Asosiy mavzular
13 noyabr 2018

Bu ketishda odamlar fermerlikka ham majburlansa ajab emas

“Bu yil fermerlarga har yilgidan ko‘ra og‘ir bo‘ldi. Ularga nisbatan zug‘um va zo‘ravonliklar ko‘lami oshsa oshdiki, aslo kamaymadi”.

Bu qashqadaryolik fermerning e'tirofi. U joriy yilda ham g‘alla, ham paxta rejasini bajartirish uchun mahalliy hokimiyat organlari tomonidan ko‘plab zo‘ravonliklar qilinayotganini aytdi. Foto: Temur Karpov

Bu yil O‘zbekistonda dehqonchilik uchun juda og‘ir keldi. Bahorda ob-havo noqulayligi sabab g‘allaga kasallik tegdi – zang tushdi. Dehqon bir amallab hosil yetishtirgach, davlat avvalgi yillardagidan ko‘ra ko‘proq g‘irromlik qila boshladi.

“Rejani bajarganlardan ham ortiqcha g‘allani tortib olishdi. Bajarmaganlarga yanada qiyin bo‘ldi. Majburiy mehnat byurosi degan bir balo chiqdi. Ularning mol-mulkini talay boshlashdi”, deydi fermer.

Yog‘ingarchilik sabab chigit ekish ancha kechikdi. Keyin esa qurg‘oqchilik dehqonning sillasini quritdi. Kamida 4-5 marta suv ichishi kerak bo‘lgan g‘o‘zani arang 2-3 marta sug‘organlar ko‘p bo‘ldi.

“Natijada bu yil paxta yaxshi bo‘lmadi. Fermerlar yana avvalgidek yarim tundan og‘guncha hokim o‘tkazadigan majlislardan bo‘shamadi. Do‘q-po‘pisa, so‘kishlarning cheki yo‘q”, deydi qashqadaryolik fermer.

“Paxta siyosati har yilgidan ham kuchayib ketdi. Bu yil avvalgi yillardan battar bo‘lsa bo‘ldiki, yengillashmadi! Majburlash va zug‘umlar odamlarni jonidan to‘ydirib, ularning prezidentga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmoqda. Hokimidan tortib prokuror, IIB boshlig‘i, soliq idorasi rahbari har kuni fermerning ustida”, deya qo‘shimcha qildi u.

O‘zbekistonda rejani bajarmagan yoki bajarishga kechikayotgan fermerlarga yerini tortib olish bilan dag‘dag‘a qilinadi. Paxta terimi nihoyalagan sari bunday po‘pisalar jonidan o‘tib ketgan fermerlarning o‘zi yerini topshirishdan qo‘rqmay qo‘yadi. Ammo bahor kelganidan so‘ng baribir yana dalasiga qaytib, dilda umid bilan yerga urug‘ qadashga kirishib ketadi.

Hozir hokimlar fermerdan yerini tortib olaman desa, ular bajonu dil bunga rozi bo‘ladigan darajaga yetib keldi.

Qashqadaryolik fermerning aytishicha, yaqinda hokim fermerga yerini tortib olish bilan dag‘dag‘a qilganida u hoziroq qaytarib berishga tayyorligini aytgan. Shundan keyin hokim: “Mening fermerlik qiladigan qarindosh-urug‘im yo‘q. Qanday qilib bo‘lsa ham paxta rejasini bajarib qo‘y. Bo‘lmasa uyingga MIBni jo‘nataman”, degan.

Haqiqatan ham Majburiy ijro byurosi fermerlarga tazyiq o‘tkazishning navbatdagi vositasiga aylandi. Rejani bajarmaganlarning mol-mulkini xatlovga olib, bo‘ynidagi qarzini uzmasa, ularni musodara qilish amaliyoti paydo bo‘ldi.

“Hozir bizda juda ko‘p fermer yerini topshirish harakatida yuribdi. Agar shunday ketaversa, yerga ishlaydigan fermer qolmaydi. Keyin bular fermerlikka ham majburlaydi shekilli odamlarni”, deydi qashqadaryolik fermer.

Bosh vazirning endilikda sobiq o‘rinbosari Zoyir Mirzaevning fermerlar va qishloq xo‘jaligiga mas'ul bir necha amaldorni qo‘liga kesak ko‘tartirib jazolagani, ariq suviga tushirib qo‘ygani, mashina oldiga solib yugurtirgani voqealari joriy yilda fermerlarga bo‘lgan hukumat darajasidagi zo‘ravonlikning bir ramzi o‘laroq ko‘rilmoqda.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 oktyabr 2018
Xalqaro boks uyushmasi (AIBA) prezidentligi uchun 2-3 noyabrda o‘tadigan saylovda o‘z nomzodini qo‘ygan o‘zbekistonlik 66 yashar G‘afur Rahimov jinoyat ...
3 iyun 2016
30 may kuni yozuvchi Mamadali Mahmudovning uyiga uning ruhsatisiz, devor oshib tushgan shaxslarning bosimi adibning keksaygan 75 yoshida ayni ...
27 yanvar 2016
Eltuz.com sayti, shu kunlarda shov shuvi O‘zbekistondan tashqariga chiqib, dunyo armanlarini xam xavotiriga sabab bo‘layotgan “Jizzaxlik fermer Aramais Avakyan ...
27 noyabr 2023
Rossiyaning mustamlakachilik siyosati ta'siri ostidagi O‘zbekistonning bugungi hukumati Turkiston muxtoriyati tuzilgan sanani atay unutishga intilib keladi va bu sana ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...