• Turk rassomi Safar Selvi (Sefer Selvi)chizgan surat. "Jumxuriyat gunashi" sahifasidan
Asosiy mavzular
26 iyun 2019

Erdo‘g‘on yutqazdi. Turk millati Istanbulda demokratiya dostonini yozdi

Nihoyat 23 iyun kuni Istanbul shahri hokimligi uchun qayta saylov bo‘lib o‘tdi.

Istanbul shahri hokimligi uchun 21 mart kuni o‘tkazilgan ilk saylovda Erdo‘g‘on rahbarlik qilayotgan Adolat va taraqqiyot partiyasi- ATP va sherigi Milliy harakat partiyasi – MHPning “Jumhur” ittifoqiga qarshi Jumhuriyat xalq partiyasi yetakchiligidagi muxolifatning “Millat” ittifoqi nomzodi Ikrom Imomo‘g‘li eng ko‘p ovoz olib g‘alaba qozongan edi. Bu g‘alaba davlatning barcha imkonlari, moddiy kuch, iqtidorga bog‘liq muassasalar, diniy jamoalar va OAVlarni Erdo‘g‘on iqtidori dastaklaganiga qaramasdan amalga oshdi.

Foto: Eltuz

Erdo‘g‘onga zarba

Bu mag‘lubiyat 2001 yildan beri saylovlarda yutib kelgan Erdo‘g‘on uchun kutilmagan zarba bo‘ldi. Demokratik tamoyillardan tobora uzoqlashib borayotgan Erdo‘g‘on va uning iqtidori Turkiya iqtisodining 30 foiziga egalik qiladigan va Yevropaning eng yirik shahri hisoblanmish Istanbul mag‘lubiyatini hazm qila olmadi.

Erdo‘g‘on va yondoshlari turli bahonalar bilan olingan ovozlarni qayta sanashni va qayta saylov o‘tkazishni talab qila boshladilar. Natijada Erdo‘g‘on bosimiga dosh bera olmagan Turkiya Oliy saylov komisiyasi (YSK) huquq, aql, mantiq va isbot qoidalariga uyushmagan, turk siyosiy tarixiga bir qora dog‘ bo‘lib kiruvchi qaror bilan Istanbul hokimi saylovi natijalarini bekor qildi.

Foto: Eltuz

Teskari effekt

Turklarda “Yutqazgan pahlavon kurashga to‘ymas” degan gap bor. Qayta saylov kuni belgilandi. Mahalliy saylovga o‘zi uchun shaxsiy g‘urur masalasi o‘laroq qaragan Erdo‘g‘on siyosiy umridagi eng katta strategik xatoga yo‘l qo‘ydi.

Xalqning milliy irodasiga hurmatsizlik qilib, 70 yildir buzilmay kelayotgan saylov muassasasini va demokratik an'anasini toptadi.

Turkiya siyosiy tarixini yaqindan biluvchi mustaqil kuzatuvchilarning ogohlantirishlariga, tarafsiz ijtimoiy so‘rov tahlillariga qaramay, o‘z hirsi, ochko‘zligi va kibriga mag‘lub bo‘ldi.

Saylov kampaniyasi davomida jumhurboshqoni (prezident) sifatida tarafsiz qolishi kerak bo‘lgan Erdo‘g‘on maydonlarga chiqib muxolifat nomzodi Imomo‘g‘li va tarafdorlariga qarshi tuhmat, haqorat va tahqirlashni boshlab yubordi. Mahalliy saylovni Erdo‘g‘on va Imomo‘g‘li raqobatiga aylantirib, tarafsizlik maqomini buzdi.

Bu tahqirlash kampaniyasiga ilk boshlardan dastak berib kelayotgan mulozimlar, hukumat vazirlari va iqtidorga yaqin OAVlar ham jo‘r bo‘lishdi. Bu saylovning asosiy negizida bo‘lishi kerak bo‘lgan mahalliy muammolarni chetlab, muxolifatni vatan xoini, din dushmani, terrorchi kabi yolg‘on tashviqot to‘foniga tutdilar.

Erdo‘g‘onning bu agressiv tili, qo‘rquvga, tahdidga asoslangan nutqlari shundoq ham 17 yillik iqtidordan tinkasi qurigan xalqning, saylovchilarning 35 foizini tashkil qiluvchi yoshlar noroziliklariga olib keldi.

Foto: Eltuz

Dunyoviy davlat istaganlar qozondi

Iqtidordagi partiya jamiyatning barcha qatlamlariga bir “utopiya”, ya'ni kelajak uchun umid, hayajon ulashish qobiliyatini ham yo‘qotdi, buning o‘rniga tarjeh etilgan qo‘rquv, tahdid omillariga tayangan uslub bu saylovda iqtidor uchun manfiy natijalar bilan yakunlandi.

O‘z hirsining qurboni bo‘lgan Erdo‘g‘on o‘zini iqtidorga olib kelgan xalqni, turk millatining haqsizlik, zo‘ravonlik, yakkahokimlik, adolatsizlik qarshisidagi reaktsiyasini o‘chira olmadi. Natijada bu ijtimoiy reaktsiya o‘zi uchun ham, partiyasi uchun ham Istanbulda Turkiya siyosiy tarixining eng og‘ir mag‘lubiyatiga sabab bo‘ldi.

Mart oyidagi ilk saylovda nomzodlar orasidagi farq 13. 000 atrofida bo‘lgan bo‘lsa, qayta saylovdagi farq 800.000 ga chiqdi.

Albattaki, muxolifat nomzodi Ikrom Imomo‘g‘lining va “Millat” ittifoqining bu g‘alabasi tamalida ham ayni sotsiologiya mavjud.

Imomo‘g‘li qo‘llagan til, jamiyatning barcha qatlamlarini, guruhlarini birlashtiruvchi radikal sekulyarizmdan uzoq bir uslub, Istanbul xalqining asosiy muammolariga qaratilgan saylov kampaniyasi turk jamiyatida, yoshlar orasida yangi bir umid hosil qildi. Jumhuriyat tarixi davomida ilk bora muhofazakor qanotning ham ovozini olishga erishdi. Imomo‘g‘li, “Millat” ittifoqi tahdidlar, kamsitishlar, haqoratlarga qaramasdan, “Har shey go‘zal olajaq” , ya'ni “hammasi yaxshi bo‘ladi” dedilar va xalq umidini, demokratiyaga bo‘lgan ishonchini qozondilar.

Erdo‘g‘on oilasi va din tujjorlari “xazina”dan ayrildi

Istanbul saylovlari turk siyosatida qanchalik ahamiyatga ega? Erdo‘g‘on va unga yondoshlarning Istanbul mag‘lubiyatini qabul qila olmasliklariga muhim sabablar bor.

Erdo‘g‘ondagi bu hirsni qo‘zg‘atgan sabablarning boshida Istanbulning moddiy imkonlari turar edi. So‘nggi 20-25 yil Istanbul va Turkiyaning yirik shaharlari Erdo‘g‘oning iqdidordagi ATP partiyasi uchun, siyosiy islomchilar va yondoshlari uchun davlat va millat mulkini talon-taroj etishiga bir “xazina” bo‘lib xizmat qildi.

Islomni tijorat vositasiga aylantirgan diniy jamoatlar, Erdo‘g‘on partiyasini dastaklovchi vaqflar, Erdo‘g‘on oilasi va yaqinlari Istanbul shahri hokimligi “hadya” qilgan moddiy imkonlar orqasidan qonunsiz, raqobtsiz sharoitda birma-bir “islomiy oligarxiya”ga aylandilar. Erdo‘g‘on va yaqin doirasidagi yondoshlari uchun “oltin tuxum qiluvchi g‘oz” maqomidagi bu imkonlardan osonlikcha voz kechish nafaqat Erdo‘g‘on va ATP partiyasi, balki iqtidor atrofiga uyushgan manfaatchi guruhlar uchun ham istalmagan holat, buyuk yo‘qotish edi.

Bu hazmsizlikning sabablaridan yana biri siyosatni Istanbulda boshlagan “rais” uchun bu shaharning ramziy ahamiyati edi.

Istanbulning qoloq lyumpen mahallasidan jumhurboshi darajasiga ko‘tarilgan Erdo‘g‘onning siyosiy xarizmasi tuzalishi qiyin bo‘lgan talafot bilan so‘nggi davrini yakunladi.

Foto: Eltuz

“the begging of the end”

Qo‘shimcha saylov tugadi, natijalar Turkiyada yangi bir davrning boshlanishi va “Erdo‘g‘on trendi”, ATP hokimiyati uchun yakuniy davrni boshlab berdi. Ya'ni “the begging of the end”, deyishimiz mumkin.

Bu g‘alaba ayni vaqtda turk millatinig kelajakka bo‘lgan umidini, Erdo‘g‘on iqtidori davrida shundoq ham so‘nib borayotgan turk demokratiyasiga bo‘lgan ishonchini quvvatlandirdi.

Shunday qilib, turk xalqi yirik shaharlarda, eng muhimi, Istanbulda demokratiya dostonini yozdi.

Bahodir Fayz,
siyosatshunos
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 avgust 2020
O‘limidan bir-ikki yil burun ham Karimovning o‘lgani haqida har xil xabarlar tarqalgan. Jumladan, 2015 yili 17 noyabrga o‘tar kechasi ...
9 aprel 2018
9 aprel kuni feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida paydo bo‘lgan, O‘zbekiston davlat bayrog‘i fonida to‘pponchani mushukka tirab turgan erkak fotosi mushuksevarlar ...
5 oktyabr 2017
2017 yil 1 oktyabrda chiqqan sud qaroriga ko‘ra, jurnalist Bobomurod Abdullaev, 159-moddaning 4-nchi qismi, “mavjud konstitutsion tuzumni ag‘darish” va ...
3 may 2018
Davlat to‘ntarishida ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaevga 2 may kuni prokuror 5 yil qamoq jazosini, qolgan uch ayblanuvchiga esa sud ...
Bloglar
24 noyabr 2020
“Humo” nomli uchoq shirkati haqida gap chiqishi bilan eronlik do‘stlarim o‘zbeklarni plagiatda aybladi. Eronda “Humo” ...
20 noyabr 2020
Bugun kechqurun gazim yonmadi, o‘zi shundoq ham past yonardi. O‘tin-ko‘mir g‘amlamagandim. Kichkina elektrpech o‘zini o‘zi ...
18 noyabr 2020
Ertalab mosh sotdim. Ko‘p emas, besh yuz kilo. Moshimni sotib olgan tadbirkor yigit: “Moshning pulini ...