Ko‘zqarash
9 mart 2020

Xorazm tarafdan esdi shamollar…

1965 yilning 8 marti. “Xorazm haqiqati” gazetasining birinchi varag‘ida oq xalat kiygan vrach ayolning yangi tug‘ilgan chaqaloqni osmonga ko‘tarib turgan tasviri birinchi sahifada chop qilindi.

Tasvirdagi bola mening ukam Qudrat Bobojon edi.

Qudrat tug‘iliboq matbuot bilan yuzlashdi.

O‘sha paytda otam va onam Xorazm telestudiyasida ishlar edi. Qudrat ulkan TV studiyaning dahlizlarida o‘ynab katta bo‘ldi.

Uyda marhum filolog ammamdan qolgan kattagina kutubxona bor edi.

Shekspir, Balzak, Mopassan, Tolstoy va Dostaevskiy asarlarini oldin men, keyin esa ukam Qudrat “o‘qib tushirar” edi.

Boshqa bolalar langi¸ chillik¸ ho‘qqa va karta o‘ynasa, Qudrat bilan men boshqacha o‘yinlarni o‘ynar edik.

Shahar hovlimiz to‘rida o‘n mingcha pishiq g‘isht taxlanib turar edi.

Biz bu g‘ishtlarni qayta taxlab, qo‘rg‘on holiga keltirdik.

Bu qo‘rg‘onning ichini “Quyosh bolalar respublikasi”¸ “QBR” deya e'lon qildik. Bu respublikaning ilk prezidenti ham QBR, ya'ni Qudrat Bobojon Rajabo‘g‘li edi.

Bu mamlakatning o‘z alifbosi¸ o‘z bayrog‘i va mustaqil telefon aloqa tizimi bor edi.

Bu utopist Tommazo Kampaneellaning “Quyosh shahri va Forobiyning “Fozillar shahri” kitobini mutoala qilgan va kinochi Gennadiy Poloka tarafidan 1966 yil suratga olingan “Respúblika ShKID” ni tomosha qilgan ikki bola o‘ylab topgan siyosiy o‘yin edi.

Masalan, shu kunlarda Soros jamg‘armasi mana shunday siyosiy o‘yinlarni bolalar uchun tashkil qilib turadi.

Keyinchalik mashg‘ulotlarimiz ikki turga ayrildi. Men rasm chizishga berildim, Qudrat esa she'r yozishga.

Qudratning ilk “she'r”i urush haqida edi:

«Karavotlar taxtadan.
Daraxtlar sinib yotgan
Urush boshlandi birdan…»

Keyinroq Qudrat she'riyat bilan jiddiy shug‘ullana boshladi. ToshDU jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdi.

Bu orada Qudrat armiyaga ketdi.

Bugun ukam Qudratning 1983 yil yozgan she'rlari yodimga tusha boshladi.

Qudrat bu she'rlarni Sovet armiyasi okoplarida maxorka qog‘ozga yozgan edi.

Armiyaga uni ko‘rishga borganimda mendan berib yuborgan. Men bu qog‘ozlarni Rauf Parfiga ko‘rsatdim. Ustoz o‘z qo‘llari bilan oq yo‘l yozib, «Sharq yulduzi» jurnalida bosilib chiqishiga yordam bergan edi.

Mana o‘sha oddiy askar Qudrat Bobojonovning okopdagi she'rlari:

Ochko‘z mening ko‘zlarim juda.
Ko‘zlaringdan och qoldi ular.
Ular endi behuda kular.
Ular endi yig‘lar behuda.
Ishim bordir o‘sha ohuda.

Yana yig‘ladingmi dardkashim shabnam.
Shu qisqa umringda qaydan g‘am.
Sening umring kabi she'rim ham.
Shabnam she'rim ko‘zlaringni art.

Bugun mening irodam yangilaydi sovutin.
Ortmoq uchun yelkaga muhabbatning tobutin.
Bormoq uchun to qabrgacha betinim
Bugun mening irodam yangilaydi sovutin.

She'rlarimdan voz kechdim bugun
Ko‘kka o‘rlab qog‘ozlar yondi.
Baxt-ku axir she'rga o‘t qo‘yib
Sokingina sevishmoq endi.

Xorazm tarafdan esdi shamollar
Yelkanlar yelkamga qo‘ydilar qo‘lin.
Xorazm tarafga ketdi betizgin,
Mening sog‘inchlarim bir kema bo‘lib.

Shuhrat Bobojon

«Ozodlik» radiosi jurnalisti

Tag‘in o‘qing
21 noyabr 2023
O‘zbekiston X faktor shousini o‘tkazadigan dunyodagi 58 davlatdan biri bo‘ldi. Qadrli muxlislar, bugungi mavzuimiz 19 noyabr kuni 12 nafar ...
22 avgust 2017
Mug‘anniy (G‘anijon Holmatov) 1949 yil O‘sh shahrida tug‘ilgan. Toshkent Teatr va rassomchilik institutini tamomlagan. Shoir 2014 yilning 9 iyunida ...
5 may 2016
«Gumrohlar», «Aldangan ayol», «Ajal jodusi», «Odnoklassniki» kabi bugungi hukumatning mafkuraviy talablariga javob beradigan filmlar rejissyori Hilol Nasimov bu kabi ...
6 aprel 2020
Karantin bois uyda o‘tirgan o‘zbek shoiri va muxolifat lideri Muhammad Solih endilikda kitob o‘qishga va yangi asarlar yozishga ko‘proq ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...