ART-DURBIN
4 sentyabr 2019

Sof san'at haqida bir og‘iz so‘z

Mening uzoq yillar avval yozgan bir she'rim bor edi. Unda Sharqning shoiri gul butog‘iga bog‘lab qo‘yilgan devga qiyoslanardi. Bu Sharq klassik she'riyatining aksilijtimoiy tabiatiga ishora qiluvchi musbat (pozitiv) kinoya edi.

Bugun ham kamina bu fikrda sobitman. Sharq she'riyati o‘zining eng yuksak cho‘qqilarida asotsialdir, g‘ayriijtimoiydir.

Balki bu xususiyat she'riyatning san'at o‘laroq o‘z sofligini muhofaza qilish (instinkti) refleksidir. (Albatta, bu xususiyat dolzarb masalalarni tasvirlashga moyil, sotsial yo‘nalishdagi she'riyatning ahamiyatini kamsitadigan bir faktor sifatida ko‘rilmasligi kerak).

Bizning zamonimizda “sof san'at” va bu tushuncha tarafdorlari sotsialistik realizm adabiyotshunosligining tanqid ob'ekti edi.

Garchand 20-asr sovet adabiyotining ilg‘or yosh naslining botiniy dohiylari aynan “sof san'at” tushunchasi vakillari edilar. Ular sovet mafkurasi tarafidan targ‘ib qilingan sovet yozuvchi-shoirlari emas, balki ko‘pincha taqiqlangan G‘arb yozuvchi-shoirlari edilar.

Yosh sovet shoirlariga “G‘arb she'ri taqlidchisi” tamg‘asi urilib, ular milliy ildizlarini inkor etgan osiylar, deya e'lon qilinardi.

Ammo bir oz vaqt o‘tgandan keyin aynan bu “osiylar” yaratgan adabiyot “eng milliy” adabiyot ekanligi o‘rtaga chiqardi.

Haqiqatan ham, asl milliy bo‘lgan san'at – milliylikusti san'atdir.

Chunki haqiqiy san'at sof aql bilan emas, ruh tarafidan yaratiladi. Shu bois ham haqiqiy san'at asari asrorlidir, sirlidir.

Inson ruhi naqadar sirli borliq bo‘lsa, sof sanat ham shu qadar sirlidir.

Shuning uchun ham sof san'atni jiddiy tahlilga tobe tutish imkonsizdir. Va bu sohadagi eng teran tadqiqotlar ham hamisha yuzakidir.

Har qanday “she'riyat maktabi” – uydirmadir.

She'riyatda maktab yo‘qdir. Buyuk so‘z ustalari bor, ammo muallimlar yo‘q. Taqlidchilar bor, ammo talabalar yo‘q.

Adabiyot va san'at tarixida ustoz va talaba (murid) rolini o‘ynagan insonlar ko‘p. Ammo bu o‘yinning qoidasidir, san'atniki emas.

Insonni she'r yozishga va yoki rasm chizishga o‘rgatish mumkin emas, xuddi ovozi bo‘lmagan kishini qo‘shiq aytishga o‘rgatib bo‘lmaganiday.

Ovozi bo‘lgan kishi esa aslo muallimga muhtoj bo‘lmaydi. Shuning uchun ham haqiqiy shoirlar (san'atkorlar) hamisha yolg‘izdirlar.

Bu yolg‘izlarni birlashtiradigan yagona omil – yolg‘izlikdir.

Bu san'atning butun dollariga maxsusdir, tegishlidir. Chunki san'atning butun turlari – bir butundir, yakporadir.

She'riyat, rasm, musiqa – bir butundir.

Biz ularni faqat ko‘rinishda har xil ko‘ramiz.

Rasm – bo‘yoqlarda ifodalangan she'rdir yoki bo‘yoqlarda tasvirlangan musiqadir.

Musiqa – kuyda ifodalangan rasm va yoki she'rdir.

She'riyat ham so‘zda ifodalangan rasm yoki so‘zning musiqadagi ifodasidir.

Faqat she'riyatning bir xususiyati bor, bu uning til orqali, so‘z orqali ifodalanganidir. Shu bois, she'riyat, rasm va musiqadan farqli o‘laroq, insonlarni bir-biridan ayiradiganday ko‘rinadi. Ammo ilk qarashda shunday ko‘rinadi. Aslida u ham, rasm va musiqa kabi, insonlarni birlashtirishga xizmat qiladi. Chunki she'r ham, yuqorida ta'kidlaganimizdek, inson ruhining mahsulidir. Til esa bu mahsulni bizning dunyomizga yetkazishga mukallafdir, xolos.

Birlashtiruvchi jarayon badiiy tarjimalar asosida yuz beradi. Ya'ni turli xalqlar she'riyatlarining o‘zaro ta'siri jarayon etadi.

70-yillarda men frantsuz tilini bilmagan holda (rus tilidan) frantsuz shoirlarining asarlarini o‘zbekchaga tarjima etdim. Bugun bu tarjimalarning zamonaviy o‘zbek adabiyotiga ta'sir qilganiga shubham yo‘q. Aynan shu nuqtada she'riyatning, har qanday san'at asarining millatusti xususiyati zohir bo‘ladi.

Men Jak Preverning “Kuzgi yaproqlar” she'riga yozilgan qo‘shiqni xoh Iv Montan ijrosida frantsuzcha, xoh Met Monro ijrosida inglizcha tinglayin, ayni go‘zallik nafasini his etaman. Ruh mahsuli bo‘lmish san'atning milliylikusti mohiyati til to‘siqlarini oshib o‘tadi.

Ammo ba'zi mutafakkirlar, masalan, Edgar Po san'atning ruhiy tarafiga uncha ham ahamiyat bermaydilar. U, masalan, “Qarg‘a” poemasining alliteratsion tizimi matematik bir aniqlik bilan hisoblangan, deydi. Boshqa tarafdan, u aynan shu alliteratsiya, shu ratsional hisoblangan sas tizimi poemadagi sirlilikni, irratsional ruhni kuchaytirganini tan oladi.

Albatta, ustalik bilan qo‘llanilgan alliteratsion silsila o‘quvchiga ruhiy ta'sir qilishning kuchli vositasiga aylanishi mumkin.

“Qarg‘a” poemasini shoir har satr oxirida “hech qachon” so‘zini takrorlashdan boshlaydi. Bu takror sasda ifodalangan mudhish bir kuchga aylanadi. Ichki qofiyalar, alliteratsiya – “Qarg‘a” poemasidagi asosiy jodudir. Bu jodu ipak matohga qo‘rquv va zulmatni kashtalaydi.

Qarg‘aning “Quoth the Raven “Nevermore” qichqirig‘i dahshatli bir assonansdir.

Hatto buyuk tsinik Pol Gogen ham bir paytlar bu joduga asir tushgandi. Gogen odamlarni kuzatib o‘tirgan qush rasmi ifodalangan bir rasmining so‘l, ust burchagida “NEVERMORE”(“HYeCh QAChON”) yozib qo‘ygan.

Mening qadrdon do‘stim, Latviya xalq shoiri Uldis Berzinsh Qur'oni Karimni arabchadan latish tiliga tarjima qildi. U tarjima jarayonida Kitobdagi oyatlarning ichki qofiyalanish tizimini buzmasdan latish tiliga o‘tkazishga harakat qilganini sevinarak e'tirof etgandi.

Haqiqatan ham, qofiya she'riy san'atning muhim atributlaridan biridir. Garchand biz qofiyaga u loyiq bo‘lgan diqqatni ko‘rsatmaslikka odatlanganmiz.

Butun olamlarni Yaratgan Zot tarafidan indirilgan Qur'oni Karim – shu ilohiy joziba bilan yo‘g‘rilgan tengsiz Kitobdir.

Qofiya, alliteratsiya naqadar ratsional hisoblansa hisoblansin, ijodkor Shaxs Ruhining ifodachisidir.

Boshqacha aytsak, qofiya ustaning qalbidan yuksalgan bir jazbadir. Uning daf'atanligi, oniyligi har qanday hisobni ostin-ustun qiladi.

Aytmoqchimanki, sof san'at hali ham mavjuddir. Biz uni yaratmasak ham yoki hech qachon yaratmagan bo‘lsak ham.

Muhammad SOLIH
Istanbul, 2019 yil avgust

Tag‘in o‘qing
17 iyul 2017
«Mana bitta misol, ertalab men Internetni o‘zim ochib o‘qidim, buni menga hech kim bermaydi!» dedi Mirziyoev deputatlar bilan 12 ...
17 fevral 2016
Avariya chog‘ida ikki nafar yo‘lovchi halok bo‘lgan, tag‘in to‘rt nafari shifoxonaga yotqizilgan. Toshkentning Nukus va Shevchenko ko‘chasi chorraxasida 11 ...
16 yanvar 2018
Chimkentlik to‘y egasi buyurtirgan qimmatbaho tort videosi ijtimoiy tarmoqni hayratga soldi. Uning narxi 179 ming AQSh dollariga baholangan. Dastlab ...
27 yanvar 2023
RT: Siz bilan yana gurunglashish nasib etganidan ichimga sig‘may sevinib o‘tiribman.  MS: Nichiksizlar, jollimisizlar, mo‘chchi bika, xo‘jik birrilar… Bormisiz, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...