Asosiy mavzular
24 sentyabr 2018

Majburiy-ixtiyoriy ravishdagi paxta terimi

So‘nggi kunlarda O‘zbekistondagi paxta yig‘im-terim mavsumiga oid turli OAVlarda e'lon qilinayotgan xabarlar mamlakatda majburiy mehnat alomatlari kuchayib borayotganidan darak bermoqda.

“Eltuz”ga ma'lum bo‘lishicha, yaqinda Xalq bankining janubiy viloyatlardagi filiallari xodimlari majburiy-ixtiyoriy ravishda paxta terimiga jo‘natilgan.

“Boshlig‘imiz hammani yig‘ib, kimlar paxtaga ketishini aytdi. Hech kim rad eta olgani yo‘q. Chunki bormayman desa, keyin bankda ishlamaydi. “O‘zimiz ixtiyoriy chiqqanmiz, deysizlar kim so‘rasa ham. Bankning nomini tilga olmanglar, deb tayinlashdi”, dedi bank xodimlaridan biri “Eltuz” bilan suhbatda.

Bunday xabarlar Buxoro, Qoraqalpog‘iston, vodiy viloyatlaridan ham olinmoqda. Demakki, majburiy mehnatning ko‘lami bu yil ham yetarlicha keng.

Holbuki, hukumat joriy yilda paxta faqat ko‘ngillilar va fermerlarning kuchi evaziga yig‘ib-terib olinishini ma'lum qilgan edi.

Qolaversa, ta'lim va tibbiyot sohasi xodimlarini majburiy ravishda paxta terimiga jalb etish qat'iy taqiqlanib, buning uchun mutasaddilarga nisbatan javobgarlik kuchaytirilishi bildirilgandi.

Ammo yuqoridagi kabi ko‘plab xabarlar hukumat hozircha o‘z va'dalarining faqat ta'lim va tibbiyot xodimlariga taalluqli qismini bajarib (shubhasiz, bu ijobiy holatdir), boshqa byudjet tashkilotlari va tadbirkorlik sub'ektlari ishchi-xizmatchilarini majburiy mehnatga jalb etishda bardavom ekanidan darak bermoqda.

Bu yilgi mavsumda mahalliy OAVda “uyushmagan yoshlar”, “qo‘shimcha daromad olish imkoniyati”, “terim otryadlari” kabi so‘zlar paxta terimi haqidagi maqola, ko‘rsatuv va eshittirishlarda eng ko‘p qo‘llanilayotgan iboralardir.

Hokimiyat vakillari paxta terimiga majburiy jalb qilish xatti-harakatlarini shu tarzda yashirishga urinayotgandek taassurot uyg‘onmoqda.

Har yilgidan farqli o‘laroq, joriy yilda aholini terimga jalb etishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari bu yil juda avjida.

Hatto O‘zbekiston televideniesida aholini paxta terimiga chorlovchi reklama roliklari ham muntazam namoyish etilmoqda. Bu roliklarda aholisi zich hududlardagi yashovchilar “ixtiyoriy ravishda” Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga paxta terimiga chorlanyapti.

Reklama roligida bu hududlarda hasharchilarga terimning birinchi bosqichida har bir kilogramm paxta uchun 950 so‘m, ikkinchi bosqichida 1150 so‘m, uchinchi bosqichida 1300 so‘mdan haq to‘lanishi aytilayotir.

Rolikda kuniga 70 kg dan paxta terganlar 40 kun davomida 2 million 600 ming so‘mdan ortiqroq daromad olishi va'da qilinayotir.  

Shuncha targ‘ibot-tashviqotga qaramay, hokimiyat organlari baribir byudjet tashkilotlari va tadbirkorlik sub'ektlarini paxta terimiga majburlayotganidan ko‘rinadiki, ko‘ngillilar dalalarga chiqishga shoshilayotgani yo‘q.

Joriy yilda majburiy mehnat ko‘lami o‘tgan yillardagidan qanchalik farq qiladi, buni yaqinda bilib olish mumkin bo‘ladi.

Chunki paxta mavsumi bu yil ancha kech boshlandi va u endigina eng qizg‘in pallasiga kirib bormoqda.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 iyun 2017
O‘zbekistonda qo‘shiqchilarga rasmiy ruxsatsiz YouTubega klip joylashtirish 1 iyuldan taqiqlanadi. Litsenziya bitimlariga oid yangi o‘zgarishlarga asosan, bunday ruxsat «O‘zbekkontsert» ...
24 fevral 2021
Bu O‘zbekiston. Mana bu esa uning musaffo osmoni. Bu oldingi o‘zbek ayollari,ular uchtadan tug‘ardi. Hozir bu bolalar Rossiyada. “Mening ...
20 aprel 2020
Deputat otasiga ishonib yoki orqamda  «okaxon»larim bor deb karantin tartiblarini  buzayotganlarni umuman ayab o‘tirmaslik kerak. «Samosud» demoqchi emasman, bu ...
4 sentyabr 2023
4 sentyabr kuni ertalab Samarqand Davlat Universitetining Kattaqo‘rg‘on filialida beton plitasi talabalar ustiga qulab tushgan darslar noma'lum muddaga qoldirilgan. ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...