Asosiy mavzular
4 avgust 2020

«Buyuk ajdod» tushunchasidan voz kechish kerak…

O‘zbekistonda turli matnlarda, kontekstlarda, hatto rasmiy hujjatlarda ko‘p ishlatiladigan “buyuk ajdod” tushunchasidan voz kechish kerak, deb o‘ylayman. Buning sababini tushuntirishga urinib ko‘raman.

“Buyuk ajdodlar” ritorikasi sovet tarixchiligi va tashviqotidan qolgan paradigma. U haqiqatni bus-butun aks ettirmasligi barobarida millatga va millatchilikka eski yondashuvlarni aks ettiradi. Bitta millat ichidagi hamma odamlar bir kishining genetik avlodi emas, shunday ekan, mashhur tarixiy shaxslarni “buyuk ajdod” deb atash unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Millatga va tarixga bu nuqtai nazardan qarashning zaifligi ba'zi muammolarni keltirib chiqaradi. Masalan, bir tanishim “Men Amir Temurning avlodi emasman”, deyishni, umuman, Temurning o‘zbeklarga aloqadorligini shubha ostiga olishni, “bu yolg‘on ajdod”, deyishni yaxshi ko‘radi. Ya'ni yuqoridagi paradigmaning zaifligidan kelib chiqib, butun millat kontseptsiyasini va tarixini shubha ostiga olish mumkin. Yuqorida keltirganim – bir o‘zbekning o‘z kelib chiqishiga qarab aytgan andishalari. Ideologik kurashda bu argumentdan yanada kengroq foydalaniladi va yanada kattaroq xulosalar qilinadi. Demakki, “buyuk ajdod” kontseptsiyasi yordamida tarixini yanada yorqinroq qilishga urinish aslida millatning asosini zaiflashtiradi, uning butunligini va o‘tmishini shubha ostiga olish imkonini beradi.

Bugungi kunda deyarli barcha ilmiy qarashlar tan oladiki, millat qarindoshlik birlashmasi emas. Millat genetik jihatdan turlicha kelib chiqishga ega odamlardan tashkil topadi. Menimcha, hech kim hamma millatdoshlarini qarindosh deb hisoblamasa kerak (agar shunday hisoblasa, unda adashadi). Albatta, agar chuqurroq kovlasa, hamma odamlar bir ildizga borib taqaladi, lekin qarindoshlik kategoriyasi faqat eng yaqin ildizlarni o‘z ichiga oladi (shuning uchun “butun insoniyat o‘zaro qarindosh”, deyish ham mantiqan xatodir).

Millat – siyosiy birlashma. Siyosiy birlashmalar siyosiy voqealar asnosida shakllanadi va, aksincha, tarqab ketadi. Siyosiy birlashuv ortidan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, lisoniy birlashuv ham yuzaga keladi. Lekin bu birlashuv qo‘shimcha va shubhali argumentlarga muhtoj emas. Umumiy ajdod qidirish millat birligini orttirmaydi, aksincha, uni sun'iylashtirib qo‘yadi (chunki hamma uchun umumiy ajdod topish imkonsiz).

Nazarimda, elita ham, ziyoli qatlam ham, xalq ham mana shuni tushunsa va qabul qilsa, millatini siyosiy birlashma deb qabul qilsa, o‘tmishni va bugunni tushunishdagi ko‘p muammolar hal bo‘ladi, shubha-gumonlarga o‘rin qolmaydi. Har bir odamning alohida, o‘z ajdodlari bor. Lekin ajdodlaring kim bo‘lsa bo‘lsin, bugun muayyan millat vakilisan va uning siyosiy o‘tmishida rol o‘ynagan shaxslarni o‘tmishdoshing, deb qabul qilasan. Mana shunday yondashuv, menimcha, haqiqatga yaqinroq bo‘ladi va mustahkamroq birlashuvni ta'minlaydi.

“Buyuk ajdod” termini o‘rniga esa “buyuk millatdosh” yoki “buyuk vatandosh” kabi atamalarni ishlatish mumkin. Bu balki etnik bo‘linishni ham bartaraf etib, chinakam millat tushunchasi hosil bo‘lishiga yordam berar.

Eldor Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
30 yanvar 2021
Joriy qish mavsumida mamlakatning uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimi nafaqat yaroqsiz, balki odamlar uchun xavfli ekani ma'lum bo‘lib qoldi. ...
14 aprel 2018
Chex kinorejissyori Milosh Forman 87 yoshida 2018 yilning 14 aprelida hayotdan ko‘z yumdi. O‘tgan asrning 60-yillarda o‘z ijodi bilan ...
8 avgust 2020
Britaniyaning Hertfordshire Press nashriyoti keng o‘quvchilar e'tiboriga o‘zbek shoirasi Xosiyat Rustamovaning “Rangin ko‘zyoshlar” deb nomlangan she'riy to‘plamini taqdim etdi. ...
17 yanvar 2020
Xitoy hukumati inson huquqlarida o‘zi uchun ekzistentsial tahdidni ko‘radi. Uning shu munosabat bilan qilayotgan sa'y-harakatlari esa global ko‘lamda inson ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...