Asosiy mavzular
8 mart 2021

Oxirgi luqma

Bundan o‘n yillar oldin, bahorning eng yoqimli pallasi – aprel oyining o‘rtalari edi, Olmaotaga qarab yo‘lga chiqqandim. Chernyaevka chegara postiga kunduzi soat o‘n ikkilarda yetib keldim. Yo‘lda o‘zimcha rejalashtirib, o‘zbek va qozoq chegaralaridan biror soatlarda o‘tib olsam, kech soat oltilarda Olmaotaga qarab jo‘naydigan avtobuslarning birortasiga o‘tirib ketishga bemalol ulguraman, hatto bu orada yaxshilab tamaddi qilib ham olaman degan xayolda edim.

O‘zbek chegara postining oldiga yetib kelib hayron bo‘lib qoldim, navbatda mingga yaqin odam tik turishardi. Havo issiq edi, ayniqsa, navbatga turadigan joyda shiypon yoki usti yopiq bino yo‘qligi sababli ochiq havoda turib shaftoli qoqi bo‘lishga to‘g‘ri kelardi.

Yelkamdagi sumkamni yerga qo‘yib navbatga turdim. Kun qizib borardi, ochiq joyda turganimiz uchun tezda terlay boshladim. Navbat boshida g‘o‘ddayib turgan odamlar yarim soatlar o‘tgandan keyin ham post ichkarisiga qo‘yilmay turaverganlaridan keyin atrofimdagi yigitlardan qachondan buyon turganlarini so‘radim. Ular menga masxaraomuz tarzda ertalabdan buyon tik turganlarini, bu orada bir martagina ikki yuz nafarga yaqin odamni ichkariga qo‘yib yuborishganini, shundan beri qoqqan qoziqdek turganlarini aytishdi.

Rossiyaga ketayotgan bo‘lsalaring, chegarada o‘ralashib qiynalgandan ko‘ra shundoqqina poezdga chipta olib bemalol o‘tirib ketmaysizlarmi, dedim. Ulardan biri: “Aka, o‘zimiz ham yaxshi bilamiz, ammo chipta o‘zimizda uch-to‘rt baravar qimmat, hozir chegaradan o‘tib olsak, to‘g‘ri vokzalga qarab chopamiz, o‘sha poezdga bu yerdan arzon chipta olib o‘tiramiz-ketamiz”, dedi.

Anchagina suhbat orasida mening ortimdan yana ikki yuzga yaqin odam kelib navbatga turib ulgurishgandi. Chekish niyatida chetga chiqib navbatni kuzatdim, odamlar qizib borayotgan asfalt ustida tik turishardi, yo‘lning ikki tomoniga beton to‘siqlar qo‘yilgandi.

Navbatda turganlarning deyarli hammasi Rossiya yoki Qozog‘istonga ishlab pul topib tirikchilik qilish niyatida safarga otlangan 18 dan 45 yoshgacha bo‘lgan, yurtimizning turli hududlaridan yo‘lga chiqqan navqiron yigitlar edi. Ularning shevalaridan deyarli yurtimizning hamma joylaridan kelganlari bilinib turardi.

Tashqaridan razm solsangiz, ular go‘yo bilaklari kuchga to‘lgan, ayovsiz jangga otlangan pishqirayotgan otlarni minggan bahodirlar lashkariga o‘xshardi, ularning safi minut sayin ko‘payib borardi. Harbiy kiyimdagi yigitlar kelib beton to‘siqlardan chiqmaslik kerakligini qo‘pol do‘q-po‘pisa bilan tushuntirib ketishardi.

Yana bir g‘alati holni kuzatdim, shundoq yonginamizdan qozoq va boshqa chet el fuqarolari o‘zaro chaqchaqlashib, hech qanday to‘siqlarsiz, navbatsiz chegara posti ichkarisiga bemalol va mag‘rur holda kirib ketishardi, ularga yo‘l ochiq edi. Navbatda turgan yigitlar ularga hayron bo‘lib ham havas, ham hasad bilan tikilishardi.

Tushdan keyin soat uchlarga kelib quyosh chidab bo‘lmas darajada qizdirishni boshladi. Bu orada to‘siq etib qo‘yilgan ikki beton orasidan tashqariga chiqishga ruxsat berilmayotgani bois odamlar terlab-pishib, hatto kiyimlari jiqqa ho‘l bo‘la boshladi.

Qayoqdandir paydo bo‘lgan sotuvchilar odamlarga mineral suv olib kelib sota boshlashdi. Suv sotuvchilarning ichida erkaklar, ayollar va hatto bolalar ham bor edi. Diqqinafas bo‘lib turgan odamlar chanqoq bosish niyatida to‘xtamay suv icha boshlashdi. Atrofimizda suv sotayotgan erkaklardan biri baklashkadagi suvni “menga-menga” deya uzatilayotgan qo‘llarga bermay mahkam ushlab, “oldin pulini to‘la, keyin suv beraman”, deb  baqirardi.

Deyarli hammaning yelkasida katta-katta sumkalari bor edi. Sumkalarning ichida asosan safar uchun ishchi kiyim-kechaklar bosib-tiqib solingandi, ko‘rinishidan sumkalarning eng yengili yigirma kilogrammdan kam emasdi. G‘uddayib turaverib charchagan yigitlarning aksariyati endi sumkalarini yerga qo‘yib ustiga o‘tirib olishgandi.

Bu orada yana ikki yuz nafarga yaqin odamni post ichkarisiga qo‘yib yuborishdi, navbat oldinga qarab jilgandek bo‘ldi, ammo bizning ortimizda navbatga kelib qo‘shilayotgan odamlarning soni keskin ko‘payib borayotgandi. Oldindagilar ozgina surilgandek bo‘lgani sabab orqada navbatda turgan odamlar oldinga qarab shunday katta kuch bilan intilishdiki, o‘rtada qisilib qolganlar so‘kinib baqir-chaqir qilib yuborishdi.

Biroz o‘zlariga kelib olgan odamlar yana suv icha boshlashdi. Shu vaqt orqa tomondan, “Aylanay, bollarim, suvdan ichinglar, qiynalib ketdinglar-a, olinglar suvdan ichinglar”, deb mehr bilan muomala qilayotgani eshitib qoldim. Beixtiyor o‘sha tomonga qaradim.

Ranglari o‘chib ketgan ko‘ylak-lozim kiygan, boshida ham ancha urinib qolgan ro‘mol, yuz-qo‘llari oftobda qorayib ketgan, ammo istarasi issiq, 55 -60 yoshlardagi mexnatda pishgan oddiy o‘zbek qishloq ayoli. Mehr to‘la muomalasidan tik turgan yigitlar kabi uch-to‘rt farzandni katta qilgani shundoqqina ko‘rinib turardi.

Ayol ko‘lidagi mineral suvlarni bir nimalar deb pulini ham so‘ramay tarqatib borardi. Oldinga qarab kelgani sari orqadagi yigitlar “pulini olib qo‘ying, onajon”, deyishardi, suv haqi ayolga qo‘lma-qo‘l uzatilardi. Ayol biz tomonga ancha yaqin kelib qolganida uning gaplarini aniq eshita boshladim:

“Issiqda qiynalib ketdinglar-a, bollarim, olinglar, suvdan ichinglar. Boshlaring toshdan bo‘lsin, rizq qidirib begona yurtlarga safarga chiqqan aylanaylar. Ha, sizlar pul jo‘natib el-yurtimizni, poshshomizni, bizniyam boqyapsizlar. Borgan yurtingiz odamlarini, poshshosiniyam, pogonlilarni ham boqasiz, jonim bollarim. Issiq-sovuq demay, kechayu kunduz ter to‘kib mehnat qilasizlar, dam olish nimaligini esingizdan chiqarasiz, halol topgan pulingizdan oxirini oilangizga, bola-chaqangizga yedirasiz, kiydirasiz.

Voy, bechora bollarim-a, hammasini yedirib-ichirganingizdan keyin eng oxirgi luqma o‘zingizga tegadi-ya. Sizlarga uvol-a, bolajonlarim. Zamon shu ekan, nimayam qilardik, axir parranda zotiyam o‘z uyini tashlab ketgisi kelmaydi, nailoj, safarlaring bexatar bo‘lsin bolajonlarim. Allohim siz bolajonlarimni o‘z panohida saqlasin, oy borib omon qaytinglar”.

Shu payt g‘alati holni kuzatdim, yaqin atrofda onaning gaplarini eshitayotgan yigitlar o‘z onalarini ko‘rgandek bo‘lishdi shekilli, hatto suvni olmay turib pulini uzatishardi, ona ham kaftiga kelib tushayotgan pullarni umuman sanamasdi. Onaning nabirasi bo‘lsa kerak, g‘izillagancha mineral suv tashib kelardi, ona esa tinmay gapirib suv tarqatardi. Ona yuqoridagi gaplarini davom ettirarkan, ba'zi yigitlarni o‘z farzandidek yelkasini onalarcha mehr bilan silab qo‘yardi.

Har zamonda chekish uchun ikki beton orasidan chiqib nariroq borib turar ekanman, navbatda xunob bo‘lib turgan yigitlarga qarab xayolga cho‘maman… Ha, bu yigitlarning tirikchilik ko‘yida tavakkal qilib musofirlikka chiqqani ma'lum. Ammo safarda ularni qanday taqdir kutib turgani butunlay qorong‘i.

Ulardan kimningdir ishlari yurishib ketadi, daromad qilib boyib ketadi, dang‘illama uylar soladi, yangi mashinalar oladi, kimlardir o‘sha begona yurt turmushi yoqib qolib bir umrga qolib ketadi, yana kimdir och qoladi, bir tiyinsiz qarzga botib arang uyiga qaytib keladi, yana kimdir kutilmaganda jinoyatga qo‘l urib ko‘p yillarga qamalib ketadi, yana kimlardir kasal yoki jinoyatchilar yoki falokat qurboni bo‘lib yurtiga tobutda qaytadi. Safar boshida ular xoru zorlik, ochlik,  sarson-sargardonlikni ko‘rishlari aniq. Nima bo‘lgandayam musofirchilikning noni qattiq bo‘ladi…

Kech soat oltilarga borganda birdan havo aynib, sovuq shamol turdi. Qorong‘i tushgach yomg‘ir yog‘a boshladi. Kuni bo‘yi issiqdan diqqinafas bo‘lgan odamlar endi sovuqdan junjika boshladi. Usti-boshlar ho‘l bo‘lib ketgandi. Yigitlar tik turganlaricha yonida bor oziqlarni iste'mol qilishardi, ko‘pchilik och qolgandi ham.

Post ichkarisiga qo‘yish to‘xtatilgandi. Odamlar navbati haddan tashqari ko‘payib cho‘zilib ketdi. Endi ikkala beton orasidan chetga chiqqan odamlarni yuzlarini qora niqob bilan to‘sgan harbiylar ochiqdan ochiq rezina kaltak bilan urib do‘pposlab keta boshlashdi.

Yarim kechaga borganda odamlar butunlay holdan toya boshladi. Navbatda turgan odamlar soni bir necha minglab ko‘payib ketdi. Ortda navbatda turganlar oldinga qarab sura boshladi. Atrofga razm soldim, odamlar tik turib uxlashardi. Sur-surda navbatning eng oldida turgan yigitlar harbiylar tomonidan qattiq kaltaklanib baqir-chaqir qilishardi.

Tungi soat uchlarga borganda yana bitta katta guruhni ichkari postga qo‘yib yuborishdi, bu olomon o‘rtasida men ham bor edim. Arang ichkariga kirib kirib oldim.

Post ichkari hovlisi keng asfaltlangan maydon edi. Yigitlar qo‘lida sumkasi bilan o‘tirgan holatda g‘oz yurishga majburlanar, butun maydon bo‘ylab o‘sha holatda ilonizi ko‘rishida harakatlanardi. Men bunday o‘ziga xos navbatning oxirrog‘ida edim.

Kutilmaganda baqir-chaqir kuchayib ketdi. Chamamda chegarachilarning boshlig‘i bo‘lsa kerak, qo‘lida rezinka kaltak bilan chiqib kelib, “ovozingni o‘chir” deb o‘tirib g‘ozyurishcha harakatlanayotgan yigitlarni ayamay urib ketdi.

Hamma jim bo‘lib qolgandi, faqatgina o‘sha boshliqning kurakda turmaydigan uyat gaplar bilan so‘kinib baqirayotgani va dubinkaning “gurs-gurs” ovozi eshitilib turardi. Yigitlar dubinka zarbidan chaqqonlik bilan zarbaga sumkasini qalqon qilib qo‘yib o‘zlarini himoya qilishardi.

Boshliq odamlarni kaltaklab charchadi shekilli, “endi birontang ham o‘tmaysan”, deb o‘shqirib halloslagancha bino ichkarisiga kirib ketdi. Odamlar qo‘rqib-pisib o‘tirishaverdi.

Ertalab soat yetti bo‘ldi. Olomonning toqati toq bo‘lgandi. Biroq kaltakdan qo‘rqib hamon jim o‘tirishardi. Aslida bu chegara posti kunu tun uzluksiz ishlardi. Ular ichkaridan bironta xodimning chiqib chaqirishini kutardi. Sezdim, chegara xodimlari ham boshliqdan cho‘chib ichkarida indamay o‘tirishgandi.

Shartta o‘rnimdan turdim va navbatning eng oldiga borib turdim va mening ortimdan o‘n nafar bolani qo‘rqmay yuraverishini aytib oldinga qarab tik turib odimladim. Mening bu harakatimni hamma baqrayib hayajon bilan kuzatib turardi.

Ortimdagilarga “dadil bo‘l, yurish”, dedim. O‘n nafar yigit o‘rnidan turib. asta orqamdan yura boshladi. Shu payt o‘sha boshliq shahd bilan ichkaridan chiqib keldi. Birinchi menga duch keldi, ko‘zlarimiz to‘qnashdi, “eb yuboraman” deganday o‘qrayardi menga. Men hech narsa bo‘lmagandek yigitlarni bino ichkarisiga boshladim. Boshliq indamay ichkariga kirib ketdi. Odamlar jonlandi, harakat boshlandi.

To‘planib qolgan olomonni tezkorlik bilan o‘tkazib yuborish uchun qozoq chegarachilari chiqib ketish tomonini ham kirib kelish uchun ochib berishdi. Shu sabab qozoq chegarasi posti tomonidan tezda o‘tib oldik.

Qarangki, kecha kechki payt jo‘nab ketadigan avtobuslar o‘rnidan jilmabdi. Yo‘lovchilar yo‘q bo‘lganidan keyin avtobuslar qayoqqa ham borardi, demak odamlar chegaradan o‘tkazilmagan ekan-da. Avtobuslar grafigi ham buzilib ketibdi.

Shoshib-pishib tamaddi qilgan bo‘ldik-da, avtobusga o‘tirdik. Rosa charchagandim, chegaradan o‘ziyam yigirma soatda o‘tibmiz. Joyimda indamay atrofni kuzatib ketar ekanman, qulog‘imda o‘sha oddiygina o‘zbek onaning gaplari yangrardi:

“Ikki yurt odamlarini, poshshosiniyam, pogonlilarni, boylarini ham boqasiz, jonim bolalarim. Issiq-sovuq demay, kechayu kunduz ter to‘kib tinmay mehnat qilasizlar, dam olish nimaligini esingizdan chiqarasiz, halol topgan pulingizdan oxirini oilangizga, bola-chaqangizga yedirasiz, kiydirasiz. Voy, bechora bolalarim-a, hammasini yedirib-ichirganingizdan keyin eng oxirgi luqma o‘zingizga tegadi-ya. Sizlarga uvol-a bolajonlarim…”. 

Hayrat,
o‘zbekistonlik muallifning “Eltuz”ga yo‘llagan hikoyasi

Tag‘in o‘qing
29 may 2018
Favqulodda vaziyatlar va sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylari tuz bo‘ronidan jabrlangan Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatiga uchib kelishdi. 29 may kuni ...
30 noyabr 2016
Namangan shahridagi byudjet idoralari va maktab xodimlariga Artel do‘konlarida sotilayotgan lampochkalardan kamida ikki donadan sotib olishga majbur etilayotgani haqida ...
28 may 2018
Andijon viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida shu kunlarda jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilayotgan uch foizlik kreditning manbai korruptsionerlardan musodara qilinayotgan ...
12 oktyabr 2018
Jenevaning Lombard Odier banki seyflaridan topilgan va Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytilayotgan qimmatbaho zargarlik buyumlarining qiymati 38 million frankka ...
Bloglar
13 aprel 2021
«Eltuz» kanalida o‘zining “Nyu-Yorkdan nazar” videoblogini yuritayotgan 70 yoshli qishloq xo‘jaligi mutaxassisi Ismoil Ospanov e'tiborni ...
11 aprel 2021
«From Me to You» (Mendan senga) — Lennon va Makkartni dueti ijro qilgan zarif bir ...
8 aprel 2021
2010 yil 7 aprel kuni o‘z qarorlari bilan oziq-ovqat va kommunal xizmatlar uchun narx-navoni mislsiz ...