Ko‘zqarash
3 iyun 2020

AQShdagi namoyishlar o‘znetda liberallarga qarshi jazava qo‘zg‘atdi

Bir narsaga e'tibor qaratdim: AQShda bo‘layotgan voqealarga e'tibor rus internetida juda yuqori; runetda bu voqealarni anarxiya deb qoralash, afroamerikaliklarni arzimagan voqea bahona qonunbuzarlik va zo‘ravonlik aktsiyalari uyushtirishda ayblash avjida.

Rus internetida G‘arbdagi liberal trendlarga qarshi keskin kayfiyatlarni ko‘pdan beri kuzataman: feminizm ham qoralanadi, qora tanlilarga nisbatan ijobiy diskriminatsiya ham qoralanadi, Yevropa muhojirlarni qabul qilayotgani ham qoralanadi, xullas, har yerdan yomonlik qidirish avjida. Runet ketidan o‘znetda bunday kayfiyatdagi odamlar ko‘payib qoldi. Namoyishlarni diskreditatsiya qilishga, sababsiz zo‘ravon qilib ko‘rsatishga qaratilgan yolg‘on-yashiq xabarlar-u, ataylab uyushtirilgani haqidagi fitna nazariyalari ham urchib ketdi.

Menimcha, bu kabi aksilliberal fikrdagi odamlar AQShdagi, G‘arbdagi asl vaziyatni to‘liq bilmay turib, o‘z realligidan kelib chiqib xulosa qiladi. Lekin AQSh va Yevropa tarixidan va bugunidan kelib chiqsa, qora tanli aholining kurashi ma'nisiz va arzimas narsa emas. Uning chuqur o‘tmishi va sabablari bor.

AQShda irqchilik hamon tirik. Politsiya xodimlari qora tanli odamlarga o‘ta ishonchsizlik bilan qarashi va arzimas sabab bilan o‘ldirib yuborishi ko‘p kuzatilgan holat.

Juda mayda va isbotlanmagan qonunbuzarlik uchun o‘ldirilgan Jorj mana shunday munosabat qurboni. Ko‘chalarga chiqqan afroamerikaliklarning tuyg‘ularini, g‘azablarini tushunsa bo‘ladi. Gap inson hayoti, inson qadri, ko‘p millionlik jamoa g‘ururi va normal muomalaga munosibligi haqida ketmoqda.

Inson qadri bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. Bir kun kelib u o‘ziga nisbatan ishlamagan qonunlarni va tartiblarni hurmat qilmay qo‘yishi mumkin.

Yana bir jihat. Jorj Floyd o‘limi odamlarni junbushga keltirgan trigger-ivent bo‘ldi. Lekin aktsiya ishtirokchilarining orasida irqchilik, yomon muomala qurbonlari oz emas. Ularni o‘ldirishmagan, lekin kamsitishgan, haqoratlashgan, kaltaklashgan, adolatsiz qamashgan, ishdan haydashgan.

Ular faqat Jorj Floyd uchun emas, o‘zlari uchun ko‘chaga chiqmoqda. Ular – faqat qora tanlilar emas. Ular orasida oq tanlilar ham bor. Politsiya xodimlarining ham kattagina qismi namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlayapti, ularni tushunyapti.

Albatta, namoyishchilar uyushtirgan zo‘ravonlik aktlarini oqlab bo‘lmaydi. Bunday hissiyotli aktsiyalarga zo‘ravonlik ishqibozlari ham qo‘shilib oladi, qolaversa, jahl chiqqanda aql ketadi.

Lekin bu – harakatning mohiyati emas. Namoyishchilarning ko‘pchiligi adolat xohlaydi, xolos. Ularning aksariyati tinchlikka chaqirmoqda, qora tanlilarga odamday muomala qilinishini, o‘t ochilmasligini talab qilmoqda.

Tinchlik va murosa, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik hamisha eng yaxshi va eng to‘g‘ri yechimdir, lekin, afsuski, odamlar bu yaxshi yechimga oson yo‘l bilan yetib bora olmaydi doim ham.

Eng muhimi – jamiyatda fikr ifodalash erkinligi bo‘lishi kerak, ba'zida hissiyotga berilib, ba'zida jahl qilib, odamlar pirovardida bir-birini yaxshiroq tushuna va hurmat qila boshlaydi.

Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
7 aprel 2021
Samarqandlik yozuvchi va jurnalist Karimberdi To‘ramurod faceebook sahifasida uning asarlarini o‘g‘irlab, o‘z nomidan e'lon qilayotganlarga hech qanday chora ko‘rish ...
4 iyul 2016
O‘zbekistonda keyingi o‘n yilda aholiga majburiy singdirilib kelinayotgan naqd pulsiz to‘lov tizimi, hukumatning naqd va elektron pul o‘rtasidagi tafovutni ...
3 avgust 2018
Bir paytlar neftbazadan benzin, solyarka olib chiqib sotar edik. Yashirincha olib chiqar edik, ishchilariga pul bersak, hech kim yo‘qligida ...
16 mart 2017
So‘nggi vaqtlarda mamlakatda korruptsiya mavzusi faol muhokama etilayotganiga ishora qilgan Kun.uz sayti Kommersant.uz internet nashriga asoslangan holda iqtisodchi ekspert ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...