Catira
31 oktyabr 2018

O‘quvchisini urgan toshkentlik pedagog jarimaga tortildi

Toshkentning Chilonzor tumanidagi maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi, 30 yashar Farhod Miniyozov o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shatildi va sud qarori bilan u boshlang‘ich sinf o‘quvchisini kaltaklagani uchun 551.900 so‘m jarimaga tortildi.

O‘g‘lining kaltaklanganini iddao qilayotgan Aziza Shukurovaning «Eltuz»ga bildirishicha, unga sud qarori va xalq ta'limi bo‘limi xatini 30 oktyabr kuni keltirib berishgan.

Chilonzor tumani xalq ta'limi bo‘limi mudiri N.Sotvoldievaning 22 oktyabrdagi xatida bildirilishicha, Miniyozovning arizasiga ko‘ra «uning 164-umumta'lim maktabi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi» bekor qilingan.

Chilonzor tumani ma'muriy sudining 18 oktyabrda o‘tgan majlisida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Miniyozovning shu maktab o‘quvchisi qorniga urib yengil daraja tan jarohati yetkazganini sud tibbiy tekshiruvi natijasida aniqlagan.

O‘quvchining onasi ko‘rilgan choralardan norozi

O‘quvchining onasi Aziza Shukurovaning «Eltuz»ga aytishicha, shu kuni o‘g‘li maktabdan kelganidan so‘ng tobi qochib qolgan. Lekin indamagan. Voqea tafsilotini u shifoxonaga olib borilganidan keyingina onasiga aytib berishga majbur bo‘lgan.

Shukurova, shuningdek, «Eltuz» nashriga Miniyozov o‘quvchilarga nisbatan ilgari ham muttasil shunday harakatlar sodir qilib kelgani va bundan ko‘pchilik ota-onalar norozi ekanini bildirdi.

Ayni paytda Shukurova bolani kaltaklagan o‘qituvchining arzimagan jarima bilan va o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shatilishidan norozi ekanligini aytdi.

«Men hozir xalq ta'limi bo‘limiga yana arz qilmoqchiman, Miniyozovni arizasi bilan bo‘shatish noto‘g‘ri. Uch EKIH jarima bor-yo‘g‘i 50 dollar bo‘larkan. Lekin bu yerda bolani davolatishim uchun ketgan xarajatlar va menga tovon puli to‘lanishi ko‘rsatilmagan», dedi u «Eltuz» bilan suhbatida.

Shukurova, shuningdek, bittayu bitta arzanda o‘g‘lini yolg‘iz ona sifatida tarbiyalayotganini aytdi.

O‘qituvchining obro‘si qolmadi

Ayni paytda «Eltuz» nashriga intervyu bergan Farhod Miniyozov bolani urmagani, balki to‘polon qilgani uchun 20 marta o‘tirib turishga buyurganini bildirdi. Shu mojarodan keyin o‘z arizasi bilan ishdan bo‘shagani ma'lum qildi.

«Bugungi kunda o‘qituvchining o‘quvchi oldida bir pullik obro‘si qolmadi. Aslida ota-onalar maktabning ichki tartib-qoidalariga bo‘ysunishlari kerak. Lekin ular o‘qituvchiga eng past tabaqadagi shaxs kabi qarashadi», dedi Miniyozov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u 40 nafar o‘quvchi bilan mashg‘ulotlar o‘tkazib kelgan. Ayrim o‘quvchilar sho‘xlik qilib, o‘qituvchisidan dakki eshitishi bilan darrov ota-onasini maktabga yetaklab kelishadi.

«Ularga gap kor qilmaydi. Oqibat ta'lim tizimida erkak o‘qituvchilar yetishmasligi yuzaga keladi», deydi o‘z kasbidan hafsalasi pir bo‘lgan Miniyozov.

Bugungi O‘zbekistonda ba'zan o‘quvchilarning o‘zlari maktab o‘qituvchilarini tahqirlashgani, kaltaklagani holatlari ham ro‘y bermoqda.

Jumladan, 24 oktyabr kuni 160-maktab o‘quvchisi dars paytida fizika o‘qituvchisini urib, burnini sindirgani haqida «Ozodlik» radiosi xabar bergan edi.

Shuningdek, «Eltuz» nashri shu yilning iyulida talabalari tomonidan kaltaklangan Namangan muhandislik texnologiya institutining sobiq domlasi Sirojiddin Ashurovning videomurojaatini e'lon qilgandi.

Bolalarning kaltaklanishi – O‘zbekistonda tarqalgan xolat

O‘zbekiston ta'lim tizimida o‘qituvchilarning maktab o‘quvchilarini, talabalarni urishi yangilik emas.

Masalan, kollej o‘quvchisini kavushi bilan urgan urganchlik o‘qituvchi Zebo Nafasova 2018 yilning 14 aprel kuni ishdan bo‘shatilgandi.

2017 yilning 16 martida esa boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini o‘quv quroli bilan urib haqorat qilgan farg‘onalik o‘qituvchi ham ishdan haydaldi.

Bu ikki holat bo‘yicha praktikantlar olgan video ijtimoiy tarmoqqa qo‘yilib ovoza bo‘lganidan so‘ng chora ko‘rilgan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 yanvar 2018
23 yanvar kuni bir guruh o‘zbekistonliklar muxolifat lideri Muhammad Solihni “vatanga qaytarish”ni so‘rab prezidentga murojaat xati yozishdi. “Endi biz ...
4 iyun 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 30-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) Qutulishing yagona yo‘li esa ...
19 iyun 2020
Azizlarim, sizlar bilan hafta aylanib, yana bir bora yuzlashib turibman. Bu juda aziz uchrashuv. Bir paytlar Toshkentda metroda yurganimda, ...
11 fevral 2020
Ijtimoiy tarmoqda «Ilhom» teatridan binoning olib qo‘yilishiga qarshi norozilik ortidan 11 fevral kuni Madaniyat vazirligi teatrning o‘z o‘rnida qolishini ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...