Asosiy mavzular
12 mart 2018

Zehniyatimizdagi tuzalmayotgan yara

Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga tashrifi aksariyat davralardagi gurungning mavzusi bo‘ldi. Zero, uzoq yillar bir-biridan uzib qo‘yilgan qardosh xalqlarning qayta yaqinlashuvi fonida bu tabiiydir.

Bu gurunglarda ko‘tarinki ruhdagi gap-so‘zlar bilan birga xavotir ohangidagi mulohazalarni ham eshitishga to‘g‘ri keldi.

Mirziyoev Tojikiston bilan chegaralarni ochib tashladi, endi terrorchi va narkotashmachi guruhlarning O‘zbekistonga kirib kelishi osonlashmaydimi, degan xavotir edi bu.

Eng e'tiborlisi, chegaralar ochilishi shunday fikr uyg‘otganlar qatorida o‘zini ziyoli deb bilganlardan tortib, oddiy aholi vakillarigacha bor.

Bu xavotir Islom Karimov rejimining ikki xalqni ajratish borasidagi tinimsiz sa'y-harakatlari bois zehniyatimizni qoplagan qo‘tir yara hali
tuzalishga yuz tutmayotgani alomati o‘laroq taassurot uyg‘otdi.

Aslida chegaralarni tambalash, minalashtirish xalqni terrorchiyu narkotiklardan emas, rejimning o‘zini himoya qilishga qaratilgani kundek ayon edi.

Terrorchilar va narkofurushlarning eng kattalari pana-pastqam yo‘llardan yashirinib emas, Toshkentda o‘tirgan amaldorlarning ijozati bilan O‘zbekistonga bemalol kirib kela olishini biladiganlar ham topilardi.

Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga tashrifi O‘zbekiston oliy rahbarining Dushanbega ilk safari emas.

2000 yilda Islom Karimov Tojikistonga katta dabdabayu as'asa bilan borgandi. Ikki xalqning birodarligi haqida dostonlar bitilgandi.

Ammo Dushanbedan qaytar-qaytmas ikki davlat darvozalaridagi qulflar kattaroqlariga almashtirildi, minalashtirilgan maydonlar kengaytirildi.

Bundan O‘zbekistonga narkotiklar kirishi kamayib qolmadi. Rejim manfaati uchun zarur bo‘lganda terrorchilar ham bemalol kirib kelaverdi.
Zehniyatimizga Tojikiston bilan chegaralarni ochsak, O‘zbekistonga “jinoiy elementlar” kirib keladi, degan ishonch singdirildi.

Shavkat Mirziyoev esa Dushanbega kuchli bir samimiyat bilan bordi. Prezidentning “men sizning oldingizga ochiq chegaralar bilan, ochiq qalb bilan keldim”, degan so‘zlari bu samimiyatning asosi edi.

Shavkat Mirziyoev Dushanbega o‘zaro yaqinlashuv uchun amaliy ishlarni boshlab yuborgandan so‘ng bordi. Uning bu tashrifi Tojikistonga borganidan so‘ng va'dalarni qalashtirib tashlagan Karimovning safaridan shu jihati bilan ham farq qildi.

Ikki xalqning qon-qardoshligini tiklash yo‘lidagi amaliy qadamlar zehniyatimizdagi qo‘tir yarani tuzatadigan kuchli bir malham bo‘lishi bilan birga Karimov rejimining naqadar qabih ekaniga haligacha ishongisi kelmayotganlarga navbatdagi tarsaki ham bo‘lsa, ne ajab.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 avgust 2022
Eltuz portalining bugungi sonidan 5 ta shikoyat va bitta rasmiy munosabat o‘rin olgan. Dastlabki shikoyat telegram messenjeridagi firibgarlik haqida. ...
3 may 2021
Yangiyo‘l shahridagi 1-umumta'lim maktabi o‘qituvchisi maktab mutasaddisi Umida Sattorova muallimlarni koronavirusga karshi vaktsinani olishga majburlayotgani, aks holda ishdan haydash ...
8 sentyabr 2018
Stokgolm sudida Telia shirkati va Gulnora Karimova o‘rtasidagi korruptsiya ishini kuzatayotgan SVT telekanali jurnalisti Elin Yonnsson «Eltuz» muxbiri bilan ...
17 may 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 49-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) Yuqorida tortishganimiz butun ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...