Catira
27 avgust 2018

Toshkentda uy tekin

Ko‘zimni ochsam, BMT anjumanida o‘tiribman. Oldimda O‘zbekiston bayrog‘i. Bo‘ynimga osilgan beydjikni aylantirib qarasam O‘zbekiston vakili emishman.

Ammo o‘tmish bilan bugun o‘rtasini bog‘lay olmayotgan edim. Qanday qilib, Chustdagi harobada yashaydigan, men kabi juldurvoqi birdan ulug‘ bir anjumanda kelajagi buyuk davlatni tamsil qilmoqda?

Ë kechagi «den rojdeniya»da ichib mast bo‘lib qolgan BMT vakilining o‘rniga yanglishib meni samalyotga o‘tqizvorishdimi? Anavi kinodagidek.

Hullas, nima bo‘lsa bo‘lsin, vatanim yuzini yerga qaratmayman. «Bizga dunyo havas qiladi!» deya rolga kirishib ketdim.

Keyin, bir to‘da odam meni o‘rab olib savolga tuta boshladi. “Mamlakatingiz qashshoqmi?” dedi bir ko‘zoynak taqqani.

“Yo‘q boymiz, osmonimiz musaffo, yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch”, dedim.

“Sizda o‘rtacha oylikka nisbat qilganda, avtomashina qimmatmi” dedi yana birisi. “Yo‘q” dedim. “Istagan farrosh 4 oy ishlasa puli bitta «Kaptiva»ga yetadi” dedim. “Istasa mashinani salondan tekin minib ketadi, oyligidan 0004 foiz oyma-oy to‘lab yuraveradi” dedim.

“Toshkentda uy qimmatmi” deyishdi. “Tekin” dedim. “Davlat har bir odamga ikki qavatli balkoni bog‘ga qaragan namunali uy qurib beradi” dedim. “Faqat irimiga kalitning pulini to‘laysiz, 50 tsent” dedim.

Bitta kal odam, Ispaniyadan bo‘lsa kerak, “Ey, mamma miya!” deb hasaddan kal boshiga shappatladi. Afrikaning So‘malisidan kelganlar hushidan ketib qoldi. BMT binosidan to‘g‘ri 17 gorbannisaga skoriy opketdi ularni.

“Byudjetdan oylik oladiganlarning maoshini virtual korzinkaga sobering” deb qo‘limga digital qalam berishdi.

Ekranda korzinka va nozu ne'matlar aks etgandi. Virtual nozu-ne'matlarni likkilatib korzinkaga solib, oylik maoshining harid qudratini namoyish qilishim kerak edi.

“Masalan, o‘qituvchini olsak, deylik polniy stavkada haftasiga 18 soat dars beradigan matematika muallimi. Uning oladigan oyligini X deb olamiz. Bu muallim har kuni qazi yeydi», deb savatchaga 30 palka qazi tashadim. Keyin «bu muallim har kuni qo‘y go‘shtidan ovqat deydi», deya 30 kilo qo‘y go‘shtini ham savatga tashadim. Baliq, tovuq go‘shtlaridan ham tashladim, 40 kiloga yaqin. Tuxum, tvorog, qaymoq, smetana, pishloq, bol, quyruq yog‘i, zaytun yog‘i, zig‘ir yog‘i, palma yog‘igacha tashadim, oyiga 60 litrcha. Ikki qop qozoq uni, bir qop shakar, kartoshka piyoz, bodring pomidoru ziravorlar.
BMT dagi kal odam ichi to‘lib toshgan korzinkaga qo‘rquv aralash zavq bilan tikildi.

Men uning qarashidan «o‘qituvchining salomatligini o‘ylayaptiyov», deb tushundim. Kaloriyali narsalarni yeb tashab issig‘i oshmasin deb limon, ko‘k choy kabi narsalarni ham virtual savatga soldim.

Analgin, penitsillin va boshqa dorilarni ham soldim. Endi issug‘ jon, kim biladi ertaaga nima bo‘lishini? Bundan tashqari o‘qituvchining «Kaptiva»siga quyiladigan benzin va boshqa rasxodlarni ham qo‘shdim. Oyda 2 marta balet teatriga, 2 marta operaga boradi va bir marta Ozodbekning kontsertiga tushadi. «Izidiyor» restoranida sushi yeydi, «Katakomba»da uvildiriq…

«Bu harajatlarning hammasi, X deb belgilaganimiz, o‘qituvchi oyligining 30 foizini tashkil qiladi» devorsam, BMTdagilar bir oh chekishdi.

Keyin bittasi turib “demak O‘zbekistonga moddiy yordam kerak emas ekanda” deb qoldi.

“Keragi yo‘q yordamni, silarga o‘ligimizni tashamaymiz. Shukur, osmonimiz musaffo, ma'naviyatimiz shaffof” dedim.

Shu payt, bir ko‘zoynakli chiqib “bo‘lmasa nega prezidentlaringiz moddiy yordam so‘rab xat yozdi” deganida qovun tushirganimni bilib qoldim.

“Aslidaku, o‘qituvchining oyligi unchalik ham ko‘p emas…”, deya xatoimni to‘g‘irlashga urina boshlagandim, yana Chust tumanidagi haroba uyimda paydo bo‘lib qolibman. Chiroq o‘chgan, gaz yo‘q…

U yog‘ini bilasiz.

(Bu matnni turk yozuvchisi Aziz Nesindan ilxomlanib yozdim.)

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 noyabr 2021
«Eltuz» O‘zbekiston inson huquqlari forumi bilan hamkorlikda mehnat huquqlariga bag‘ishlangan turkum animatsiyalarini davom ettiradi. Turkumning o‘tgan sonlarida biz jamoa ...
22 fevral 2023
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Dastlabki shikoyat Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanidan. Avtomobil egasi yo‘llarning ahvolidan ...
25 oktyabr 2017
23 oktyabr kuni «Eltuz» nashrining mobil muxbiri jo‘natgan fotosuratda supurgi ko‘targan maktab formasidagi bir guruh maktab o‘quvchilarini ko‘rish mumkin. ...
26 may 2024
Shu yilning yanvar oyida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi yangi, zamonaviy va foydalanishga tayyor bo‘lgan binoni (muqaddam GM kompaniyasiga tegishli bo‘lgan, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...