Asosiy mavzular
20 aprel 2020

Karantin tartibini deputat ham buzmasin

Deputat otasiga ishonib yoki orqamda  «okaxon»larim bor deb karantin tartiblarini  buzayotganlarni umuman ayab o‘tirmaslik kerak. «Samosud» demoqchi emasman, bu narsa mumkinmas, lekin  hatto karantinni pisand etmaydiganlarni jarima va  15 sutkadan tashqari, TVda obdon sharmanda qilish kerak.

Tovba. Butun mamlakat bo‘ylab e'lon etilgan karantinni  nazariga ilmaydiganlar ham topiladi. Bundaylar yo esi yo‘q, yoki amaldor dadasini O‘zbekistonning tepasidagi osmonni ushlab turibdi, deb o‘ylaydi.  O‘zbekiston  – xalqniki. Mamlakatni enamning tomorqasi deb  hisoblaydiganlar bir kun, albatta, jazosini olajak.

Kechadan boshlab mahalla ichidagi  tekis asfalt yo‘limiz qirg‘og‘iga, meni va qo‘shnimning  uyimizga yaqin joyga kimdir tibbiyot axlatlarini ( ishlatilgan rezina qo‘lqop, eskirgan niqob, bo‘shagan dezinfektsiya shishachalari)ni  tashlab ketishni odat qilibdi.

Hozirgina  bu rasvo narsalarning ustiga xashak tashlab yoqib yubordim.

Tasavvur qilyapsizlarmi, tojdor virus xurujidan himoyalanib uyda karantinda o‘tirgan paytimiz bitta ablah ko‘chamizga, uyimizga yaqin joyga, bolachalar o‘ynaydigan joyga ishlatilgan tibbiyot chiqindilarini tashlab ketibdi.

Demak, axlatlarni yoqib yubordim. So‘ng qo‘shnilarni chaqirib: «Ko‘ringlar. Shunaqa bo‘lyapti. Kimdir  katta ko‘chaga, bolachalar yugurib o‘ynaydigan joyga o‘ta xavfli axlatlarni tashlayapti. Mening yosh bolam yo‘q. Bu joyda sizlarning nabiralaring yugirgilab yuradi.

Axlat tashlagan kimsa kimligini topinglar, uyog‘iga o‘zim gaplashib olaman. Uyiga kirib: «Sen moxov bo‘lding. Mahalladan ko‘chib ket!» deyman», dedim. «Yoki, – dedim yana, – uyimdan og‘irroq temir opchiqib qulog‘i aralash yelkasiga urib mayib qilaman», deya jahllandim.

«Balki it olib kelgandir axlatni», dedi kimdir. «Balki», dedim.

Chunki axlatlar orasida g‘ajilgan suyak va tuxum po‘choqlari ham bor edi.

Umuman aytganda, duch kelgan joyga axlat tashlaydigan kimsalarni o‘ta yomon ko‘raman. Eh, deyman afsuslanib, harbiyda bo‘lganingda edi, yerga tashlagan axlatingni o‘zingga yedirgan bo‘lardim. Harbiyda yerga non, suyak va boshqa oziq-ovqat axlatini tashlagan matrosga o‘sha narsani o‘ziga yedirardik.

Qissadan hissa shuki, karantin sabab hammaning asabi tarang turgan hozirgi  payt  aqlsizlik qilib karantin talablarini buzmanglar, duch kelgan joyga tibbiy axlatlaringni tashlamanglar… Yaxshimas. Kimdir o‘sha axlatlaringni o‘zlaringga yedirvorishi mumkin!

Bugun ikkita post yozdim va oxirida ikkalasiniyam ulashgim kelmay o‘chirdim. Postlarim yomon emas edi.

Fikrlashdan, mulohaza yuritishdan, jamiyatdagi muammolar haqida bosh qotirishdan charchabman.

To‘shakka cho‘zilib, ustimga ko‘rpa yopmasam ham, lekin  ikkita yostiqni boshim ostiga qo‘yib, bitta yostiqni boshimni ustiga  bosib uxlagim yoki hech narsani o‘ylamay uzoq tek yotgim kelyapti.

Negadir asabiyman.

Haligina katta hovlidan kelayotganimda bitta sho‘rtumshuq yosh yigit  moshinasini quvdirib yonimdan o‘tdi. Bizning yo‘limizda  moshinalarga soatiga 30 kmdan tez yurish mumkinmas. Anov  po‘qnusxa yosh bola esa moshasini 100ga qo‘yib haydayapti. Uni taniyman, lekin qaysi qishloqda yashashini bilmayman.

Birovni urib yuboramanam demaydi-ya, tez yurishini ko‘ring. Onangi, deb so‘kindim moshinaning orqasidan. Eshitarmidi. Eh, dedim, yigirma besh yoshimga qaytib qolsaydim, ortingdan moshinada  quvib borib, to‘xtatib, xumorimdan chiqqunicha do‘poslardim. Uni qanaqib urishimniyam tasavvur qildim. Demak, yoqasidan olib o‘zim tomonga ilkis siltab, o‘sha ondayoq bitta «podnoshka» berib yiqitaman va qorniga minib olib basharasi qizil qonga bo‘yalguncha uraman.

Podsho bo‘lganimda, aniq diktator bo‘lardim, degan o‘y kechdi xayolimdan. Olomon erkinlikni, qonunlarning liberalligini  suiiste'mol qiladi.

Axir moshinada birovni o‘ldirgan kimsalar qamalmasligi ham mumkin-ku! Men bo‘lsam jinoyatchi, kim bo‘lishidan qat'i nazar,  jazolansin, deyman. Kimdir puli, mansabi yordamida  qilgan jinoyati uchun javobgarlikdan qochadi-ku.

Men jinoyat qilgan kimsani albatta jazolaydigan diktator bo‘lardim.

Men  o‘zgalar haqqini yeydigan xaromxo‘rlarni albatta panjara ortiga jo‘natadigan diktator bo‘lardim!

Men o‘z tili, tarixi va madaniyatiga befarq bo‘lgan olimni, shoirni mamlakatdan badarg‘a qiladigan  diktator bo‘lardim.

Bugun negadir asabiyman!

Behuda o‘ylarni o‘ylayapman.

Balki arslonquyruq o‘tini damlab icharman. Majlisga chaqirishmasa bo‘ldi. Rostdan, biz bechora fermerlar majlisni yoqtirmaymiz.

Dehqonga majlisning nima keragi bor.

Hokimiyatdan tilpon keladi:  Alyo, falonchi fermermisiz?! Bugun tushdan keyin soat uchga hokimiyatda majlis. Majlisga kelmagan fermerning uyiga melisa jo‘natiladi. Albatta keling.

Majlisga deb tilpon qilishayotganda siz eng chekka yeringizning etak tomonida to‘rtta qishloq naridan samsung  ekskvator topib yangi ariq qazdirayotgan bo‘lasiz.

Obbo! Majlis degani ishni beliga tepdi. O‘zi, ekskvatorchini zo‘rg‘a iltimos qilib olib kelgandingiz. Endi nima bo‘ladi. Majlisga bormasangiz bo‘lmaydi. Garchi rahbarlar majlisda dehqonchiligingizga foydasi tegadigan bir og‘iz so‘z aytmasa-da, majlisga borishingiz shart, bormasangiz baloga qolasiz.

Majbur, ekskvatorchiga javob berasiz. Ketovur. Boshqa kuni kovlaymiz. Majlisga bormasam chatoq, deysiz.

Uyga kelasiz. Loy kiyimlarni yechib yuvinasiz, toza kiyimlarni kiyib hokimiyatga jo‘naysiz. Aytilgan vaqtdan bir soat oldin jo‘naysiz.

Zal to‘la o‘zingizga o‘xshagan fermerlar. Hammalaring hokim yoki boshqa boshliq kelib majlisni boshlashni kutyapsizlar. Boshliq deganlari esa hadeganda kelavermaydi. Kutib, zerikasiz. Zahri tang bo‘lasiz. Belingiz og‘riydi. Nihoyat boshliq keldi va majlis boshlandi. Majlis degani to‘laligicha so‘kish, haqorat qilish, baqirish, kamsitishdan  iborat, bironta foydali gap yo‘q.

 «To‘nqaytirib, ishtoningni yechib, ikkala dumbangni ikki tomonga kerib…»

Siz esa qatiq zahritang bo‘lyapsiz, tezda hojatxonaga chiqishingiz kerak. Prostatitsiz. Yoshingiz ellikdan o‘tgan. Soningizni bir-biriga qisib peshobingizni zo‘rg‘a tutib turibsiz. Lekin baribir  bitta-ikkita tomchi chiqib soningizni ho‘l qilganini sezyapsiz.

Og‘rig‘ingiz, azobingiz zo‘r. Boshliqning so‘kishlari qulog‘ingizga kirgani yo‘q, shu tobda mushtlab ursayam og‘riqni sezmaysiz, chunki  ikki butingiz orasidagi og‘riq buyuk. O, shu holatda majlis tugashini  yana uch soat kutishingiz kerak.

Qovuqda qamalgan peshob tashqariga yo‘l topmagach, buyrakka qaytadi, qonga qo‘shiladi. Bosh og‘rig‘ingizni chamalab miya qon tomirlaringizda shovillab oqayotgan qonning  necha foizi siydikdan iborat ekanligini taxmin qilasiz. Shunaqa majlislarda yana besh-olti marta ishtirok etsangiz, umringiz qisqaradi, kasallikka chalinasiz va oxirida ozib, to‘zib, rangingiz oqarib o‘lasiz.

Tojdor virus mavzusi qiziqtirmay qoldi. Karantin sharoitida ayrim kerakli mahsulotlarning narxi oshganligi bor gap.

Koronavirusga oid internet saytlarda e'lon etilgan e'tiborli maqolalarni o‘qib bo‘ldim. Qiziqib,  google dan virus va virusologiya haqidagi ilmiy-ommabop  maqolalarni o‘qidim.

Hatto  fb do‘st yordamida ancha-muncha oshinlarimga karantin ehsoni qilishga ulgirdim – o‘zimdan qoniqish his etdim.

Farzandlarim yonimda. Sotiladigan moshlarim hozircha bor. Do‘konga ikki qop mosh sotsam, bir milyonga yaqin pul bo‘ladi. Do‘konchi bugun ham: » Yana moshdan opchiqing!»- dedi. Bir necha odamlarga bepulga ekin ekinglar, deb  5-10 sotixdan yer berdim.

O‘zim badavlat emasman, adabiyotchiman, lekin ko‘ngil xohlasa, birovga ehson qilishga ortiqcha narsang topiladi.

Ho‘sh, yana nima dey?

Ertalab uyg‘onamiz, kun bo‘yi chumoliday g‘imirlab, kech tushganda uxlagani yotamiz. Ko‘rgan tushlarimiz kam-kam esda qoladi.

Yosh o‘tyapti. Boshimda oqarmagan soch tolasi qolmadi hisob.

Shu kunlarda loviyamni ekib olaman. Ertaga oshinlarimni ishga chaqirganman.  Oshinlar bir-biri bilan ish talashyapti. Menga tilpon qilib: » Ish bo‘lsa bizni chaqiring, boshqalarga indamang. Pul yo‘q!» deyishadi. Qishlog‘imizdan  shaharga ishga qatnaydiganlar ham uyida o‘tiribdi. Mahalla ustalari ham «ish yo‘q!» deyishyapti.

Pensiyalar plastikaga o‘tkazilar ekan. Qishloq sharoitida yaxshigina pensiya (invalidlik nafaqasi) olaman! Darvoqe, 2- guruh nogironiman. Boshog‘riqlarim bor!

Yana nima deyish  mumkin?!?

Kartoshkalarim yong‘oqday bo‘libdi.

O‘g‘lim Toshkondan kelgandan beri matematikadan bosh ko‘tarmayapti.

Qizim tandirda non yopishni va nonsoldi pishirishni o‘rgandi.

Tezroq da'f bo‘lsin shu tojdor o‘lat. Odamni zeriktirib yubordi.

Demak, yaqinda kartoshka va tut pishadi, orqasidan olucha qizaradi, handalakka maza kiradi, iyun oxirida bug‘doyimiz ham pishadi.

Hech qanaqa ochlik, yetishmovchilik bo‘lmaydi, Xudo xohlasa.

Bu yil ekinlarimiz yomonmas! Bug‘doylarimiz ko‘m-ko‘k o‘sib yotibdi.

Xullas, karantin sharoitida qishloq o‘z vazifasini bajaradi, oziq-ovqatdan tashvish qilmanglar, el nima bo‘lsa biz ham o‘shamiz, kerak bo‘lsa hosilimizni bepulga tarqatvoramiz, orzu-havas to‘xtab turar. Bu dunyo sinov dunyosi, boylik to‘plash va rohatlanish dunyosi emas.

Rohat bizlarni jannatda kutayotgan bo‘lsin, do‘zax olovidan O‘zi saqlasin!

Rahimjon Rahmat
Yozuvchining feysbukdagi sahifasidan

Tag‘in o‘qing
10 oktyabr 2016
Yodnomalarni shoir va yozuvchilar bitsin ekan. Chunki ularning tafakkur doirasi boshqalarnikidan ko‘ra kengroq bo‘ladi. Shu kunlarda marhum prezident Islom ...
25 oktyabr 2023
MTRK boshlovchisi Dilshoda Matchonovaning O‘zbekiston konstitutsiyasida qoralangan irqchilik, qirg‘inni qo‘llab-quvvatlab 70 millon kishini o‘choqda yoqqan Gitlerga oshiq bo‘lgani jurnalistika ...
21 mart 2022
Xonanda va muxolifat faoli Jahongir Otajonovning Ozodlik radiosiga 18 mart kuni bergan intervyusi O‘zbekiston Davlat Xavfsizlik Xizmatida katta xavotir ...
23 avgust 2019
Davlat siyosati boshqariladi. Siyosatni siyosatchilar amalga oshiradi. Siyosatchilarni esa xalq gap-so‘zi, bo‘yi-basti va tarbiyasiga qarab saylab, tanlab oladi. Tanlov ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...