Asosiy mavzular
13 noyabr 2017

Mehnat migrantlari eksporti strategik maqsad bo‘lmasligi kerak

O‘zbekistonlik 1 milliondan ortiq mehnat migrantlari Sankt-Peterburgda ishlayotgani rasman tan olindi.

Demak, RFning O‘zbekistonga masofa jihatdan undan-da yaqinroq poytaxti Moskvada ishlayotganlar soni o‘z-o‘zidan bundan ancha ko‘pligi ma'lum bo‘ladi.
Butun Rossiya miqyosida olib qarasak va rasmiy ma'lumotlardan kelib chiqib taxmin qilsak, besh milliondan ortiq yoki shunga yaqin yurtdoshimiz ushbu mamlakatda rizqini termoqda.

Hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q, marhum prezident, bir vaqtlar O‘zbekiston ahli, har holda ko‘pchiligi payg‘ambardek ko‘rgan Islom Karimov ularni dangasalar o‘laroq ta'riflagandi.

Shukronachilar partiyasiga a'zo bo‘lmasak-da, xalqimiz uchun shukr qilamizki, yangi rahbariyat ularning qonuniy ishlashi, qonuniy manfaatlari himoya qilinishi yo‘lida dastlabki qadamlarni qo‘ymoqda.

Bu yaxshimi yoki yomon? O‘zbekistondagi hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni hisobga olganda, hukumatning bu qadami mantiqli ko‘rinadi.

Zero, millionlab yurtdoshlarimiz tirikchilik ilinjida o‘zga yurtlarga yo‘l olar ekan, mamlakat taraqqayoti uchun zarur bo‘lgan millardlab dollar mablag‘ olib kirar ekan, ularning xorijdagi ijtimoiy, kerak bo‘lsa, siyosiy himoyasini kuchaytirish eng zaruriy choralardan biri bo‘lishi shart.

Ko‘rilayotgan choralar, sa'y-harakatlar yangi hukumatning bu haqiqatni tushunib yetayotganidan dalolat berib turibdi.

Lekin bu chora-tadbirlar faqat yaqin istiqbolga mo‘ljallab amalga oshirilishi kerakligini esdan chiqarmaslik kerak.

Chunki «o‘tmishi buyuk, kelajagi porloq» deya bong urayotganimiz mamlakatimiz uchun mehnat migrantlari hisobiga yashash yarashmaydi.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistondan Yaponiyaga, Polshaga mehnat migrantlarini jo‘natish yo‘lga qo‘yildi.

Viza tartibi yo‘qligi, chiqish qulayligi uchun Rosssiya, Qozog‘iston, hatto qo‘shni Qirg‘izistonda ishlayotgan vatandoshlarimiz haqida gapirmasak ham bo‘ladi.

Janubiy Koreya esa hamyurtlarimizning eng katta orzusiga aylangan. Bu mamlakatda ham minglab o‘zbekistonliklar mehnat qilmoqda.

Ammo biz xorijga har qancha ishchi kuchi jo‘natib, ularning har tomonlama himoyasini qanchalik kuchaytirmaylik, xohlaymizmi, xohlamaymizmi, bu bizning iqtisodiy qudratimiz sustligi timsoli bo‘lib qolaveradi.

O‘zimizni Xitoyga qiyoslamaylik. Xitoyda 1 milliard 300 million aholi bor. Demakki, bu mamlakat har qancha taraqqiy etmasin, ishchi kuchi baribir oshiqchaligicha qolaveradi.

Qolaversa, boshqa mamlakatlarda xitoyliklar sonini ko‘paytirish rasmiy Pekinning siyosiy quroli ekanini unutmasligimiz kerak.

Boshqa tomondan, maydoni jihatdan O‘zbekistondan qariyb ikki barobar kichkina, aholi soni jihatdan esa to‘rt barobardan ziyod bo‘lgan Yaponiya bizniki kabi mamlakatdan ishchi kuchi izlamoqda.

Nazarimizda, hukumatimizning o‘zbek mehnat migrantlarining og‘irini yengil qilish, imkon qadar ularni rivojlangan davlatlarga borishiga yo‘l ochishga intilishi bugungi iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatdan kelib chiqib qaraganda ancha maqbul yo‘ldir.

Lekin bu harakatlar, fikrimizcha, O‘zbekistonning strategik maqsadi bo‘lishi kerak emas.

Hukumatning strategik maqsadi yaqin yillar davomida mamlakatda munosib va raqobatbardosh ish o‘rinlari tashkil etish, buning uchun iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarni yuzaga keltirish, aholining ishchanlik qobiliyatidan mamlakat ichida foydalanishi zarur.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 sentyabr 2017
20 sentyabr kuni Rossiya Havfsizlik Kengashi (SB) kotibi Nikolay Patrushev Toshkentga keldi va O‘zbekiston Havfsizlik kengashi kotibi Viktor Maxmudov ...
9 dekabr 2020
Rassom Elsevar karikaturasi. eltuz.com
25 iyun 2020
Farg‘ona viloyatining Buvayda va Uchko‘prik tumanlarida ipak qurti boqqan kam ta'minlangan oilalar Mehnat vazirligi va “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan va'da ...
28 iyul 2017
Shu yilning 26 martida Toshkentning «Grand-kafe» yemakxonasida sodir bo‘lgan bu voqeada jamiyatdagi shafqatsizlik, hokimiyat amaldorlarining aybdorlarni jazodan qutqarishga urinishlari ...
Bloglar
26 mart 2023
Toshkentda Rauf Parfining ilk haykali ochiladi. 27 mart soat 11 da Tadbir Amir Temur prospektidagi ...
21 mart 2023
Eltuz o‘zining kundalik ko‘rsatuvlarini davom ettiradi. Bugungi ko‘rstuvimizga o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillaridan buyon AQShda yashayotgan ...
13 mart 2023
«Yeltuz» kanalida o‘z videoblogini yuritayotgan AQShda yashayotgan 70 yoshli qishloq xo‘jaligi mutaxassisi Ismoil Ospanov aprel ...