Ko‘zqarash
9 fevral 2018

O‘zga yurtdan baxt izlayotgan kelinlar

yoxud Turkiyada erga tegib olayotgan o‘zbek ayollari haqida

35 yoshli Muslima Turkiyaga ishlagani borayotganida turmushga chiqishni orzu qilmagandi. Avvaliga kichikroq kafeda idish-tovoq yuvuvchi bo‘lib ishga joylashdi. Keyinroq tanish-bilishlari orqali keksa bir kampirga qarovchi bo‘lib yollandi. Uning epchilligi, mehribonligi, ozodaligi kampirga ham, uning o‘g‘liga ham ma'qul keldi. 65 yoshli o‘g‘il Muslimani nikohiga oldi…

Muslima O‘zbekistonda qolgan onasi va 2 farzandi uchun har oy 500 dollardan pul jo‘natib turadi. Onasi qizining Turkiyada turmushga chiqqanini biladi, ammo hali nevaralariga aytmagan.

-Qizim eri bilan rasman ajrashmagan, lekin birga yashashmaydi. Eri bolalaridan umuman xabar olmaydi. Shuning uchun Muslima 2 bolani boqishga juda qiynaldi, – deydi onasi. – Bu yerda oshxonalarda 15 ming so‘m pul uchun idish-tovoq yuvib yurdi. Bu pul nimagayam yetardi. Men uni hech qachon ayblamayman. Turmushga chiqib, qiyinchilik ko‘rmay yashayapti, bolalarini ham tashlab qo‘ygani yo‘q. Qaerda bo‘lsayam tinch bo‘lsa bo‘ldi-da.

Turkiyaga savdo-sotiq qilish uchun yoki ishlagani boradigan qiz-juvonlar ko‘p. Avvaliga ularning barchasi ham halol mehnat qilib daromad topish, oilasini moddiy ta'minlash maqsadida yo‘lga otlanadi. Ishi yurishib, o‘z biznesini yaxshi yo‘lga qo‘yib olgan ayollar ham talaygina. Ammo Turkiyaga borgach, aksariyat qiz-juvonlarning hech qancha vaqt o‘tmay turmushga chiqib olayotgan holatlari ham ko‘paymoqda.
Boshi ochiq ayollarning, yosh-yosh qizlarning turklarga mahram bo‘layotgani ham mayli, biroq keyingi paytlarda Turkiyada erga tegib olayotgan ayrimlarning boshi ochiq emas, ya'ni kimningdir jufti haloli.

-Qo‘shnimiz Dilnura eri bilan birga ishlagani Turkiyaga ketgan edi,- deydi Andijon shahrida yashovchi fuqaro. – Erining u yerda ishlari yurishmay Rossiyaga o‘tib ketibdi. Juvon esa ish joyidan ketishni xohlamabdi. Eri bilan qo‘ng‘iroqlashib turgan Dilnura kunlarning birida bir turkka turmushga chiqqanini va endi qaytib bormasligini ma'lum qilibdi. Mana sizga xotinini o‘zga davlatda yolg‘iz tashlab ketishning oqibati.

-Mahallamizda 3 bolali bir otincha bo‘lardi, – deydi yana bir fuqaro. – Qiz-juvonlar uni Qur'on ilmidan xabari bor, ma'rifatli ayol, deb hurmat qilishardi, ayrim masalalarda undan maslahat ham so‘rashardi. Farzandlari katta bo‘lib qolyapti, eriga esa ish yo‘q. Juvon ishlagani Turkiyaga ketdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, eriga telefon qilib talog‘ini so‘rabdi. Aytishicha, o‘sha yerda o‘z baxtini, uni qadrlaydigan insonini topgan emish. Buni eshitgan er darg‘azab bo‘ldi, ammo nima ham qila olardi, xotin uzoqda, uchta norasida bilan beva erkak bo‘lib qolaverdi.

Moddiy yetishmovchilik yoki seriallar ta'siri…

Ro‘zg‘ori haminqadar bo‘lib, ishsiz erning diydiyolaridan to‘ygan, ro‘zg‘or yuki bir o‘zining bo‘yniga qolib ketgan ayollarning aksariyati Turkiyadagi o‘zbek kelinlarining tarafini olyaptilar.

“To‘g‘rida, bir so‘m pul topmaydigan, ro‘zg‘orni ta'minlamaydigan nadomat erni boshiga uradimi? Turk seriallaridagi kabi har ikki gapining birida “azizam”, “hayotim”lab turadigan, ertalab turishiga nonushta tayyorlab, yotog‘iga olib keladigan erkak qaysi xotin kishiga yoqmaydi deysiz?”, deydiganlar ham topilyapti.

Nima, keyingi paytlarda ekranlarimizdan tushmayotgan turk seriallarining ta'sirimi bu? Yoki turk erkaklari qanday bo‘larkin, rostdan ham shunchalar oilaparvarmikin, deb o‘zlarida sinab ko‘rishga bo‘lgan ishtiyoqmi? Yoki oilasidagi moddiy qiyinchilikni osongina, “notanish shaharda kim bilib o‘tiribdi”, deya pul ishlab olish maqsadida qilingan harakatmi?

-Ikkinchi jahon urushi paytida ne-ne o‘zbek ayollari yosh-yosh beva qolgan. Eridan “qora xat” kelgan bo‘lsa-da, umid bilan jufti halollarini kutgan, – deydi o‘zini Soraxon aya deb tanishtirgan keksa onaxon. – Bir etak bolani ham ota, ham ona bo‘lib katta qilganlar. Lekin o‘z or-nomusini sotmaganlar, ko‘z ochib ko‘rgan juftining to‘shagiga o‘zgani qadam bostirmaganlar, erini kutib dunyodan toq o‘tganlar. Endi-chi? Men buning sababi moddiy qiyinchilikda, demagan bo‘lardim. Shunchaki ayrim ayollarimizda avvalgi sharqona iffat, or-nomus va iroda yo‘qolgan, xolos.

Ishsizlikmi yoki bilimsizlik?..

Xorijga ishlagani ketayotgan ayollarning aksariyati ishsiz, kasb-hunarsiz, biron malakaga ega emas. Ular o‘zlarini u yoqda “qora ish” kutib turganini yaxshi bilishadi. Chunki diplomli, yuqori malakali yaxshi mutaxassislarga hamma davlatda ham talab katta. Chet davlatlarda ham yaxshi ish o‘rinlari o‘z fuqarolaridan ortmaydi. Mehnat muhojirlari esa mahalliy aholi mensimaydigan, maoshi ham ularnikidan ancha past bo‘lgan ishga ko‘nib ishlashga majbur. Tabiiyki, o‘sha oylik maoshni oqlash uchun ne-ne qiyinchiliklarga chidashga, kerak bo‘lsa, ayollik iffatini sotishga ham to‘g‘ri keladi.

-Rivojlangan davlatlarda qora ish, deylik, ko‘cha tozalovchilar, farroshlar mehnatiga ham yaxshigina maosh to‘lanadi, – deydi Andijon shahrida yashovchi S.M. – Harqalay, boy yashamasa-da, hayot kechirishi uchun yetarli mablag‘lari bor. Bizda-chi? Maoshlar alamli darajada past, yeb-ichishga yetsa, kommunal to‘lovlarni to‘lash uchun qo‘shimcha daromad izlashga to‘g‘ri keladi. Hozirgi sharoitda ro‘zg‘or tebratish uchun er-xotin baravar ishlashi kerak. Bir ayolning topgani bilan ro‘zg‘or tebratib bo‘lmaydi.

Oson daromad topish ilinji…

Ayollar o‘z imkoniyatlari darajasidagi, jonini koyitmaydigan, charchatmaydigan ish topishni o‘ylaydilar. Kafe yo restoranda kechgacha tik oyoqda turib idish-tovoq yuvgandan yoki kechgacha bir joyda qadalib o‘tirib tikuvchilik qilgandan ko‘ra bir erkakning xizmatini qilib pul ishlagani osonroq tuyuladi. Bu yumushni ular baribir o‘z yurtida ham bajarishadi. Ammo farqi shuki, ham ro‘zg‘orni tebratib, ham erining xizmatini ado etsa-da, eri unga 100 dollar tugul 100 ming so‘m ham tegmaydi.

Andijon tumanida yashovchi M. Turkiyada o‘zi ijarada turuvchi xonadon egasiga turmushga chiqdi. Onasining aytishicha, u FHDYo bo‘limidan qizining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini olib, apostil qilib jo‘natishi kerak ekan. Shunda qizi u yoqda rasmiy nikohdan o‘tishi mumkin bo‘larmish. Qizi turmush qurish haqida onasi bilan maslahatlashmabdi ham.

Andijon shahri FXDYo bo‘limi xodimasi so‘zlariga ko‘ra, Turkiyada turmushga chiqib olayotgan qiz-juvonlar orasida rasmiy nikohdan o‘tadiganlari kam. Ular faqat shar'iy nikoh asosida turmush quryaptilar va, tabiiyki, hech qanday qonuniy haq-huquqqa ega bo‘lmaydilar.

–Menimcha, bu nikohdan maqsad o‘ziga bir umrlik yo‘ldosh topish emas, qiynalib ishlab pul topishdan ko‘ra xotinlik qilib oson daromad topish, xolos. Chunki hech bir ona Vatanidan, farzandidan butunlay voz kechib ketmaydi, – deydi u.

Ko‘rmaganning ko‘rgani

Turkiyaga qatnaydigan fuqarolarning ko‘pchiligida o‘sha yerlik aholiga ko‘r-ko‘rona taqlid, yurish-turish, kiyinishda, hatto so‘zlashuv, imo-ishorada ham turkcha odatlarga taqlidni ko‘rasiz. Ba'zilari turk tilini yaxshi bilishini ko‘rsatish uchunmi, gap orasida turkcha iboralarni ham qo‘llab qo‘yadilar. Bu yo yuqori madaniyat belgisi yoki dunyo ko‘rganligini isbotlash. Xalq iborasi bilan aytganda, “ko‘rmaganning ko‘rgani qursin”.

-Toshkentdan kelayotib poezdda ana shunday juvonlardan biriga duch keldim, – deydi o‘zini Ozodaxon deb tanishtirgan ayol. – U qo‘l telefoni orqali Vatsap atalmish matohdan ovozli xabar jo‘natar, har ikki gapining birida “seni seviyorim”, deb qo‘yardi.
Mana sizga Turkiyaning yana bir o‘zbek kelini.

Xotiningni turkdan asra…

Izboskan tumanida yashovchi Baxtiyor ismli yigitning aytishicha, hamqishloqlari bo‘lgan er-xotin ish izlab Turkiyaga borishibdi. Oradan bir-ikki oy o‘tib-o‘tmay er-xotin qaytib kelishibdi. Hayron bo‘lib nega darrov qaytib kelishganini so‘raganida, ular ishga joylashgan xonadon egasi juvonga: “Senga har oy 800 dollar atrofida pul beraman, uyingga jo‘natib turasan, ering ketaversin, mening xizmatimni qilsang bas, uy yumushlarini qilishing shart emas!” debdi.

-Eskilarda “Xotiningni turkdan asra”, degan gap bor. Bu maqolmi yoki biron kitobda yozilgan hikmatmi, bilmayman, o‘zimizning masjid imomidan shu haqda so‘rab ko‘rsam, kitobda bunaqa gap yozilmagan ekan. Ammo buni kim aytgan bo‘lsa ham topib aytibdi. Chunki keyingi paytlarda ayollarni Turkiyaga yuborish “xavfli” bo‘lib qoldi, – deydi u.

-Biznes yuzasidan safarda ko‘p bo‘laman, – deydi Andijon bozorida savdo-sotiq qiluvchi tadbirkorlardan biri. – Yaqinda uyga qo‘ng‘iroq qilish uchun Istanbul markazidagi so‘zlashuv maskanlaridan biriga kirgandim. Navbat kutib turgandim, bir ayol telefonda o‘zbekcha gaplashyapti, ovozi negadir tanish. “Ertaga 1000 dollar jo‘natib yuboraman, dadasi, qurilishga kerakli ashyolarni olib qo‘yaverasizlar”, dedi. Go‘shakni qo‘yib budkadan chiqayotganida tanib qoldim, mahallamizdagi ayol. Uch farzandi, binoyiday eri bor. Ayol meni ko‘rmadi, eshikdan chiqiboq uni kutib turgan erkak bilan qo‘ltiqlashib qayoqqadir ketdi. Men o‘sha musofir yurtda nechta ayol hamyurtimni uchratgan bo‘lsam, birontasi risoladagidek ishlab yurganini ko‘rmadim.

Bosh qolmadi do‘ppiga loyiq…

Nega o‘zbek ayollari oilasi, farzandlari bo‘la turib o‘zga mamlakatdan baxt qidirmoqda? Tili, urf-odatlari, yurti begona bo‘lgan erkaklarning etagidan tutmoqda? Ibo-hayoni, or-nomusini barcha narsadan ustun qo‘yib yashaydigan oqila o‘zbek ayollariga nima bo‘lyapti? Ularni musofirchilikda, tanimagan-bilmagan odamiga sinab-sinamasdan tegib olayotgani nimadan dalolat beradi?
Mavzuni o‘rganish jarayonida suhbatdosh bo‘lgan ayollarning juda ko‘pchiligi Turkiyadan yor axtarayotgan ayollar ko‘payib borayotganiga erkaklar sababchi, degan fikrdalar. Ayollar ham xuddi erkaklar kabi uydan topolmagan mehr-e'tiborni, qo‘llab-quvvatlovni, suyansa bo‘ladigan yelkani ko‘chadan axtaradilar.

-Hamiyatli, xotinini qizg‘onadigan, oilasi oldidagi burchi, vazifasini unutmagan erkakni qaysi ayol orzu qilmaydi? Qaysi ayol yaxshi erkakni qo‘ldan chiqaradi? Bunday erkaklar ayollar orasida talash-ku. Erkak kishi ayolmijoz bo‘lib uyda o‘tirib olsa, bolalari yeyman-ichaman deb tursa, ayol kishi nima qilsin? – deydi Muslimaning onasi.

Ana endi, do‘ppini boshdan olib qo‘yib, (agar shu do‘ppiga loyiq bosh qolgan bo‘lsa!) yaxshilab o‘ylab ko‘rish vaqti keldi.

Toki ayollar tirikchilik g‘amida chet davlatlarda izg‘ir ekanlar, ularni hurmat qiladigan, xarajatini ta'minlaydigan, pul topish uchun ko‘chaga chiqarib qo‘ymaydigan erkakni uchratganida, o‘zi uchun ham yashashi kerakligi eslariga tushib qoladi. Agar shunday bo‘lsa, o‘zga millat etagini tutayotgan ayollar soni ortib boraveradi.

Shohida Saidova
Andijonlik muallif tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 mart 2016
Navro‘z bayrami munosabati bilan qo‘shimcha texnika va harbiylar keltirilgan O‘zbekistonning Qirg‘iziston chegarasida “siyosiy harorat” tusha boshlagani kuzatildi. Tomonlar Kerben-Ola ...
17 noyabr 2022
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Dastlabki shikoyat Qashqadaryodan Koson tumanidan. Odamlar 11 kundan beri suvsiz ...
2 sentyabr 2022
Bundan 31 yil oldin O‘zbekistonning oz sonli intelegentsiyasi mustaqillik tarafdori edi. Aksar avom esa, qachon aroq yana arzon bo‘lar, ...
2 noyabr 2016
«Xalq so‘zi» gazetasi (29.10) «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi so‘rovning natijalari haqida maqola e'lon qildi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...