Asosiy mavzular
13 oktyabr 2017

Paxta terib, ikki hissa dars ham beruvchi «super o‘qituvchi» hasrati

9 oktyabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Tanzila Norboeva, (foto: chapdagi rasm) nuz.uz nashri orqali bergan bayonotida tibbiyot xodimlarini va o‘qituvchilarni paxta terimiga jalb qilishga taqiq qat'iy ekani, dalaga chiqishdan bosh tortganlardan ta'magirlik qilish holatlarida jabrdiydalar tegishli organlarga murojaat etishi kerakligi haqida gapirgandi.

O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisining aytishicha, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlari bunday holatlarga qarshi kurashishi lozim.

U O‘zbekistonda majburiy mehnat holatlari deyarli uchramayotganini ishonch bilan ta'kidlagandi. Shuningdek, voyaga yetmaganlarni paxta terimiga jalb etish qat'iy taqiqlanishini bildirgandi.

Bundan ilgariroq mamlakat bosh vaziri ham yuqorida zikr etilgan toifadagi fuqarolarni darhol daladan qaytarishga buyruq bergandi. Hokimlar esa unga jo‘r bo‘lib, bunday amaliyot jinoyat ekani haqida og‘iz ko‘pirtirgandi.

Ajabki, hukumatning majburiy mehnatga qarshi siyosati go‘yoki kuchaygani sari bu illat tobora keng ko‘lam kasb etmoqda. Tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilar esa mamlakat hokimiyatining va'dalari yana quruq gapligicha qolayotganidan, aslida ahvol tobora yomonlashganidan hafsalasi pir bo‘layotir.

Aholining keng qatlami «uyushmagan aholi», «ko‘ngilli terimchilar», «fidoyilar otryadi» kabi niqoblar ostida to‘xtovsiz dalaga haydalmoqda.

Quyida mamlakatdagi paxta frontining oldingi saflariga safarbar etilayotganlar toifasi vakilasi, bu jarayonlardan ko‘ngli qolgan o‘qituvchi hasratlari bilan tanishasiz.

Farg‘onalik maktab o‘qituvchisi Odina Abduraimova bu izohini o‘zining feysbukdagi sahifasiga 2017 yilning 11 oktyabrida qo‘ygan.

(«Eltuz» tahririyatidan)


Biz qachongacha yolg‘on qurboni bo‘lamiz? Maktab direktorining vazifasi nima? Maktab nazoratimi yoki paxtaga odam qilib berishmi? Davlatimiz siyosati o‘qituvchilarda sinaladimi?

Direktorlarni notiqlikka, siyosatga, saviyaga, … o‘qitadigan kurs bormi? Bitta maktabga informatika darsi uchun berilgan 19 ta kompyuterni ikkita xonaga joylashtirish mumkinmi?

Paxta yig‘im-terimi boshlanishi bilan maktabimizga har yilgidek og‘ir kunlar keldi. Internetda bot-bot paydo bo‘layotgan xabarlarni ko‘rib, «Xayriyat, bu yil o‘qituvchilar paxtaga chiqmas ekan», deya shukronalar aytib, hurmatli prezidentimiz Shavkat Mirziyoev yuritayotgan siyosatdan juda mamnun bo‘layotgan edim.

Ammo shuncha gap-so‘zlardan keyin ham biz o‘qituvchilar maktabda dars o‘tish o‘rniga dalada paxta terib yuribmiz. Bilaman, terim mavsumi eng mas'uliyatli payt. Qancha mehnat bilan yetishtirilgan paxtani bir-ikki oy ichida yig‘ishtirib olish kerak. Paxtaning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi ahamiyati katta. Biroq uni terishda aholining qancha qismi ishtirok etyapti? Asosan kimlar teryapti?

Hech kimga sir emas, bir necha yil avval o‘quvchilar ham terimda kattalardek ishtirok etardi. Keyin bu taqiqlanib, faqat o‘qituvchilar olib chiqila boshlandi dalaga.

Axir o‘ylab ko‘ring, o‘quvchi maktabda-yu, o‘qituvchi dalada bo‘lsa, mantiq qaerda qoladi? Kim o‘qiydi-yu, kim o‘qitadi?

O‘tgan yili faqat yoshi ulug‘ va terimga yaroqsiz (kasal, homilador) ustozlar maktabda qolib, boshqalar noyabr oyiga qadar paxta tergandi.

Har bir sinfga bittadan o‘qituvchi biriktirilib, hamma fanni o‘sha o‘qituvchi o‘qitadi. Ya'ni o‘zi rus tili o‘qituvchisi, lekin 8-«A» sinfga biriktirilgan, shuning uchun u mazkur sinfning rus tilisiniyam, matematikasiniyam, ona tiliyu tarix, musiqasiniyam o‘rgatadi. Naq ikki oy.

Maktabimiz o‘qituvchilari mana shunaqa «super ustoz». Bugun men ham «super ustoz» bo‘ldim. 5-«B» sinfga biriktirilib, tarix, ona tili, matematika, adabiyot, hatto jismoniy tarbiyani ham o‘tdim.

Qoyilmisiz? O‘zim informatikman. Darslarimni kim o‘tdi ekan? O‘quvchilar, ayniqsa, beshinchi sinf o‘quvchilari juda bilimga chanqoq bo‘ladi. Ko‘zlari yonib turadi, o‘qituvchini butun vujudi bilan tinglaydi. Ularning biri-biriga gal bermay: «Men aytay!» degani-chi?

Ammo negadir sakkiz, to‘qqizinchi sinfga borganda ko‘zlaridagi o‘sha nur so‘nib qolgandek, dillaridagi ilm olishga bo‘lgan ishtiyoq sustlashgandek tuyuladi. Xafa bo‘lib ketaman. Nega?

Agar o‘quvchilardagi o‘sha yonish maktabni tamomlaguncha yo‘qolmasa edi, har biri nimanidir kashf qilib ketardi.

Sentyabr. Hamma yozgi ta'tildan yangi o‘quv yiliga yangi rejalar, yangicha maqsadlar bilan qaytgan. Havo salqinlab, saratonning holdan toydirguvchi tafti pastlagan. Daraxt yaproqlari: «Menga hech bo‘lmasa bir satr she'r yoz», degandek shitirlab, turfa rangga kirib, oyoq ostiga uchib keladi.

O‘quvchilar do‘stlarini, kitoblarini, qadrdon partasini sog‘inib, «Qani, ustoz, bugun bizga nimani o‘rgatasiz?» deya shay turadi.

Shunday ajoyib kunlarda miriqib dars o‘tayotganingda paxtaning sovuq xabari ko‘ngillarni vayron qiladi. «Obbo, hammasi yaxshi ketayotgan edi-ya…», deb o‘qituvchilar xomush tortadi.

Kimdir indamay etak-choyshabini to‘g‘rilaydi, kimdir o‘rniga birorta mardikorni chiqarish uchun pulini, yana kimdir umuman dalaga bormaslik uchun bahonasini tayyorlaydi.

25 avgustda tasdiqlanib, devorga ilinishi kerak bo‘lgan dars jadvali hamon to‘g‘rilanmay, sudralib yuradi-yuradi va paxta munosabati bilan bir pulga arzimaydigan yozuvlarga aylanadi-qoladi.

Hamma farroshlar dalada, maktabni kim tozalaydi? Yaponiyada o‘quvchilarning o‘zi tozalar ekan. Buni bizda ham joriy qilsak, yaxshi bo‘lardi. Chunki farroshlarning yo‘qligi bilinmasdi.

Agar sehrgar bo‘lganimda maktab devorlarini chang yutadigan bo‘yoqqa bo‘yab berardim. Shunda o‘qituvchisi kelmagan yoki paxtaga chiqib ketgan shumtaka o‘quvchilar koridorda har qancha yugursa ham maktab changimasdi.

O‘ylab ko‘rsam, olti soat olti xil fandan dars bergandan ko‘ra ochiq havoda, keng dalada paxta tergan ham ma'qul ekan. Bekor to‘rt yil universitetda o‘qibman. Buvim «O‘qigin, kolxozchi bo‘lmagin», der edi. Ilohim, buvijonimning umri uzoq bo‘lsin!

Kechga yaqin daladan qaytayotib, o‘zimdan uyalib ketaman. Ko‘chadagi ozoda, yasanib yurgan qiz-juvonlar oldida changga botib, qo‘llarim tilinib, horib kelayotgan bo‘lsam-da, «Ishqilib, birorta tanishim uchrab qolmasin», degan o‘y bilan qadamimni tezlataman.

Tezroq avtobusga chiqib olishga, odamlar ko‘ziga ko‘rinmaslikka intilaman. «Qayoqdanam o‘qituvchi bo‘ldim?» degan achinarli savol dilimni qiynaydi.

Kecha dalada tushlik qilib, endi o‘rnimizdan turayotgan edik. Shiypon to‘la odam, erkaklar ham bor. Bir kishi paxtazor bo‘ylab kelib, ariqchadan xatlab o‘tdi-da, to‘g‘ri direktorimizga qarata xursand qiyofada: – Tekshiruvchilar kelishdi, – dedi. Tabelchi Jumanazar aka ekan. – Bu yerda faqat mahalla, dedim. Hammasi uyushgan aholi, dedim. Ketishdi. Sizni aytmadim.

Direktorimiz unga kulib, og‘zini ochganicha quloq soldi. Jumanazar aka go‘yo suyunch xabar aytayotgandek yana qo‘shimcha qildi: – Sizni hech kim so‘ramadiyam, bilmadiyam.

Uning bu gapidan jahlim chiqdi: – Nima, biz yo‘qmizmi bu yerda? Nega yolg‘on gapirasiz?

Hamma birdan jimib qoldi. Kutilmaganda bergan savolim Jumanazar akaning yuzidagi tabassumni o‘chirib yubordi. Tirjayganda ko‘rinib turgan o‘ttiz ikki tishi ko‘z o‘ngimda g‘oyib bo‘ldi-yu, qoramtir lablari bir joyga yig‘ildi.

Keyin ko‘rsatkich barmog‘ini menga to‘g‘rilab: «Siz paxtani terib, pulingizni olyapsizmi? Boshqasi bilan ishingiz bo‘lmasin», – dedi.

Yuzim lovullab ketdi shekilli: «Bilaman, juda yaxshi bilaman, bizniyam aholi deb olib chiqyapsizlar», – dedim.

Atrofimdagi ayollarning menga xavotirlanib qaraganlarini sezdim.

  • Pulingizni olyapsizmi, bo‘ldi! – dedi u yana gapini takrorlab va katta-katta qadamlar bilan nari ketdi.
  • Paxta pulingni olding, endi ovozingni o‘chir, demoqchisiz-da!

Bu gapimni go‘yo o‘zimga aytgandek bo‘ldim.

Direktorimiz bir og‘iz ham gapirmadi. Keyin sudralib, dala qo‘ynida qatorlarimiz sari yo‘rg‘aladik. Hech kimga qaramay, hech kimga gapirmay ketyapman-u, g‘azabim bosilmasdi.

O‘tgan yili terimdan so‘ng gazetada fermer va chakkasiga paxta qistirib olgan a'zolari tushgan surat va ularga paxta terimidagi faol ishtiroki uchun rahmatlar yog‘ilgan maqola bosilgan edi.

Uni ko‘rib hayron bo‘lgandim. Qani o‘qituvchilar? Axir ular fermerning a'zolaridan ko‘p edi-ku! Nega bir og‘iz tashakkur bildirishmaydi? Nega bizni ishlatib-ishlatib, keyin buni hammadan bekitishadi?

O‘shanda suratdagi ayollarning chakkasidagi paxtani yulib olgim kelgandi. Bunisi-chi? Bunisiga nima deyin? Biz kimmiz o‘zi? G‘ururi, huquqi toptalgan, hamma narsaga «mayli», deya ko‘nib ketaveradigan oddiy o‘qituvchimiz.

Bizchalik fidoyi va kamtar toifa bormikin xalq orasida? Tong saharlab direktorimiz qo‘ng‘iroq qildi. «Odinaxon, bugun paxtaga chiqmaymiz, komissiya bor ekan. Formada keling», dedi.

Ana bo‘lmasam! Aksiga olib, sherigim xonani qulflabdi-da, kalitni cho‘ntagiga solib Nukusga paxta tergani ketibdi. Shanba kuni yomg‘ir yoqqan edi. Hech kim dalaga bormadi. Maktabda yig‘ilish qildik.

Direktorimiz aytdiki, prezidentimizning yangi buyrug‘i chiqibdi. Qoraqalpog‘istondagi paxtani terish uchun Farg‘ona viloyatining ta'lim sohasiga o‘n mingta terimchi jo‘natish topshirilibdi.

Har bir maktabdan o‘n beshtadan erkak o‘qituvchi jo‘natilishi kerak ekan. Oyligi saqlangan holda, qo‘llariga yana besh yuz ming so‘mdan naqd pul berilarkan. Davlatning siyosati avval o‘qituvchilarda sinalarkan.

Shunday qilib, domlalar Nukusda, yoshlar mahalla ahli bo‘lib terimda. Bugungi komissiyani eshitib, yozilmagan konspektlar, jurnallar, dars tahlillari, to‘garak hujjatlari yozilib ketdi.

Qarang, bir vaqtning o‘zida ham dars o‘tsam, ham hujjat yozsam, super o‘qituvchi bo‘lmaymanmi? Xudo xohlasa, bunday maktablardan «super o‘quvchi»lar chiqadi.

Portalga yozdim, «Adolat» DP rahbari Narimon Umarovga xat bilan murojaat qildim. Foydasi bo‘lmadi.

Javob xatlari keldi, rayono mudiri ham, boshqalar ham miyig‘ida kulib: «Bu yil o‘qituvchilarga tegmaymiz, siz paxtaga chiqmaysiz», deyishdi.

Direktorimiz esa mavsum boshidagi yig‘ilishida: «G‘alamislar g‘alamislik qilmay tursa, paxtani yig‘ishtirib olamiz…», dedi.

Qiziq, o‘z huquqini talab qilgan o‘qituvchi endi g‘alamis degan nom oladimi? Maktab direktorining vazifasi nima? O‘qituvchini himoya qilish, maktabdagi tartib-intizomni yo‘lga qo‘yish, sifatli darsni ta'minlashmi yoki paxta dalasiga terimchi topib berishmi?

Yurt tepasida turganlarning «O‘qituvchilar paxta terimidan qaytarilsin», degan gaplari qayoqda qoldi? Andijon viloyatida bu hatto jinoyat bilan tenglashtirildi.

Nima, O‘zbekistonimizning har bir viloyatida alohida-alohida qonunlarga amal qilinadimi? Dardimni kimga aytay?

O‘zi maktabdagi kompyuterlar muammosini hal qilolmay yuribman. Informatika darsi o‘quvchi soni 25 tadan ortiq bo‘lgan sinflarda ikki guruhga bo‘lib o‘tiladi.

Ikkala guruhga ham sifatli dars o‘tilishi uchun ikkita kompyuter xonasi kerak. Bitta xonada yap-yangi o‘n to‘qqizta kompyuter bor. Buning uchun davlatimizga minnatdorlik bildiraman. Ikkinchi xonada esa allaqachon ishlamay qolgan eski kompyuterlar.

O‘quvchilar eski xonaga kirishni istamaydi. Men ham istamayman, albatta. Shunga qaramay, qo‘limdan kelganicha xonani chiroyli qilib ta'mirladim. Shiftdagi suvoqlar boshimga to‘kilib ketay derdi.

Uch yil avval xona qanday bo‘lsa, o‘shanday, go‘yo shu uch yil ichida bu xonaga birov kirmagandek edi. Endi eski kompyuterlarni hujjatlashtirib, tegishli joyga jo‘natish yoki omborga olib chiqish kerak. O‘rniga narigi xonadagi kompyuterlarning yarmini olib chiqmoqchiman.

Ammo qachondan beri shuni amalga oshira olmayapman. Mumkin emas emish. Bitta maktabga berilgan o‘n to‘qqizta kompyuterni ikkita xonaga joylash mumkin emasmi? Umuman ishlamaydigan eski kompyuterlar qachongacha xonani band qilib turadi?

Shundoq ham xonam kichkina va qorong‘u. Yugur-yugur bilan hamma chiroqlarni to‘g‘rilatdim. Ammo deraza ortidagi qalin yong‘oqlarni butab beradigan inson yo‘q. Direktor faqat paxtaning tashvishini qiladi.

Qachon informatika fanidan olimpiada g‘oliblari chiqararkanman? Doskani ko‘rsatib: «O‘quvchilar, tasavvur qiling, bu monitor…», deyishdan zerikdim.

Ziyonet ni-ku, gapirmay qo‘ya qolay. Maktabimizning saytiga oxirgi marta qachon ma'lumot joylaganimni eslolmayman.

Shunday deyman-u, urush bo‘layotgan yurtlardagi bolalarning ahvoli ko‘z oldimga keladi va tinchligimizga shukur qilaman. Xudoga shukur, tinchmiz.

Ammo rivojlanish uchun yuqoridagi kabi kamchiliklarni bartaraf etish kerakmi-yo‘qmi? Faqat o‘zini o‘ylaydigan yoki beg‘am odamlar qancha ko‘p bo‘lsa, rivojlanishimiz shuncha uzoooq davom etadi.

Bular nima bo‘pti? Cho‘lga o‘n kunlik yotoqqa ham o‘qituvchilar jalb qilinmoqda. Maktabimizdagi bugungi tartibsizlikni ko‘rib, uning holiga maymunlar yig‘lasin…

Odina Abdurahimova,
Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi
1-maktab informatika o‘qituvchisi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
15 iyun 2020
Respublika maxsus komissiyasining hayratga soladigan so‘nggi qarori: «Agar xo‘jalik yurituvchi sub'ektning belgilangan sanitariya-gigiena talablariga rioya etmagani natijasida koronavirus aniqlansa, ...
14 may 2019
«Koridorga chiqqanimizda, navbatchi harbiy menga past ovozda: – O‘yin bo‘lganini bildingiz, anovi SPPni sizdan gap olish uchun qamadi, ehtiyot ...
13 aprel 2020
13 aprel soat 06:00 dan boshlab Namangan shahri va Uchqo‘rg‘on tumani hududida transport va fuqarolarning harakatlanishi butunlay to‘xtatiladi. Istisno ...
26 sentyabr 2017
26 sentyabr kuni tanqidiy fikrlari uchun o‘zbek hukumatining qora ro‘yxatiga kiritilgan 63 yoshli yozuvchi Nurilla Otaxonov Turkiyadan Toshkentga yo‘l ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...