Asosiy mavzular
27 sentyabr 2021

Parfiyona yoki Rauf Parfi haqida badiha

Bugun Rauf Parfi nomi eslanarkan, uning asl shogirdlari bilan bir qatorda ustozning nomiga suykanib, «bir narsalik» bo‘lib qolish ilinjidagi qalamtebratarlar harakatini ham kuzatish mumkin.

Yumshoq qilib aytganda, Rauf Parfi ijodini har kim o‘z andozasi bilan o‘lchashga intiladi.

Rauf Parfi haqida o‘zim ham birdan, ega-kesimini kelishtirib, shipillatib yozib tashlay olmayman. Chunki mendagi tayyor andozalarning birortasi ham unga mos emas.

«Men sizni tushunaman, Qudratbek. O‘zingizni katta bir daraxt soyasiga tushib qolganday his qilyapsiz», deya tasvirlagan edi bir vaqtlar mendagi bu holatni Rauf Parfining o‘zi.

Xotiramning zaif mahsuli bo‘lgan bu badihani «Parfiyona» deya atadim. Bir tomondan, u Rauf Parfi haqida bir vaqtlar yozganim ushbu she'r izohi hamdir:

Chag‘alayning yig‘isi
kabi dengiz yana bo‘ron ufurar…
U bir hazin qo‘shiq aytadi,
U bir yaqin hamdard qidirar…
Ko‘tarar-u qadahni ichmay
yo‘lak uzra otar:
«Yo‘l xato!»

Rauf Parfi qo‘lyozmasi

Jurnalistika fakultetining birinchi kursini tugatib, 1983 yili armiyaga ketdim. Bu orada akam Shuhrat Bobojon bir dasta she'rlarimni Rauf Parfiga eltib berdi.

Shu zayl ikki yil Qozog‘iston cho‘llarida harbiy hizmatda yurib, Rauf Parfiga g‘oyibona shogird tutindim.

Yozuv mashinkasida terilgan she'rlarimni Rauf Parfi qo‘lda tahrir qilib, qayta ko‘chirib, akam orqali menga yuborgani esimda.

Bu turkum she'rlar, esimdan adashmasam, 1994 yili «Xorazm tarafdan esdi shamollar» umumsarlavhasi ostida «Sharq yulduzi»da bosildi, ayni turkum o‘sha yili «Yoshlik» jurnalida ham chop etildi.

Shoirning sodiq do‘stlaridan biri Xurshid Davron bu she'rlardan diktor ijrosida kompozitsiya tayyorlab, respublika radiosida eshittirdi.

Lekin men uchun rasmiy nashrlardan ko‘ra Rauf Parfi qo‘lyozmasi azizroq bo‘lib qolaverdi.

Xorazm tarafdan esdi shamollar,
Yelkanlar yelkamga qo‘ydilar qo‘lin.
Xorazm tarafga ketdi betizgin,
Uchqur xayollarim bir kema bo‘lib…

Shogirdlik davri

Xullas, 1985 yili armiyadan qaytgach, ko‘p shogirdlari qatori ustozning oldiga tez-tez boradigan bo‘ldim.

Albatta, qo‘lyozmalarimni ko‘tarib. U kishi ham ortiq qo‘lyozmalarimlarni tahrir qilmaslikka «so‘z berdi».

«Xato qildim. Tahrir bilan sendagi tabiiylikni ham qaychilab qo‘ygandekman», dedi u haddan tashqari kamtarlik bilan.

«Ular endi sizning she'ringiz kabi jaranglaydi…», dedim ochiqroq qilib.

Bir safar yapon shoiri Basyo ta'siridagi uchliklarimni u kishiga olib bordim, keyinroq Lotin Amerikasi adabiyoti ta'siridagi qo‘lyozmalarimni o‘qib berdim.

Meni tinglab turib, ustoz qo‘lyozmalarimni qo‘liga olib, hijjalab uzoq o‘qiy boshlardi.

Dilorom opaning achchiq nigohiga ko‘zim tushib, ustozni ortiqcha «ekspluatatsiya» qilayotganimdan tashvishga tushardim.

Lekin, Rauf Parfi ayolining e'tiroficha, bu mashg‘ulot har holda shisha atrofida davom etadigan o‘tirishlardan ko‘ra beozor edi.

«Sarlavhalarda ortiqcha oliftalik bor. She'riy texnikadan ko‘ra boshqa bir narsa ham kerak…» .

She'rlarimdagi yetishmayotgan unsur haqida bir soatlarcha gaplashdik. Men bu suhbatni bugun xatosiz, to‘liq keltira olmayman. «Muhimi, ko‘p o‘qi va ko‘proq yoz!» degani esimda qolgan.

U qaytarish sharti bilan, har safargi odatiga ko‘ra, navbatdagi kitob – Borxesni qo‘limga tutqazdi.

Mening ijodim 1987 yilga qadar «sermahsul» bo‘ldi. O‘sha davrda birin-ketin «Yurakdagi hovur», «Siniq Chiltor» she'riy turkumlari, «O‘lik shahar afsonalari», «Yorug‘ kun» kabi hikoyalarni yozdim…

Biroq mening barcha qo‘lyozmalarim Rauf Parfi nashriyotda hali muharrir bo‘lgan yillari nashriyot taxmonlariga qanday taxlagan bo‘lsa, shundayligicha qoldi.

«Muharrir bo‘laturib o‘z qo‘lyozmalarimning ham ahvoli shu-ku. Bizni bosishmaydi», dedi Rauf Parfi tsenzura qaychilab tashlagan «Qaytish» kitobining qalamda to‘g‘rilangan variantini mendagisi bilan ayirboshlarkan.

Darvoqe, gap bu yerda mening she'rlarim yoki shaxsim haqida emas, Rauf Parfining ta'siri va uning menga ko‘ringan tomoni haqida.

Daraxt o‘sar bu yo‘lak aro…
Bu daraxtning barglari yashil,
Bu daraxtning barglari qizil
Bu daraxtning barglari qaro…

Tush ta'biri…

Adashmasam, 1989 yilning fevralida Toshkentda g‘alati bir tush ko‘rdim. Ertalab sahar Xorazmdagi uyimizda uyg‘onibman. Uyimizga qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov mehmonga kelgan emish. Men xursand bo‘lib, daftarlarimni ko‘tarib, uyimiz to‘ridagi zalga, uning yoniga oshiqdim.

Barvasta qomatli Chingiz Aytmatov dadam rahmatli bilan bir stolda jiddiy mavzularda suhbatlashib, choy ichib o‘tirishardi. Meni ko‘rib o‘rnidan qo‘zg‘aldi.

«Rauf Parfi forumi boshlandi. Xabaring yo‘qmi?» dedi tushimdagi qirg‘iz yozuvchisi.

Dadam e'tiroz bildirishga urindi. Biroq Aytmatov keskin ohangda shu bugunoq Toshkentga uchishim kerakligini aytdi.

Shoshilib tashqariga chiqdim. Ammo Urganch aeroportiga borganimda osmonni allaqachon qorong‘u tun qoplagan. Kimsasiz aeroportda yolg‘iz oppoq ulkan uchoq turardi…

Uchoq zinasidan ko‘tarilib, salonga kirdim. Hech kim yo‘q. Uchoq tovushsiz va sokin bir tezlikda havoga ko‘tarildi.

Uchoq qo‘nganida ichimda boshlangan g‘alati xavotir kuchaydi. Toshkent o‘z joyida emas yoki shahar kimsasiz huvillab yotardi.

Terminaldan chiqqanimda yolg‘iz tramvayga duch keldim. Uning ichida faqat bitta qariya gazeta o‘qib o‘tirardi. Tramvay qo‘zg‘aldi. Men keyingi bekat nomini so‘rash uchun qariyaning oldiga bordim.

Ko‘zimga tushimdagi bu kishi Shukrullo domla bo‘lib ko‘rindi. Keyin uning yuzi boshqacha tus oldi. Bezovta qilganimdan darg‘azab, dahshatli ohangda va rus tilida «Tы ne so svoim bratom svyazalsya!» dedi.

Sovuq ter bosdi. Tramvay suyanchig‘ini ushlab, tezroq uzoqlashmoqchi bo‘ldim.

«Sen shu damda forumda bo‘lishing kerak», deya shipshidi chol tag‘in Shukrullo qiyofasida ro‘paramda paydo bo‘lib, u yoq-bu yoqqa qo‘rquv bilan alanglarkan.

Tramvay eshigi g‘ijirlab ochilishi bilan chopa boshladim. Atrofda oq kiyim kiygan tumonat odam, bir tomonga, tepalikka qarab intilishardi. Izdihomga qo‘shildim. Balandlik tepasida oppoq va uzun rido kiygan Rauf Parfi turardi.

U kaftlarini boshim ustida baland tutib turib bunday dedi:
«Boshqa she'r yozmagin!»

Qora terga botib uyg‘onganimda, hali soat sahargi beshlar chamasi edi. Boshqa uxlolmadim. Tushimni keyinroq ustozga gapirib berdim. U zarracha hayratlanmadi.

«Haqiqatan ham she'r yozadigan payt emas shekilli. Men ham yozmay qo‘ydim», dedi jiddiy ohangda, bo‘layotgan siyosiy voqealar, milliy mustaqillik uchun kurash harakatlariga ishora qilib…

Silkinaru ulg‘ayar daraxt.
Niqoblari jiqqa qora ter,
Bolta urar iblislar karaxt.
Shivirlaydi Birinchi Iblis:
“Daraxt emas, qurisin Ildiz!”

«Bor! Tiriklarni chaqir!»

Shu tushmi yo boshqa sabab, deyarli ancha vaqt she'r yozmadim. To‘g‘rirog‘i, maqolalar, siyosiy shiorlar, pamfletlar, varaqalarga matnlar yozdim. O‘sha paytda yozgan she'rlarim ham ko‘proq siyosiy chaqiriq kabi edi.

90-yillar boshlaridagi bir she'rim bunday yakunlangan ekan:

…Ortiq eslama meni,
Tilim lol, ko‘zim so‘qir.
Senga esh kerak bo‘lsa, –
Bor! Tiriklarni chaqir!

Muhammad Solih  dastlab 1990 yili «Erk» harakati va sal o‘tmay shu nomdagi partiyani tuzganida O‘zbekistondagi ko‘pchilik shoir, yozuvchilar ayni partiyani qo‘llab-quvvatlay boshlashdi.

Biroq Rauf Parfi «Birlik» xalq harakati tarafida qoldi. Holbuki, u bir umr Muhammad Solihning eng yaqin do‘sti, maslakdoshi edi.

Keyinchalik, 1992 yili ham aslida mustaqillik g‘oyasining tirik dushmani bo‘lgan prezident Islom Karimov tarafiga zarracha og‘madi.

Davlat mansablaridan, mukofotlaridan, mustaqillik haqidagi balandparvoz dabdabali chiqishlardan o‘zini uzoqroq masofada tutdi.

Silkinaru ulg‘ayar daraxt.
Niqoblari jiqqa qora ter,
Bolta urar iblislar karaxt.
Shivirlaydi Ikkinchi Iblis:
“Tomiriga tutashdir dengiz”.

Mustaqillikdan so‘ng

Prezident Karimovning haddan oshgan siyosiy bosimlari sabab Toshkentda ortiq qolishimning imkoni bo‘lmadi. Undan avval O‘zbekistonda parlamentning Erkin Vohidov raisligidagi Oshkoralik qo‘mitasi tugatildi.

1994 yili Xorazmga qaytib kelib, kichikroq do‘kon ochib, tijorat qila boshladim. O‘sha yilning 12 aprelida akam Shuhrat Bobojon va ukalarim bilan birgalikda «Ey El Si» telekompaniyasiga asos soldik.

Ishimiz yurishganday ko‘rindi. Biroq o‘sha kezlarda Toshkent qahvaxonalaridan birida men Rauf Parfini juda ezilgan holda uchratdim.

Men u kishiga so‘z erkinligi sohasida misli ko‘rilmagan rejalarimiz borligi, Xorazm adabiy muhiti Rauf Parfi bilan uchrashuvni kutayotganidan gapirdim:

«Aeroportdan Urganch shahri ko‘chalari bo‘ylab shoir korteji yurib keladi. Ko‘chalarga ustozning rasmi aks etgan bir nechta bilbord o‘rnatilgan bo‘ladi. Yoshlar gullar bilan… Muhimi barchasi TV orqali Xorazm, Qoraqalpog‘iston va Turkmaniston TV zonasidagi 3 million aholiga olib ko‘rsatiladi…».

O‘z fantaziyamni uzoq va maroq bilan gapirdim. Ustoz miyig‘ida kulib eshitdi. His-hayajonimga qo‘shilib, qo‘shimchalar qildi.

«Tadbirda shoir o‘zining haligacha chiqmay, nashriyot taxmonlarida yotgan yangi kitobiga dastxatlar yozib beradi. Qarsaklar, olqishlar…»

Keyin ikkimiz ham yerga tushdik.

«Meni bir masxaraboz kabi tomosha qilarkan-da xalq?» dedi jiddiy tortib… Ustoz hamisha yasama yaltiroqlik, qalbakilik, soxtalik kabi illatlardan yiroq edi.

Mening andozamdagi bu tadbir o‘tkazilmadi. Keyingi yillarda va shoirning o‘limidan keyin ham yubileylari birin-ketin oliy darajada nishonlanmagani kabi…

Keyin davr shamoli yanada keskinroq esa boshladi. Demokratlar qatag‘onidan keyin Karimovni qo‘llagan islomchilar ham quvg‘inga olindi.

Ko‘p yozuvchi va shoirlar ham ming xil tovlanib, davrga moslashib o‘zgardi.

Bizning telestantsiyamiz ham ko‘p o‘tmay yopildi. Xorazmdagi do‘konim ustiga ham buldozer solindi.

Rauf Parfi esa umrining oxirigacha o‘zligicha, miskinligicha qoldi. Shu zaylda 2005 yilning 28 aprelida Toshkentda  vafot etdi.

Silkinaru ulg‘ayar daraxt.
Niqoblari jiqqa qora ter,
Bolta urar iblislar karaxt.

Shivirlaydi Uchinchi Iblis:
“Tomir emas, qurisin Dengiz!”

Chag‘alayning yig‘isi kabi
Dengiz yana bo‘ron ufurar…
Ko‘tararu qadahni ichmay,
Yo‘lak uzra otar: “Yo‘l xato!”

Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 noyabr 2016
Huquq himoyachisi Yelena Urlaevaning arizasiga Chinoz Tuman prokurori D. Mahmudov tomonidan berilgan javobda ta'lim va tibbiyot xodimlari paxta dalasiga ...
17 fevral 2020
Joriy yilning 15 fevral kuni o‘zbek ijtimoiy mediasi IIB xodimlari va aholi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgani haqidagi videolar muhokamasiga ...
13 sentyabr 2017
Sirdaryo viloyatining Sayhunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiev kaltaklagan maktab direktorlaridan biri «Eltuz» nashriga intervyu berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mushtumzo‘r ...
8 may 2015
Ishdan bo‘shatilgan Lenta.ru axborot saytining bosh muharriri Galina Timchenko o‘z kasbini pitstsa tarqatuvchining ishi bilan qiyosladi. Agar pitstsada murch ...
Bloglar
23 noyabr 2021
Yangi milliy kutubxona qurilishi (yangi milliy teatr qurilishi ham) yangi va yap-yangi O‘zbekistondagi eng keraksiz ...
21 noyabr 2021
Siyosatchi bo‘lish¸ siyosatga kirish bugungi O‘zbekistonda boshni kundaga qo‘yish bilan barobar. Bu haqda Jahongirga yozuvdim ...
11 noyabr 2021
Xalqaro jurnalist «Agneshkaxon voqeasi» ko‘p savollarga javoblarni ochib berdi. Kelinglar, jonajon akkreditatsiyadan boshlaymiz. Aynan ularni ...