odamni – Inson huquqlari milliy markazi raisini hali ham shu masalada bo‘ladigan muzokaralarga oldingi planga chiqaryapmiz.

Majburiy mehnatni oddiy, tabiiy hol deb bilish ongiga singib ketgan senator xonimni majburiy mehnatga qarshi kurashadigan, bu yo‘nalishdagi qonunchilikni takomillashtirishga mas'ul bo‘lgan parlament komissiyaga mas'ul etib qo‘yamiz.

O‘zimiz paxtani terishda majburiy mehnatdan keng foydalanilayotganda ayblanib kelayotganimiz yetmagandek, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan paxta terish mashinalarining katta qismini chetga sotamiz.

Paxta mavsumidagi qattiqo‘lligi, xalqni poda kabi dalaga haydashi bilan tanilgan, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi bemaza qiliqlari sabab ishdan haydalgan hokimni yana boshqa bilan hududga bosh qilib qo‘yamiz va shunday ishlarni davom ettirishiga tomoshabin bo‘lib turibmiz.

O‘qituvchiyu tibbiyotchini, o‘quvchiyu talabani daladan qaytarasan, degan bosh vazir xuddi o‘shalar fidoyi otryadlar, uyushmagan aholi niqobi ostida yana paxta haydalsa, buni ko‘rmaganga olganiga ko‘z yumamiz.

O‘sha toifalarni dalaga chiqarganlarni jinoyatchi deb atagan hokim janoblari ularni so‘kib-urib yana shu ishga jalb qilsa, unimiz o‘chib turadi.

Shuncha yolg‘on, shuncha ko‘zbo‘yamachilik. Yetti avlodimizga yetib ortadi…

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
13 oktyabr 2020
3 oktyabrda Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani “Yangi hayot” mahallasi hududida joylashgan fermer xo‘jaligi rahbari J.N. ishchisi S.Sh.ni sazoyi qilib, ...
27 yanvar 2016
Eltuz.com sayti, shu kunlarda shov shuvi O‘zbekistondan tashqariga chiqib, dunyo armanlarini xam xavotiriga sabab bo‘layotgan “Jizzaxlik fermer Aramais Avakyan ...
12 aprel 2017
Raxmat Aqilov Shvetsiyaga kelguniga qadar ham radikal kayfiyatda bo‘lganini yozadi shved nashrlari. Foto: expressen.se U Shvetsiyaga 2014 yili Turkiya ...
25 fevral 2017
Ijtimoiy tarmoqda o‘zbek to‘yidagi kuyovning kelindan bo‘sa olish an'anasi yuzerlar nafratiga duch keldi. 22 fevral kuni Feysbuk tarmog‘iga qo‘yilgan ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...