Ko‘zqarash
28 may 2020

Kundalik yuritish – koronavirusga qarshi kurash chorasi

Bosh prokuratura koronavirus tarqalishi silsilasini aniqlash oson bo‘lishi uchun fuqarolardan kundalik tutishni so‘raganida ba'zilar buni kulgiga oldi. Internetda hazil “kundalik”lar urchib ketdi.

Aslida bu o‘zbek jamiyatida tarixni saqlash an'anasi yo‘qligidan dalolat. O‘zi aksariyat postkolonial jamiyatlarda o‘tmish bilan bog‘liqlik uzilib qolgan: ularda tarixni, kundalik hayotni qayd etib borish odati yo‘q, axborot ko‘p, lekin tartibsiz oqim bo‘lib aylanadi. Arxivlar to‘liq emas, qog‘oz hujjatlar muayyan saqlash muddatidan so‘ng yo‘q qilib yuboriladi, bir necha asrlab turadigan qabristonlar yo‘q, eski davlatlar bilan merosiylik yo‘q – ularning hujjatlari rasmiy kuchga ega emas, ularning xalqaro kelishuvlariga amal qilinmaydi. Ya'ni “bugun” artikulyatsiya qilinib, “o‘tmish”dan ajratilgan va bu o‘tmish juda uzoq emas. Yuz yil oldingi hayot ham biz uchun juda tushunarsiz, juda boshqacha, merosiylikni his etmaymiz.

Vaziyatni G‘arbiy Yevropa bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, u yerda sulola va tuzumlar o‘zgarishiga qaramay, arxivlar saqlanadi, qog‘ozlar tarixiy manbagina emas, real ahamiyatga ega hujjat ham sanaladi. Sakkiz yuz yil ilgari qabul qilingan qonun va qarorlar haligacha ishlayotgan bo‘lishi mumkin; ikki yuz yil oldingi hujjatlar bugungi meros talashish jarayonlariga, sud ishiga jalb etilishi mumkin; eski qabristonlar juda ko‘p, statistika, axborotni tartibga soluvchi entsiklopediyalar, ma'lumotnomalar, ro‘yxatlar, ma'lumot bazalari juda ko‘p. Ularda “bugun”ning “o‘tmish”dan artikulyatsiyasi boshqacha: yuz-ikki yuz yil oldingi davr notanish yo begona emas.

Mavzudan biroz chalg‘ib ketdim. Merosiylik va tarixni saqlash – juda katta va murakkab masala. Hozircha kundaliklarga qaytsak.

XVII–XIX asrlarda G‘arb davlatlarida kundalik tutish oddiy holga aylangan. Davlat amaldorlari, harbiylar, shifokorlar, o‘qituvchilar, buxgalterlar, ziyolilar, olimlar, talabalar, tadbirkorlar, ijodkorlar, jurnalistlar, sayyohlar va boshqa ko‘p soha vakillari kundalik tutib borgan. Bir narsani e'tibordan qochirmaylik: u payti hali shifokorlar, o‘qituvchilar, buxgalterlar, jurnalistlar juda kam bo‘lgan, ular asosan yirik shaharlarda yashab, yaxshi daromad olgan va ziyoli, aslzoda qatlam sanalgan. Bu kabi kasblar egalari ta'lim olgan, savodli insonlar bo‘lgan. Qolaversa, u zamonda internet tugul fotografiya bo‘lmagani/keng tarqalmagani bois matn xotirani saqlashning eng zamonaviy va samarador yo‘li bo‘lgan.

Bu kundaliklar mualliflarning kabinetlarida qolib ketmagan. Kundalikka ijod namunasi sifatida qaralgan. Odamlar o‘z kundaliklarini chop ettirgan yoki nusxa ko‘chirtirib, kutubxona va arxivlarga topshirgan. Bugun Yevropa, Rossiya, AQSh tarixini o‘rganganimizda mana shu kundaliklarga suyanamiz (biz tarixiy tadqiqot deb bilgan uncha-muncha kitoblar ham aslida kundalik sifatida yozilgan).

Kundalik janridagi manbalar tilga olingan mamlakatlar va mintaqalar tarixini ikir-chikirigacha o‘rganishga, juda noyob tafsilotlarni, oddiy odamlarning fikrini, qarashlarini, kundalik hayotini bilishga imkon beradi. Qolaversa, shaxsiy foydalanish uchun yozilgan matn tarixiy manbaga aylanishi o‘tmishni jonlantiradi, bizga yaqinlashtiradi, negaki unda muallif o‘z fikrini ochiq, samimiy yozadi, siyosiy stereotiplarsiz real hayotni aks ettiradi. Kundaliklarni o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlar ham talaygina.

Men ham o‘quvchilarimga kundalik tutishni tavsiya etgan bo‘lardim. Bugun texnologiyalar rivojlanib ketgan – qog‘ozga kundalik rejangizni yozib borishingiz shart emas. Shaxsiy fikringiz va boshingizdan kechirganlaringiz aks etgan, kompyuterda terilgan matnni o‘zingiz olgan suratlar bilan boyitib, word formatlaridan birida saqlab borsangiz ham bo‘ladi. Chiroyli badiiy asar yoki tarixiy manba yaratib qo‘yganingizni bilmay qolasiz.

Bugungiga o‘xshagan favqulodda vaziyatlarda bu kabi kundaliklar shunchaki xotirani saqlash va ma'lumotni tartibga solishdan ko‘ra boshqacharoq xizmat qilishi, masalan, kasallik tarixini yoki epidemiya halqalarini o‘rganish va pirovardida virus tarqalishining oldini olishga yordam berishi mumkin.

Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
25 aprel 2019
Ciyosiy mahkum, buxorolik 35 yashar huquq faoli Humoyun Rahmonovning xalqaro jamoatchilikka yo‘llagan videomurojaati 23 aprel kuni tarmoqda e'lon qilindi. ...
8 may 2024
Eltuz nashri MTRKning «Sport» kanali direktori Zohid Karimovni fosh etuvchi maqoladan keyin milliy televidenie xodimlaridan kelgan murojaatlarni muntazam ravishda e'lon qilib ...
8 avgust 2016
Rassom Kirpi har yili bo‘ladigan ayni holat, abituriaentlarning bunker, paravoz va shpargalka kabi vositalaridan foydalaninishini hajv qiladi. Bu yil ...
5 mart 2019
Shu kunlarda ba'zi bir ishlar bilan band bo‘lganim sababidan kanalga yozishga vaqtim bo‘lmayapti. Ammo Navoiy tili haqidagi postlardan so‘ng ...
Bloglar
23 yanvar 2025
O‘zbekiston mudofaa vaziri Xolmuxammedov bosqinchi gazanda Rossiya bilan 2026-2030 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi ...
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...
12 yanvar 2025
Turli mavzularga o‘z qarashi bilan farqlanadigan bloger Kirpi Prezidentning 380-sonli qarori asosida 1000ta kitobning o‘zbek ...