Asosiy mavzular
23 aprel 2018

Toshkentda o‘quvchilardan turniket uchun pul yig‘ilmoqda

Ayni kunlarda Toshkentdagi umumta'lim maktablarida turniket o‘rnatish keng ko‘lamda, aksariyat hollarda majburiy tarzda boshlab yuborilgan.

Xabarlarga ko‘ra, maktablarga turniket o‘rnatish joylardagi hokimlarning maxsus buyruqlari asosida amalga oshirilmoqda. Bu buyruqlar chiqarilishiga O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qalqon vazifasini o‘tamoqda.

Maktablarda ota-onalar majlislari o‘tkazilib, ularga tushuntirishlar berilayotir. Garchi maktab direktorlari turniket o‘rnatilishiga hech qanday aloqalari yo‘qligini aytayotgan bo‘lsa-da, bu masala ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lyapti.

Noroziliklarning asosiy sababi shunday ham yig‘di-yig‘dilardan bezigan ota-onalarga yana mablag‘ yig‘ish malol kelayotganidir.

Turniket o‘rnatish tekin deyilayotgan bo‘lsa-da, undan o‘tish uchun foydalaniladigan elektron karta uchun ulardan 15 ming so‘mdan (ba'zi joylarda 10 ming so‘mdan) bir martalik pul yig‘ish buyurilgan. Undan keyin esa har oyda 8 ming so‘mdan abonent to‘lovi mavjud.

Shundan ham maktab fondi, ta'mirlash puli, yana allaqanday yig‘di-yig‘dilar joniga tekkan ota-onalarning aksariyati bundan keskin norozi. Lekin hamma ham dardini oshkor etishga jur'at etayotgani yo‘q.

Turniket ishlaganda ota-onalarga SMS keladimi?

Turniketlarni o‘rnatayotgan firmalar esa undan asosiy maqsad ota-onalarga ko‘maklashish, o‘quvchilarning davomat masalasi hisoblanishini, bu xizmat majburiy bo‘lmagan, pulli va sifati yuqoriligini aytayotir.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, bola maktabga kirganida va chiqqanida bu haqda ota-onaning telefon raqamiga SMS keladi va shu orqali uni nazorat qilish mumkin bo‘ladi.

Biroq aslida unday emasga o‘xshaydi. O‘g‘li bir yillar avval shu zamonaviy xizmat joriy etilgan maktabda o‘qiydigan otaning aytishicha, turniket bir ishlaydi, bir ishlamay qoladi. SMS esa kelsa ham kechqurun keladi yoki umuman kelmaydi.

Bundan tashqari, maktabda o‘quvchi ko‘p bo‘lgani sababli turniketdan o‘tishda tiqilinch yuzaga keladi va o‘quvchilar erkin yo‘lakdan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, maktabning turniketsiz ham o‘tsa bo‘ladigan yo‘laklari bisyor…

Endi turniket o‘rnatishdagi suiiste'molliklarni ham ko‘rib chiqsak. Biz o‘rtacha 1500 o‘quvchi o‘qiydigan maktab misolida ko‘rib chiqamiz. Toshkentda bundan ko‘p va kam o‘quvchi o‘qiydigan maktablar ham bor.

Oldi-sotdi e'lonlariga ixtisoslashgan glotr.uz saytida turniketlarning narxi 2 million so‘mdan boshlanadi. Maktabda 5 ta turniket o‘rnatilishi kerak bo‘lsa, uning narxi 10 million so‘m bo‘lishi kerak.

Lekin maktabda 1,5 mingdan ko‘p o‘quvchi o‘qiydi. Aslida elektron kartaga deb aytilayotgan bo‘lsa-da, har biridan 15 ming so‘mdan yig‘ilmoqda. 1,5 mingni 15 mingga ko‘paytirsangiz, 22,5 million so‘m chiqmoqda.

Bu yerda savollar kelib chiqadi. Nima uchun maktabga o‘rnatiladigan turniketlar pulini ota-onalar to‘lashi kerak? Agar turniket maktab hisobidan o‘rnatilayotgan bo‘lsa, unda har bir elektron karta uchun 15 ming so‘m, abonent pulini 8 ming so‘mdan qilib kim belgilagan?

Bu savollarga javob izlaganingiz sari korruptsiyaning hidi kuchayib boraveradi.

Bahodir Sharif
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 aprel 2021
O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova 2013 yildan beri Shveytsariyada korruptsiya va pul yuvish bilan bog‘liq ishlar ...
8 avgust 2018
Rassom Tuz bugun e'tiborni Rossiya propagandasining «qonxo‘r enaga» fojiasidan Markaziy Osiyo muhojirlariga qarshi foydalanayotgani mavzuiga qaratadi. Rassom Tuz 2016 ...
19 avgust 2022
Bugun 19 avgust tarixiy kun. 1991 yilning aynan 19 avgustida O‘zbekistonning mustaqil bo‘lishi uchun Moskvada zamin xozirlangan kun. O‘sha ...
30 dekabr 2019
Zamonaviy o‘zbek romanchiligi va satira janri asoschisi Abdulla Qodiriy NKVD tomonidan «xalq dushmani» deya ayblanib, 1937 yilning 31 dekabrida ...
Bloglar
26 noyabr 2022
Nukusdagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi taklifi va Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi iltimosnomasiga ko‘ra, namoyishlarda qatnashib ...
3 noyabr 2022
1906 yilning 3 noyabrida Germaniyaning Berlin shahrida o‘tgan Xalqaro radiotelegrafiya anjumanida SOS signali halokatni bildiruvchi ...
1 noyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 11-qismi Turk birligi g‘oyasi va ...