Asosiy mavzular
22 yanvar 2018

Avtobusda yonib ketish mutelik uchun to‘lovmi? Millat kimning qarg‘ishiga qoldi?

Rasmda ko‘rayotganingiz «Setra» avtobusi oldida selfiga tushgan Maqsad O‘zbekistonning 52 vatandoshini so‘nggi manzilga eltgan avtobusning tirik qolgan haydovchisi. Bu rasmga qarab o‘zimcha sinchilik qildim. Har bir narsaning, har bir ishning to‘lovi bor. Yemak yesangiz, oshchiga pul berasiz, ulovga minsangiz, chipta olasiz.

28 yil ilgari o‘z haqini talab qilib, ko‘chalarga chiqib, butun SSSRga botirlik o‘rnagini ko‘rsatgan el bugun qo‘rqoq, zabun bo‘ldi.

Tirikchilik uchun yo‘l azobida yonib kul bo‘ldi. «Zato tinchlik», «osmonimiz musaffo», «O‘zbekistonday jannat hech qaerda yo‘q», «yashasin Karimov», «Karimovga otilgan o‘q menga tegsin» kabi gaplar ko‘p aytildi. «Ketni qisgan boy bo‘ladi», deganlarning biri ikki bo‘lmadi.

«Faqir panada, otamni o‘ldirganga onamni beraman», degan bo‘yni bukik mazkur to‘da bu gaplar uchun to‘lov to‘lashi lozim edi.

Bugun bu to‘lov ustiga mindirilgan foizi bilan to‘lanyapti.

Karimovning to o‘lguncha bu elni ezib, suvini ichgani to‘lovning hammasi emas.

Maktab ko‘rmay, savodsiz qolgan, johil bid'atchi mullalar tarafidan miyasi yuvilib manqurtga aylantirilgan, yo‘llarda non uchun, pul uchun suringan bu millionlarning ko‘rguligi oldinda shekilli.

Yilda bir marta erini ko‘radigan ayollar to‘layapti bu to‘lovni. «Otam o‘ris yurtda», deb tili chiqqan, otasi bilan faqat telefonda gaplashadigan bolalar ichidagi og‘riq, ko‘zlaridagi mung ham o‘sha to‘lovning bir bo‘lagidir.

28 yil jim yurib, faqat diktator Karimovga qo‘shiqlar qo‘shgan shig‘irchi, baxshilar bugun avtobusda yonib o‘lganlarga atab yana shig‘ir yozib yotibdi.

Sindir qalamingni, qog‘ozni o‘choqqa qala, shoyad uying bir oz isisa. Qalam va qog‘oz yongan o‘choqqa qarab maqtanib, kiyib yurganing do‘ppingni bir chetga qo‘yib o‘yla.

Mendan so‘rasang, siyosiy talablar bilan chiqib, hokim, vazir va prezidentning yoqasidan olmoq kerak, deyman.

Konstitutsiyani o‘qiylik ora-orada.

Hokimiyat manbai – xalq, deyilgan. Prezident xalqning hizmatchisi, cho‘risi bo‘lishi kerak aslida. Yana butungiday bo‘lib bo‘ynimiz bukik, quloqlarimiz kar, tilimiz soqov, ko‘zlarimiz qoziq o‘rni kabi bo‘lsa, to‘lov qog‘ozini kutaveramiz.

Bundan 28 yil ilgari millat oydini Muhammad Solih aytgan satrlarni balkim bugun tushundik!

Qarg‘algan millatning kelajagi tul,
Daryolari qurib, chirir yerlari,
Qarg‘algan millatning bolalari – qul,
Ayollari tumso, bepusht erlari.

Qarg‘algan millatning qozisi – fosiq,
Olimi – savdogar, ilm sotib yashar,
Shoirlari esa aqldan ozib,
Dushmandan mukofot olmoqqa shoshar…

Otabek Usmon
2018 yil 19 yanvar, Moskva
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 fevral 2020
Adliya vazirligining kengaytirilgan hay'at yig‘ilishida notariuslarga diniy talablar qo‘yilgani haqida 2 fevral kuni O‘zA xabar berdi. «Ularga qonuniy ishlash ...
6 iyun 2016
O‘quvchilarimizga ma'lumu mashhur Quddus A'zamovning navbatdagi bir ko‘rsatuvi «Tinchlik uchun kurashmoq kerak» mavzusiga bag‘ishlandi. Ana tok shou, mana tok ...
22 oktyabr 2020
Milliy ishlab chiqarishni rivojlantirish degan bahona, niqob yordamida monopollarimiz qonimizni so‘rib yotibdi. Tashqaridan iste'mol mollari olib kirishga xohlagan odamga ...
5 mart 2020
«E’zoz Max» xususiy bandlik agentligining Birlashgan Arab Amirliklariga ishga jo‘natish va'dasiga ishonib katta pul to‘lagan o‘nlab odam arosatda qoldi. ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...