Catira
11 iyun 2018

Kelin-kuyovni taksida jo‘natgan yo‘lto‘sar amaldor

Yaqinda OAV vakillari bilan uchrashgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi, prezidentning davlat maslahatchisi Qahramon Quronboev o‘zining zo‘ravonligi bilan maqtandi.

Dabdabali to‘ylar haqida gapirar ekan, Q.Quronboev o‘zbilarmonlarcha to‘y kortejini to‘xtatib, kelin-kuyovlarni tushirib olib, taksiga o‘tqazib jo‘natib yuborganini bildirdi.

“Andijon, Farg‘ona va Namanganda yurganimda ko‘chada to‘y kortejini ko‘rib qoldim. Shunda mashinalarning hammasini to‘xtatdim-da, kelin bilan kuyovni tushirib, taksiga o‘tqazib, jo‘natib yubordim. Qolgan mashinalarni esa orqaga qaytardim”, dedi mamlakat yoshlarining bugungi yetakchisi.

Davlat maslahatchisi bu xatti-harakatlarini kortej ko‘chada hech kimga yo‘l bermay, qatnov xavfsizligiga tahdid solgani, dabdabali to‘ylarga qarshi kurashish istagi bilan izohladi.

Kimo‘zarga, juda katta sarf-xarajatlar bilan o‘tkazilayotgan to‘ylar O‘zbekistondagi kabi qashshoq jamiyat uchun ortiqcha yuk ekanini bugun ko‘pchilik tushunadi.

Lekin bu illatga qarshi diktatorlik jamiyatiga xos usulda kurashish, yana o‘zining zo‘ravonlik xatti-harakatini ezgu ish sifatida ko‘rsatish, bu haqda ochiqcha bayonot berib ham hech qanday jazoga tortilmaslik qanchalik to‘g‘ri?

Zero, O‘zbekistonda hali dabdabali to‘ylarni taqiqlash haqida qonun yoki boshqa bir normativ hujjat qabul qilingani yo‘q.

Qolaversa, insonning shaxsiy hayotiga aralashishga hech kim haqli emas. Hatto O‘zbekiston qonunlari ham buni taqiqlaydi.

Agar prezident maslahatchisi quruqdan quruq maqtanmayotgan bo‘lsa, demak uning yonida ichki ishlardan kimdir bo‘lgan va aslida ishni ular qilgan. Lekin ular ham yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid qilganlarni shundaygina jo‘natib yuborishi emas, balki ma'muriy javobgarlikka tortishi kerak edi.

Aks holda, ya'ni Q.Quronboevning o‘zi kortejni to‘xtatib, xuddi yuqorida bayon qilinganidek ish tutgan bo‘lsa, bu o‘zga idoralarning vakolatlarini o‘zlashtirib olish hisoblanadi.

Aslida bunday holatda prezident maslahatchisi yo‘l harakati xavfsizligi organlari vakillarini chaqirishi, ular tegishlicha ma'muriy bayonnoma tuzishi va qoidabuzarlarni jazolashi kerak edi.

Qonun ustuvor bo‘lmagan mamlakatlarda “mansabdor huquqi” mezonlari ishga tushadi. Yuqoridagi voqea misolida biz Q.Quronboevning ana shunday mezonga tayanib ish tutganini ko‘rishimiz mumkin.

Q.Quronboevning bu xatti-harakatlari ijtimoiy tarmoqlarda kuchli norozilik keltirib chiqardi. Ko‘pchilik uning iste'fosini so‘ramoqda.

Prezident maslahatchisi maqomidagi yo‘lto‘sarning bu qilig‘i ijtimoiy tarmoqlarda memlar va karikaturalarga sabab bo‘ldi.

Bunday kuchli reaktsiyani kutmagan “qahramon” o‘z yo‘lto‘sarligini oqlashga tushib ketdi.

Uning izohidan aslida “kelin-kuyovlarning hurmati joyiga qo‘yilgan holda o‘z mashinasida kuzatib qo‘yilgani”, faqat kortejdagi boshqa mashinalarga qoidabuzarlik uchun ichki ishlar xodimlari tomonidan choralar ko‘rilgani oydinlashadi.

“Bu oilalar (kelin-kuyovning) qanday e'tiroz ham bildirgani yo‘q, xursand bo‘lib, to‘ylari chiroyli o‘tdi”, deydi Quronboev.

Hayitdan keyingi xinaning ta'siri haqida xalqimizda ajoyib gaplar bor. Yoshlarning ularga hukumat tomonidan tayinlangan yetakchiga nisbatan keskin salbiy munosabati prezident maslahatchisini dovdiratib qo‘ygan ko‘rinadi.

U mansab kursisining taftidan ajrab qolishidan hadiksirayotgani sezilib turibdi.

Shu o‘rinda Q.Quronboevning xizmat yo‘lini esga olish zarar qilmaydi. U ko‘p yillar sobiq komsomol safida ishlagan. Keyin esa komsomolning merosxo‘ri bo‘lmish sobiq “Kamolot” rahbarlaridan biri bo‘lgan.

Darvoqe, yuqoridagi bo‘lgan voqea ishtirokchilari ham sobiq komsomol va sobiq kamolotchiga begona emas. Bugun uylanish yoshiga yetganlar bir vaqtlar Q.Quronboev “Kamolot”ning “Kamalak” tashkilotini (sovet davridagi oktyabryat va pionerning muqobili) boshqargan vaqtida o‘zi tarbiyalashga mas'ul bo‘lgan yigit-qizlardir.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 iyun 2019
Bosh prokuraturaning Andijonda besh nafar ayolning aldov qurboniga aylanishiga sabab bo‘lgan mutasaddilarni intizomiy javobgarlikka tortish haqidagi taqdimnomasi aslida viloyat ...
30 oktyabr 2015
Bugun Lo‘s Anjalusdagi qasrimning minglab xonalaridan birida adashib qolib eshikmikan deb ishkopni ochibman. Qarasam shaqqildoq turibdi. Oldindan aytay bugungacha ...
5 fevral 2016
Aramais va uning sheriklari ustidan sud tugadi. Hukmni kutish qoldi. Prokuror unga 18 yil so‘radi. 2015 yilning 4 sentyabrida, ...
27 yanvar 2018
“Imom al-Buxoriy” va “Buyuk Amir Temur” kabi filmlarni suratga olgan taniqli kinochi Baqo Sodiqov prezident farmoni bilan O‘zbekiston vatandoshi ...
Bloglar
7 avgust 2020
Qishga tayyorgarlik. Pomidor va qalampirni o‘zim yetishtirib, quritib, ipga o‘tkazib devorga ildim. Ko‘o‘p bonkayam berkitganmiz. ...
5 avgust 2020
Mirziyoev boshqaruvida tashqi siyosatda, bir tomondan, Rossiya va uning geosiyosati bilan bog‘liq munosabatlardagi milliy manfaatlar ...
4 avgust 2020
O‘zbekistonda turli matnlarda, kontekstlarda, hatto rasmiy hujjatlarda ko‘p ishlatiladigan “buyuk ajdod” tushunchasidan voz kechish kerak, ...