Asosiy mavzular
2 oktyabr 2018

MIB ko‘z yoshlarga ishonmaydi

Majburiy ijro byurosi tomonidan xalqdan undirilgan trillionlab so‘m mablag‘ning bir qismi aholining zimmasiga yuklangan asossiz qarzdorlik bo‘lishi ehtimoli juda yuqori.

Chunki so‘nggi vaqtlarda mahalliy ommaviy axborot vositalarida iste'molchilar bo‘yniga aksariyat hollarda tabiiy gaz va elektr energiyasidan foydalanganlik uchun asossiz qarzdorliklar yuklangani to‘g‘risida ko‘plab xabarlar berilmoqda.

To‘g‘ri, bu xabarlar shu kabi qarzdorlik haqida fuqarolar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish idoralariga shikoyat qilganidan so‘ng adolat qaror topgani to‘g‘risida.

Ammo o‘zbek jamiyatining o‘ziga xos xususiyatlari e'tiborga olinib, shikoyat qilmaganlar shikoyat qilganlardan ko‘p bo‘lishi nazarda tutilsa, undirilgan trillionlarning bir qismi aslida qarzi yo‘qlardan majburan tortib olingan mablag‘lar bo‘lishi ehtimolini oshiradi.

MIB direktori Botir Qudratxo‘jaev “Xalq so‘zi”ga bergan intervyusida xalqdan nohaq tortib olingan mablag‘lar to‘g‘risida hech narsa demagani tabiiydir. Zero, buni aytib qo‘yganida yeyilmagan somsaning asl qiymati oydinlashar edi.

MIB rahbarining mazkur gazetaga aytishicha, 2017 yil iyundan 2018 yil sentyabrgacha aholidan kommunal xizmatlar uchun 29,5 trillion dollar, ya'ni 3,6 milliard dollarga yaqin qarzdorlik undirilgan.

Jumladan, elektr energiyasi uchun 15,4 trillion so‘m, tabiiy gaz uchun 13,2 trillion so‘m, ichimlik suv uchun qariyb 835 milliard so‘m undirilgan.

Albatta, bu qarzdorlikning hammasi ham nohaq emas. Katta qismi haqiqatan ham undirilishi kerak bo‘lgan mablag‘dir.

Lekin, avvalo, buncha qarzdorlikning kelib chiqish sabablari, omillariga e'tibor qaratish joiz bo‘ladi.

Bu qarzdorlikning asl sabablaridan biri mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy vaziyat bois aksariyat aholi qo‘lida ro‘zg‘orni tebratishdan ortiq mablag‘ning yo‘qligidir.

Ikkinchi sabab esa kommunal xizmat sohasidagi keng ko‘lamdagi korruptsiya hisoblanadi. Minglab noqonuniy sexlar hisobdan tashqari foydalangan gaz va elektr energiyasi uchun mazkur soha mutasaddilari cho‘ntagiga qancha mablag‘ tushgani bugun yaratganning o‘ziga ayon.

Uning badalini esa oddiy xalq to‘lamoqda. Chunki cho‘ntakka ketgan mablag‘ning o‘rnini to‘ldirish majburiyati oddiy iste'molchilar bo‘yniga kelib tushmoqda.

Joriy yil boshida gaz idorasiga to‘lov uchun borgan ko‘pchilik yana qo‘shimcha pul to‘lashi kerakligini eshitganida tepa sochi tikka bo‘lganini bugun ko‘pchilik uchun sir emas.

Gap shundaki, foydalanilgan gaz uchun to‘lovga borganlardan qo‘shimcha to‘lov talab qilindi. Buning sababi so‘rab-surishtirilganida ortiqcha to‘lovning avvalgi to‘lovlar kechiktirilgani uchun penya ekani aytildi.

Lekin yil davomida bir necha marta to‘lov qilgan iste'molchidan nega penya o‘sha vaqtning o‘zida olinmagani haqidagi savollar javobsiz qoldi.

Norozilar esa yuqori gaz idoralariga yuborildi. U yerdan esa “norozi bo‘lsangiz, sudga murojaat qiling”, degan javoblar olindi.

Ammo iste'molchilarning hammasi ham sudga murojaat qilmagani tabiiy. Chunki penya to‘lash sudma sud yugurib yurishdan ko‘ra arzonroqqa tushadi. Qolaversa, sudning iste'molchi foydasiga qaror chiqarishi hali dargumon bo‘lsa…

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi idoralarning birining xodimi o‘sha paytlarda muallifga shipshitishicha, gaz va elektrdan bu kabi qarzdorliklar yuzasidan keladigan shikoyatlarni keng o‘rganish og‘zaki ravishda taqiqlangan. Bu haqdagi buyruq MIB tomonlardan kelgan…

Ana shunaqa gaplar. Yig‘ilgan trillionlar xalqning ko‘z yoshlari bilan qorishib yotibdi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 yanvar 2017
Milliy olimpiya qo‘mitasining 6 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan XXX Bosh Assambleyasi yig‘ilishida Qo‘mita Vitse prezidentligiga Salim Abduvaliev saylandi. Shuningdek ...
15 mart 2018
Prezident Mirziyoev tanqidi ortidan 15 mart kuni «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga ...
22 yanvar 2021
Salom, mening sadoqatli do‘stlarim va dushmanlarim! Sizlar bilan ekran orqali diydorlashishni bir hafta orziqib kutdim. Shodligu g‘amimni siz bilan ...
11 aprel 2020
O‘zbekiston xalq shoiri, satirik va yumoristik janrdagi kitoblar muallifi Anvar Obidjon 73 yoshida 11 aprel kuni olamdan o‘tdi. Bu ...
Bloglar
18 yanvar 2022
Tarmoqda ikki toifa mullalar bir-biri bilan qirpichoq bo‘lmoqda. 1-toifa: Hukumat va DXX yo‘rig‘ida yurib chiziqdan ...
16 yanvar 2022
O‘zbekistondagi har bir mulozimning ichida bitta shoir, har bir shoirning ichida bitta mulozim yashaydi. Bu ...
10 yanvar 2022
O‘zini bir guruh faollar deb tanishtirgan guruh Eltuz telegram kanaliga yozib, quyidagi murojaatni chop qilishni ...