Ko‘zqarash
16 oktyabr 2019

Jahongir Otajonovga litsenziyasi qaytarildi

Qo‘shiqchi Jahongir Otajonovning ikki kun oldin olib qo‘yilgan ijodiy faoliyat uchun litsenziyasini «O‘zbekkontsert» 16 oktyabr kuni qaytarib berdi, lekin tashkilotning rasmiy saytida bu ikkilanish sababi haqida bildirilmadi.

«O‘zbekkontsert» yoki Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi kabi g‘alati va naftalin hidi ufurgan tashkilotlar nima uchun kerakligini biror bir o‘rtamiyona o‘zbekistonlikning tushuntirib bera olishi dargumon. Ishonmaysizmi?

U holda qo‘lingizga mikrofon va kamerani oling (hozirgi paytda na kamera topish, na Youtubeda xususiy kanal ochishda muammo yo‘q) va hech bo‘lmasa Toshkent ko‘chalari bo‘ylab so‘rov o‘tkazing.

«Davlat byudjeti hisobidan kun ko‘radigan bu institutlarning bizga nega keragi bor, bu kabi ashaddiy faollik imitatsiyasiga qanday ehtiyoj bor?»

Ishonchim komilki, har qanday suhbatdosh sizga oliy vatanparparvarlik safsatasi bilan sug‘orilgan, allaqaerdagi «yuksak ma'naviyat»ni urg‘ulab javob berishadi. Ammo ushbu idoralarning shuncha yillik faoliyati davomida erishgan natijalari haqida konkret hech narsa ayta olishmaydi.

Chunki na hukumat, na mamlakat fuqarolari, na jamoatchilik bu idoralarning xalqqa, hukumatga va jamiyatga nima uchun kerakligini bilishmaydi.

«O‘zbekkontsert» faqat u yoki bu artistni taqiqlash va litsenziyadan mahrum qilishi bilan tanilgan. Siz ular bu yo‘l bilan ijod haqida qayg‘urmoqda, deya o‘ylaysizmi? O‘zbekistondagi reallikdan kelib chiqib bunday javob o‘zingizga kulgili tuyulmayaptimi?

Agar bu idoracha san'at va muxlislarning didi bilan bog‘liq holatga g‘amxo‘rlik qilganida edi, u holda birinchi galda qo‘shiqlarning fonogramma bilan ijro etilishiga taqiq solgan bo‘lar edi.

Biroq u hech qachon bunday qilmagan va siz «Turkiston» yoki «Xalqlar do‘stligi» saroyida o‘z pulingizga tag‘in va tag‘in soxta qo‘shiqlarni tinglashga, siyqa tomoshani ko‘rishga majbursiz.

Bu idora davlat byudjetini qayg‘uryaptimi? Albatta yo‘q. Aksincha u barcha artistlarni to‘y safarlaridagi qora tushumlaridan byudjet foydasiga soliq foizlari o‘tkazishga majburlagan bo‘lardi.

Shu bois, har xil «o‘zbekkontsert» va «ma'naviyatchi»lar O‘zbekiston aholisining «yuksak qadriyatlari» uchun jon kuydirishmoqda, deya hisoblash ahmoqlikdir.

Bu yolg‘onga o‘zingiz ham ishonmaysiz, biroq hamon ovoz chiqarib aytishga qo‘rqasiz va bunga iqror bo‘lishga o‘zingizda jur'at topa olmaysiz.

«O‘zbekkontsert» – O‘zbekistondagi qolgan barcha institutlar kabi korruptsion institut. Va u yerda mo‘maygina naqd pullar aylanmoqda, unvonlar sotib olinmoqda, ayollarga qarshi xarrasment (bosim.tarj) avj olmoqda, pora evaziga «Nixol» mukofotlarini olishmoqda yoki litsenziyadan mahrum qilish kabi turlicha shantajlar bilan pora undirishmoqda.

Siz bu faktlarni men aytmasam ham bilasiz. Mabodo normal surishtiruv o‘tkazilsa, onasini uchqo‘rg‘ondan ko‘rishadi! Shu qadar ko‘p axlat chiqadiki, g‘usul qilib ham ichki ifloslikdan tozalana olishmaydi.

Xudbinlik va johillik ham shu yerda, odamlar o‘zlari aslida toza bo‘lmaganlari holda feyk ma'naviyat va yolg‘ondakam donolik bilan sizga ochiqdan ochiq safsatani yana tag‘in sizning hisobingizdan pullashadi.

«Ma'naviyat va ma'rifat», «O‘zbekkontsert» kabi tashkilotlar yopilishi kerak va bunda hech qanday murosa bo‘lmasligi shart. O‘zbekiston xalqi bu kabi faoliyat taqlidchilarini o‘z hisobidan va muttasil boqmasligi kerak.

Rafael Sattorov
AQShda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik tadqiqodchi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 yanvar 2021
O‘zbekiston rasmiylarining bildirishicha, 2017 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda chaqaloqlarni sotish va sotib olish bilan bog‘liq 185 ta holat ...
12 oktyabr 2018
Jenevaning Lombard Odier banki seyflaridan topilgan va Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytilayotgan qimmatbaho zargarlik buyumlarining qiymati 38 million frankka ...
22 dekabr 2017
22 dekabr kuni prezident Mirziyoev O‘zbekiston Oliy Majlisiga murojaatida mamlakat harbiy doktrinasi butunlay boshqatdan ko‘rib chiqilayotgani haqida gapirdi. «Hokimlar ...
18 yanvar 2019
Turk yozuvchisi Aziz Nesin va rus yozuvchisi Anton Chexovga taqlidan va bo‘lgan voqeaga asoslanib yozilgan «hikoya» Bu hikoya yana ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...