Ko‘zqarash
1 dekabr 2020

Dalada ishlab erini boqayotgan xotinlar

«Oshin» – 1983 yilda Yaponiyada suratga olingan ko‘p qismli film. Bosh rollarda Nobuko Otova, Yuko Tanaka, Ayako Kobayasi va boshqalar o‘ynagan.

Filmda dalada ishlaydigan ayollar mashaqqati hikoya qilinadi. Film O‘zbekistonda namoyish qilinganidan keyin mavsumiy dalada ishlaydigan xotinlarni Farg‘onada «oshin», deb aytish rasm bo‘ldi.

Fermer va yozuvchi Rahimjon Rahmatning Farg‘onada kunlik yoki mavsumiy ishlaydigan ayollar haqidagi turkum hikoyalarini «Eltuz» o‘quvchilari e'tiboriga havola qilamiz. Hikoyadagi voqealar bizning kunlarimizda bo‘lib o‘tadi.

***

O‘tgan kuni oshinlarimdan biri telefon qildi: «Amaki, ish bormi? Ish topib bering! Pul tugadi!»

– Dang‘arada paypoq to‘qishda ishlayotgandingiz-ku. Nima bo‘ldi? Ishni to‘xtatdingizmi?

– E, aka, bormay qo‘ydim. Bo‘lmadi. Sizda ish bormi? Ish topib bering. Moshlaringizni uyga olib kelib oldingizmi?

– Yaxshi. Ertaga kelinglar ikki kishi.

– Nima ish qilamiz?

– Olmani saralaymiz. Loviya yelpiysizlar.

Oshinimning ismi Baxtigul.

Baxtigul o‘zi tengqur sherigi bilan ertalab uyimga yetib keldi.

Havo iliq edi. Ishni boshladik. O‘zim ham ishladim. Ishni olma sarlashdan boshladik.

– Chirigini alohida idishga solamiz, butunini yashikka joylanglar. Olma kartoshka emas, nozik meva, butun olmani joylayotganlaringda bir-biriga urilib zaxa yemasin, – deb tushintirdim ularga.

– Nega Dang‘arada ishlamay qo‘ydingiz. U yerda paypoq to‘qishda ishlardingiz, a?- so‘radim Baxtiguldan.

– E, amaki, u yer yoqmadi, boshida yaxshi to‘laymiz, deb aldab, oxirida yaxshi pul bermadi.

– Necha so‘m olardingiz?

– Boshida yaxshi to‘laymiz, kuniga ellik olti ming so‘mdan olasizlar dedi, oylik berishga kelganda yigirma yetti ming berdi.
Nega kam? – desak «Keyingi oyga qo‘shib beramiz», dedi. Keyingi oyga yana aldadi, yana yigirma yetti ming berdi. Bunaqa pulga ishlab bo‘ladimi, ko‘pchilik xotinlar ishdan bo‘shab ketdi,- deb tushintirdi Baxtigul.

– Yo‘l kira va ovqat pulini ishxona to‘larmidi?

– E, qaerda to‘laydi? Yonimizdan sarflardik.
Bergan oyligidan yo‘lkira va ovqat pulini chiqarib tashlasak,bilasizmi qancha qolyapti? O‘n beshmingdan sal oshyapti, xolos. Bor-e,ishlamayman, deb u yerdan chiqib ketdim,- deb tushintirdi Baxtigul.

– Boshqalar o‘shancha oylikka ishlab yuribdimi? Juda oz-ku. Undan ko‘ra ko‘chada perashka pishirib sotsangiz ko‘proq pul topasiz, – dedim men.

– Majbur ishlab yurganlar bor. Lekin ko‘pchilik ikki oy ishlab, aldanganini sezgach, ishdan chiqib ketyapti,- dedi suhbatdoshim.

– Menimcha,- deb tushuntirdim Baxtigulga, – yangi ishga kelganlarni yaxshi pul to‘laymiz, deb va'da berib, oxirida aldash ularning, ya'ni tadbirkorning ish uslubi bo‘lsa kerak. Aldanganini sezgan ishchi ishdan bo‘shab ketsa, yangilar ishga kiradi. Toki ular ham aldanganiga ishonch hosil qilguncha ikki oy eshakdek ishlaydi. Hozirgi zamonda nima ko‘p? Ishlayman, uch-to‘rt so‘m pul topaman degan qizlar, juvonlar ko‘p. Demak, ishlashga talabgorlar keragidan ortiq ko‘p bo‘lgani uchun tadbirkor shunaqa aldovni o‘ylab topgan.
Albatta, tadbirkor bilan ish bo‘yicha kelishuvlaring og‘zaki bo‘lgan, o‘rtada mehnat shartnomasi imzolanmagan, shunday bo‘lgach aldaydi-da sizlarni, yana kimni aldasan.

– Bilmasam. Balki shunday qilgandir. Tadbirkor hech kim bilan siz aytgan shartnoma imzolamaydi, – dedi Baxtigul ruhsizgina.

Baxtigul va uning Iqboloy, Saodat, Ma'rifat va Mamlakatxon ismli sheriklari ilgari ko‘p marta dalamga ishlagani kelgandi. Ular o‘zlarini bitta brigada deb, har doim birga ishga borardi.

Shu oshin ayollarning ham hozirgi taqdiri bilan qiziqdim. Ularning hammasi shahardan ish topib, dala ishiga bormay qo‘ygandi. Mehnatimizni qilgan oshinlarga yaxshi pul to‘laymiz, lekin bizdagi ish mavsumiy, doimiy emas, har kuni ish topilmaydi.

– Iqboloy nima ish qilyapti? Oqsariq, gavdasi kichkina, abjir ayol bor edik-ku,- so‘radim Baxtiguldan.

– Iqboloy hozir ishlamayapti. Ishlayolmaydi. Eri urib jinni qip qo‘ygan. Eri yomon edi. Ishlamasdi. Xotinini urardi. Iqboloy opa ishlab topgan pulni olib qo‘yib aroq ichardi. Iqbol opa uyidan chiqolmaydi.Sochlarini yoyib, bir nimadan qo‘rqqandek uyning burchagiga, ko‘rpalarning ortiga, har xil lattalarning orasiga berkinib, olib o‘zi bilan o‘zi gaplashib o‘tiradi. Ba'zan «O‘g‘lim keldi!» deb ko‘chaga yugirib chiqarkan. O‘g‘li yo‘q. Bitta o‘g‘li bor edi kollejda o‘qiydigan, dadasi yomonroq urgan ekan, o‘zini osib o‘ldirganiga besh-olti yil bo‘ldi.

– Obbo. Yomon ish bo‘pti-ku! Iqboloy chaqqon, shirinsuxan va ko‘rkam ayol edi, ayniqsa, ko‘zlarining doim kulib turishi chiroyli edi.
Hozir Iqboloyga kim qarayapti. Eri yonidami?- deb so‘radim Baxtiguldan.

– Eri qaerdan qaraydi? Ketvorgan qayoqadir. O‘zi u Iqbol opaning uyida yashardi. Hozir butunlay ketvordi. Qishlog‘i qo‘shni tumanda edi,- deb tushintirdi Baxtigul.

– Ma'rifat bilan Saodat yaxshi yuribdimi? Ikkoviyam baland bo‘yli, ko‘rkam ayollar edi, yaxshi ishlardi?- so‘radim Baxtiguldan.

– Ma'rifat hozir ishlamaydi, bir joyda o‘tirib qolgan, oyog‘i ishlamay qoldi, Farg‘onalarda banisada yotib keldi. Tuzalmadi. Uning o‘rniga kollejni bitirgan qizi ishga chiqyapti. Ayasini o‘sha boqyapti. Uning ham eri alkash, dangasa, ishyoqmas. Erkakka o‘xshab ishlab pul topmaydi. Saodat opa esa Rosiyaga ishga ketvordi. Qarindoshlari o‘sha yoqda ekan.

O‘tgan kuni ikkita oshin ishlatdim. Ikkisi ham bo‘y yetgan qizini erga uzatmoqchi. «To‘y kuni aniq emas, bahorda bo‘ladimi, yozda bo‘ladimi, bilmadim», deydi oshinlardan biri.

Ikkinchi oshin ham qachon to‘y bo‘lishini aniq bilmaydi.
– Kamlarimiz bor hali, – deyishdi ular.

– Kuyov tomon uchta uyni bo‘shatib qo‘ydi, shuni to‘ldirishim kerak. Bitta pardasining o‘zi falon million ekan. Gilami undan qimmat. Mebelni nima qilaman? Kir yuvadigan moshina, yana allambalolar olishim kerak ekan. To‘ydan keyin ancha kun kuyovnikiga somsa, kabob, osh, manti tashishim ham kerak ekan. Buncha kamni qaerdan bitiraman? Boshim qotib bo‘ldi,- dedi oshinlarimdan yoshi kattarog‘i.

Uning alkash eri o‘n yillar ilgari mast holatda beton ariqqa kalla tashlab o‘lgan, uchta bolasini o‘zi katta qiladi.

Oshin aytgan to‘y xarajatlarini eshitib men qo‘rqib ketdim, shuncha narsaga pulni qaerdan topaman. Menda ham bo‘y yetgan qiz bor.
Bechora oshin qora mehnat qilib topgan puliga qanaqa qilib qizini uzatvolar ekan.

To‘ylarimiz turgan-bitgani yurak o‘ynoq qiladigan tashvish-ku. Ma'naviyatchilar, ma'rifatchilar, mahallachilar, ayol qo‘mitachilar, nega maishiy hayotimizdagi bid'atlarni, yomon odatlarni isloh etmaysizlar?

Sizlarning bevaqt o‘tkaziladigan behisob tadbirlaringdan hech qanday foyda yo‘q-ku.

Ëzuvchi Rahimjon Rahmat hikoyasi

Tag‘in o‘qing
18 fevral 2019
Jizzaxning G‘allaorol tumanida yashovchi 30 yashar Akmal Ablokimov Samarqand viloyati Ishtixon tumanida ichki ishlar xodimlari tomonidan tahqirlangani va kaltaklangani ...
10 iyun 2019
“Hoziroq bergan savolimga javob bering, bo‘lmasa boshingiz izolyatordan chiqmay qoladi. Tushuntiroldimmi, okam? – Qaysi savolingizga javob beray, o‘rtoq boshliq? – Muhammad ...
24 may 2021
21 may kuni Chirchiq shahri jinoyat ishlari sudi 22 yoshli Akmal Sultonovni rus ayolini qasddan o‘ldirganlikda ayblab, 10 yil ...
25 iyun 2020
O‘zbekiston inson huquqlari forumi (Uzbek Forum) tashkiloti e'lon qilgan yangi hisobotda majburiy mehnatni bartaraf etishda erishilgan sezilarli olg‘a siljish ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...