Asosiy mavzular
3 dekabr 2018

“G‘o‘ddayganlar”dan qolgan vayronalar

Mana bu rasmlarda ko‘rib turganingiz Suriyaning Idlib yoxud Halab shaharlaridagi binolarning emas, O‘zbekiston Respublikasi Navoyi viloyati Xatirchi tumani Langar qishlog‘idagi granit koniga qarashli zavod va fabrikalar vayronalaridir.

Vayron qilingan gastronom

Bir paytlar gullab-yashnagan bu korxona IShID jangarilarining bombardimoni tufayli emas, pogonli “terrorist”larning xuruji natijasida shu ahvolga kelib qolgan.

Langardagi maktab o‘rnidagi xarobalari

Tillardan tushmaydigan musaffo osmonning tagida oshkora sodir etilgan talonchilikka qarshi kurashayotgan Mamayoqub Hamroev ushbu korxonaning sobiq rahbari. Quvg‘indagi rahbari. Chunki Mamayoqub Hamroev bugungi kunda Navoyi viloyati prokuraturasining tashabbusi bilan bir yilu 10 oyga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Pogonli “qaroqchi”lar bilan “jang” tarixi

“G‘o‘ddaygan”lar va M.Hamroev o‘rtasidagi “jang” 2001 yildan beri davom etib kelmoqda. Shu yili Mamayoqub Hamroev “Langar” ochiq aktsiyadorlik jamiyatiga rahbar etib tayinlangan. “Men kelganimda korxonada 320 kishi ishlar edi”, – deydi M. Hamroev.

Uning aytishicha, o‘rtadagi ziddiyat OAJning ochiq savdoga chiqarilgan aktsiyalari yuzasidan paydo bo‘lgan.

Gap shundaki, Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 15 martadagi qaroriga ko‘ra, ushbu korxonaning davlatga tegishli bo‘lgan 25% aktsiyasi ochiq savdoga qo‘yilgan.

“Bu aktsiyalar aslida zavodning ishchi-xodimlari va Langar qishlog‘ida istiqomat qiluvchilar olishi uchun ochiq savdoga chiqarilishi lozim edi. Ammo ushbu aktsiyalarni kimlarningdir buyurtmasi bilan «ochiq sotuvga qo‘yildi» niqobi ostida yashirincha sotib yubormoqchi bo‘lishgan edi. Bundan xabar topib qolib zudlik bilan harakatlarni boshlab yubordik va ochiq kim oshdi savdoda qatnashish maqsadida xat bilan chiqdik. Lekin amalda zavod ishchi-xodimlari va langarliklar savdoga qo‘yilmadi. Auktsionning o‘zi qachon va qaerda o‘tkazilishi e'lon ham qilinmadi. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, ushbu aktsiyalar yashirin auktsionda “Nur Qurilish Savdo” firmasiga olib berilgan ekan”, – deydi Mamayoqub Hamroev.

Uning aytishicha, “Nur Qurilish Savdo” firmasi O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Bo‘ritosh Mustafoevning jiyani Murodullo Qurolov nazoratida faoliyat yuritgan.

“Ha, bu o‘sha O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari, dabdabali to‘y o‘tkazgani uchun ishdan olinib, hukumat nashrlarida sazoyi qilingan Murodullo Qurolovdir”, – deydi Mamayoqub Hamroev «Eltuz» nashri muxbiriga.

“Langar” OAJ rahbari, bosh muhandisi va kuzatuv kengashi a'zolari adolat so‘rab O‘zbekiston Davlat mulk qo‘mitasiga va boshqa idoralarga murojaat qilishadi. Lekin idoralar oshkora talonchilikni ko‘rib, ko‘rmaganlikka olishadi.

“Zavod ishchilari va langarliklar o‘z haq-huquqlarini va aktsiyalarini talab qilavergach, 2001 yilning dekabr oyida menga Murodullo Qurolovning o‘zi telefon qilib, “Langar” OAJni ko‘tarish uchun shu yerda qo‘shma korxona tuzishni taklif qildi. U kishi xorijiy investor sifatida Rossiyaning “GranitSavstroy” firmasini taklif qildi”, – deya hikoya qiladi M. Hamroev.

“Langar” OAJ rahbari bo‘lajak sherikni o‘rganishini aytganda M.Qurolov bu tashabbusga qarshi chiqqan. “Qurolov bu tashabbusimga nega qarshi chiqqanining sababini keyin bildim: “GranitSavstroy” MChJ Moskvada ham, Rossiyada ham ro‘yxatga olinmagan ekan. Bu korxona faqat bir oydan keyin, aniqrog‘i, 2002 yil 31 yanvar kuni Moskva viloyati Jeleznodorojniy shahrida ro‘yxatga olingan. Qizig‘i shundaki, korxonaning nizom jamg‘armasi atigi 10 ming rubl (shu paytdagi rasmiy kurs bo‘yicha 300 dollar – !) bo‘lgan. Ya'ni M.Qurolov menga hali tashkil etilmagan firmani sheriklikka taklif qilgan. Men u taklif qilgan firmani o‘rganishimni aytishim bilanoq darrov atigi 400 dollar sarflab ro‘yxatga olishgan”, – deydi “Langar” OAJning quvg‘indagi sobiq rahbari.

Mamayoqub Hamroevning aytishicha, u rahbar bo‘lib kelgunicha “Langar” OAJning asosiy vositalari qiymati SSSR zamonidan buyon ataylab qayta baxolanmay kelingan. Natijada uning balans qiymati sakkiz yarim million so‘m bahosida qolib kelgan. “Qo‘shma korxona tuzmoqchi bo‘lgan Murodullo Qurolovning keskin qarshiliklariga qaramay, biz Mulk qo‘mitasi Navoiy viloyati boshqarmasiga xat bilan murojaat qilib, asosiy vositalar qiymatini 152 ming AQSh dollariga ko‘tardik. Bu esa so‘m hisobida qariyib 117 million edi”, – deydi M.Hamroev.

Langarliklarning bu harakatlaridan darg‘azab bo‘lgan Murodullo Qurolov “Langar” OAJ rahbari M.Hamroevga qarshi har xil tuhmatlar uyushtira boshlaydi. Korxona rahbari shubhali va noma'lum xorijiy firma bilan qo‘shma korxona tuzishga tish-tirnog‘i bilan qarshilik ko‘rsatavergach, 2002 yil mart oyida prokuratura idoralari “Langar” OAJga tekshiruvchilar “desant”ini tashlashadi. Tekshiruvga rasmiy bahona sifatida zavodda bir kun ham ishlamagan xatirchilik Mamadyor Xayrievning (Murodullo Qurolovning do‘sti) respublika Bosh prokuraturasiga yozgan tuhmat arizasini asos qilib olishadi. Arizada yozilishicha, go‘yoki korxona omboridan 300 kubometr granit bloklari hamda 600 tonnadan ortiq kvarts dalashpati o‘g‘irlangan emish.

Arizada keltirilgan vajlar garchi o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsa-da, Xatirchi tumani prokurori yordamchisi Samandar Ostonov korxona rahbari Mamayoqub Hamroev va bosh hisobchi Rahmat Safarovni 2002 yilning 9 aprelidan to 28 avgustigacha (besh oy mobaynida – !) tergov qilib, o‘z idorasida har kuni ertalab soat 09.00 dan 23.00-24.00 largacha, ayrim hollarda tonggi 02.00-03.00 largacha olib o‘tirgan.

“Bular nega ishga aloqasi yo‘q va bema'ni savollar berib, meni ertalabdan yarim tungacha o‘z idoralarida olib o‘tirganini avgustning oxirida bilib qoldim”, – dedi M.Hamroev va “g‘o‘ddaygan”larning boshqa firiblari haqida hikoya qilib berdi.

“G‘o‘ddaygan”larning navbatdagi qallobliklari

2002 yil 26 iyun kuni, ya'ni korxona rahbari M.Hamroev tergovda ushlab turilgan paytda, hali tashkil qilinmagan “Lyangar-UzRos” qo‘shma korxonasida Murodullo Qurolov tomonidan zudlik bilan yig‘ilish uyushtiriladi. Yig‘ilishda “Langar” OAJning barcha huquq va majburiyatlari (hali tashkil qilinmagan, mavjud bo‘lmagan (!) “Lyangar-UzRos” O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasiga o‘tkazilishi haqida qaror qabul qilinadi.

Bundan tashqari, Mamayoqub Hamroevning tergovda ushlab turilganidan foydalangan “tovlamachi-firibgarlar”lar 2002 yil 5 iyul kuni umumiy yig‘ilish bayonnomasi bilan “Langar” OAJning barcha mol-mulkini HALI TAShKIL QILINMAGAN (rasman MAVJUD BO‘LMAGAN (!) “Lyangar-UzRos” qo‘shma korxonasiga o‘tkazishgan.

“Lyangar-UzRos” qo‘shma korxonasi nomining oldida “HALI TAShKIL QILINMAGAN” va “MAVJUD BO‘LMAGAN” so‘zlari bekorga katta harflar bilan yozilayotgani yo‘q. Chunki ushbu qo‘shma korxonani tashkil qilish haqidagi qaror Navoiy viloyati adliya boshqarmasida roppa-rosa IKKI OYDAN KYeYIN – 2002 yil 28 avgustda (!!!) Nasriddin Daminov tomonidan qabul qilingan. Qonun talablari qo‘pol ravishda buzilib, Rossiya tomonidan biror tsent mablag‘ yoki uskunalar taqdim qilinmasdan, hattoki biron bir varaq hujjat ham ilova qilinmasdan, soxta qo‘shma korxona davlat ruyxatidan o‘tkazib yuboriladi.

Yuridik institutda 5 yil o‘qib, adliya boshqarmasi va prokuratura idoralariga ishga kirgan mutasaddilar bunday qallobliklarni ko‘rgisi kelmaydi va barcha hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazib berishadi.

“Zadnim chislom” bilan ishlashga o‘rgangan “g‘o‘ddaygan”lar

Mamayoqub Hamroev tomonidan taqdim qilingan hujjatlarga ko‘ra, “Lyangar-UzRos” soxta qo‘shma korxonasi Langar koniga amalda haligacha bir tsentlik pul ham sarflamagan, uskuna ham olib kirmagan. Amalda bu “qo‘shma korxona” Langarda ishlab turgan va 300 dan ortiq odamni ish bilan ta'minlab turgan zavod va fabrikalarni talon-taroj qilish uchun tashkil qilingan hamda qog‘ozlarda O‘zbekistonga investor sifatida olib kirilgan.

M.Hamroevning aytishicha, “Langar” konini talagan qallob va firibgarlar kon mulkini garovga qo‘yib, bankdan kredit olishga ham ulgurishgan. Xususan, 2004 yilda respublika «Sanoatqurilishbank»idan 1 million 720 ming yevro olingan va hanuzgacha qaytarilmagan. Bu kreditga 1 million 720 ming yevro turadigan uskuna emas, amalda atigi 300-400 ming yevro turadigan uskuna olib kelingan. Qolgan 1 million 320 ming yevro miqdoridagi mablag‘ o‘zlashtirib yuborilgan.

“Langar” OAJ quvg‘indagi rahbarining bildirishicha, “g‘o‘ddaygan”lar hali ham o‘z qallobliklari va tuhmatlarini davom ettirishmoqda. “Tasavvur qiling: men korxonaga 2001 fevral oyida rahbar bo‘lib borgan bo‘lsam, prokurorlar meni korxonaning 1999 yildagi kredit shartnomasi noto‘g‘ri tuzilganligi bo‘yicha ham tergab yotishibdi. Mendan oldingi rahbar tuzgan shartnoma bo‘yicha ham men javob berishim kerakmi?!” – deydi M.Hamroev.

Gap shundaki, 1999 yilda “Langar” OAJning o‘sha paytdagi rahbariyati Milliy bankdan 1 million 24 ming dollar miqdorida kredit olgan. Keyinchalik Italiyaning “Roweroy-Ltd” firmasidan amalda 300 ming dollar turadigan eskirgan uskuna ataylab yuqori narxda – 1 million 24 ming dollarga sotib olingan.

“Men 2001 yilda korxonaga kelishim bilanoq, eski uskunalar qimmat narxlarda sotib olinganligi haqida dalolatnoma tuzib, “O‘zqurilishmateriallari” uyushmasiga, Milliy bankka, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga va Navoiy viloyati hokimligiga shikoyat yozganman. Biroq shikoyatlarim javobsiz qoldirilgan. Endi esa “g‘o‘ddaygan”lar aynan men shikoyatlarimda ko‘rsatib o‘tgan kamchiliklar va talon-tarojliklar bo‘yicha o‘zimni ayblashib turishibdi. Vaholanki, men kontrakt tuzilib, bank krediti o‘tkazib bo‘linganidan ikki yil o‘tib “LANGAR” OAJga ishga borganman”, – deydi M.Hamroev.

17 yillik talonchilik va ta'qib hanuzgacha tugamayapti!

“Ochofatlar hech to‘ymas ekan-ey!” – deydi M.Hamroev. Uning aytishicha, korxona mulkini garovga qo‘yib millionlab dollarlarni qarzga olib, eskirgan va arzon uskunalarni suvtekinga keltirib, katta mablag‘larni o‘zlashtirganlari yetmagandek, ochofat kimsalar olgan qarzlarini ham hanuzgacha qaytarishmagan. Ikki-uch martalab kredit olib, kreditini qaytara olmagan korxonaning yangi qarz olish imkoniyatlari to‘liq yo‘qqa chiqarilgach, prokurorlar va ularning “tadbirkor” niqobidagi yugurdaklari korxonaning garovga qo‘yilgan uskunalarini talon-taroj qilishga o‘tishgan.

Bir vaqtlar sanoat markazi bo‘lgan joy xarobalari

“Masalan, 2017 yil oktyabr oyida Murodullo Qurolov va uning sheriklari Langar koniga qarashli bo‘lgan 420 ming dollarlik tosh kesish zavodini (binolarini, uskunalarini, eshik-derazalarini) tag-tubi bilan buzib, olib ketishdi. Navoiy viloyati prokurori Xidir Karimov talonchilikka hech qanday qarshilik ko‘rsatmadi. Uning ruxsatisiz Langardagi oxirgi zavodni talashga kimning haddi sig‘ardi?” – deydi M.Hamroev.

“Sovetlar davrida Kreml ham yurtimizni bunchalik talamagan bo‘lsa kerak. Musaffo osmon tagidagi pogonli “terrorist”lar bir paytlar gullab-yashnagan korxonadan nima qoldirishganini bir ko‘ring!” – deya afsus chekadi “Langar” OAJning sobiq rahbari va korxonadan qolgan vayronalarning suratlarini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda ulkan gigant tashkilot bo‘lgan Langar konining zavod va fabrikalari, maktab va bog‘chalari, qolaversa, aholi yashaydigan uy-joylar poydevorlarigacha to‘liq buzilib, olib ketilgan. Hattoki yer ostidagi o‘nlab kilometrli kabellar, aholini suv bilan ta'minlaydigan katta diamertli 14 kilometrlik suv quvurlari nasos stantsiyalari bilan birgalikda qo‘porib olib ketilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Murodullo Qurolov va sheriklarining yo‘rig‘idagi Navoiy viloyati prokuratura va sud idoralari “Langar” OAJning sobiq rahbarini qamoqqa tiqish ishlariga qattiq bel bog‘lashgan. “Korxona atrofida o‘ralashib yurgan “g‘o‘ddaygan”lardan biri: “Mamayoqub Hamroevni qamatmasak, bizga tinchlik yo‘q!” – debdi. Shu bois Navoiy viloyati prokuraturasi korxonadagi 2002 yildagi maoshlar bo‘yicha qarzdorlik qolib ketgani uchun meni qamashni talab qilib yotibdi”, – deydi M.Hamroev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2002 yilda viloyat prokuraturasi “Langar” OAJ rahbarini besh oy mobaynida (apreldan sentyabrgacha) tunu kun tergovda ushlab turgan, ishga borib, korxonaga rahbarlik qilishiga yo‘l qo‘ymagan. Ana shu paytda korxonadagi 320 kishidan 80 nafar ishchining maoshlari to‘lanmay qolib ketgan. Navoiy viloyati prokurori Hidir Karimov: “Shu 80 kishining maoshlari nega to‘lanmagan?” – degan savolni M.Hamroevga qarshi jinoyat ishiga aylantirgan.

“Birinchidan, men u paytda tergovda bo‘lganman. Prokuratura meni tinmasdan tergovga chaqiraverib, ishga borishimga, korxonaga rahbarlik qilishimga, korxona mahsulotini sotib, korxonaga pul tushirishimga, ishchilarga maosh topib berishimga yo‘l qo‘ymasa, o‘sha 80 kishining maoshidan qarzdorlik yuzaga keladi-da! Bu qarzdorlikning bosh sababchisi aynan viloyat prokuraturasidir. Ikkinchidan, men tergovda bo‘lgan o‘sha besh oy ichida “Langar” OAJning barcha haq-huquqlari va mol-mulki mening imzoimsiz va ruxsatimsiz HALI TAShKIL QILINMAGAN “Lyangar-UzRos”soxta qo‘shma korxonasiga o‘tkazib yuborilgan. Demak, bu qarzdorlikni ham o‘sha qo‘shma korxona yopishi kerak emasmidi? Bu qarzdorlik bo‘yicha barcha savollar menga emas, soxta qo‘shma korxona rahbarlariga berilishi kerak emasmidi?!” – deya haqli savol beradi M.Hamroev.

Ta'qibdagi sobiq rahbarning aytishicha, shu yilning o‘zida Navoiy viloyati prokurori Hidir Karimov jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudiga ikki marta protest kiritib, M.Hamroevni bir yilu 10 oyga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan. “G‘o‘ddaygan» janobning bir protesti qanoatlantirilmasa, u ikkinchisini yozgan. Ikkinchisida ham M.Hamroevni ozodlikdan mahrum qilish zarurligini asoslab bera olmagan.

G‘o‘ddaygan “jangari”lar xurujidan oldingi Langar

Mana bu rasmlarda Langar koniga tegishli zavod va fabrikalarning pogonli “terrorist”larning qo‘llariga o‘tishdan avvalgi holati aks etgan.

«Langar ota» qishlog‘ining avvalgi surati

1940-60 yillarda Sovet Ittifoqi Geologiya qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, Langar konida bir million kubometrdan ortiq granit bor. Marmar va granit toshlarini qazib olish, ularni plita holiga keltirishga va sotishga ixtisoslashgan “Langar” zavod va fabrikalari 1941 yilda tashkil qilingan. 80-yillarning boshida kon ishchilarining oylik maoshi 500-600 rubl bo‘lgan. 1991 yilda, mustaqillik arafasida korxona hisobida 7 million rubl miqdorida mablag‘i bo‘lgan.

Bu korxona mustaqillik yillarida “Langar” ochiq aktsiyadorlik jamiyatiga aylantirilgan. Korxonaning kredit olishga hech qanday ehtiyoji bo‘lmagan. Lekin “Langar” OAJga xo‘jayin bo‘lib kelgan prokurorlar kerak bo‘lmasa ham korxona mulkini garovga qo‘yib, kredit olishgan va olingan kreditni boshqa maqsadlarda o‘zlashtirishgan.

“Langar”ni reanimatsiya qilmoqchiman!”

Mamayoqub Hamroev bir umr konchilik sohasida ishlab kelgan. U granit konchiligi sohasining yetuk mutaxassisi sifatida Langar koniga qarashli zavod va fabrikalarni qayta tiriltirish mumkinligiga qattiq ishonadi. “Talonchilarni topib, ulardan korxona mulkini va korxona uchun olingan million-million dollarli kreditlarni korxonaga qaytarishni talab qilish kerak. O‘g‘rilarga qonuniy jazo tayinlash kerak”, – deydi “Langar” OAJning sobiq rahbari. Uning aytishicha, shu bugungi, nihoyatda talangan vayronalar negizida ham yangidan korxona tashkil qilib, loaqal 100 ta ish o‘rni yaratishga ishonchi komil.

Langardagi fabrika

“Men korxonani noldan bo‘lsa ham qayta yurg‘izish uchun jon kuydiryapman. Ishlab turgan ajoyib bir korxona ko‘z o‘ngimda talandi. Buning natijasida Langar qo‘rg‘onidagi maktabu bog‘chalar, bozoru do‘konlar ham vayron qilindi. Langarda istiqomat qiluvchi 3 ming kishi ham bu talonchilikdan norozi. Korxona oyoqqa turib ketsa, qo‘rg‘on aholisiga ham yaxshi bo‘ladi”, – deydi M.Hamroev.

“Langar” OAJ rahbari uning arizayu shikoyatlari yuqori idoralarda ko‘rilmayotganidan, mutasaddilar uning dodiga befarq bo‘layotganidan xafa. “Gohida Navoiy viloyati prokurori Xidir Karimovga tishi o‘tadigan amaldor O‘zbekistonda yo‘q bo‘lsa kerak, deb qolaman. To‘g‘ri-da, 17 yildan beri adolat izlab, murojaat qilmagan idoram qolmadi. Lekin shikoyatlarim javobsiz qolgani yetmagandek, mana endi o‘zimni qamoqqa tiqishmoqchi!” – deya xo‘rsinadi M.Hamroev.

So‘ngso‘z o‘rnida

Ushbu maqola boshida Langar zavodidan qolgan vayronalar aks etgan suratlar joylashtirilgan edi. Mana bu suratda esa Langarni talashga boshchilik qilgan Murodullo Qurolovning uyi aks etgan.

Mamayoqub Hamroevning hikoyasidan keyin: “Mamlakatni vayron qilish uchun urush bo‘lishi shart emas. Buning uchun oddiy poraxo‘rlik, talonchilik va adolatsizlikning o‘zi kifoya”, – degan xulosaga kelsa bo‘ladi.

Qirg‘inbarot urushlar bo‘layotgan o‘lkalardan soxta ustunlikni ko‘rsatish uchun O‘zbekistonda tinmasdan: “Musaffo osmon!”, “Zato tinchlik!” – deb tomoq yirtildi. Lekin shuning barobarida O‘zbekistonda ham xalq mulki talon-taroj qilindi, ishlab turgan zavod va fabrikalar, binoyu yo‘llar vayronalarga aylantirildi.

Oddiy xalq “soqolli terrorist”lar xataridan tinmay qo‘rqitildi. Lekin musaffo osmonning tagida “pogonli terrorist”lar ham borligi haqida bong urilmadi, ularga qarshi kurashilmadi. Natija nima bo‘ldi?

Natija shu bo‘ldiki, g‘o‘ddaygan “jangari”lar ulkan zavod va fabrikalarni talashdi. Navoyi viloyati Xatirchi tumanidagi Langar konidagi korxonalarni bombalarsiz vayronaga aylantirishdi. Langarga qismatdosh zavod va fabrikalar O‘zbekistonda talaygina.

Mamlakat ravnaqi uchun birgina tinchlikning o‘zi kifoya emas. Buning uchun mamlakatda, eng avvalo, ADOLAT ta'minlanishi kerak. ADOLATni ta'minlash esa hamisha hukumat va davlatning qo‘lidadir. ADOLAT ta'minotidan eng birinchi foyda ko‘radigan tomonlar – hukumat va davlat. ADOLATSIZLIKdan eng birinchi zarar ko‘radigan tomonlar ham – hukumat va davlat.

Elbarsxon Valiev,
toshkentlik muallif taxallusi

Tag‘in o‘qing
15 avgust 2018
O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi yig‘ilishida xotin-qizlar bilan erkaklarning birgalikda basseynda cho‘milishiga e'tirozli shikoyatlar tushgani bildirilgan. O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Elmira ...
17 dekabr 2021
Kun chiqdi. Kun botdi. Oldingi spichdan keyin roppa-rosa 6 marta tong otdi. Eng uzun yaldo tuni ham ortda qoldi. ...
29 oktyabr 2020
Qo‘shni mamlakatlarda bo‘ladigan inqiloblarni xushlamaydigan O‘zbekiston 2010 yil aprelda Qirg‘iziston prezidenti Qurmanbek Baqiev hokimiyatdan chetlatilishini ham sovuq qabul qilgandi.  ...
3 avgust 2023
Eltuzga obunachilardan biri Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va Surxandaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning sobiq direktori Umida Tursunova o‘rtasida ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...