Ko‘zqarash
10 iyun 2020

O‘sh qirg‘ini guvohi: Dahshatli chinqiriq hozir ham qulog‘imda yangraydi

Bundan roppa-rosa o‘n yil avval O‘sh va Jalolobodda o‘zbek va qirg‘izlar orasida qonli to‘qnashuvlar boshlangan edi.

Men o‘sha kunni hozir ham aniq-tiniq eslayman.

Ertalab soat oltida o‘qlar ovozidan cho‘chib uyg‘ondim. Uyda dadam, akam yo‘q edi. Oyim ham sarosimada, «urush boshlanibdi» dedi, tinmay duo qilib o‘tirardi.

Men ko‘chaga chiqdim, bizdan besh kilometr naryoqda yonayotgan uylarning tutunlari ko‘kni qoplagan edi.

Onam menga «chiqma, bolam», deb yolvordi. Men o‘z uyimni, oilamni, rayonimni qo‘riqlashim kerak, uyingga bostirib kelganga qarshilik qilish haqiqiy jihod, deb ko‘ndirib, duosini olib chiqib ketdim.

Qo‘lda hech narsa yo‘q, ketmon sopi va rogatka. Olomon ichiga bordim, olomon orasida ov miltig‘i bor besh-oltita odamni ko‘rdim, ko‘nglim joyiga tushdi.

Odamlar to‘planib turgan yerga mahallamiz imomi chiqib, «bizning uyimizga bostirib kelayotgan fashistlarga qarshi kurashish jihod, kim o‘lsa, shahid bo‘ladi», dedi. Xalq «Allohu Akbar!» deb uylar yonayotgan tarafga qarab yugura boshladi.

Bizning rayonga bostirib kelayotgan minglab kishining oldida ikkita BTR va yuzlab qurolli kishilar bor edi.

Oldingi safda takbir aytib o‘zini o‘qqa urgan o‘zbek yigitlarini otib, so‘yib, tiriklayin yoqish manzarasiga guvoh bo‘ldim.

Men hech qachon o‘limdan qo‘rqmaganman, o‘z oilamni, nomusimni qo‘riqlab o‘lish men uchun sharaf bo‘lgan.

Qarshi tomondan «o‘zbeklarga o‘lim», degan ovozlar yaqin-yaqindan eshitila boshladi, qo‘limda ketmon sopini ushlab, qolgan o‘zbeklar bilan birgalikda takbirni aytib, o‘zimizni o‘qqa urdik. Birdan yelkamni ari chaqqanday bo‘ldi, ko‘z oldim qorong‘ulashib, yelkamdan sharillab qon oqa boshladi, dushmanning «kalashnikov»dan otgan o‘qi yelkamni teshib o‘tibdi.

Holim quridi, kalimani aytib yiqildim. Yonimdagi o‘zbeklar meni ko‘tarib, «yarador bor», deya mashinaga solib, shifoxonaga olib ketishdi.

11 iyun kuni o‘zimga keldim. Qarasam, palatadaman, atrofdagilarning deyarli barchasi o‘zbek. Ro‘pparamda oyog‘iga o‘q tekkan esa qirg‘iz kishi. Bu qirg‘izning keyinroq aytishicha, u bir do‘stining so‘ziga kirib, «O‘shdan o‘zbeklarning qo‘ylarini yetalab opkelamiz», deb tog‘dan tushgan ekan…

Mening hikoyam shu yerda tugaydi. Men bu urushda aybdorlarni izlamayman, kim aybdor ekani barchaga ayon.

Hozir Shvetsiyaga ko‘chib o‘tganman. Biroq O‘shda ko‘rganlarim, tiriklay yongan o‘zbeklarning daxshatli chinqiriqlari hozirgacha qulog‘imda yangraydi. Men buni unutmayman. Men kechirmayman!

Abbos O‘shiy,

Shvetsiya

Tag‘in o‘qing
29 may 2017
O‘zbekistonning kengayib borayotgan yaxna ichimliklar bozori, o‘nlab o‘zaro raqobatdosh shirkatlarning tobora shiddatli jang maydoniga aylanmoqda. Ayni jarayonda «Smile Lux» ...
17 may 2018
Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov AQSh-O‘zbekiston prezidentlari uchrashuvi oldidan o‘tgan davra suhbatidagi chiqishida zamonga qarab o‘zgarayotganini ...
4 aprel 2021
O‘zbekiston jazoni ijro etish tizimida “birinchi raqamli jallod” sifatida nom chiqargan Nozim Jumaev birinchi aprel kuni Buxoroda ko‘mildi. Bundan oldin u ...
10 dekabr 2020
Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyning kichik zalida 18 yil davomida taqiqda bo‘lgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” filmining taqdimoti kamtarona va odmi ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...