Ko‘zqarash
24 noyabr 2020

Siz bunga loyiqsiz

«Humo» nomli uchoq shirkati haqida gap chiqishi bilan eronlik do‘stlarim o‘zbeklarni plagiatda aybladi. Eronda «Humo» degan uchoq shirkati bor ekan. Umuman, Eronning har qanday ko‘chasiga borsang, sakkizta «Humo» restorani va o‘ttizta «Humo» hammomi bor ekan.

Eron mifologiyasi ramzi va hayotda mavjud bo‘lmagan bu qushni 1991 yili O‘zbekiston gerbiga tiqishtirgan odam Pirimqul Qodirov edi. Fuqaro so‘zini tiqishtirgan ziyonlilardan biri ham o‘sha odam edi.
O‘zlikdan uyaladi desam, bu odamning o‘zligi ham bo‘lmasa kerak. Mayli o‘ldi-ketdi. Ammo O‘zbekiston kabi turk davlatida fors timsoli nima qiladi, degan savol o‘lmadi.

O‘zbekiston davlatining tarixiy o‘tmishi sifatida ko‘riladigan Temur davlati bayrog‘i ko‘k (tangri va osmon mazmunini beradi) fondagi uchta oq doiradan iborat edi. Bu oq doiralar Temur ishg‘ol qilgan uch qit'a tasviri edi.

Zamonaviy grafik dizayn nuqtai nazaridan qaralsa ham mukammal va ortiqcha tafsilotdan xoli timsol.

Bugungi kunimizdagi o‘zbek harbiylari o‘ziga faxr deb biladigan xorazmshoh Jaloliddin Mengbur ko‘targan bayroq qora rangdagi to‘g‘ri to‘rtburchak matodan iborat edi.

Zamonaviy tilda minimalizm deb ataladigan dizayn. Xuddi rassom Maleevich chizgan «Qora kvadrat» kabi.

Hindistonni ishg‘ol qilgan Bobur ko‘targan bayroq sariq fondagi qizil uchburchakda iborat edi. Yana o‘sha minimalizm. Yana o‘sha davlat piramidasi ramzi bo‘lgan uchburchak.

Temur tug‘ida ham, Jaloliddin va Bobur ko‘targan bayroqda ham hilol tasviri bo‘lmagan.

552 yildan 603 yilgacha Sirdaryo bo‘ylari – Yettisuv va Tolos vodiysida hukm surgan Ko‘kturk imperiyasi bayrog‘ida ko‘k (osmon va tangri ramzi) fonda bo‘ri kallasi aks etgan edi.

Qoraxoniylar sanjog‘ida daraxt, xunlar gerbida esa burgut aks etgan.

Ya'ni tariximizga asos bo‘lgan va bugungi O‘zbekiston o‘zini merosxo‘r deb biladigan va tarixda barlos, mang‘it, qo‘ng‘iroq, ming va o‘z urug‘laridan chiqqan xonlar boshqargan davlatlarning bir suri ramzlari bor.

Bularni qo‘yib, xayoliy humoni timsol qilgan davlat rivoji ham xayolda bo‘ladi.

Bugun dunyoga maydon o‘qiyotgan davlatlar tug‘i timsollariga qarang.

Amerikada burgut, Germaniyada shunqor, Britaniyada arslon tasviri.

1992 yili bayroq va gerb tanlangan kuni parlamentda nutq so‘zlagan shoir Erkin Vohidovni asosan kolxoz raislaridan iborat deputatlar tushunmadi.

Biz bugun paydo bo‘lgan davlat emasmiz. Bayroq va gerb chizishga ehtiyoj yo‘q. Bobolarimiz davlat qurib, bayroqlarini nafaqat o‘z saroyiga, balki dunyo peshtoqiga ilib qo‘ygan. Shu bayroq va timsollardan birini olaylik. Qarang, Gruziya ham, Ukraina ham o‘zining eski bayrog‘ini ko‘tardi. Biz nega shuncha qadim davlatchiligimiz bo‘la turib, yangi bayroq chizib o‘tiribmiz?

Boya aytganimdek, 98 foizi kommunist bo‘lgan, sutsog‘ar va traktorchilardan iborat parlament bu gaplarni tushunmadi.

Yangi timsol qabul qilishgani ham yo‘q. Eron mifologiyasi simvoli humo qushi va shia mazhabidagi 12 imom tamsili bo‘lgan 12 yulduzli bayroqni tug‘ qilib ko‘tarishdi, qo‘yishdi.

O‘zga timsol va yot bayroq ostida o‘tgan 28 yil tubanlik, darbadarlik va qashshoqlikdan iborat bo‘ldi.

Siz bunga loyiqsiz.

Chunki siz tarix va o‘zlikni unutdingiz. Kurashish va haq talab qilish nimaligini ham bilmaysiz. Nafaqat qadringizni, balki qorningizni ham o‘ylamaydigan notavonga aylantirildingiz.

«Bizga ertakdagi humo emas, tuxum qiladigan tovuq kerak», degan odamni uchratmadim.

Rassom Tuz maqolasi edi

Tag‘in o‘qing
10 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solix bilan may oyida o‘tkazilgan bu suhbat bevosita Eltuz tashabbusi bilan tayyorlandi. Faqat ...
5 may 2016
O‘zbekiston fuqarosi 36 yashar Muborakxon Usmonova o‘z jazmani 55 yashar Aziz Chalishqon (Aziz Çalışkan) tarafidan 27 aprel oqshomida bo‘g‘ib ...
11 yanvar 2021
8 yanvar kuni Namangan shahrining Davlatobod tumanida Shimoliy Farg‘ona kanali ustiga qurilgan 37 metrlik yangi ko‘prik qoq o‘rtasidan bo‘linib, ...
25 avgust 2016
«Toshkent oqshomi» gazetasida (23.08.2016) O‘zA muxbirining ichki ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari bilan suhbati bosildi. Vazir o‘rinbosarining aytishicha, ichki ishlar ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...