Asosiy mavzular
27 aprel 2020

Men qaysi mamlakatdaman. Ko‘chamning nomi nima?

Tarix takror sahnalardir. XVIII-XIX asrda Rossiya zodagon va bashanglari asosan frantsuz tilida gaplashishgan.

Pushkinning tili frantsuzcha chiqqan va besh yoshida rus tilini enasidan o‘rgangan.

Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” romani personajlari asosan frantsuzcha tillashadi.

Chunki frantsuz tilida yagona tartibu nizom va nazokat bor edi.

U paytda har xil sheva va jargonlardan iborat rus tili yagona tizimga ega emas edi. Masalan, kimdir “xitriy” degan so‘zni «aqlli» degan ijobiy ma'noda tushunsa, kim uchundir bu «shum» degan salbiy ma'noda edi.

Kimgadir “cherstviy” degan so‘z qotib qolgan nonni anglatsa, kim uchundir bu kalima endi yopilgan yumshoq non ta'rifi edi.

Frantsuz tili Rossiyadagi ilk aniq ifoda vositasi bo‘ldi.  Frantsuz tili oshiqlari gallomanlar, deya ataldi.

Gogol yozgan “Uylanish” spektakli qahramoni tipik galloman o‘z xotini frantsuz tilini bilishini chandon istaydi.

Sevgi bo‘lgan joyda, albatta, nafrat ham paydo bo‘ladi. Bu yasham  qonuni.

Rossiyadagi tili frantsuzchaga kelishmaganlar bu tildan nafratlana boshladi. Ularni gallofoblar, deb atashdi.

Gallofoblar orasida xalq maorifi vaziri Aleksandr Shishkov ham bor edi. U rus tilining moshkichiriga aylanganidan eng ko‘p dodlagan amaldor sifatida tarixda qoldi.

Ammo kiborlar frantsuz tilida gapirishda davom etishdi.

Ular faqat o‘z malayining onasini so‘kkanidagina  rus tilidan foydalanishdi.

Aleksandr Pushkinning go‘zal xonimlarga yozgan maktublarining 90 foizi frantsuz tilida edi.

1812 yilda Napoleon Rossiyaga urush boshlagani ortidan gallofoblarning kuni tug‘di.

Oddiy rus mujigi frantsuzcha gapirgan rus zobitining bo‘ynini bolta bilan uzgani haqida Piter gazetalari dahshat bilan yozdi.

Bugun Rossiyada gallomaniya o‘rnini rus shovinizmi  va putinizm to‘la egalladi.

Lekin qatiq to‘kilsa, yuqi qoladi. «Afisha», «pressa», «sharm», «kavaler», “shifoner” kabi so‘zlar o‘sha frantsuz qatig‘ining yuqidir.

Bu kalimalar o‘zbekchaga ham o‘tgan.

Darvoqe, o‘zbek tilidagi «vergul» so‘zi ham frantsuzcha. Bu so‘zni usmonli adabiyoti o‘qigan jadidlar tilimizga kiritishgan.

Umrimda birinchi marta Frantsiyaga borganimda men o‘zimni ilk marotaba chet ellik sifatida noqulay his qildim. Men bilgan chala- chulpa ingliz tili va sal yaxshi biladiganim olmoncha yo‘lda yurishim uchun tayanadigan hassa bo‘lmay qolgan edi.

Frantsuzcha gapir, deyishdi menga. Borgan paytimda ba'zi xonadonlarda ichki kommutatsiyali telefon tizimi bor edi.

Ya'ni siz telefon qilsangiz, bir xotin ko‘taradi. U xotinga frantsuz tilida to‘rtta raqam aytish kerak bo‘ldi.

Rassom do‘stim yashagan Parijdagi kvartiraning to‘rtta raqamini she'r kabi yodlab olgandim:

«Du du katrin turuva».

O‘sha davrda qulog‘imga singgan qo‘shiqni hushtak chalib xirgoyi qilaman.

Man nima qildim? Nimani gapirdim? Qaysi mamlakatdaman? Boshimga qo‘ngan  qor rangi qanday? Odam qarib-churish uchun tug‘iladimi? O, mening yo‘qolgan bolaligim. Ko‘chamning nomi ne atalgandi?

Qu’ai-je fait? Qu’ai-je dit?

Qui suis-je en ce pays?

Quelle neige est déjà tombée dans mes cheveux?

Les hommes ne sont-ils nés que pour devenir vieux?

O mon enfance disparue

Quel était le nom de ma rue?

Rassom TUZ

Tag‘in o‘qing
18 yanvar 2018
Prezident Mirziyoev o‘z chiqishlarida «eski zamonlar tugaganini» bot-bot eslatishiga qaramay, uning mulozimlari Karimovni qo‘msashda davom etishmoqda. «Shu tizim ichida ...
21 fevral 2023
Jurnalist Rahimjon Rahmat yozadi: Shu,  kam ta'minlangan toifa allada aziz,  to‘rvada mayizga aylanib ketyapti.  Mayli,  kambag‘al toifalarga un, yog‘,  ...
19 yanvar 2021
O‘zbekiston rasmiylarining bildirishicha, 2017 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda chaqaloqlarni sotish va sotib olish bilan bog‘liq 185 ta holat ...
10 iyul 2016
Moskvadagi ARTSTORY galereyasida ko‘rgazmaga qo‘yilgan asarlardan oltmishinchi yillar Sovet O‘zbekistonining naftalin ifori taraladi. Iyul so‘nggiga qadar Moskvada “Sharqqa maftunlik” ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...