Ko‘zqarash
16 noyabr 2020

Shakllanib bo‘lgan tushuncha – «Uzbek na den»

Mayli, nonko‘rga chiqaring, mayli, dushmanga va mayli, provokatorga. Lekin men hozir shunchaki faktlarni konstatatsiya qilmoqchiman.

Ushbu rasmga qarang. Kimdadir bu rasm ruslarga nisbatan g‘azabni, kimdadir esa boshqa hislarni uyg‘otadi. Men esa bu yerda Rossiyada shakllanib, o‘rnashib bo‘lgan tushunchani ko‘ryapman. «Uzbek na den». O‘zbek degan butun bir millat ular nazdida mardikor so‘zining sinonimiga aylandi.

Bu rossiyaliklarning aybimi? Bu ularning bizga past nazar bilan qarashimi? Yo‘q. Bu fakt. O‘zbeklar – eng arzon ishchi kuchi. O‘zbeklar – eng himoyalanmagan gastarbayterlar qatlami. O‘zbek – sariq chaqaga ham ishlovchi mardikor. Bunga faqat va faqat o‘zimiz aybdormiz. Hech kim o‘zbeklarni majburlab Rossiyaga olib borib ishlatayotgani yo‘q. Bu hatto o‘sha migrantlarning ham zarracha aybi emas.

Bu eski hukumatning va uni qo‘llab-quvvatlagan bizu sizning aybimiz. Millionlab o‘zbek to‘p-to‘p bo‘lib, gala-gala bo‘lib Rossiyaga ketishganida ham axborotdan jannatdan xabarlar berildi. Alohida-alohida bo‘lib taxta tobutlarda qaytib kelganida ham televizor va gazetada osmon musaffo edi.

Zato tinchmiz-ku dedik, shukr qildik, indamadik, boshimizni quyi solib, o‘zimiz bilan o‘zimiz yuraverdik. Siyosatga aralashma dedik, o‘z huquqini talab qilmaslikka chaqirdik.

Kimdir qo‘rqqanidan, kimdir aqli yetmaganidan va kimdir amal istab indamadi. Qo‘l siltadi. Heexx dedi-da, yana o‘z ishlarini qildi. Bir tomondan, yoshlar tashviqot bilan to‘ydirildi. Boshqa tomondan, kattalar serial va mayda maishiyattan zehni va qiziqishi uyoqqa o‘tmaydigan tor doira qarashlarida aylanib yuradigan xalqqa aylandi. To‘y, to‘y, to‘y. O‘g‘lini uylantirish va qizini erga berishdan boshqasiga qiziqmadi. Natijada o‘zi bilan o‘zi ovora, to‘ydan to‘ygacha yashaydigan mayda millatga aylandik. Ha, xuddi shunday. Mayda millat. Mendan xafa bo‘lmang. Bu fakt. Bunday xalqni boshqacha nomlay, bo‘lsa ayting. Inkor eting so‘zlarimni.

Soxta vatanparvarlar qarsak chaldi, amaldorlar qilt etmadi.

O‘zgacha har qanday qarash va fikr keskin tazyiqqa olindi. Muammolarni ko‘targanlar esa xalq dushmanlariga.

Biz o‘zimizni mardikorga aylantirishlariga o‘zimiz qo‘yib berdik. Kuzatdik. Osh yeb, choy ichib, zimdan kuzatdik. Indamadik. Eh, mayli dedik.

O‘zbeklar gala-gala bo‘lib, to‘p-to‘p bo‘lib Rossiyaga ketaverdi. Alohida-alohida bo‘lib tobutlarda «gruz 200» bo‘lib qaytaverdi. Axborot esa hamon palon tonna paxta-yu, pismadonchi qishloqda muhtaram prezidentimiz sharofatlari bilan amalga oshirilgan ishlarni yaltillatib yoritaverdi.

Bobolardan faxrlandig-u, hozirgi real o‘zligimiz ahvolini o‘z holiga qo‘yib berdik. Taqdirimizni yagona shaxsning ixtiyoriga topshirdik. Uning kayfiyatiga bog‘lab qo‘ydik.

O‘zimiz aybdormiz. Endi o‘zimiz chidaymiz.

Uzbek na den.

O‘zbeklar ketaverdi, biz oshni yeyaverdik.

Kim aybdor bo‘lsa ham biz aybdor emasmiz, dedik. Zamon zayli dedik, yuksak kelajakka ishondik.

Nimadirni o‘zgartirmoqchi bo‘lsak, yaqin tarixga qarashimiz kerak. Bu tarixni kovlashtirib, tarix bilan yashash emas. Bu kelajakda xato qilmaslik uchun kerak. Buyukligimiz, zo‘rligimiz haqidagi illyuziyalarni chetga surish kerak. Ma'naviyatimiz, mentalitetimiz haqidagi bekorchi gaplarni yig‘ishtirish kerak. Laganbardorlik, paxtaqo‘yarlik, maddohlikning yomonligini bolalarimizga singdirishimiz kerak. Ularni o‘z fikrini qo‘rqmay aytadigan, bosh egib yashamaydigan, o‘z huquqlarini talab qila oladigan, sog‘lom va ilg‘or fikrlaydigan, bilimli qilib tarbiyalashimiz kerak. Toki biz qilgan xatolarni ular qilmasin. Toki biz ishongan yolg‘on tashviqotga ishonmasin. Toki bizday bo‘lmasin. Toki bizdan yaxshiroq bo‘lsin.

Bu avlod yo‘qotib bo‘lindi. Biz tarixga mardikor o‘zbeklar bo‘lib kiramiz. Lekin bizning avlod kelajakda yoziladigan tarixni o‘zgartirsin. Buyuk o‘sish, milliy ongning uyg‘onish davri ulardan boshlansin. Biz esa ularga xalaqit qilmaylik. Otalarimizga bobolarimizdan meros bo‘lib qolgan oshiqcha qo‘rquv va andishani keyingi avlodga yuqtirmaylik.

Keyingi avlod erkin onglar va ilg‘or fikrlar avlodi bo‘lishi kerak. Bu avlodning esa bo‘lari shu.

Kelajak hozir quriladi.
Tarix bugun yaratiladi.

O‘zbeklar ketaverdi, biz esa kuzatdik. Achchiq choy quyib, qaysi viloyatning oshi eng yaxshiligini muhokama qilib, qappaygan qorinlarni silab, yonboshlab yotaverdik.

Nozim Safari
Bloger, shoumen

Tag‘in o‘qing
23 may 2018
Prezident Mirziyoev 22 may kuni Toshkentda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan yopiq eshiklar ortida gaplashdi. Bir soatdan ortiq ...
17 oktyabr 2019
O‘zbekiston siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayoti yangiliklarini yoritib kelayotgan togri.uz sayti faoliyati 14 oktyabrda to‘xtatildi. Sayt muharriri Xurshid ...
9 yanvar 2022
Oqto‘ba Viloyat ichki ishlar boshqarmasi ikki nafar shaxsni “ommaviy tartibsizliklar uyushtirish” aybi bilan hibsga oldi, to‘qqiz kishiga nisbatan jinoyat ...
10 iyun 2021
Bir-biridan mustaqil manbalarning “Eltuz”ga bildirishicha, O‘zbekiston xalq ta'limidagi korruptsiyaning eng ochiq va ayovsiz ko‘rinishi chekka tumanlarda emas, xalq ta'limi ...
Bloglar
3 yanvar 2023
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 20-qismida jurnalistning «Adabiyot nima?» degan ...
25 dekabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 18-qismidan 90-yillarda taniqli adabiyotshunos Ibrohim ...
20 dekabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih suhbatning 17-qismi muxolifat va hokimiyatning kelajagi haqida ...