Asosiy mavzular
3 dekabr 2018

O‘zidan chiqadigan gaz va elektrga yolchimayotgan xalq

“O‘z gazingni o‘zgaga berib, tappi yoqqan o‘zbegim”, deya sovet davrini yomonlagan xalqimiz o‘zining zamonaviy tarixida ham gazga yolchimayapti.

O‘zbekistonda aholi va sanoat korxonalarining gazga ehtiyoji ortib borayotgan, bu ehtiyojni qondirish katta muammoligicha qolayotgan bir paytda “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi Xitoyga gaz yetkazib berishni yanada ko‘paytirish tadorigini ko‘ryapti.

Kompaniya mutasaddilarining ma'lum qilishicha, hozir “O‘zbekneftgaz” neft-gaz sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini ishlab chiqyapti. Bu kontseptsiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri esa “O‘zbekiston-Xitoy” gaz quvurining 4-liniyasini qurish bo‘ladi.

Bundan tashqari, kontseptsiyada tabiiy gazni chuqur qayta ishlash, ikkita neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish masalalariga ham asosiy e'tibor qaratilgan.

Bu rejalardan ko‘rinib turibdiki, mamlakat aholisini quvurlar orqali tabiiy gaz bilan to‘liq ta'minlash masalasi hali-beri hukumat uchun ustuvor vazifaga aylanadiganga o‘xshamaydi.

Buning natijasida sifatsiz, yonishidan ko‘ra tutashi ko‘proq bo‘lgan ko‘mirni yoqib, is gazidan zaharlanish holatlari ko‘paymoqda. Ko‘miri bo‘lmaganlar esa hali ham tappi yoqib kun ko‘ryapti.

Oqar gaz bilan ta'minlanmagan aholi punktlariga suyultirilgan gaz yetkazib berish borasidagi ishlar o‘lda-jo‘lda. Qog‘ozda ishlar besh, aslida esa gaz yo‘qligidan aholining fig‘oni falakda.

Bu yoqda elektr energiyasi bilan ta'minlashda ham ijobiy o‘zgarishlar kam. Hukumat esa Afg‘onistonga elektr yetkazib berishni ko‘paytirish tashvishini qilyapti.

Yaqinda Talimarjon issiqlik elektr stantsiyasidagi nosozlik sabab respublikaning juda ko‘p hududlarida o‘zi shunday ham katta muammo bo‘layotgan tok o‘chirishlar miqyosi bir necha barobar ko‘paydi.

Avtoritar boshqaruv usuli uchun tinimsiz tanqid qilinib kelinayotgan Imomali Rahmon birinchi navbatda o‘z aholisini ta'minlash uchun O‘zbekistonga elektr uzatish hajmini qisqartirsa, biz o‘zimizning xalqimizni o‘ylamay, uni “jafokash qo‘shni”ga pullash ilinjidamiz.

Natijada rivojlantiramiz deb og‘iz yirtayotganimiz kichik va o‘rta biznes bugun ishlamay o‘tiribdi. Chunki tok yo‘q.

Elektr bo‘lmasa, ishlab chiqarish bo‘lmaydi, ishlab chiqarish bo‘lmasa, odamlar ishsiz qoladi, ishsizlar oylik olmaydi, ro‘zg‘or qaqshaydi…

Bu zanjirli reaktsiya uzluksiz davom etadi. U xalqni yanada qashshoq qiladi, turmushni og‘irlashtiradi, mamlakat taraqqiyotiga g‘ov bo‘ladi.

Gaz o‘rniga tappi yoqqan, 21-asrda ham qora chiroqqa kuni qolgan xalqqa esa buyuk kelajak, farovon hayot va'da qilish hamon davom etmoqda.

Bu va'dalarni eshitib, sovet davridagi mashhur fantastik film esga tushaveradi. 25 yil davomida o‘sha kinodagidek “biz sizni baxtiyor qilamiz”, deb aqlimizni to‘mtoqlashtirib kelishdi.

Bugun ham biz shunday gipnoz ostidamiz go‘yo. Bizni baxtiyor qilmoqchi bo‘lganlarning o‘zlari baxtiyorlikka erishganiga ancha bo‘ldi.

Gazimizni Xitoyga, elektrimizni Afg‘onistonga sotganlar yanada baxtiyorlashib boraveradi, biz esa baxtiyor kunlarimiz kelishiga ishonib yashayveramiz…

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 fevral 2017
Andijon shahrida fevral boshida faoliyati taqiqlangan “Damas” mashinalari tumanlarga ketib kirakashlik qilmoqda. Bu haqda Eltuz muxbiriga bildirgan andijonlik 28 ...
23 noyabr 2021
Yangi milliy kutubxona qurilishi (yangi milliy teatr qurilishi ham) yangi va yap-yangi O‘zbekistondagi eng keraksiz loyiha. Kechagina qurilgani Navoiy ...
26 mart 2019
O‘zbekistonlik shoir, 56 yashar Mahmud Rajab 26 mart kuni ertalab 8.30 larda Gurjistonning Tiflis shahridan qaytayotganida Toshkent aeroportida o‘zbek ...
27 dekabr 2020
Manbalar “Eltuz”ga O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev toshkentlik ishbilarmonlar orasida “Shayton” laqabi bilan tanilgan, muqaddam firibgarlikda ayblangan 45 yoshli ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...