Catira
26 may 2018

(P)AXTAXONAdan maktub: Tanqid qilib ham maddohlik qilish mumkin

“Hayt!” degandan hadahalab yugurgilash kerak emas. Oldin u yoq-bu yoqqa qarab olish ham kerak. Hammamiz eyforiya holatidamiz. Sarmastlik tarqaydi, boshog‘rig‘i qoladi…

…Bir paytlar jurnalist oshnalarga, uka-singillarga “O‘zingizni chog‘lab yuring, bir kunda so‘z erkinligi berilishi mumkin. Shoshib qolib, oyog‘ingiz chalkashadi…”, deganimda, yuzdan to‘qson to‘qqizi menga ahmoqqa qaraganday qaragan. Dunyo turguncha turing, degan qarg‘ishimizga o‘zimiz ham ishonib qolgandik-da.

O‘sha paytda “jurnalistikaning hayotbaxsh o‘zbek modeli” haqida safsata sotib yurganlar bugun qaysi bozorlarda savdoni qizitmoqda – bundan xabarim yo‘q, biroq “O‘zbek matbuoti dod-voy qilib “tez yordam” chaqiradigan matbuot emas, immunitetni ko‘taradigan matbuot”, deya o‘zlari to‘qigan yolg‘onga o‘zlari chini bilan ishonib yurgan mardumlarning basharasiga ayni shu damda bir tikilgim kelyapti (o‘sha vaqti tupurgim kelgan Alisher Usmonov an'anasiga amal qilib 🙂 ).

“Xalq tayyor emas”, degan haqoratni elimizning manglayiga qulga bosilgan tamg‘aday jazillatib yopishtirdik. Hoy, baraka topkur (eskirgan siyosiy leksika 🙂 ), bolaga yigirma yil atala bersang, hech qachon qozon ovqatga o‘rganolmaydi – bir umr “tayyor bo‘lmasdan” o‘tib ketadi, desang quloq qoqadigan topilmasdi.

O‘zbek jurnalistikasida madh etishdan boshqasini bilmaydigan, fel'etonu pamflet yozish tugul, hatto o‘qimagan, butun bir boshli jurnalistlar avlodi yetishib chiqdi – yetishtirib chiqarildi.

Miyasidagi zindoni kengroq tengqurlar jurnalistikamizning bir necha muhtasham va muazzam koshonalarini hazil-chin aralash “axtaxona” deb alqardik. Katta niyatlar bilan sohaga qadam qo‘ygan yoshlar avvaliga u yer-bu yerdagi tirqishlardan baqirib, erkin ovozini olamga eshittirmoqchi bo‘lar va oxir-oqibat tirikchilik sirtmog‘i ortidan ergashib (p)axtaxonaga sudralib borardi. Asov bo‘lib kirgan do‘nonlar minggi bo‘lib chiqar va “jurnalistikaning hayotbaxsh o‘zbek modeli” xususida pishqira boshlardi. Bizlarni ayblab bo‘lmaydi, albatta. Inson qaerda, qay ishda go‘yoki e'zoz topsa, moddiy va ma'naviy rag‘batlantirilsa, beixtiyor o‘sha tomonga yo‘nalish oladi. To‘g‘ri, avvaliga biroz og‘riydi, chidaysiz, keyin yaralar bitib, ko‘rmaganday bo‘lib ketasiz 🙂.

Mana endi qovun ustiga qovun tushiryapmiz. Jurnalistikamizning bir qismi joyida depsinib turibdi. Yana bir qismi esa respublikadagi jadal islohotlar bilan tengma-teng yugurayotgandek taassurot qoldirish uchun oyoq-qo‘lini tez-tez silkityapti, yer tepinib tapillatyapti, xolos. Arqonidan bo‘shalgan buzoqday shataloq otib qolganlar ham bor (buzoq haqidagi yana ikki maqolni jo‘rttaga eslamaymiz 🙂 ). Vaziyatga chuqur razm solsak, har uch toifa ham hamon “jurnalistikaning hayotbaxsh o‘zbek modeli”dan unchalik uzoqlashib ketolgani yo‘q.

Nabijon Boqiy topib va qopib aytganidek, bugun mamlakatda eng katta siyosiy muxolifat Mirziyoevning o‘zi bo‘lib turibdi. Davlat xizmatchilarini kalamushdan olib kalamushga solayotgan jurnalistikamiz esa mohiyatan o‘zgarmagan, go‘yoki tanqidchidek ko‘rinsak-da, maddohlikni(ng) – yaloqxo‘rlikni(ng) boshqa bir ko‘rinishda davom ettirmoqdamiz. Prezident maqta desa maqtab, yomonla desa yomonlaydigan matbuot – erkin emas. Jamiyat oyog‘iga tushovdir. O‘zi shamol yo‘nalishiga qarab tezda dum buradigan flyugerchilik zamonamizning eng buyuk falsafasiga aylandi. Makiavelli yozganidek, eng birinchi sen tomonga o‘tganlar seni ham eng birinchi bo‘lib sotadilar.

Aflotun do‘stim, lekin haqiqat ustun. Jurnalistikaning o‘z qat'iy printsiplari bor. Masalan, biror tizimdan yarim ming odam ishdan haydalsa, agar bu qaror yuz foiz adolatli bo‘ldi, deb ishonilsa-da, chin matbuot ketini do‘mbira qilib chalmaydi. O‘rmonga o‘t ketib, ho‘lu quruq baravar yonmadimikin, deb shubhalanadi; «omadli»lar qaysi mezonlar asosida tanlab olindi, deb savol qo‘yadi va ishtibohini tekshiradi, vaziyatni aniqlashtiradi. Kim bo‘lishidan qat'i nazar, bir insonga nisbatan kalamush degan sifatni ishlatishga siyosatda qanday qaraladi, bilmayman. Lekin 500 odamni kalamushga chiqarish jurnalistika printsiplariga umuman, aslo, zinhor, mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Yillar davomida odat tusiga kirgan yana bir illat – hali sudi bo‘lmagan ayblanuvchilarni televizorga chiqarib olib, “xoin”, “sotqin” va yana allambalo so‘zlar bilan so‘kish ham, yumshoqroq qilib aytganda, g‘ayriqonuniy harakatdir.

Jiddiylashib ketdim 🙂. Maktubimga ko‘tarinkilik yetishmayotganini o‘zim ham sezyapman. Oxiriga pafos kerak, albatta. (P)axtaxonalarimiz keyingi bir yilda yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirib olganidan xalqimiz benihoya mamnun. Yurtboshimiz rahnamoligida (p)axtaxonalarimiz keyingi bir yilda to‘la quvvat bilan ishlay boshlaganini hatto xorijda ham yuksak e'tirof etishmoqda…

Farruh Jabborov,
Feysbuk blogeri
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 may 2018
Xorazmlik shoir Mahmud Rajab va yana uch nafar shaxs 29 may kuni viloyat prokuraturasiga chaqirildi. Maxmud Rajab «Eltuz» muxbiri ...
17 avgust 2022
Shu kunlarda xalqaro sanktsiyalar degan jumla matbuot mundarijasida. Sanktsiyalar – haddan oshganlarni jilovlaydigan jazo tizimi. Nafaqat birovning yurtiga bostirib ...
16 aprel 2020
Rahmatli otam Madaminbeg Begjonbeg o‘g‘lining Ikkinchi jahon urushida olgan besh-oltita nishoni bor edi. Ulardan ikkitasi – katta kumush tanga ...
15 aprel 2020
1784 yilning 15 aprelida kunduzi soat ikkida mister Rosso va 10 yashar nog‘orachi bolakay Irlandiyaning Dublin shahridan aerostatda havoga ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...