Asosiy mavzular
22 yanvar 2018

Avtobusda yonib ketish mutelik uchun to‘lovmi? Millat kimning qarg‘ishiga qoldi?

Rasmda ko‘rayotganingiz «Setra» avtobusi oldida selfiga tushgan Maqsad O‘zbekistonning 52 vatandoshini so‘nggi manzilga eltgan avtobusning tirik qolgan haydovchisi. Bu rasmga qarab o‘zimcha sinchilik qildim. Har bir narsaning, har bir ishning to‘lovi bor. Yemak yesangiz, oshchiga pul berasiz, ulovga minsangiz, chipta olasiz.

28 yil ilgari o‘z haqini talab qilib, ko‘chalarga chiqib, butun SSSRga botirlik o‘rnagini ko‘rsatgan el bugun qo‘rqoq, zabun bo‘ldi.

Tirikchilik uchun yo‘l azobida yonib kul bo‘ldi. «Zato tinchlik», «osmonimiz musaffo», «O‘zbekistonday jannat hech qaerda yo‘q», «yashasin Karimov», «Karimovga otilgan o‘q menga tegsin» kabi gaplar ko‘p aytildi. «Ketni qisgan boy bo‘ladi», deganlarning biri ikki bo‘lmadi.

«Faqir panada, otamni o‘ldirganga onamni beraman», degan bo‘yni bukik mazkur to‘da bu gaplar uchun to‘lov to‘lashi lozim edi.

Bugun bu to‘lov ustiga mindirilgan foizi bilan to‘lanyapti.

Karimovning to o‘lguncha bu elni ezib, suvini ichgani to‘lovning hammasi emas.

Maktab ko‘rmay, savodsiz qolgan, johil bid'atchi mullalar tarafidan miyasi yuvilib manqurtga aylantirilgan, yo‘llarda non uchun, pul uchun suringan bu millionlarning ko‘rguligi oldinda shekilli.

Yilda bir marta erini ko‘radigan ayollar to‘layapti bu to‘lovni. «Otam o‘ris yurtda», deb tili chiqqan, otasi bilan faqat telefonda gaplashadigan bolalar ichidagi og‘riq, ko‘zlaridagi mung ham o‘sha to‘lovning bir bo‘lagidir.

28 yil jim yurib, faqat diktator Karimovga qo‘shiqlar qo‘shgan shig‘irchi, baxshilar bugun avtobusda yonib o‘lganlarga atab yana shig‘ir yozib yotibdi.

Sindir qalamingni, qog‘ozni o‘choqqa qala, shoyad uying bir oz isisa. Qalam va qog‘oz yongan o‘choqqa qarab maqtanib, kiyib yurganing do‘ppingni bir chetga qo‘yib o‘yla.

Mendan so‘rasang, siyosiy talablar bilan chiqib, hokim, vazir va prezidentning yoqasidan olmoq kerak, deyman.

Konstitutsiyani o‘qiylik ora-orada.

Hokimiyat manbai – xalq, deyilgan. Prezident xalqning hizmatchisi, cho‘risi bo‘lishi kerak aslida. Yana butungiday bo‘lib bo‘ynimiz bukik, quloqlarimiz kar, tilimiz soqov, ko‘zlarimiz qoziq o‘rni kabi bo‘lsa, to‘lov qog‘ozini kutaveramiz.

Bundan 28 yil ilgari millat oydini Muhammad Solih aytgan satrlarni balkim bugun tushundik!

Qarg‘algan millatning kelajagi tul,
Daryolari qurib, chirir yerlari,
Qarg‘algan millatning bolalari – qul,
Ayollari tumso, bepusht erlari.

Qarg‘algan millatning qozisi – fosiq,
Olimi – savdogar, ilm sotib yashar,
Shoirlari esa aqldan ozib,
Dushmandan mukofot olmoqqa shoshar…

Otabek Usmon
2018 yil 19 yanvar, Moskva
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 aprel 2017
Prezident Mirziyoevning tabiiy gazni sotishni xususiy operatorlarga o‘tkazishga oid hujjatni imzolashi ortidan, o‘zbek matbuotida bu qarorni olqishlovchi materiallar paydo ...
19 fevral 2023
Bugun arxivlarni titar ekanman yozuvchi Abdulla Qodiriyning o‘smonli adabiyotini muntazam o‘qigani va ilk turk ro‘mon yozari Shamsiddin Somiydan ta'sirlanganligini ...
4 oktyabr 2015
“Yoshlar” telekanalida efirga uzatilayotgan “Senga oshiqman” (Ishani) serialini O‘zbekiston Ommaviy axborot vositalari monitoring markazi zararli, deb topdi.
7 avgust 2020
25 iyul kuni qirg‘izistonlik huquq himoyachisi Azimjon Asqarov pnevmoniya bilan kasallanishi oqibatida qamoqxonada vafot etdi, ammo o‘lim sababi aslida ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...