Asosiy mavzular
30 mart 2020

Ommaviy did tanqisligi sindromi

(Epistolyar esse)

Marhaboga

Ko‘pincha adabiy muhitdan charchaganimda senga sim qoqaman. Balki opamdek yaqinim bo‘lganing uchundir yoki injiqligimni ko‘taradigan ikkita insondan biri bo‘lganing uchundir.

– Shoirlaring jonga tegishdi, Marhabo.
Bugun ham senga qo‘ng‘iroq qilganimda, shu gapni shartta aytib, salomlashishni ham unutib baqirib tashladim.

-Mening shoirlarim emas ular,- deding sen jiddiy.
Shunda men asabiylashib telefonni qo‘ydim. Oradan hech qancha o‘tmay sen o‘zing sim qoqding.
-Nima bo‘ldi yana?

Doim senga ko‘nglimni yozganman. Buni yana qaytarib aytyapman. Bu safar ham shunday bo‘ladi, deb umid qilgandim. Ammo indamadim. Shunchaki boshqa mavzuga o‘tdim, she'riyatning hozirgi ahvoli haqida gapirgim kelmadi. Ko‘tarilayotgan qon bosimim bunga to‘sqinliq qildi, shekilli . Yo g‘ururim yo‘l qo‘ymadi. Biroq sen ichki sezging orqali buni sezding. O‘zimni amallab nazorat qilib turganimni, aslida ichimda g‘alayon kechayotganini, kimlarnidir bo‘ralab so‘kayotganimni sezding. Faqat bilintirmading? xolos. So‘rab-surishtirmading. Ehtimol, shu fazilating uchun ham seni ko‘proq hurmat qilarman, chunki sen doim menga nima kerakligini yaxshi bilgansan.

Marhabo, bir haftadan beri shoirlarga va o‘zbek she'riyatiga nima bo‘lyapti? Shu savol bilan yashayapman endi. Ishonyapsanmi, shu savol bilan. She'riyatning ijtimoiy maydalashuvini ko‘rib, xunob bo‘lib, ichim yonib, asabiylashib yashayapman. She'riyat ijtimoiy maydalashyapti, didsizlik avj olyapti, hatto o‘zini hurmat qilgan katta shoirlarda ham did tanqisligi urchib, avjiga olyapti. Bu she'riyatni kamsitish va xo‘rlash qachongacha davom etarkin?

Qaerga qarama, yurtga kelgan virus haqidagi she'rlar. Shoirlarning kattasi ham, kichigi ham shu haqda yozyapti. Nima balo bo‘ldi o‘zi ularga? Ertaga yurtga qizamiq yoki gepatit kelsa, ular endi shular haqida yozishadimi? Shoirning missiyasi yoki she'riyatning rutbasi shumi? Inson hissiyotlari va kechinmalarini ifodalovchi nozik hilqatga mengzalgan she'riyatning muqaddas yo‘lini ular qaysi o‘zanga burib yuborishyapti, bir qaragin-a?

Men bir haftadan beri har kuni uchta she'r o‘qiyapman virus haqida. Bir-ikki kun o‘tib endi karantin, dezinfektsiya, salfetka, hojatxona qog‘ozi, aniseptik dori haqida ham she'r o‘qisam ajabmas. Bu ketishda shunday bo‘ladi. O, shoirlarimizdagi ilhom virus ta'sirida jo‘shib ketgandek, ular tinishmayapti, bu virus ilhomga qo‘shib o‘zlaridagi did tanqisligini ham yuraklaridan o‘pirib chiqayotganini u sho‘rliklar qaerdan ham bilishsin. Ular o‘zlarini davr farzandimiz, shunga ijtimoiy hayot va undagi hodisalarga befarq qarab tura olmaymiz, deb bu xatti-harakatlarini asoslashyapti. Marhabo, ularning shu iddaolarini eshitsam yoki o‘qisam, kulgim qistaydi. Mayli, ular davr farzandlari ekan. U holda nega jamiyatdagi kuchli tabaqalanish yoki shaxs va jamiyat o‘rtasidagi ziddiyat haqida yozishmaydi? Bu ijtimoiy hayotning bir bo‘lak muammosi emasmi? Yoki nimaga ular gender siyosati va feminizm haqida dostonlar yozishmaydi? Nimaga shaxsni ezib, qonini ichayotgan, eskilik sarqiti bo‘lgan urf-odatlar haqida yozishmaydi? Nimaga? Menimcha, bunga ham ulardagi did tanqisligi to‘sqinlik qiladi. Ularning didi va badiiy iste'dodi virusdan virusgacha davom etadi. Ateistning xudojo‘yligi u o‘tirgan samolyotning yerga qo‘ngunicha xolos degandek, ular ham virus tugagach yana o‘zlarining eski o‘zanlariga tushishadi. Pushkinning eski tog‘ora obrazi kiritilgan ertagi shular haqida aslida.

Bilasanmi, shu bir haftadan beri o‘zimni chalg‘itib yashayapman. Birovga, ayniqsa, bizning adabiy muhitga bir tiyinlik qizig‘i bo‘lmagan, faqat yoshlar qiziqib o‘qiyotgan esselarni – rassom va bastakorlar haqidagi esselarni yozib, ularni tahlil qilib o‘zimni chalg‘ityapman. Yoza olmay qolgan kezlarim feysbukda post yozyapman, chunki shunday qilmasam aqldan ozishim yoki virus haqida she'r yozayotgan didsiz davr farzandlarining ko‘ngliga qattiq gapirib, ozor berib qo‘yishim mumkin. Shunday qilmasam ertaga o‘zim aziz, deb bilgan adabiyotdan ko‘nglim qolib, uni butunlay tashlab chiqib ketishim mumkin. Shunday qilmasam oyoq osti bo‘layotgan she'riyatning loy va ko‘lmak chaplangan yuziga qarab, ichim zil ketishi mumkin. Shunday qilmasam manavi qora ko‘z yoshlarning – Navoiy, Bayron, Lermontov, Yesenin va Furug‘ni o‘qib, asl she'riyatni his qilishni boshlagan va har biri o‘z yo‘lida shirali she'rlar yozayotgan yosh ijodkorlarning ertangi kuniga shubha bilan qaray boshlayman. Shuning uchun ham o‘zimni majburlab bo‘lsayam esse yozyapman yoki feysbukda yengiltak insonlardan farq qilmagan tarzda g‘alatidan g‘alati postlar qoldiryapman.

Endi tushungandirsan so‘nggi kunlardagi g‘ayrioddiy qiyofamning tub ildizi qaerga olib borishini? Endi tushungandirsan sen bilgan va tanigan Sherzodning nega o‘zgarib, o‘zini g‘alati tuta boshlaganini? Endi tushungandirsan nima uchun xuddi konveyerga o‘xshab har uch kunda esse yozib, ularni Nodiraning saytida tinimsiz e'lon qilayotganimni? Endi tushungandirsan nega maddoh va marionetka katta ijodkorlarga emas, faqat yoshlarga shaxsiyda javob qaytarayotganimni?

Men judayam charchadim, Marhabo. Judayam charchadim. Ruhim charchadi tanamdan ham ko‘ra. Ba'zida shu adabiy muhitdan voz kechib, olislarga ketgim keladi. Turkiyagami yo Rossiyagami, ishqilib olislarga. Ishon, ketgan taqdirimdayam hech nima o‘zgarmaydi. Men ketsam, adabiy muhitimiz ham hech nima yo‘qotmaydi. Uning menga qarab qolgan kuni yo‘q. Uyushmaning ro‘yxatida bitta isyonkor yozuvchi, ular tili bilan aytganda, essechi kamaygani qoladi, xolos. Balki men ketsam ular, ayniqsa, men tanqid qilgan o‘rtamiyona, katta ijodkorlar og‘zi qulog‘ida bo‘lib, elga osh berishsa kerak bitta telbadan, bizni tanqid qilaveradigan noshuddan, shu kungacha hatto kitobi nashrdan chiqmagan bankirdan qutuldik, deb.

Shunga qaramay, mening ketgim kelmaydi. Chunki bu yerda, barmoq bilan sanarli bo‘lsa-da, yaqin do‘stlarim va hamfikrlarim bor, meni ham nasrda, ham nazmda qoyil qoldirayotgan saviyali yosh ijodkorlar bor. Ularni didsiz va she'riyatni ijtimoiy maydalashtirishdan boshqasiga yaramaydigan o‘rtamiyonalarga, o‘zining vazifasini allaqachon unutgan maddohlar uyushmasiga tashlab ketish o‘zimga be'manilik bo‘lib tuyuladi.

Sherzod Ortiqov
2020 yil mart

Tag‘in o‘qing
5 oktyabr 2018
Rossiya telekanaliga berilgan intervyu mazmuni USM Holdings asoschisi, Rossiyaning eng boy o‘ntaligiga kiruvchi Alisher Usmonov Rossiya kanalining «Deystvuyuщie litsa» ...
16 may 2016
Bu haqda ma'lum qilgan RMK prezidenti, Rossiya prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari kengashi a'zosi Boris Kravchuk: ...
6 mart 2016
5 mart kuni Groznыy shahridagi «Safiya» tantanalar uyida O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova Ramzan Qodirovga qarab «Xech kimga bermayman…» ...
12 iyun 2020
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni deya belgilangan bu sana har yili 12 iyunda nishonlanadi. ...
Bloglar
27 yanvar 2021
Darvozani tambalamagan ekanman. Chiroq yo‘q edi. O‘rnimda cho‘zilib, ko‘zimni yumib yotgandim. To‘satdan hovlimdan ayollarning bir-biri ...
27 yanvar 2021
“Eltuz” qisqa hajviy animatsion filmlar turkumini davom ettiradi. Navbatdagi filmda buldozer daraxtzorni surib tashlaydi va ...
18 yanvar 2021
Bor ekanda yo‘q ekan, och ekanda to‘q ekan, yaqin-yaqin zamonlarda yot bosqinchilarning yuz yildan ko‘proq ...