Asosiy mavzular
3 aprel 2018

Quvg‘indagi jurnalistika: Hamid Ismoilovning O‘zbekistonga kelishiga hamon taqiq bor

O‘zbek jurnalisti va yozuvchisi Hamid Ismoilov davlat uni «demokratik tendentsiyalarga mos kelmaydi» deb topganidan so‘ng 1992 yilda O‘zbekistondan qochishga majbur bo‘lgan edi.

Hamid Ismoilov uzr so‘ralishiga yoki kamida tushuntirish berilishiga loyiq shaxs.

O‘zbek jurnalisti Hamid Ismoilovni vatani bo‘lmish O‘zbekistonni tark etish va Buyuk Britaniyaga qochishga majbur qilgan voqealardan buyon 26 yil o‘tdi. 1990-yillarda Ismoilov BBSning televizion guruhi bilan O‘zbekiston haqida film olish ustida ishlagan. Islom Karimov rahbarligidagi repressiv rejim vakillari Ismoilovga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘adi. Ular Ismoilov hukumatni ag‘darishga uringani haqida bayonot berdi.

Oilasiga tahdidlar bo‘lgani va uyiga hujum uyushtirilganidan keyin do‘stlari Ismoilovga O‘zbekistondan ketishni maslahat berishdi. U shunday qildi ham. Shuncha yillardan keyin ham u hamon yurtiga qaytgani yo‘q.

Uning qaytmagani, bunga harakat qilmagani uchun emas. 2016 yilda Karimov o‘lganidan so‘ng o‘tgan yili Ismoilov vatanga qaytishga urinib ko‘rdi. Ammo uning mamlakatga kirishiga ruxsat etilmadi.

Dunyoda eng ko‘p nashr etilgan o‘zbek yozuvchilaridan biri bo‘lgan Ismoilovning kitoblari uning ona vatanida taqiqlangan. Ismoilovdan iqtiboslar keltirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Uning mavjudligi mohiyatan vatanining kundalik madaniy hayotidan o‘chirib tashlangan.

Ammo internet zamonida Ismoilov o‘zbek mushtariylarining e'tiborini Facebook singari ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘ziga qaratish yo‘lini topdi. U o‘zbeklar uning romanlarini o‘qishi uchun ularni Facebook da e'lon qiladi.

“Chegarasiz muxbirlar” tashkilotining matbuot erkinligi indeksida O‘zbekiston 180 ta mamlakat orasida 169-o‘rinni egallab turibdi. Zero, an'anaviy OAV qattiq nazoratda turishi sababli davlat o‘z e'tiborini mustaqil saytlar va tezkor xabar almashish tarmoqlari faoliyatini cheklashga qaratgandi.

Karimovning o‘limidan so‘ng hokimiyat boshqaruviga bosh vazir Shavkat Mirziyoev keldi. 2018 yilning 2 martda O‘zbekistonda bundan 19 yildan ortiq vaqt muqaddam turmaga tashlangan jurnalist Yusuf Ro‘zimurodov ozodlikka chiqarildi. Ro‘zimurodovning ozod etilgani to‘g‘risidagi xabardan Ismoilov ham xursandligini yashirmasa-da, u hamon shubhalar qurshovida qolmoqda: “Menda qancha umid bo‘lsa, shuncha ishonchsizlik bor”.

Muhojiratga ketganidan buyon Ismoilov Buyuk Britaniyada Bi-Bi-Si jahon xizmatida ishlaydi. 2010 yil mayda Ismoilov Bi-Bi-Si jahon xizmati qoshidagi yozuvchi faxriy lavozimiga (BBC World Service Writer-in-Residence) saylandi. U 2014 yil oxirigacha shu lavozimda xizmat qildi. Ayni paytda Ismoilov Bi-Bi-Sining Markaziy Osiyo xizmati muharriri hisoblanadi.

Hamid Ismoilov Index on Censorship (Tsenzura indeksi) xalqaro tashkilotiga intervyu berdi va O‘zbekistondagi inson huquqlari holati, o‘zining quvg‘in qilinishi va yaqinda tarjima qilingan “Jinlar bazmi” (The Devil’s Dance) kitobi haqida gapirdi. Quyida mana shu intervyuni o‘qing:

Indeks: Siz O‘zbekistonni tark etguningizga qadar u yerda inson huquqlariga munosabat qanday edi va u so‘nggi 26 yil davomida qanchalik o‘zgardi?

Ismoilov: Afsuski, 2016 yilda vafot etguniga qadar hokimiyat tepasida qolgan prezident Karimovning avtoritar boshqaruvi sababli vaziyat ko‘p yillar davomida yomonlashdi. Inchunun, shu davr mobaynida O‘zbekistonda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat ancha og‘ir edi. O‘zbekiston dunyoda inson huquqlari vaziyati bo‘yicha har doim eng quyi pog‘onalarda edi. Hozirgi vaqtda yangi prezident Shavkat Mirziyoevning hokimiyatga kelishi bilan inson huquqlari vaziyati yaxshilanishiga umid paydo bo‘ldi. Chunki bir qancha siyosiy mahkumlar qamoqdan ozodlikka chiqarildi. Ayrim tadbirlar faol va ochiqroq o‘tkazilmoqda. Matbuot erkinlashdi. Bularning barchasi mamlakatdagi vaziyat yaxshilanishiga umid uchqunlarini paydo qilmoqda. Shu bilan birga, boshqa davlatlarda yangi rahbarlar avvaliga o‘zini islohotchidek ko‘rsatib, keyin avvalgi hukmdorlarning siyosatiga qaytganini eslasam, bu masalada shubhalarga ham boraman. Menda qancha umid bo‘lsa, shuncha ishonchsizlik bor.

Indeks: O‘tgan yili O‘zbekistonga qaytishga urinib ko‘rdingiz va orqaga qaytarib yuborildingiz. Nima deb o‘ylaysiz, yana mamlakatingizga qayta olasizmi?

Ismoilov: Ha, bu urinish ancha omadsiz chiqdi. Chunki hatto avvalgi hokimiyat davrida ham 2005 yilgi Andijon voqealaridan so‘ng ikki marta O‘zbekistonda bo‘lgan edim. Ammo yangi ma'muriyat menga mamlakatga kirishga ruxsat bermadi. Bu haqiqiy shok holati bo‘ldi. Ular mamlakatga kirishimga ruxsat bermagani uchun mendan uzr so‘rashi kerak, deb o‘ylayman. Men o‘zbek adabiyotini balki boshqalardan ko‘ra ko‘proq dunyoga targ‘ib qilayotgan taniqli yozuvchilardan biriman. Meni nega mamlakatga kiritishmadi? Bundan keyin nima qilishim to‘g‘risida biror qarorga kelishimdan oldin menga buni tushuntirib berishlari, hech bo‘lmasa, kechirim so‘rashlari kerak.

Indeks: Mamlakatga kirishingizga har safar ruxsat berishmaganda sizdan kechirim so‘rashlari kerakligini his qilardingizmi?

Ismoilov: Men shunday deb hisoblayman. O‘zbekistonga qarshi hech qanday jinoyat sodir etmaganman. O‘zbekistonga hech qanday zarar yetkazmaganman. Barcha qilayotgan ishim – bu O‘zbekiston adabiyotini va madaniyatini butun dunyoga targ‘ib qilishdir. Shuning uchun sal esankiraganman va nima sababdan O‘zbekistonga kiritilmaganimni tushunmayapman. Barcha qarindoshlarim shu yurtda yashaydi, onamning xotirasiga hurmat keltirish uchun uning qabriga bormoqchi edim. Meni aeroportdan qaytarib yuborishgani barcha rejalarimni barbod qildi.

Indeks: 1992 yildan beri o‘z vataningizda yashamaysiz, ammo hamon o‘zbek tilida ijod qilasiz. Bu sizning g‘arb emas, balki hamon o‘zbek auditoriyasi uchun yozishingizni anglatadimi?

Ismoilov: Men turli tillarda yozaman. O‘zbekcha yozaman, ruscha yozaman, inglizchada ham ijod qilaman. Xullas, turli tillarda turli auditoriyalar uchun yozaman. Agar men o‘zbek tilida yozsam, demak bu o‘zbeklar uchun. Zero, o‘zbek tilida o‘qiydigan ingliz yoki ruslar kam. Kitoblarim O‘zbekistonda taqiqlangani uchun tarjimalar menga yaxshigina yordam beradi. Lekin internet zamonida taqiqlar katta ahamiyatga ega emas, chunki men yozganlarimni tarmoq orqali ham tarqata olaman. Kishilar oqibatlarini bilgan holda mening nomimni aytish yoki meni muhokama qilishdan cho‘chishi esa boshqa masala. Shunga qaramay, internet hayotimni ancha yengillashtiradi.

Indeks: “Jinlar bazmi” yangi kitobingiz tez orada ingliz tilida Buyuk Britaniyada sotuvga chiqadi. U nima haqida?

Ismoilov: Aslida “Jinlar bazmi” yangi kitob emas. Men uni 2012 yilda yozib tugatgandim va keyin o‘zbek tilida feysbukda e'lon qilgandim. O‘z vaqtida roman ancha ommabop edi. U yaqinda ingliz tiliga tarjima qilingani uchun yangi asar bo‘lib tuyulyapti. Undan so‘ng uchta roman yozganman, yaqinda ingliz tilidagi yana bir romanni yozib tugatdim. “Jinlar bazmi” 20-asrdagi eng hurmatli o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyning hikoyasidir. U avval yozgan barcha asarlaridan ustun bo‘lgan roman yozishni xohlagan. Biz bu roman nima haqida bo‘lishi rejalashtirilganini bilamiz. Ammo u romanni yozishni boshlaganidan so‘ng hibsga olingan. O‘n oydan so‘ng, 1938 yilda Qodiriy Stalin turmasida otib tashlangan. Romanim Qodiriy turmada o‘zining yozilmagan mashhur romani haqida o‘ylagan kunlari to‘g‘risidadir. Bu ikki romanning bir asarga jamlanganidir. Men uning uchun ham roman yozishga jur'at etdim. Voqealar uning xayolida kechadi, shuning uchun u to‘liq yozilmagan, lekin qoralamalar bor, tarix bor, maqsad va g‘oyalar bor. Bu yozilgan, ayni paytda yozilmagan romandir.

Indeks: Bi-Bi-Si jahon xizmati qoshidagi yozuvchi lavozimi jurnalist sifatida sizga qanday ta'sir qildi?

Ismoilov: Bu ajoyib edi, ayni paytda ulkan mas'uliyatni his qilgandim. Chunki men Jorj Oruel, Vidiadxar Naypol kabi boshqa ulkan yozuvchilar guruhini tamsil qilardim. Go‘yoki o‘zimni bu insonlarning mujassamlashgan ko‘rinishi kabi sezdim. Yozuvchi tashkilot uchun nimani anglatishini, ijod bu tashkilot uchun nima ekanini ko‘rsatishga harakat qildim.

Indeks: Muhojiratdagi jurnalist uchun eng katta qiyinchilik nimada deb o‘ylaysiz?

Ismoilov: Eng qiyini – o‘z xalqingiz bilan har doim birga bo‘la olmaslik. Garchi deyarli har kuni ular bilan ishlaysiz, ammo ular bilan yuzma-yuz uchrashmaysiz. Bu eng katta qiyinchilik. Biroq muhojiratda ekaningizning ham afzalliklari bor. Siz dunyoning sizga tegishli qismiga yoki o‘z mamlakatingizga yuksaklikdan qaray boshlaysiz. Siz o‘z mamlakatingizning dunyodagi istiqbolini ko‘rishingiz mumkin. Siz mamlakatingiz tajribasini dunyoning boshqa mintaqalari bilan qiyoslay olasiz, boshqa mamlakatlarning shunday tajribasini o‘z dunyongizga kiritishingiz mumkin. Ana shunday ijobiy va salbiy jihatlari bor.

Indeks: Muhojirlik yillarida ijodingizda o‘zgarishlar bo‘ldi, deb o‘ylaysizmi?

Ismoilov:
Sobiq Sovet Ittifoqida jurnalistika juda kontseptaul edi, deb o‘ylayman. Unda gap kontseptsiyalar va katta sxemalar haqida borardi, ammo aslo odamlar haqida emas. Bi-Bi-Si jurnalistikasi – bu ko‘proq insonlar tarixi haqidadir, voqelikka insonlar tarixi va insonlar tajribasi orqali yondashuvdir. Bu men uchun eng hayratlanarli farq va eng hayratlanarli tajriba edi. Yozuvchi sifatida o‘z tariximga qahramonlarimning tajribalari orqali munosabatda bo‘laman, bu esa g‘arb jurnalistikasiga juda o‘xshashdir. Shuning uchun jurnalistikadagi faoliyatim – bu garmoniyadir. Yozuvchi sifatida siz tarixga qahramonlar orqali yaqinlashasiz, bu yerda jurnalist sifatida ham shunday ish qilasiz.

Indeks: Siz bir vaqtlar ayrim kishilar o‘zini vatanining madaniyati bilan ko‘proq bog‘langandek his qiladi va o‘z madaniyati bilan faxrlanadi, deb ta'kidlagan edingiz. Yurtingizdan ketganingizdan keyin o‘zingiz ham O‘zbekiston madaniyatiga nisbatan xuddi shu tuyg‘uni his qilganmisiz?

Ismoilov: Ha, o‘z madaniyatimga nisbatan mas'uliyatni his qilaman, chunki ijodimga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarim, buvilarim va xolalarim, barcha insonlar haqida o‘ylaganda bugun kim bo‘lganimga sababchi bo‘lgan bu madaniyatga nimanidir qaytarib berishim shartligini anglayman. Shu bilan birga, so‘nggi 24 yil davomida Londonda yashayotganim uchun o‘zimni turli madaniyatlar, ham rus, ham ingliz madaniyatlarining bir qismidek his qilaman. Bir joyda hech qachon bunchalik ko‘p yashamaganman. Shuning uchun bu mamlakatni hurmat qilaman, bu mamlakat oldida qarzdorman. Shuningdek, bu mamlakatga, uning madaniyatiga hurmatimni izhor etish uchun ingliz tilida bir necha romanlar yozyapman.

Balki O‘zbekiston Ismoilovga rahmat aytishi kerakdir.

Maqolaning ingliz tilidagi originali 2018 yil 29 martda quyidagi manzilda e'lon qilingan: https://www.indexoncensorship.org/2018/03/journalism-in-exile-uzbekistan-continues-its-bar-on-hamid-ismailov/?utm_source=twitter&utm_medium=social&utm_campaign=social-pug

Tag‘in o‘qing
5 aprel 2023
Bugun eslamoqchi bo‘lganimiz – ulug‘ frantsuz yozuvchisi Antuan de Sent Ekzyuperining «Kichik shahzoda»si. 1943 yilning 5 aprelida Amerikada ilk ...
16 may 2017
«Oila va jamiyat» gazetasi (10.05) mobil aloqa kompaniyalari «xizmatlarining milliy ma'naviyatimizga tahdidi» haqida bong urdi. Unda mobil aloqa operatorlari ...
18 avgust 2020
O‘zbekiston paxta sektorini xususiylashtirish jarayonidagi xatarlar Power Briefs turkumining O‘zbekistondagi paxta sektorini xususiylashtirish jarayonida asosiy rol ajratilgan klasterlar tizimiga ...
21 fevral 2023
Jurnalist Rahimjon Rahmat yozadi: Shu,  kam ta'minlangan toifa allada aziz,  to‘rvada mayizga aylanib ketyapti.  Mayli,  kambag‘al toifalarga un, yog‘,  ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...