Asosiy mavzular
13 noyabr 2017

Mehnat migrantlari eksporti strategik maqsad bo‘lmasligi kerak

O‘zbekistonlik 1 milliondan ortiq mehnat migrantlari Sankt-Peterburgda ishlayotgani rasman tan olindi.

Demak, RFning O‘zbekistonga masofa jihatdan undan-da yaqinroq poytaxti Moskvada ishlayotganlar soni o‘z-o‘zidan bundan ancha ko‘pligi ma'lum bo‘ladi.
Butun Rossiya miqyosida olib qarasak va rasmiy ma'lumotlardan kelib chiqib taxmin qilsak, besh milliondan ortiq yoki shunga yaqin yurtdoshimiz ushbu mamlakatda rizqini termoqda.

Hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q, marhum prezident, bir vaqtlar O‘zbekiston ahli, har holda ko‘pchiligi payg‘ambardek ko‘rgan Islom Karimov ularni dangasalar o‘laroq ta'riflagandi.

Shukronachilar partiyasiga a'zo bo‘lmasak-da, xalqimiz uchun shukr qilamizki, yangi rahbariyat ularning qonuniy ishlashi, qonuniy manfaatlari himoya qilinishi yo‘lida dastlabki qadamlarni qo‘ymoqda.

Bu yaxshimi yoki yomon? O‘zbekistondagi hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni hisobga olganda, hukumatning bu qadami mantiqli ko‘rinadi.

Zero, millionlab yurtdoshlarimiz tirikchilik ilinjida o‘zga yurtlarga yo‘l olar ekan, mamlakat taraqqayoti uchun zarur bo‘lgan millardlab dollar mablag‘ olib kirar ekan, ularning xorijdagi ijtimoiy, kerak bo‘lsa, siyosiy himoyasini kuchaytirish eng zaruriy choralardan biri bo‘lishi shart.

Ko‘rilayotgan choralar, sa'y-harakatlar yangi hukumatning bu haqiqatni tushunib yetayotganidan dalolat berib turibdi.

Lekin bu chora-tadbirlar faqat yaqin istiqbolga mo‘ljallab amalga oshirilishi kerakligini esdan chiqarmaslik kerak.

Chunki «o‘tmishi buyuk, kelajagi porloq» deya bong urayotganimiz mamlakatimiz uchun mehnat migrantlari hisobiga yashash yarashmaydi.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistondan Yaponiyaga, Polshaga mehnat migrantlarini jo‘natish yo‘lga qo‘yildi.

Viza tartibi yo‘qligi, chiqish qulayligi uchun Rosssiya, Qozog‘iston, hatto qo‘shni Qirg‘izistonda ishlayotgan vatandoshlarimiz haqida gapirmasak ham bo‘ladi.

Janubiy Koreya esa hamyurtlarimizning eng katta orzusiga aylangan. Bu mamlakatda ham minglab o‘zbekistonliklar mehnat qilmoqda.

Ammo biz xorijga har qancha ishchi kuchi jo‘natib, ularning har tomonlama himoyasini qanchalik kuchaytirmaylik, xohlaymizmi, xohlamaymizmi, bu bizning iqtisodiy qudratimiz sustligi timsoli bo‘lib qolaveradi.

O‘zimizni Xitoyga qiyoslamaylik. Xitoyda 1 milliard 300 million aholi bor. Demakki, bu mamlakat har qancha taraqqiy etmasin, ishchi kuchi baribir oshiqchaligicha qolaveradi.

Qolaversa, boshqa mamlakatlarda xitoyliklar sonini ko‘paytirish rasmiy Pekinning siyosiy quroli ekanini unutmasligimiz kerak.

Boshqa tomondan, maydoni jihatdan O‘zbekistondan qariyb ikki barobar kichkina, aholi soni jihatdan esa to‘rt barobardan ziyod bo‘lgan Yaponiya bizniki kabi mamlakatdan ishchi kuchi izlamoqda.

Nazarimizda, hukumatimizning o‘zbek mehnat migrantlarining og‘irini yengil qilish, imkon qadar ularni rivojlangan davlatlarga borishiga yo‘l ochishga intilishi bugungi iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatdan kelib chiqib qaraganda ancha maqbul yo‘ldir.

Lekin bu harakatlar, fikrimizcha, O‘zbekistonning strategik maqsadi bo‘lishi kerak emas.

Hukumatning strategik maqsadi yaqin yillar davomida mamlakatda munosib va raqobatbardosh ish o‘rinlari tashkil etish, buning uchun iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarni yuzaga keltirish, aholining ishchanlik qobiliyatidan mamlakat ichida foydalanishi zarur.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
29 dekabr 2016
28 dekabr kuni kechqurun, O‘zbekistonda ochilmayotgan Farg‘ona.ru, Ozodlik, Amerika ovozi, Bi Bi Si, O‘zbekiston xalq harakati kabi saytlardan to‘siq ...
23 mart 2020
O‘zbek kinorejissyori Sarvar Karimov 21 mart kuni o‘zining feysbuk sahifasida «Sarviqomat dilbarim» filmidagi o‘pishish sahnalari va ayrim titrlar kesib ...
4 avgust 2018
Ezgulik farishtalari 21 yillik qamoqdan yupun chiqqan mahkumga kiyim eltayotgan bir paytda SNB va MVDdagi yovuzlar sobiq mahbusning keyingi ...
13 noyabr 2022
Asarlari millionlab dollarga sotiladigan zamonamizning eng taniqli tirik rassomi Benksi Ukrainaning Rossiya varvar bosqinchilari vayron qilgan Borodyanka qishlog‘iga atay ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...