Asosiy mavzular
18 dekabr 2018

Vazirning talablari ota-onaning ham og‘irini yengil qiladimi?

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov joylardagi o‘z qo‘l ostidagi rahbarlarga xat yo‘llab, bir necha talablarni qo‘ydi.

Xususan, vazir xalq ta'limi boshqarmalari va bo‘limlari rahbarlariga o‘qituvchilarni har xil gazeta va jurnallarga majburiy obuna qildirish, kommunal to‘lovlar uchun oylik ish haqidan ushlab qolishni taqiqladi.

Shuningdek, boshqa noqonuniy badallar yig‘ilishiga ham qat'iyan chek qo‘yilishi haqida so‘z boradi bu xatda.

Sherzod Shermatov mahalliy hokimliklar tomonidan ta'lim muassasalari rahbarlari yoki o‘qituvchilarning har qanday majburiy mehnatga, turli yig‘ilishga, tadbirlarda zalni to‘ldirish uchun “tomoshabin” sifatida jalb etilishiga, turli qog‘ozbozlik, hisobotlar tayyorlashga chek qo‘yish zarurligini ham bildirgan.

O‘zini yangi avlod amaldori sifatida ko‘rsatib kelayotgan Sh.Shermatovning bu talablari oddiy o‘qituvchilar tomonidan iliqlik bilan qarshi olindi.

Ammo ota-onalar noqonuniy yig‘di-yig‘dilarni to‘xtatish talabi faqat o‘qituvchilarga tegishlimi yoki o‘quvchilarga ham taalluqlimi, degan savolga aniqlik kirita olmayapti. Chunki ularni tashvishga solayotgani aynan maktablardagi pul yig‘ishlardir.

Ayniqsa, yangi yil bayrami arafasi bunday pul yig‘ishlar eng avjiga chiqadigan palla hisoblanadi.

“Qizim 2-sinfda o‘qiydi. Shu oyning o‘zida turli tadbirlaru sinf fondi uchun qizimga 100 mingga yaqin pul sarfladim. Bu yoqda o‘g‘lim ham ko‘p narsalarga pul so‘rab turibdi”, deydi farzandi Toshkentdagi maktablardan birida o‘qiydigan ona “Eltuz” bilan suhbatda.

U qizining sinf fondi uchun har chorakda 45 ming so‘m, o‘g‘liga ham shuncha pul to‘laydi. Turli tadbirlar uchun alohida pul yig‘iladi.

“Sinf fondidan tashqari qizimning o‘qituvchisiga tug‘ilgan kuni uchun 20 ming so‘mdan yig‘ildi. Jami 500 ming so‘m sovg‘a qilindi o‘qituvchisiga. Yana 20 ming so‘m Yangi yil bayramida bolalarga turli sovg‘alar olishga berdim. 12 ming so‘mdan teatrga ham so‘rab olishdi”, dedi ona.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, pulni ota-onalar qo‘mitasi raislari yig‘adi. Ularning o‘qituvchilar bilan tili bir.

“Agar kimdir so‘ralgan pulni bermasa, o‘qituvchining bu bolaga bo‘lgan munosabati o‘zgaradi,- deydi ona. – Past baho qo‘yadi, o‘quvchiga yetarli darajada e'tibor qaratmay qo‘yadi. Keyin bola ruhan eziladi.

Shuning uchun satqai sar deb, qancha so‘rasa ham pulini berishga majbur bo‘lamiz. Sinf fondidan farroshga ham pul to‘laymiz.

Farrosh maktabdan oylik oladi-ku. Lekin unga yana nega pul berilishini hali ham tushunmayman”.

O‘zbekiston maktablarida o‘quvchilardan turli bahonalar bilan pul yig‘ish illati nihoyatda avj olgan. So‘nggi vaqtlarda bu kabi holatlar haqidagi xabarlar matbuotda ko‘paygani ortidan hukumat muammoni hal etishga urinayotganiga qaramay, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmayapti.

Vazir maktubidagi talablar pedagoglarning og‘irini yengil qilish barobarida ota-onalarning muammolari hal bo‘lishiga ham olib keladimi? Mana shu savolga hali javob yo‘q.

Bahodir Sharif


Eltuz.com
Tag‘in o‘qing
11 fevral 2021
Andijonlik fuqarolardan birining aytishicha, u bir necha oydan beri viloyat hokimi qabulga kira olmayotir. Fuqaro omadi chopib uning qabuliga ...
9 iyul 2018
Kattaqo‘rg‘onda militsiya kapitanining ayol kishini qip yalong‘och qilgan holda tahqirlagani o‘zbek jamiyatida juda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Karimberdi To‘ramurod ...
29 iyul 2018
O‘zbekistonda eng uzoq muddat qamoqda o‘tirgan jurnalist va sobiq siyosiy mahbus Muhammad Bekjon o‘zbek turmasidagi hayotiga bag‘ishlangan birinchi kitobini ...
30 mart 2018
Ijtimoiy tarmoqda 30 mart kuni bog‘cha bolalarini urayotgan o‘zbek tarbiyachisi aks etgan navbatdagi video tarqaldi. «Eltuz» nashrining o‘rganishicha, bu muassasa ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...