Catira
28 may 2018

Tadbirkorlarga berilayotgan kredit korruptsionerlardan undirilmoqdami?

Andijon viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida shu kunlarda jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilayotgan uch foizlik kreditning manbai korruptsionerlardan musodara qilinayotgan mablag‘lar bo‘lishi ehtimoli bor.

Hozirgi kunda xalq orasida faqat Andijon viloyati uchun “Har bir oila – tadbirkor” shiori ostida berilayotgan bu arzon kreditlar haqida tarqalgan gaplar shundan darak beradi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Shavkat Mirziyoevning Andijonga qilgan so‘nggi safaridan so‘ng boshlangan bu jarayon davomida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun jismoniy shaxslarga 17 million so‘mgacha, yuridik shaxslarga 172 million so‘mgacha kredit taklif qilinmoqda.

Bank xodimlari uyma-uy yurib, “Prezident hisobidan”​ ekani aytilayotgan 3 foizlik bu kreditlar 3 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilga taklif etyapti.

“Ozodlik” radiosi Andijon viloyati uchun ajratilgan bu kreditning umumiy miqdori bir trillion so‘m deb yozdi. O‘zA xabarida esa bu miqdor 800 milliard so‘m ko‘rsatilgan.

​Har qanday holatda ham bu juda katta summa va Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi 14 foiz bo‘lib turgan bir vaziyatda 3 foizlik kredit berilishi turli mish-mishlar va qarashlarni keltirib chiqarishi tabiiy.

Eng e'tiborlisi, hatto bu kreditni tarqatishga mas'ullar ham uning manbasi haqida tasavvurga emas. Zero, agar ular bank hisobidan berilayotgan bo‘lsa, moliyaviy qonuniyatlarga suyanilsa, bu har qanday bankning sinishiga olib kelishini anglatadi.

Shunday ekan, 3 foizlik kreditning manbasi korruptsionerlardan qaytarib olingan pullardir, degan gaplarda ham asos bordek ko‘rinadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda korruptsiyaga oid juda katta va shov-shovli jarayonlarga guvoh bo‘lyapmiz.

Sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining eng yuqori bo‘g‘ini amaldorlari bo‘lmish aka-uka Sharifxo‘jaevlardan yuzlab million dollar musodara qilingani haqida norasmiy xabarlar ham tarqalgan.

Bundan tashqari, MXX raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomovning qamalishi ortidan unga tegishli juda katta mablag‘ davlat hisobiga olib qo‘yilgani to‘g‘risida ham norasmiy ma'lumotlar bor.

Eng so‘nggi ma'lumotning manbasi esa prezident Shavkat Mirziyoevning o‘zidir. U yaqinda Andijonga tashrifi chog‘ida sobiq bosh prokuror, ayni paytda o‘zi hibsda, ishi tergovda bo‘lgan Rashid Qodirov million-million dollarni davlatga qaytarayotgani, uning o‘g‘li esa milliarder ekanini bildirgandi.

Bank tizimida ishlovchi xodimlardan biri “Eltuz” bilan suhbatda Andijon uchun ajratilgan kredit manbasi to‘g‘risidagi gap-so‘zlarda jon borligini bildirdi.

“Chunki bunday shartlarda kredit berishga O‘zbekistonda hech qaysi bankning kuchi yetmaydi. Ularni sindirib qo‘yadi bunday kredit. Qolaversa, banklarimizda hozir bunga yetarlicha rezerv yo‘q”, dedi bank xodimi.

  • Prezidentimiz juda katta islohotlarga qo‘l uryapti,- deya qo‘shimcha qildi u. – Shavkat Mirziyoev korruptsionerlar xalqdan tortib olgan pullar yana xalqning o‘ziga xizmat qilsin, degan ezgu niyatda shunday qarorga kelgan bo‘lishi mumkinligiga ham shubha qilmayman.

Hozircha “Eltuz” ixtiyorida arzon kreditlarning asl manbasi to‘g‘risida aniq ma'lumotlar yo‘q. Rasmiylar ham bu haqda xalqni xabardor qilishga shoshilmayapti.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 fevral 2018
O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov buyrug‘iga ko‘ra, qamoqxonalarda saqlangan ba'zi siyosiy va diniy mahkumlarni “likvidatsiya ...
9 aprel 2018
9 aprel kuni feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida paydo bo‘lgan, O‘zbekiston davlat bayrog‘i fonida to‘pponchani mushukka tirab turgan erkak fotosi mushuksevarlar ...
4 mart 2019
22 fevral kuni telegra.ph internet sahifasida rus tilida «Teni kuklovodov» («Qo‘g‘irchoqbozlar soyasi») sarlavhasi ostidagi maqola paydo bo‘ldi. Bunda O‘zbekistondagi ...
8 noyabr 2022
Cotton Campaign koalitsiyasi 7 noyabr kuni e'lon qilgan yangi matbuot xabarida O‘zbekistondagi mavjud barcha ishlab chiqarish sohalarida majburiy mehnatga ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...