Asosiy mavzular
2 aprel 2018

Prezidentga atalgan shirin yolg‘onlar

So‘nggi vaqtlarda prezidentning viloyatlarga tashriflari davomida uni aldashga urinishlar avjiga chiqmoqda.

Internetda kuni-kecha Jizzaxga borgan prezident Shavkat Mirziyoev Zarbdor tumanida yana bir bor aldangani haqida xabarlar tarqaldi.

Ularga ishonilsa, Zarbdor tumanidagi “Zarbdor tekstil” MChJga kelgan prezidentga ishchilar deb tanishtirilganlar aslida hech qanday ishchilar emas, balki kollej o‘quvchilaridir. Bu o‘quvchilar bor-yo‘g‘i ishchi rolini o‘ynab bergan, xolos.

Bundan ilgari prezident Qashqadaryoga borganida yo‘l chetlarida qurilgan issiqxonalar uning ko‘zini quvnatishga xizmat qilgan edi.

Aslida esa ular qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiriladigan issiqxonalar emas, balki davlat rahbari uchun teatrlashtirilgan shouning dekoratsiyalari ekani ma'lum bo‘lgandi.

Shahrisabzdagi prezident tashrif buyurgan xususiy bog‘cha voqeasi esa komediyaga aylanib, xalq orasida ancha vaqt kinoyali kulgi bilan eslab yurildi.

Ma'lum bo‘lishicha, viloyatdagi yuqori mulozimlarning tashabbusi bilan xususiy bog‘chaning egasi qolib, bu rolga ingliz tilini biladigan, Zulfiya mukofotini olgan yosh maktab o‘qituvchisi tanlangan.

Prezident bu qizga mashina sovg‘a qilib ketganidan keyin bog‘chaning haqiqiy egasi va “vaqtinchalik shoh” rolini o‘ynab bergan zulfiyachi qiz o‘rtasida mashina talash mojarosi kelib chiqqan.

Mulozimlar bu “qovun tushirish”ni bosti-bosti qilish uchun ancha ter to‘kkani haqida latifalar to‘qilgani bor gap.

Keyinroq issiqxona ko‘rinishidagi dekoratsiyalar prezidentning Samarqand viloyatiga safari chog‘ida ham tayyorlagani haqida xabarlar chiqqan edi.

Davlat rahbarini xursand qilish uchun aldovdan foydalanish Islom Karimov davrining atributlaridan biri edi. Go‘yoki jamiyat faqat yolg‘onlardan iborat edi o‘sha davrlarda.

Birgina Karimovga hosil mo‘lligini ko‘rsatish uchun g‘o‘za chanoqlariga yelim bilan paxta yopishtirib chiqilgani voqeasini eslang. Hozirgacha bu voqea o‘sha davrning mohiyatini ochiq-tiniq ko‘rsatib beradigan holat sifatida keltirib o‘tiladi.

Endi esa Jizzaxdagi ko‘zbo‘yamachiliklar…

Qizig‘i shundaki, bunday aldovlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar elga oshkor bo‘lgandan keyin ham viloyatlardagi rahbarlar zarracha uyalayotgani yo‘q. Aksincha, prezidentni aldash harakatlari tobora ko‘payayotgandek.

Prezident har bir yig‘ilishida yolg‘on ma'lumotlardan qochish kerakligi, aldovlarni darhol payqab olishi, uni aldab bo‘lmasligi bot-bot takrorlaydi. Shunga qaramay, davlat rahbarini aldayverishadi.

Bu holatlarni ko‘rgandan keyin prezidentning meni aldab bo‘lmaydi, degan gaplariga ishonch susayib qoladi.

Xulosa chiqadiki, prezident rostdan ham aldanyapti yoki uning shirin yolg‘onga moyilligi bor.

Bahodir Sharif
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 dekabr 2019
O‘zbekistonda aholi o‘rtasida 22 dekabr kuniga belgilangan saylov shaffof, xolis va adolatli o‘tishiga ishonch ancha sustligini kuzatish mumkin. Bosh ...
6 dekabr 2019
Bugun atrofga qarab va'z uchun belgilaganim barcha mavzularning boshi s bilan kelar ekan. Sovuq. Saylov. Safsata.  Ham yana bir ...
19 sentyabr 2016
16 sentyabr kuni O‘zbekistondagi O‘zLiDep partiyasidan mamlakat vaqtli prezidenti Shavkat Mirziyoevning nomzodini ilgari surilgandi. Uning ortidan rasmiyatchilik uchungina ko‘rsatiladigan, ...
4 fevral 2020
3 yil oldin besh-olti karchalon-u, va katta ehtimol bilan, tashqi siyosiy kuchlar ishtirokida o‘zini o‘zi prezident qilib saylab olgan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...