Asosiy mavzular
25 fevral 2021

Qanoti qirqilgan qush

Bolaligimda mendan 5-6 yosh katta qo‘shni kaptarvoz bola bo‘lardi. Ko‘pincha kaptarlari bizning hovlimizga uchib kelib qolardi.

Hovlimizda u joy, bu joyga qo‘nib olgan kaptarini asta borib ushlab olardi-da, birinchi qiladigan ishi o‘sha kaptarning qanotini qirqib tashlardi.

Men hayron bo‘lib: «Aka, nega bechora kaptarning qanotini qirqib tashlayapsiz», deb so‘raganimda, «Bu kaptarim endi uchishni o‘rganyapti, agar kaptarning qanotini qirqib tashlamasam, erkin bo‘lib yovvoyi kaptarlarga qo‘shilib uchib ketib qoladi. Hozircha vaqti-vaqti bilan kaptarlarimning qanotini qirqib turaman, natijada uzoqqa uchisha olmaydi, keyin ular xonaki kaptarlarga aylanadi. Keyin-keyin katta bo‘lib, qolgan kaptarlarimning qanotini qirqmay qo‘yaman, chunki xonakiga aylangan kaptarlar uzoqqa ucha olishmaydi, faqatgina hovlimiz tepasidagina aylanishadi, xolos», degandi…

Ishxonamizda rahbar bilan kelishmay qoldik. Boisi: «Shukrki, korxonamizning daromadi kundan kunga ortib boryapti, foyda ming foiz bo‘lyapti. Bunda har bir jamoa a'zosining hissasi bo‘lyapti, odamlar kechayu kunduz tinim bilmay mehnat qilishyapti. Shunday ekan, ularni moddiy rag‘batlantirib, buguni va ertasi haqida ham o‘ylab g‘amxo‘rlik qilishimiz kerak», degan gapim rahbarga butunlay yoqmadi.

Boshliq ertasiga majlis chaqirdi. Ikki soat davom etgan majlisning boshidan oxirigacha faqatgina o‘zi tinmay valaqlagan boshliq meni jamoa o‘rtasida turli-tuman bo‘lar-bo‘lmas bahonalar bilan izza qilish, obro‘sizlantirish bilan ovora bo‘ldi.

O‘zicha butun korxonaning ishlarini orqaga tortayotgan odam deb meni qayta-qayta aybladi. Boshliqning gaplaridan hayron bo‘lgan jamoa ham miq etmay diqqinafas bo‘lib o‘tirishdi.

Majlisning tugagani e'lon qilinishi bilanoq hamma tashqariga otildi. Tashqarida chetroqqa o‘tib tutatib turdim. Oradan biroz vaqt o‘tgach, jamoamizning bir guruh yoshlari atrofimni o‘rab olishdi, ularga savolomuz nigoh tashladim.

Ular birin-ketin menga gapira boshlashdi: «Aka, xafa bo‘lmang, maqsadimiz sizning oldingizdan o‘tib qo‘ymoqchimiz, xolos. Majlisda boshliqning sha'ningizga gapirgan hamma gaplari noto‘g‘ri, tuhmat, negadir u sizni ko‘rolmayapti. To‘la haqligingizni, qolaversa, halol odam ekaningizni har birimiz juda yaxshi bilamiz.

Aka, yana bir karra aytamiz, biz hali yoshmiz, yorilmasak vijdonimiz qiynayapti, shuning uchun biz yig‘ilib bir qarorga keldik va oldingizdan o‘tib ogohlantirib qo‘yishga kelishdik, toki bunday keyin bizdan xafa bo‘lmang.

Biz ishga kirayotganimizda ota-onamiz “boshlig‘ing nima desa hech ikkilanmay so‘zsiz o‘shani bajargin”, deb qayta-qayta tayinlashgan, shuning uchun bundan keyin siz haq bo‘lsangiz ham, boshliq nohaq bo‘lsa ham boshliqning aytganini bajaramiz, shuni bilib oling demoqchimiz».

«Rahmat yigitlar,- dedim men. – Sizlarni to‘g‘ri tushundim, kelgusida aytganingizni alohida e'tiborga olaman, yana bir karra rahmat sizlarga».

Ular nari ketishdi, yigitlarning gaplari bir voqeani esimga solib yubordi…

Armiya safida rosa bir yil xizmatni o‘tab bo‘lgandim, harbiy hayotning  yarmi qolgandi yana. Tushdan keyin soat uchlar atrofi edi, kutilmaganda qismimiz komandiri chaqirib qoldi, odatda bu paytda meni bezovta qilmasdi-da.

“Bir avtomat, to‘la o‘qlangan to‘rtta magazini bilan olib chiq”, deb buyurdi. Qurolxonaning kaliti o‘zimda turardi, hayron bo‘lib qurollanib  chiqdim.

Endi meni yaxshilab eshit, dedi: «Kavkazdan bir eshelon prizivniklar kelishyapti, ular yo‘lda isyon ko‘tarishgan, kuzatib kelayotgan ofitser va soldatlarni bog‘lab qo‘yib, to‘pponcha va avtomatlarini tortib olishgan.

Poezd to‘xtagan stantsiyalarda do‘konlarga hujum uyushtirib, talonchilik qilishyapti, qarshilik ko‘rsatgan odamlarni ayamay kaltaklashyapti, ularning ko‘pi o‘lguday ichib olgan, mast, o‘n minutlardan keyin ana shu poezd bizning stantsiyaga yetib keladi.

Sen ellik metrlar atrofida ularni kutib olasan, agar bizning qismimiz tomonga yurishsa, osmonga o‘q otib ularni ogohlantir, agar o‘shandayam kelishaversa, otib tashla.

Ehtiyot bo‘l, ular mast-alast holatda, eng yomoni, to‘pponcha va avtomatlar bilan qurollanishgan. Sen ularni birinchi bo‘lib kutib olasan, men esa qismdagilarni tayyor holga keltirib kutib turaman, savollar bormi».

«O‘zingiz bilasiz, stantsiyaga har xil yo‘lovchi poezdlari keladi, siz aytgan poezdni qanday ajratib olaman», dedim.

Yigitlar vagonlarning tepasiga chiqib olishgan, ana shundan bilasan, qani endi bor, buyruqni bajar», dedi. “Xo‘p bo‘ladi”, deb qismdan stantsiya tomonga qarab yurib chiqdim.

Aslida temir yo‘l stantsiyasi bilan bizning harbiy qism orasida bor-yo‘g‘i uch yuz metrlarcha masofa bor, xolos. Qismimiz hududi o‘ralgan simto‘r darvozasidan chiqib, temir yo‘l tomon yurarkanman, o‘z-o‘zimga qayta-qayta savol berardim: «Nahotki birozdan so‘ng men odam otaman, odamlarni otib o‘ldiraman. Axir bu qotillik bir umr ruhiyatimda chandiq bo‘lib qoladi-ku», degan o‘ylar tinchlik bermasdi…

Nihoyat uzoqdan burqsitib tutun chiqarib kelayotgan eshelon ko‘rindi. Balki shudir deb xayolimdan o‘tkazdim. Eshelon yaqinlashgani sari vagonlar tepasiga chiqib olgan yigitlarning qiyqiriqlari eshitila boshladi.

Mana, eshelon qismimiz hududi to‘g‘risiga yetib ham keldi, biroz hushyor tortdim. Stop-kranni bosishdi shekilli, poezd asta to‘xtashni boshladi.

Yigitlar vagonlardan o‘zlarini tappa-tappa tashlab atrofga yoyilib yugura boshlashdi. Ulardan bir to‘dasi qismimiz tomonga qarab chopardi. Shartta avtomatni o‘qladim.

Poezd to‘xtab qolmadi, qop-qora tutun chiqarib, kuchanib oldinga intilardi. Chamamda, to‘xtamaslik to‘g‘risida buyruq berilgan shekilli, stop-kranni bosishgan sari poezd oldinga intilardi.

Nihoyat poezd vagonlarni oldinga qarab torta boshladi, eshelonni butunlay to‘xtab qolmay oldinga qarab yurib ketayotganini sezgan yigitlar endi vagonlari tomonga qaytib yugura boshlashdi. Xayriyat, poezd yurib ketdi…

Oradan bir hafta o‘tgach, ikki yuz kilometr narida joylashgan bosh qismimizga komandirovka bilan bordim. Harqalay bir yil xizmat qilib qo‘yganmiz, armiya udumiga ko‘ra bizga hamma yo‘llar ochiq edi.

Dam olish ayvonchasida yastanib o‘rindiqqa o‘tirgandim, oq-sariqdan kelgan bir yigit qarshimga keldi-da, mensimay “nari suril”, dedi. G‘ashim keldi, surilmasam-chi, bor joyingni top, dedim.

“Iye, hali sen mening kimligimni bilmaysan shekilli”, dedi. “Sen kimsan o‘zi”, deb g‘azab bilan do‘q qildim unga. “Bilmasang bilib ol, men o‘sha bir hafta oldin kelgan to‘polonchi kavkazlik prizivniklardanman, chechenman”, dedi.

“Tanishib qo‘yaylik, men bosmachiman”, dedim unga o‘qrayib. Birdan miyamga bir fikr kelib qoldi, o‘sha to‘polonchi xizmatga chaqirilgan yigitlarning taqdiri nima bo‘ldiykin, shuni bilganim yaxshi-ku deb, “ha mayli kel yonimga o‘tir”, dedim.

Biroz yaxshi muoamala qilib, tanishib oldim-da, nihoyat o‘sha to‘polonchilarning taqdiri oxirida qanday bo‘ldi, deb so‘radim.

«Eshelonni aholi yashamaydigan joyda tunda soat birlarda to‘xtatishdi, spetsnaz bilan qiyomat mushtlashuv bo‘ldi. Shu kunlarda harbiy qamoqxonalar, hatto militsiya bo‘limlaridagi vaqtinchalik qamoqxonalar, gospitalu kasalxonalar bizning o‘sha qoni qaynoq to‘polonchi yigitlar bilan to‘lib-toshgan. Bizga o‘xshagan unchalik aralashmaganlarni har xil joylarga bo‘lib yuborishdi», dedi.

U jismonan, ham ruhan tetik edi. Chechen yigitlarini harbiy xizmatga jo‘natayotgan paytda ota-onalari qanday kuzatadi, deb savolga tutdim uni.

«Oldimizga non bilan xanjar qo‘yishadi, hech qachon qo‘rqma va adolatli bo‘l, deb qasamyod qildirishadi»…

Biznikilar yodimga tushdi, yaxshi niyatlar bilan non tishlatishardi: «O‘g‘lim, boshliqlaring chizgan chizig‘idan chiqmagin, nima deb buyursa o‘shani so‘zsiz bajargin, omin».

Yana bolaligimdagi o‘sha kaptarlar yodimga tushadi. Qanoti o‘sib chiqqan, kamolotga yetgan xonaki qushlar keng dunyo bo‘ylab parvoz qilolmaydi, erkinlikda yashay olishmaydi, ozod hayot tarziga chiday olmay o‘lib qolishadi. Hurlikdagi yovvoyi qushlar esa qafasda yashay olishmaydi, tutqunlik azobiga chiday olmay o‘lib qolishadi… 

Hayrat,

o‘zbekistonlik muallifning “Eltuz”ga yo‘llagan hikoyasi

Tag‘in o‘qing
13 oktyabr 2020
3 oktyabrda Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani “Yangi hayot” mahallasi hududida joylashgan fermer xo‘jaligi rahbari J.N. ishchisi S.Sh.ni sazoyi qilib, ...
12 aprel 2015
Sizga aeroportda yoki o‘zbek chegarasining boshqa qismida deklaratsiyalar to‘ldirishga to‘g‘ri kelganmi? – deya savol beradi jurnalist Qudrat Bobojonov. To‘g‘ri, ...
18 aprel 2017
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Samarqand viloyatiga borganida Bulung‘ur va Nurobod tumanlari hokimlari, tuman prokurorlari, tuman davlat soliq inspektsiyasi rahbarlari ...
9 noyabr 2023
Izboskan tumani Andijon viloyati tarkibida ta'sis etilganiga 97 yil bo‘lgan. Ammo, Eltuz suhbatlashgan izboskanliklar, tuman tarixida biron hokim Serobiddin ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...