• Foto: Muhammad Solih, feysbuk sahifasidan
Ko‘zqarash
16 aprel 2020

Yig‘lab kelmoq, kulib ketmoq…

(Savollarga javoblar)

«Sof san'at» haqidagi «Fikrlarning shiddatli umri» esse-turkumini yozib bitirganimda, yozganlarimga munosabat bildirilgan bir qancha xat oldim. Javobga arzigulik xatlarning mazmun yelpozasi (spektri) shu: «Siz o‘zbek edingiz-ku, turklashdingizmi, o‘zbeklikdan g‘ururlanmaysizmi? Siz, muslimon odam, nega G‘arb adabiyoti «dohiy»larini bizning yoshlarga o‘rnak ko‘rsatyapsiz? Boshqa muallim topilmadimi o‘zbek adabiyotida, tarixida? Taqlid qiladigan boshqa ma'naviy yo‘lboshchingiz yo‘qmi? Nega yana yoza boshladingiz, siyosatni tashladingizmi? Adabiyotni emas, oxiratni o‘ylash payti kelmadimi, o‘limni o‘ylash payti kelmadimi?»

Bu savollar O‘zbekistondagi bugungi ijtimoiy konyunktura uchun jiddiy savollar edi.

Ularga javob berishni lozim ko‘rdim:

O‘ZBYeKLIK HAQIDA. Hali ham o‘zbekman. O‘zbek turkiman. O‘zbekni bugun yetti suveren davlat va boshqa davlatlar ichida avtonomiyalarda yashayotgan 250 millionlik nufuzga ega Buyuk Turk Millatining bir qavmi o‘laroq ko‘raman.

Turklashmadim, hamisha turk edim. Turkiston turklar yashaydigan diyor demakdir. Men o‘sha diyorda dunyoga keldim, yetishdim, ijod etdim, o‘sha diyor ozodligi uchun, ideallarim uchun baholi qudrat kurashdim.

simni taniganimdan beri ikki orzum bor edi: biri -O‘zbekistonni rus mustamlakasidan ozod ko‘rish, ikkichisi – butun turklarning birligi orzusi. Alhamdulilloh, birinchi orzuim ushaldi. InshaAlloh, ikkinchisi ham ushalajak. Balki buni men ko‘rmasman, ammo avlodlarimiz Birlashgan Turk Davlatlar (Federatsiyasi)ining vatandoshi bo‘lajagindan aminman.

G‘URUR HAQDA. Milliy g‘urur haqda bir necha marta turli sabablar bilan gapirgandim. Bu xususdagi qanoatlarimni yana bir takrorlayman: inson juda g‘ururlanishni istasa, faqat o‘zi qilgan ishdan g‘ururlanishi mumkin. O‘zbek bo‘lib (turk bo‘lib) yaratilishimda mening xizmatim yo‘q. Demak turklikdan (o‘zbeklikdan) g‘ururlanishga ham haqqim yo‘q. Ammo o‘zbek (turk)ni sevaman, chunki o‘zbek (turk) – o‘zimman.

YO‘LBOShChI HAQIDA. Adabiyotda muallimim yo‘q. Tavoze ko‘rsatib, «Mendan oldin o‘tgan butun buyuk adabiyotchilar muallimimdir», deyishni ham istamasdim. Chunki bunga avval o‘zim ishonishim kerak. Bunday ishonch yo‘q.

Lekin yashash tarziga taqlid etishga intiladiganim bir rahbarim bor. Oradan 1,5 ming yil o‘tganiga qaramay, aytgan har so‘zi asrlar pardasini yirtib, bugunning mutmain qalblariga uzangan va ularni yoritib turgan bir yo‘lboshchi.

Bu Allohning so‘ngi elchisi Muhammad alayhissalom sallalohu alayhi vassallamdir.

Unga isnod qilingan, ammo unga oid bo‘lmagan millionlarcha kalimalar orasidan aynan uning aytgan so‘zlarini darhol taniyman va qalb larzaga keladi. Chunki uning so‘zlarining aurasi boshqa, uning so‘zlaridagi energiya boshqa.

Kim bo‘lsang bo‘l, hadis kitoblarida bir so‘z, bir jumla qalbingni titratib, tuylaringni hurpaytirsa, ichingda bir saodat uyg‘otsa, bilki, bu o‘sha yo‘lboshchining so‘zlaridir.

O‘sha Yo‘lboshchi so‘zlariga amal qilishga harakat qilayapman. Naqadar bu ishni epladim, Buyuk Mahkamada ko‘ramiz. Muammo chiqmasin deya duodaman.

ADABIYoT HAQIDA: Kamina umrining yarmini adabiyotga bag‘ishlagan bir kishiman. Adabiyot haqda yozishimdan ham tabiiyroq narsa yo‘q. Adabiyot, G‘arbdami, Sharqdami, men uchun yagona jabhadir. Tillarning, etnik ildizlarning biz zon etganimiz qadar ahamiyati yo‘q.

Yagona adabiyot tili bor, bu til – zehniyat tilidir, dunyoqarash tilidir. Bu til butun lingvistik farqliliklarning ustundadir. Bu tilni ona (lingvistik) tillari har xil bo‘lgan adabiyotchilar o‘zlarining iste'dodi nisbatida tushunaveradi, bu tilda mushohada qilaveradi.

G‘arb adabiyoti haqida yozgan bo‘lsam, yozganlarim shaklan o‘zbek tilida, mazmunan o‘sha zehniyat tilidadir.

Bu radikal xulosaga shu tajribadan so‘ng keldim:
18 yoshimda kommmunistik mafkuraning bir yosh qurboni o‘laroq men uchun bitta sovet xalqi bor edi. Sovet armiyasidagi ko‘rganim zulm sharofati (zulm ham ba'zan sharofatdir!) bilan millatimni tanidim. Va milliyatchi bo‘ldim. O‘zbekni eng buyuk qavm o‘laroq idrok etdim, yuksaltdim, ideallashtirdim.

Keyin dinimni tanidim. Yer kurrasidagi butun insonlarning otasi Odam, onasi Havvo ekanligini kashf etdim. Va hech bir millatni idellashtirmaydigan bo‘ldim. Allohning «Odam» suratida xalq etgan kulliy mavjudotini Alloh uchun sevishga, unga hamdard bo‘lishga harakat qiladigan bo‘ldim.

Adabiyot ham – til va millatidan qat'i nazar – yagona ildizga borib taqaladigan Odam va Havvo o‘g‘li, go‘zallik axtargan inson ruhining emanatsiyasidan boshqa narsa emas.

NYeGA HALI HAM YoZAYoTGANIM HAQIDA

Doim yozganman, kasbim shu.

KASBIMIZ

«Yaxshimi, yomonmi, kasbimiz – so‘zdir.
Biz aytgan so‘zdan tosh erimasa ham,
Chiqib ketmasa ham ilon inidan,
Bu kasbdan tonmaymiz bari bir.

Devor paydo bo‘lsa ro‘paramizda
Unga ham boshlarni urmaymiz –
Ish shu bo‘lgandan so‘ng, gapiramiz-da,
So‘zlaymiz devorga, qarab turmaymiz».
(1981)

O‘qiganingiz bu matn 39 yil avval yozilibdi. Ko‘rib turganingizdek, hali ham devorlarga gapirayapman.

39 yil avval aytganim gaplarni bugun ham aynan takrorlashga majbur bo‘layapman.

Bu gapirganlarim uchun ta'qib qilindim, hibs etildim, surgun qilindim, ammo hech narsani o‘zgartira olmadim.

Shuncha kitob chiqardim, ammo sarf etgan so‘zlarimdan bitta ham tosh erimadi, bitta ilon ham inidan chiqmadi. Toshlar – hali ham tosh, ilonlar hali ham o‘z inlarida!…

Ammo yozishda davom etaman, toki kuchim bor ekan. Chunki kasbim shu. Boshqa narsani bilmayman.

Qolaversa, yosh yetmish bo‘ldi. Bu yoshga kirgan odam beixtiyor o‘tgan yo‘liga qayrilib bir nazar tashlaydi, «kim edim-nima bo‘ldim» hisobini qiladi.

Karantin bahonasida bu nazarni tashladim – yozdim. O‘z o‘tmishim haqda, yoshligimni qaerda sarflaganim haqda yozdim. Uni balki yaxshiroq, xayrliroq narsalar uchun sarflash mumkin edi, ammo bizga nasib etgani shu bo‘ldi.

Yagona tasalli – adabiyot bilan shug‘ullanar ekan, adolat tarafida bo‘lishga, mazlumning yonini olishga, uning dardlarini yozishga harakat etdim. Xalqim deb bilganim xilqatning dardlarini yozishga urindim.

Agar Alloh umr bersa, o‘z kishiligimga yana bir necha marta «qayrilib qarash»niyatim bor.

Blez Paskal (u ham g‘arblik) «Inson qaysi yuksaklikdan yiqilib tushganini anglash uchun dunyoga keladi», deydi.

Bu mutaffakir zikr etgan yuksaklik haqda yoshligimdan beri ko‘p o‘yladim va Yaratganga hamd bo‘lsin, U menga bu yuksaklikni ko‘rsatdi. Odam Ota va Momo Havvo yiqilgan yuksaklikni.

Masala shuki, endi bu yuksaklikka qanday qilib qayta yuksalamiz – qaysi narvon bilan, qaysi kuch bilan?

Yuksala olamizmi?

Bu yuksalishni ta'riflash uchun tashbihlar bisyor, ammo balandparvozlik qo‘rqusi, chiroyli kalom qurish yengiltakligiga tushish andishasi tilimni tiydiradi.

Naqadar oz so‘z bilan, naqadar sokin va taslimiyat ichida yuksala olsak, u qadar o‘zimiz uchun xayrli bo‘lishiga shubham yo‘q.

Hozircha avval bizga berilgan fursatdan (hali ham tirikligimizdan) foydalanib, o‘zimizni oqlash uchun bir-nechta bahona topishimiz kerak.

Mening topgan bahonam shu: bugun agar avvalgidan birmuncha oz kibrli bo‘lsam, avvalgidan biroz marhamatliroq esam, avvalgidan sabrliroq bo‘lib, xushko‘ruvchiligim (tolerans) biroz oshgan bo‘lsa, bunda mening hech bir xizmatim yo‘qligining shuurindaman.

Nafsimni yaratgan Zot unga shunday sharoit yaratdiki, xulqda bu o‘zgarishlar yuz berdi, bu shartlarni inkor etsam (etolmasdim zotan!) men halok bo‘lardim. Bularning hammasini ko‘rib turgan Alloh meni avf etadi, deb uylayman.

O‘LIM HAQIDA
«O‘limni o‘ylash payti kelmadimi?» savol kamina uchun juda xususiy savol bo‘ldi.

70- yillarda, talabaligimda har kuni ertalab turib, dushda cho‘milardim. Dushdan chiqib, kiyina boshlar ekan, ich kiyimimning naqadar tozaligini tekshirardim.

Bu taftishning sababi nihoyatda jo‘n edi: bugun to‘satdan ko‘chada halok bo‘lsam, avtohalokat va yoki ko‘cha bezorilari bilan mushtlashuvda o‘ldirilsam, jasadimni morgga olib borib, tekshirganlar ichki kiyimimni ko‘rib, jirkanmasligi uchun bu kiyimning toza bo‘lishini istardim.

Shuurimdagi bu «protsedura» har kuni ertalab avtomatik ravishda sodir bo‘lardi. Bu «protsedura» bugun ham aynan davom etmakda. Farqi: avval jasadimning toza bo‘lishi haqida qayg‘urgan bo‘lsam, bugun bu qayg‘uga ruhimning, iymonimning tozaligi qayg‘usi ilova qilindi.

Buning diniy inonch bilan aloqasi yo‘qligini bilaman. Chunki bu ruhiy hol hayotimga nufuz etganida hali boshim sajdaga kelmagandi.

Buyuklarimiz o‘limni eslab turing, deb doim maslahat berishgan. Buning nafs tarbiyasining yo‘llaridan bittasi ekanini nazariy jihatdan bilardim. Ammo islom dinining tamallari va tasavvufni o‘rganganimdan keyingina buning botindagi bir ma'naviy jarayon ekanligini idrok eta boshladim.

Ona rahmi (bachadon)ni Allohu Taolo inson zoti uchun jannat misolida yaratdi. U yerda butun sharoit bor. Shuning uchun ham rahimdan chiqar ekan, bola yig‘lab chiqadi. U yerni tark etgisi kelmaydi. Xuddi Odam bilan Havvo jannatni tark etishni istamaganlari kabi, yerga indirilganda yig‘laganlari kabi bola ham tug‘ilar ekan, faryod etib yig‘laydi.

Men ham bu dunyoga butun insonlar kabi yig‘lab keldim.

Orzuim – bu dunyodan tabassum bilan ketishdir.

Bu ozchilikka nasib qilgan qismatdir. Allohdan shu ozchilikka nasib qilgan taqdirni istayman.

Tilida Allohni sevaman deb, bu dunyodan ayrilishni istamay, yig‘lash Yaratganga nisbatan nosamimiylik bo‘ladi.

Bu xil samimiyatsizlikdan Allohga sig‘inaman.

Dunyodan tabassum bilan ayrilish orzusi bundan 40 yil oldin ham bor edi:

SYeNYeKA

Qurb,
Kuch emas,
Qurb, deyapman sizga.

Hamma farzandini erkalar,
Men seni erkalarman, qurb.
Kimki istar ekan,
Allalasin xudbinligini,
Boshini silasin o‘z qudratining,
Men qurbga allalar aytarman faqat,
Barcha balolardan asrarman uni.

Toki so‘nggi balo kelganda,
Bir masrur tabassum,
Bir ozod tabassum suratin
Quruq lablarimga chiza olsin qurb!…
1980
*Seneka – qadimgi Rim shoir va faylasufi

O‘limdan emas, o‘limdan qo‘rqishdan qo‘rqaman.

O‘lim qo‘rqusi – dunyoga sevgidir.

O‘lim qo‘rqusi – u dunyoning bunisindan afzal ekanini gumon ostiga olmoqdir.

Bu yana Payg‘ambar(s.a.v)ning «Insonlar uyqudadir, o‘lganda uyg‘onurlar» hikmatiga inonmaslikdir.

Bu «Dunyo hayoti – uyqudir» metaforasi inson zotini dahshatga soladigan miqyosdagi ochiqlama. Balki har kimni emas, ammo tafakkur sohiblarini bu dunyoning uyqu ekani, illyuziya ekani mubolag‘asiz dahshatga soladi.

Ammo bu uyquning, bu sarobning qiymatini bu uyqudan uyg‘onganimizda bilajagimizni ham idrok etamiz. Yaratgan bizga bu uyquni nazorat etish qobiliyatini berdi.

U qadarki, hatto ba'zilar bu uyquni to‘xtatib, istagani onda uyg‘ona oladilar. Ular bu uyqudagi hayotini o‘z ixtiyori bilan tamomlashlari mumkin.

Bu yerda o‘z joniga qasd qilganlar nazarda tutilmoqda. Bizning inonchimizda bu yo‘sinda uyg‘onganlar jahannamda uyg‘onurlar.

Chunki bunday harakat – nafsimizni yaratgan Zotga isyondir.

Shunday ekan, men bu uyqudan uyg‘onish emas, uyg‘otilishga hozirman.

O‘limni o‘ylayman, uyg‘onishimni o‘ylayman.

Tong otib, ko‘zlarini ochganda uni go‘zal bir sayohat kutib turganini eslab, quvonchga to‘lgan odam kabi uyg‘onmoqni orzu etaman.

Muhammad Solih

11.04.2020

Tag‘in o‘qing
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan yuvvosh yigit bo‘lib qoladi. ...
25 avgust 2016
«Hurriyat gazetasida (24.08.2016) Farg‘ona viloyatida amalga oshirilgan «ulkan bunyodkorlik ishlari, xalqimizning havas qilsa arzigulik farovonligi»ga bag‘ishlangan navbatdagi maqola e'lon ...
5 fevral 2024
Bu avtoavariya o‘tgan hafta, 31 yanvar oshqomida Qarshi shahridagi “Shabada” restorani o‘ngida yuz bergan. Yengil avtomobil qattiq tezlikda borib ...
5 may 2015
«Rossiya bizni bosib oladimi¸bayrog‘imizni yulib olib yerga tashlab ¸bizni qul qiladimi bizga baribir. Qorin to‘q cho‘ntak but bo‘lsa bo‘lgani» ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...