Catira
4 fevral 2020

Davlat amaldori oyligiga nechta kostyum xarid qilishi mumkin?

Prezident Mirziyoev 31 yanvar kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida o‘tgan uchrashuvda «bir kichkina bojxona posti rahbari»ning uyidan 400 ming dollar pul chiqqani haqida gapirdi.

«Dunyo hamjamiyati bizni tan olsin deb shuncha harakat qilib yotibmiz, bitta postning boshlig‘i esa 400 ming dollar o‘g‘irlab tursa — nima bo‘ladi?» — deya tadqiqotchi olimlarga ritorik savol bilan yuzlandi Shavkat Mirziyoev.

Davlat rahbarining ta'kidlashicha, amaldorning mol-mulki uning daromadiga nomuvofiq bo‘lsa, u buni izohlab berishi kerak.

«Bularni qaerdan oldingiz, deb so‘raladi. Amaldor yozib beradi. Yo‘qsa, to‘ningni tashla-da, xalqning ichida rahbar bo‘lishga haqqing yo‘q.

Amaldorning bir yillik oyligidan nima qilish mumkin, nechta kostyum olishi mumkin, oilasining topgani bilan nima qila oladi, prezidentning oyligi bilan nima qilish mumkin, boshqa kattalarning oyligi bilan nima qilish mumkin — hammasini yozib beramiz. Biz bunga juda katta tayyorgarlik ko‘ryapmiz», — deya yozg‘irdi prezident.

Dunyodagi deyarli barcha demokratik davlatlarda prezidentdan tortib, to oddiy rahbarlargacha tegishli tashkilotlarga daromad deklaratsiyasini taqdim qilishadi. Biroq bu usul avtoritar davlatlarda haligacha yo‘lga qo‘yilmagan, desak xato bo‘lmas.

O‘z vaqtida O‘zbekistonning marhum Prezidenti Islom Karimov ham, Qozog‘iston Elboshisi Nursulton Nazarboev ham amaldorlarning tegishli tashkilotlarga daromad bo‘yicha deklaratsiya topshirishini yo‘lga qo‘yishga va'da bergan edi.

Ammo ularning va'dalari va'daligicha qolib ketdi. 2019 yilda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qaev imzolagan «Qozog‘iston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish, mikromoliyaviy xizmat va soliq solish masalalari bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda umumiy deklaratsiyalash ishlariga 2021 yildan boshlab bosqichma-bosqich o‘tilishi ta'kidlangan edi.

O‘tgan hafta Qozog‘iston parlamenti senatida bo‘lib o‘tgan davra stolida ana shu masala muhokama qilindi. Moliya vitse-vaziri Qanat Baedilov davra stoli ishtirokchilariga mamlakatda yashovchi vatandoshlar qanday daromadlar bo‘yicha deklaratsiya taqdim qilishi kerakligi xususida tushunchalar berdi.

Vitse-vazirning aytishicha, Q.To‘qaev imzolagan qonunga binoan 2021 yildan boshlab Qozog‘iston umumiy deklaratsiyalashga bosqichma-bosqich o‘tadi. Shunday qilib, 2021 yil 1 yanvardan Qozog‘istonda davlat xizmatchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar hamda ularning erlari (xotinlari) deklaratsiya topshiradi.

Ikkinchi bosqichda – 2023 yil 1 yanvardan davlat idoralari va kvazidavlat sektorlari ishchilari hamda ularning erlari (xotinlari), uchinchi bosqichda – 2024 yil 1 yanvardan yuridik shaxslarning boshliqlari, muassislari va xususiy tadbirkorlar hamda ularning erlari (xotinlari), to‘rtinchi bosqichda – 2025 yilning 1 yanvaridan boshlab qolgan toifadagi barcha vatandoshlar deklaratsiya topshiradilar.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda deklaratsiya topshiruvchilarning umumiy soni taxminan 13 million kishini tashkil etadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 iyun 2019
Veterinar bilan gurunglashib qoldim. Qo‘ylarga bitta ukol qilaman, ikkita, uchta tug‘adi, dedi. Oxirgi bir-ikki yilda O‘zbekistonda uchta tug‘adiganlar ko‘payib ...
21 noyabr 2023
O‘zbekiston X faktor shousini o‘tkazadigan dunyodagi 58 davlatdan biri bo‘ldi. Qadrli muxlislar, bugungi mavzuimiz 19 noyabr kuni 12 nafar ...
11 sentyabr 2018
«2006 yilga qadar «Koson» zonasining tashqi shtabi tomi ustidagi soldat va snay­perlar yarim yil to‘xtovsiz “terrorchilar”ni kutib yashashdi. Ular ...
20 dekabr 2019
Mabodo Jumanazar aka borib kelgan o‘zga sayyora vakillari O‘zbekistonga kelib qolsa, o‘zlarining tarmog‘ida nimalarni yozgan bo‘lishardi? Qandaydir odamlar katta ...
Bloglar
8 fevral 2025
Shu paytgacha «Anora» degan ikki film olindi. Bittasi yetim qizning ashlachi bo‘gani haqida¸ yana bittasi ...
23 yanvar 2025
O‘zbekiston mudofaa vaziri Xolmuxammedov bosqinchi gazanda Rossiya bilan 2026-2030 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi ...
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...