Vaqt mashinasi
7 mart 2020

To‘lgan oy qo‘shig‘i

O‘tgan yil oxirrog‘ida Moskvaga yo‘lim tushdi.

Chumchuqtepada, universitetga yaqin Mosfilm ko‘chasida turdim. Eyr bin bin qilib.

Yo‘llarda aku bilan yuradigan yashil samokat tashab qo‘yishgan ekan.

Birini olib ermakka mindim.

MGU oldidagi ko‘cha pastga enib ketganini moskvaliklar yaxshi biladi.

Xullas, samokatdan yiqilib, oyog‘im lat yedi. Sinmadi, ammo qattiq og‘ridi.

Rassom do‘stim Kostya Zvezdochyotov qo‘yarda qo‘ymay do‘xtirga obordi. Do‘xtir (Kostyaning o‘rtog‘i) rentgen qilib ko‘rdi.

Keyin bedananing tuxumini chaqib, ichidagi sarig‘ini tizzamga surtib, ustidan boylab qo‘ydi.

Tuzalish yo‘liga kirdim.

O‘zbekligimni bilgan do‘xtir tarjimonlik qilishimni iltimos qildi.

Qo‘shni palatada bir o‘zbek ayol o‘ziga bir kelib, bir ketib yotgan ekan. O‘zidan ketganidan alahsirab gapirar, hushiga kelganda esa jim edi.

Tok uribdi bechorani.

Ustiga borib turdim. Alahsiradi. Qo‘shiq aytayotgandi.

Qo‘shiq xorazm o‘g‘uz turkchasida ekanligini bilib, telefonimga yozib oldim.

Uyga kelib, yaxshilab eshitib, shu so‘zlarni tushundim:

Gama galip urilodi Dorg‘ono,
Xot barip iyarin Dorg‘on borg‘ono…

(Kema kelib uriladi Dorg‘onga,
Xat berib yuboray Dorg‘on borganga)

Qo‘shiqning uyog‘ini tushunmadim. Ammo mana bu joyini aniq xatga tushirdim:

Dorg‘onning bo‘yindo qorg‘olor bo‘lsom,
Ër mingan gamada dorg‘olor bo‘lsom,
Ër mingan gamada yolong yosh yigit,
Man o‘z yorimo vapodor bo‘lsom….

(Dorg‘onning bo‘yida qarg‘a bo‘lsam,
Ër suzgan kemada darg‘a (kapitan) bo‘lsam,
Ër mingan kemada faqat chiroyli yigitlar,
Men faqat o‘z yorimga vafodor bo‘lsam.)

U yog‘ini yana tushunmadim. Oxiridagi aniq jumla mana bunday:

Ëp bo‘yindo sho darak shog‘loop duribti, jon chiqon,
Soyosinda bir yo-o-o-sh yigit yeg‘lap duripti, jon chiqon.
Yig‘lasa ham yig‘lasun, dardini aytib yig‘lasin,
Endi mandan ravo yo‘q. Belni mahkam bog‘lasun………

(Soy bo‘yida shox terak shovullab turibdi,
Soyasida bir yosh yigit yig‘lab turibdi,
Yig‘lasa ham yig‘lasun, dardini aytib yig‘lasun,
Endi mendan ravo yo‘q. Belni mahkam bog‘lasun).

Eshitganimni qog‘ozga tushirdim. «Eltuz» redaktori Qudrat og‘aga telegramdan uzatsam, tarjima qildi bu she'rlarni. Xullas, bu kasal qizning holidan yana bir marta xabar olgim keldi.

Kostyaning mashinasida bordik. Palataga kirsak, qiz o‘ziga kelibdi. Ji-im o‘tiribdi, bir nuqtaga qarab.

Borib stul qo‘yib, uning oldida o‘tirdim.

Kostya sumkasidan meva-cheva olib, tumbochka ustiga qo‘ydi.

Qiz minnatdor nazar bilan Kostyaga zimdan qarab qo‘ydi.

Birpas jim o‘tirdik. Qiz yerga qarab, sekin so‘rashdi men bilan. Men ham uni asta savolga tutdim. O‘zi oldin ham ruschani yaxshi bilmaydigan qiz tok urgandan keyin tili tutilib, o‘z tilida zo‘rg‘a gapirardi.

Bu qiz 21 yoshda. Ismi To‘lg‘anoy. Xorazmning Bo‘yrachi qishlog‘idan ekan. Moskvada farroshlik qilishini va o‘tgan haftadagi qattiq shamolda uzilgan elektr simiga chuvalashib, tok urganini aytib berdi.

Qiz erdan ajragani, bolasi yo‘qligini ham aytdi. Uni aytishicha, farrosh bo‘lib ishlaganda o‘z qishlog‘idagi to‘qqiz odamga pul yuborar ekan. Otasi-onasi, aka-singil va opalariga alohida-alohida.

Ammo qizning tok urib o‘lar holatda ekanini bilgani zahoti bu “qarindoshlar” darrov aloqani uzishibdi.

Doktorga pul to‘lash, o‘lib qolsa, o‘ligini temir tobutda olib kelish palon pul bo‘lishini tez hisoblagan qarindoshlar undan voz kechib qo‘ya qolishgan.

Qiz o‘ziga kelib, hech kimsiz qolganini ko‘rib, tushkunlikka tushgandi.

Kostya borib, bosh vrachni boshlab keldi. Doktorni bu qizni davolashdan ko‘ra, “u qanday qilib pul to‘laydi”, degan masala qiziqtirardi.

Qizning tibbiy sug‘urtasi soxta bo‘lib chiqqandi.

Bosh vrachga kafil bo‘lib, undan bu ayolni yaxshilab davolashini so‘rab chiqib ketdik. Chiqayotib bir qog‘ozga telefonimni yozib, tumbochka ustiga qo‘yib ketdim.

Ikki kun o‘tib telefonim jingirladi. To‘lg‘anoy edi. U menga rahmat aytdi. Yana nimalardir demoqchi bo‘ldi. Men ko‘rishga boraymi desam, keling dedi. Doktorga telefon qilsam, qizning sog‘lig‘i tiklanib, ishtahasi ochilganini aytdi.

Mosfilm ko‘chasidagi o‘zbek kafedan osh, somsa va yana salatdan iborat yegulikni paketlatib oldim.

Bu safar Kostyasiz, bir o‘zim bordim. To‘lg‘anoy o‘z karavotida qo‘lidagi telefonga tikilib o‘tirar edi.

Meni ko‘rib, yuzi yorishdi. Tumbochka ustiga yegulikni qo‘ydim. “Siz yeb oling, men do‘xtir bilan gaplashib kelay”, deb palatadan chiqdim.

Bannisaning ovqati joniga tekkan To‘lg‘anoy og‘ziga yoqadigan yemak kelganidan mamnun ko‘rindi.

Bosh vrach katta LSD televizor turgan mehmonxonani ochib berdi. Hamshira qizlar baklashkada mineral suv qo‘yib ketishdi. To‘lg‘anoy o‘zini yaxshi sezdi shekilli, endi yerga qaramay, ko‘zimga tik boqib gapira boshladi.

Bu qizning ko‘zlari och yashilga monand sarg‘ish. Yuz bichimi hind va eron qizlarini eslatardi.

Sochlari qizg‘ishga moyil.

U 17 yosh bo‘lganida qishlog‘ida uy qurishga Dorg‘on otadan (Xorazm viloyatining Buxoro va Turkmanistonga yaqin olis nuqtasi) usta yigitlar kelishgan. Yigitlardan biri To‘lg‘anoyni sevib qolgan. Olaman-boraman bo‘lishgan. Ammo To‘lg‘anoyning otasi bu yigitning sovchilarini qaytargan. To‘lg‘anoyni tuman markazidagi bir olis qarindoshning o‘g‘liga berishdi.

Uni uzatishganda xalfalar yor-yor aytgan.

Oltin oshiq o‘ynagan o‘g‘ling bo‘lsin yor-yor
Kumush qoshiq ushlagan qizing bo‘lsin yor-yor…

9 oy o‘tsa ham To‘lg‘anoyning bo‘yida bo‘lmagan. Shamollash asorati.

Xullas, quda taraf To‘lg‘anoyni ajratib yuborishdi.

Chiqqan qiz chig‘iriqdan tashqari. Ota uyi unga tor keldi..

Oldin tumanda soch turmaklaydigan salonda ishladi.

Keyin esa salondagi qizlardan biriga qo‘shilib Moskvaga keldi.

Salonda, kafeda, do‘konda, hatto qurilishda shpaklyovkachi bo‘lib ishladi. Oxirgi ish joyi JEKda farrosh.

Qishda muz chopdi, bahorda qor kuradi. Ko‘cha supurdi.

JEK boshlig‘i Kenan degan ozari yigit uni o‘ziga ikkinchi xotin qilib, nikohlab olib qo‘yganini ham aytib berdi.

Ammo Kenanning birinchi xotini Bokudan kelgach, janjal qilib To‘lg‘anoyni quvdirib yubordi.

Hozir hech kim xabar olmaydi mendan, dedi To‘lg‘anoy. Ota-onangiz bilan gaplashmaysizmi, desam bosh chayqadi.

Agar yaxshi tuzalib ketsa, Kostyaga aytib ishga joylab qo‘yishga yordam qilaman, deb va'da berib chiqib ketdim.

Darvoqe, chiqayotib To‘lg‘anoydan “Qo‘shiq aytasizmi”, deb so‘radim. To‘lg‘anoy uyalib “yo‘qay”, dedi.

Bilishimcha, u ko‘cha supurayotganda doim qo‘shiq aytar ekan.

“Oldin naushnikda eshitar edim. Bir marta kasal bo‘lganimda do‘xtirlar naushnik zarar deb aytdi. Keyin o‘zim sekin aytib boshladim”, deydi To‘lg‘anay.

Men uyga qaytdim. Kostya do‘stim bilan ovqatlandim. Kostyaning boy tanishlariga bola qaraydigan enaga kerak ekan. To‘lg‘anoyga telefon qilib so‘rasam, jon deb rozi bo‘ldi.

Meniyam ketadigan vaqtim yaqinlashdi.

«Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi», deyishadi. Ishonadi. Nega ishonmasin. Mana, Kostya asl moskvalik. Katta bobosi aslzodalardan bo‘lgan.

Astoydil ichi achidi Kostyaning bu bechora qizga.

Hikoya tugadi.

Telefonimga yozib olgan To‘lg‘anoyning uyquda alahsirab aytgan qo‘shig‘ini qayta eshitdim.

“Mana, kema daryoda suzib kelib, Dorg‘onota sohiliga uriladi. Choy qushlar chiyillab osmonda uchadi. Suv ustidagi o‘rdaklar to‘rt tarafga qarab suzadi. Daryoda sang, ya'ni qishdan qolgan muz parchalari suzib yuribdi. Kemadan bir yigit tushadi. Bir bolakay unga xat olib kelib beradi. Yigit sevgilisidan kelgan xatni ilkis ishtiyoq bilan o‘qimoqda. Amudaryo esa shag‘irlab oqib, bu yigit to‘lib-toshib ayta olmagan hislarini qirg‘oqbuzar mavjlari bilan ifodalaydi”.

Qo‘shiq mazmuni edi bu.

Ammo To‘lg‘anoy Moskva ko‘chalarini supurganida aynan nima haqda kuylashini bilmayman.

Bu qo‘shiqni o‘zim yozdim va «To‘lg‘anoyning aytimi» deb nomladim:

Kun chiqdi,
Kun botdi.
Kun o‘tdi,
Kun kechdi.
Kunim uchun
Kundoshimning
Chag‘asiga kulib boqaman.
Ich-ichimda o‘tlar yoqaman.
Ey, yuzing qurmish turmush,
Men seni yor etmayman.
Men ko‘kdagi to‘lgan oy,
Qora bulut ichida o‘lgan oy.
Kun chiqar, kun botar…
To‘qqizta og‘iz
Yesin, ichsin deb
Ko‘cha supuraman kecha-kunduz,
Manglayimda yo‘qdir yulduz.

Bu qo‘shiqni yozib bo‘lib yo‘lga tushdim. Vnukovo aeroportiga qarab avtobusda uzuuun yo‘ldan ketyapman. Telefon jiringladi. Telefonda To‘lg‘anoy huzunli sas bilan qo‘shiq aytar edi:

Yusuf bilan Zulayho
Ër edilar, yor-yor!
Bir-birini ko‘rmakka
Zor edilar, yor-yor!

Rassom Tuz

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
7 aprel 2016
«Xalq so‘zi» gazetasi yaqin oylarda o‘tkazilishi mo‘ljallangan fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilarini saylash tadbiri Oliy Majlis Senatining jiddiy ...
18 dekabr 2015
18 noyabr kuni Jizzax viloyat IIB katta tergovchisi Orif Anarboev O‘ktamni 168 modda (firibgarlik) va 211 (pora olish)da  ayblash ...
27 noyabr 2019
10 noyabr kuni Turkiyada otib o‘ldirilgan uyg‘ur aslli tadbirkor Ayerken Saymaiti jurnalistlarga taqdim etgan materiallarda Toshkentdagi mashhur “Abu-Saxiy” bozori ...
29 may 2017
O‘zbekistonning kengayib borayotgan yaxna ichimliklar bozori, o‘nlab o‘zaro raqobatdosh shirkatlarning tobora shiddatli jang maydoniga aylanmoqda. Ayni jarayonda «Smile Lux» ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...