Asosiy mavzular
26 fevral 2018

Mardikor endi Qozog‘istondan xavfsirmay o‘tadimi?

O‘zbekiston hukumati tashqi mehnat migratsiyasini tizimli bir shaklga solish yo‘lidagi navbatdagi qadamini tashladi.

Xabarlarga ko‘ra, Rossiyaning bir necha federal okrugida O‘zbekistonning bosh konsulxonalarini ochishga kelishib olingan. Bu konsulxonalar Vladivostok, Yekateringburg, Qozon va Rostov shaharlarida ochiladi.

Albatta, bu sa'y-harakatlar yillar davomida haq-huquqlari poymol etilib kelingan o‘zbek mardikorlari uchun ajoyib yangilikdir.

Ikkinchi yangilik esa mehnat migrantlarini O‘zbekistonga tegishli avtobuslarda Rossiyaga tashishning yo‘lga qo‘yilishiga oiddir.

Bundan avvalroq prezident Shavkat Mirziyoev mutasaddilarga Rossiyaga aviaqatnovlar va temir yo‘l qatnovlari narxini tushirish topshirig‘ini bergandi.

Bu qarorlarning barchasi Rossiyaga borish uchun avtobusda yo‘lga chiqqan 52 nafar yurtdoshimizning Qozog‘iston hududida fojeali ravishda halok bo‘lgani ortidan qabul qilindi.

Ta'kidlash kerakki, shu paytgacha o‘zbek migrantlarini Rossiyaga avtobusda eltib qo‘yish bilan aksariyat hollarda qozog‘istonlik haydovchilar shug‘ullanib kelgan. Chunki Qozog‘iston hududida migrant tashish ancha xatarli ish.

Bu mamlakat hududidan xoh poezdda, xoh avtobusda o‘tayotgan o‘zbekistonlik migrantlarga nisbatan reket, bosqinchilik, tovlamachilik jinoyatlari sodir etib kelinadi. Qo‘shni mamlakatda ular deyarli hech qanday himoyaga ega emas.

Shuning uchun o‘zbekistonlik avtobus haydovchilari bu yo‘nalishda yo‘lovchi tashishdan qo‘rqadi.

Qozoqlar bu biznesning katta daromad keltirishini darrov his qilib, uni butunlay qo‘lga olgan. Qush tilini qush bilar deganlaridek, qozoq haydovchilari bilan qozoq reketchilarining til topishishi osonroq kechadi.

Mehnat migrantlari uchun esa Rossiyaga borish uchun eng arzon mazkur transportdan foydalanishdan boshqa imkoniyat yo‘q. Ular jonlarini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, shu yo‘lni tanlashga majbur bo‘lib kelgan.

Endi O‘zbekistondan Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilayotgan ekan, aynan Qozog‘istondagi xavfsizlik masalalariga e'tibor qaratish kerak bo‘ladi.

Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekiston hukumati mehnat muhojirlari qatnovi bilan bog‘liq belgilagan chora-tadbirlar qatorida shu masala ham bor.

Endi gap bunday qatnovlar xavfsizligi qay darajada ta'minlanishida. Buning uchun esa Qozog‘iston hukumatining qo‘llab-quvvatlashiga erishish kerak bo‘ladi.

Zero, qozoq reketchilari yillar davomida o‘rgangan oson daromad ko‘rish manbalaridan indamaygina voz kechishiga ishonish qiyin.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 dekabr 2016
17 yildan buyon qamoqda qolayotgan taniqli jurnalist, 62 yoshli siyosiy mahkum Muhammad Bekjon jazo izolyatoriga tashlangan va uning muddati ...
26 mart 2016
«Diyonat» gazetasi tabiatga oqilona munosabatda bo‘lish mavzuidagi maqolasida O‘zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan baliqlarga qiron keltirganlarning jinoyati fosh etilgani to‘g‘risida ...
19 iyun 2019
O‘zbekistonda mahalla raisi tili bilan mamlakat poytaxti Toshkentda fuqarolarni ro‘yxatga olish tizimini yanada kuchaytirish, xususan, mahalladan ma'lumotnoma olish amaliyotini ...
16 dekabr 2019
O‘zbekistonda 22 dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylov talqini rassom Tuzning yangi karikaturasida. Eltuz.com
Bloglar
26 mart 2023
Toshkentda Rauf Parfining ilk haykali ochiladi. 27 mart soat 11 da Tadbir Amir Temur prospektidagi ...
21 mart 2023
Eltuz o‘zining kundalik ko‘rsatuvlarini davom ettiradi. Bugungi ko‘rstuvimizga o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillaridan buyon AQShda yashayotgan ...
13 mart 2023
«Yeltuz» kanalida o‘z videoblogini yuritayotgan AQShda yashayotgan 70 yoshli qishloq xo‘jaligi mutaxassisi Ismoil Ospanov aprel ...