Asosiy mavzular
14 sentyabr 2018

Taniqli jurnalist duradgor bo‘lib ishlamoqchi

O‘zbek milliy televideniesida o‘zgarish yasagan 64 yashar jurnalist Dadaxon Yoqubov 14 sentyabr kuni «Ish beruvchilar uchun ariza»si bilan muxlislarini hayratga soldi.

Ish stajiga oid hujjatlari yo‘qolgani bois, kamgina pensiya olishini yozarkan, taniqli jurnalist qo‘lidan keladigan oddiy ishlarni sanaydi:

«Bog‘bonlik, duradgorlik, paxtakorlik, qorovullik, farroshlik, guvala quyish, o‘ra kavlash, choy qaynatish, o‘tinchilik…».

Ayni paytda Yoqubov «bola boqish, savdo ishiga no‘noqligi»ni, «sovchilik, quda-andachilikka» ham yaramasligini e'tirof etadi.

«Hisobli do‘stlar, mug‘ombir ayollar ko‘p aldashgan», deya yozadi Yoqubov. Shuningdek, arizasida «ish beruvchi janoblar» uni «universal mutaxassis sifatida ishlatishi» mumkinligini pisanda qiladi.

Dadaxon Yoqubov 90-yillarda 24 soatlab davom etgan marafon ko‘rsatuvlar muallifi bo‘lgan.

Hazilmi yoki chin?

Dadaxon Yoqubovning 12 banddan iborat «arizasi» Feysbuk tarmog‘ida paydo bo‘lishi bilan unga ko‘plab izohlar va takliflar yog‘ila boshladi.

Kimdir ikki oylik sinov sharti bilan «temirchilik»ni taklif qildi. Kimdir ish taklifi bilan chatga telefonini yozdi, yana kimdir privatga telefon raqamini yozishini so‘radi

Boshqa biri esa yangi ochilgan universitetga ariza berishni maslahat qildi. «Sherzod Qudratxo‘jaevga axir sizdek mutaxassislar juda kerak-ku», deya yozdi Rashid To‘xtarov ismli yuzer.

Boshqalar esa bu takliflarni tajribali jurnalist ustidan kulish deya baholadi.

«Siz nega bu odamning ustidan kulyapsiz? Agar bilsangiz, bu inson bir zamonlar haq gapni sizning qizigan temiringiz kabi issig‘ida ayta olgani uchun bugun bekor o‘tiribdilar», deya izoh yozdi Xayrullo Yo‘ldoshev ismli yuzer.

«Dadaxon aka hazil qilyapdilar, nega TVda ko‘rinmayapsiz? «Hayot quvonchlari va tashvishlari» birinchi raqamli ko‘rsatuv edi-da», deya izoh qoldirdi Omonjon Vohidjon.

«Bu arizani Siz butun bir millat nomidan yozgansiz», deya izoh qoldirdi yana bir yuzer.

«Bu satrlarni o‘qib, qo‘lidan ish (yordam berish) kelmaganidan o‘kinib ketadi odam… Jamiyat, davlat haqidagi fikrlarni yuqoridagi kommentlardan bilib olsa bo‘ladi», deya izoh yozdi Shavkatjon Rejapov ismli yana bir yuzer.

«Ajoyib. Tarixiy asar bo‘libdi. Birovlarning tashbehi deya olib tashlamang, Dadaxon aka», deya olqishladi «ariza»ni Anvar Shukurov ismli shaxs.

Jurnalistikada portlash qilgan inson

«Hayot quvonchlari va tashvishlari» 80-yillarning eng mashhur ko‘rsatuvi

Izohlar orasida ish taklifidan ko‘ra hamdardlik, jurnalistning 80-yillarda yaratgan «Hayot quvonchlari va tashvishlari» ko‘rsatuvlari seriyasini qo‘msash ohanglari ko‘proq.

«Men sizning 8 yoshli muxlisingiz edim. Hozir yoshim 38 da. Oilamiz bilan Navro‘z bayrami kunlari 24 soat uzluksiz olib borilgan mualliflik ko‘rsatuvingizni maroq bilan ko‘rardik», deya yozdi Xurshid Ahmedov.

Toshkentlik feysbuk yuzeri Mohira Sultonovaning fikrlari yana ham jiddiyroq:

«Dadaxon Yoqubov o‘z davrida televidenieda va jurnalistikada PORTLASh qilgan inson edilar. Ko‘rsatuvlarini hamma ishimizni tashlab, kutib o‘tirardik. «Toshkent oqshomi» da chiqadigan maqolalarini qo‘lma-qo‘l o‘qirdik. Shunday jasur, dangalchi, topib gapiradigan, bunaqa masshtabda ishlagan boshqa jurnalistni qaytib ko‘rmadik desayam bo‘ladi…».

Gap ko‘p, ko‘mir yo‘q

Dadaxon Yoqubov: «Faqat bola boqishga no‘noqman»

Ariza ortidan bir necha soat ichida 50 tacha izoh qoldirildi. Izoh yozuvchilar orasida hatto tortishuv ham boshlandi.

Kimdir ishsizlik muammosini xudoga soldi, kimdir bugungi amaldorlarni aybladi, kimlardir ko‘zlariga yosh oldi…

«Yozganlaringizni o‘qib, kulay desam kula olmadim, yig‘lay desam yig‘lay ham olmadim…», deya yozdi G‘ayrat Umarov.

«Agar men qaysidir joyga boshliq bo‘lganimda sizning haqiqiy inson ekanligingiz uchun ishga olardim», dedi Jasmina Sa'dullaeva ismli yuzer.

Yana kimlardir bu gaplarni Dadaxon Yoqubov yozganiga shubha bildirdi.

«Mening ijodkor ekanligimga kam e'tibor berishingizni va o‘zingizni mening o‘rnimga qo‘yib ko‘rishingizni iltimos qilaman», deya javob yozdi, jumladan, Dadaxon Yoqubov.

Uning izohlaridan ma'lum bo‘lishicha, nashriyotlar kitoblarini olishmagan. Ko‘pchilik uni Internet orqali o‘qimoqda.

Ayni paytda uning ish beruvchilar taklifiga qiziqishi ham yo‘q emas.

«Odamlar meni o‘tmishda qanday bo‘lsam, shunday deb o‘ylashyapti va shunday qabul qilishyapti. Ish qidirib yurish ham menga yarashmadi», deya izohladi bugungi ahvolini Dadaxon Yoqubov.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 may 2023
2010 yilda 25 may sanasi National Center for Missing and Exploited Childrene – NCMEC tashkiloti tashabbusi bilan Yo‘qolgan bolalar ...
5 noyabr 2021
Dunyoga tarqatib oltinlarimiz,  Ancha yengil tortdi botinlarimiz.  Tezakni tutatib palov pishirar –  Naqadar baxtlidir xotinlarimiz…  (HAMROQUL ASQAR) Kech kuz ...
9 iyun 2017
Chala bitkazib topshirilayotgan, prezident buyrug‘i bilan qurilayotgan «Namunali uylar» haqida ko‘p aytildi. Chunonchi, bu binolarga ishlatiladigan eshik oynalarning o‘g‘irlab yo‘q ...
25 yanvar 2023
Yil boshida Germaniyada kompaniyalar faoliyati va ularning inson huquqlari hamda atrof-muhit uchun oqibatlari bilan bog‘liq yangi qonun kuchga kirdi. ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...