Catira
3 fevral 2020

Hokimto‘ra, yangi to‘ningiz qulluq bo‘lsin!

O‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilishda uzoq yillar jonbozlik ko‘rsatib kelgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov “Xalq ta'lim homiysi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi. 

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan taqdim etilgan bu yangi “to‘n”ni shaxsan vazirning o‘rinbosari hokimning “elkasiga yopdi”. 

Sh.Abdurahmonovga bu ko‘krak nishoni 2019 yilda viloyatda “maktablarning moddiy-texnika bazasini yaxshilashga qo‘shgan hissasi uchun” berildi. 

Avvalo, aytish kerakki, hokim maktablarni o‘z hisobidan jihozlagani yo‘q. Barcha ishlar davlatning puliga qilingan. 

Qolaversa, viloyat hokimining xalq ta'limi sohasiga munosabati borasida har doim ham iliq gaplarni eshitmaganmiz. 

Masalan, 2017 yilda byudjet tashkilotlari xodimlarini paxta terimiga majburiy chiqarishni jinoyat degan Andijon viloyati hokimi o‘qituvchi va tibbiyot hamshiralarini yana dalaga haydayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. 

Bunga javoban hokimning matbuot xizmati ular ixtiyoriy ravishda, vijdon amri bilan paxtaga chiqayotgani haqida safsata sotgandi. 

2018 yilda esa Shuhratbek Abdurahmonov “ma'naviyat hashari” uyushtirib, byudjet tashkilotlari, jumladan, o‘qituvchilarning ham bir kunlik ish haqini hokimlikning maxsus hisob raqamiga o‘tkazish to‘g‘risidagi farmoyishi bilan tilga tushgandi.  

2019 yilda viloyatda o‘qituvchilar va o‘quvchilar nafaqat majburiy mehnatga majbur qilingani, balki ular futbolga chipta olishga ham majburlanayotgani shov-shuv bo‘lgandi. 

Shu o‘rinda “qo‘ylarga qorovullikka tayinlangan bo‘rilar”ni rag‘batlantirish xuddi bugungi davlat siyosatining bir qismiga aylanayotgandek taassurot uyg‘onadi. 

2019 yil Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev uchun ancha og‘ir kelgandi. Uning orqa-oldiga qaramay qo‘l ostidagilarni so‘kayotgani yozilgan audiolar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek tarqab, obro‘siga ancha soya solib qolgandi. 

Hatto bu og‘zi shaloqligi masalasi Senatda ko‘rilish darajasigacha borib yetgandi. 

Ammo shuncha qilmishlariga qaramay, o‘tgan yili davlat rahbari uni “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlab, barchani ajablantirgan edi. 

Agar davlat siyosati shu bo‘lsa, unda bir o‘rinli taklif bor.

Keling, prezidentdan maqtov olish uchun metroni pala-partish qurib, hatto quruvchilar o‘limiga “hicsa qo‘shayotgan” Ochilboy Ramatovga “Metroquruvchilar g‘amxo‘ri”, amaldorlarni ariq suviga tushirib qo‘ygani bilan tanilgan, keyinchalik Qashqadaryo viloyati hokimi martabasi bilan siylangan Zoir Mirzaevga “Rezina etik sotuvchilar ko‘makdoshi”, minglab mehnat migrantlarning aldanishiga yo‘l ochayotgan mehnat va bandlik vaziri Nozim Husanovga “Xususiy migratsiya agentliklari homiysi“ ko‘krak nishonlarini beraylik. 

Rag‘batning bu kabi ko‘rinishi amaldorlarni “xalqqa yanada yaqinlashtirarmidi?!”

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 yanvar 2016
Taniqli qo‘shiqchi, 45 yashar Nargiz Zokirova shanba kuni Moskvaning Backstage restoranida bergan kontserti chog‘ida ikki ksenofob ayolning tajovuziga uchradi. ...
10 yanvar 2024
10 million dollarlik keys! Kuppa kunduzi toshkentlik boy otaning qizi va nevarasi o‘g‘irlab ketilib, ularning kallasi 10 million dollarga ...
5 noyabr 2018
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi noroziligiga qaramay, 3 noyabr kungi majlisida AIBA – Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi 66 yashar G‘afur Rahimovni ...
18 oktyabr 2022
Qashqadaryo viloyat Nishon tumani Xalq ta'limi bo‘limiga qarashli maktab o‘quvchilari shanba yakshanba kunlari paxta terimiga chiqarildi. «Ta'lim sifatining yo‘qligiga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...